Mavzu: Mixail Baxtin
Download 68.59 Kb.
|
Mixail Baxtin
- Bu sahifa navigatsiya:
- Mixail Baxtin kashfiyotlari
Asosiy ishlar
Baxtinning ko'pgina asarlari vafotidan keyin nashr etilmagan qo'lyozmalaridan nashr etilgan. Bu erda eng muhimlaridan ba'zilari. – Dostoyevskiyning badiiy muammolari (1929). – Dostoyevskiyning she'riyat muammolari(1963). – Rabelais va uning dunyosi (1968). – Adabiyot va estetika savollari(1975). – Og'zaki san'atning estetikasi(1979). – Dialogik tasavvur(1981). – Axloqiy harakat falsafasi tomon(1993). Mixail Baxtin kashfiyotlari O‘tgan asr boshlarida shakllanib, bugunga qadar jahon ilmiy-adabiy tafakkuri, xususan, nazariy adabiyotshunosligida avangard bo‘lib kelayotgan Mixail Baxtin (1895–1975) fenomenini tasodif deb bo‘lmaydi. Jahon ilmiy-adabiy tafakkurining uzviy bir qismi bo‘lgan bu hodisa mohiyatini bir yoki bir nechta omil bilan tushuntirish ham mumkin emas. M.Baxtin degan hodisa nainki tayanch omillarining ko‘pligi bilan, balki muayyan qonuniyat, aniq tizimga asoslanishi bilan ham Aristotel, Shekspir, Gegel, Dostoyevskiy singari hodisalardan kam ahamiyat kasb etmaydi. Shunga ko‘ra, M.Baxtin shaxsiyati va ijodiy merosiga madaniy-tarixiy, badiiy-estetik, ilmiy-nazariy jihatdan maxsus yondashish orqaligina muayyan natijalarni qo‘lga kiritish mumkin. M.Baxtin mansub rus poetika ilmining ibtidosi XVI asr oxirlariga to‘g‘ri keladi. Mutaxassislarning qayd etishicha, ilk bor Lavrentiy Zizaniy-Tustanovskiyning “Slavyan grammatikasi…” (1596) kitobida tilshunoslikka oid ma’lumotlar qatori she’riy vazn xususida ham axborot berilgan[1]. Bu rus adabiyotshunosligi tarixida ilmiy-nazariy fikrning dastlabki yozma ifodasi edi. Ammo ayni kitobda qayd etilgan nazariy ma’lumot qadim yunon poetika ilmidan boshlanib, Yevropa adabiyotshunoslari tomonidan qayta-qayta ishlangan umumlashma-ta’riflarning takrori edi, xolos. Bu an’ana rus adabiyotshunosligida Zizaniydan keyin ham qariyb uch yuz yil davom etdi. Xususan, M.Smotritskiy, F.Prokopovich, V.Trediakovskiy, M.Lomonosovlarga qadar, toki XVIII asr oxiri – XIX asr boshlarigacha rus adabiyotshunosligining yetakchi tamoyili bo‘lib keldi. Bunday tamoyillar yetakchilik qilgan uch yuz yillik jarayonni, shartli ravishda, rus adabiyotshunosligining taqlidiy-klassitsizm davri deb nomlash mumkin. Chunki V.Belinskiy maydonga chiqqungacha bo‘lgan davr rus adabiyotshunosligi, asosan, qadim Yunoniston, Yevropa, ayniqsa, nemis nazariy adabiyotshunosligining ta’sirida ediki, bu jarayonning ko‘p o‘rinlarda plagiatgacha borib yetgani mutaxassislarga yaxshi ma’lum. Faqat Belinskiy davriga kelib, rus adabiyotshunosligida taqlidiy-klassitsizm an’analariga, sxematizm va plagiatga qarshi kurash boshlandi. Nazariy qarashlarni bayon etishda bevosita adabiy-tarixiy jarayon, badiiy voqelikdan kelib chiqish tamoyili o‘rtaga tushdi. Ammo shunga qaramasdan, Belinskiy davri rus adabiyotshunosligini ham klassitsizm tamoyillari va hatto taqliddan yuz foiz xoli, mustaqil nazariy adabiyotshunoslik sifatida baholay olmaymiz. Mavjud dalillar bunga imkon bermaydi. Masalan, ilmiy-adabiy faoliyatining asosiy qismini adabiy-tarixiy jarayondagi taqlidchilik va plagiatga qarshi kurashga sarflagan Belinskiyning mashhur “Poeziyaning tur va xillarga bo‘linishi” asari nemis mutafakkiri Gegel “Estetika”sidagi fikrlarning ma’lum tartib, manba o‘zgarishlari asosidagi sharhi, deyish mumkin. Qolaversa, Belinskiyning boshqa ko‘plab asarlarida nazariy adabiyotshunoslik tamoyilidan ko‘ra sotsiologik tahlil va adabiy tanqid tamoyillari yetakchilik qiladi. Tanqidchining adabiyotdagi “xalqchillik”, “uslub”, “adabiy qahramon”, “ijodkor”, “adabiy oqimlar va metodlar” haqidagi fikrlari nazariy emas, ko‘proq tanqidiy tafakkur umumlashmalari tasavvurini beradi. Demak, bundan kelib chiqadiki, rus adabiyotshunosligi hatto XIX asrning birinchi yarmida ham nazariy adabiyotshunoslikning boshlang‘ich bosqichini yashayotgan edi. Adabiyotshunoslikdagi Belinskiy boshlab bergan sotsiologik tahlil an’analari XIX asr so‘nggiga qadar A.Gertsen, N.Chernishevskiy, N.Dobrolyubovlar tomonidan izchil davom ettirildi. Bevosita rus adabiyoti manbalari asosida qator adabiy-estetik muammolar talqin etildi. Garchi, bu davr rus adabiyotshunosligi taqlidchilik va plagiatdan uzilib, bir necha qadam olg‘a bosishga erishgan bo‘lsa-da, undagi yetakchi tamoyil sotsiologik tahlilligicha qolaverdi. Shularga qaramasdan, ayni jarayon rus nazariy adabiyotshunosligining shakllanishida ikki jihatdan ta’sir ko‘rsatdi. Birinchidan, Yevropa adabiyotshunosligi ming yillar davomida shakllantirgan ilmiy-nazariy bazaning tizimli ravishda o‘zlashtiruv jarayoni yuz berdi. Ikkinchidan, mana shu nazariy baza negizida rus folklori, A.Pushkin, N.V.Gogol, M.Lermontov, L.Tolstoy va boshqa ijodkorlar asarlari o‘rganildi. Adabiy-tarixiy jarayonga bir butun hodisa sifatida yondashish tamoyili vujudga keldi. Shu davrlarda Yevropa adabiy-estetik tafakkuri negizida shakllangan “akademik maktablar” ham rus adabiyotshunosligi taraqqiyotiga, nazariy fikrning mukammallashuviga xizmat qildi. Mifologik, madaniy-tarixiy, qiyosiy-tarixiy, formal, psixologik maktablar faoliyati bu fikrga to‘la asos beradi. Keyinchalik ushbu maktablar bilan yonma-yon, Rossiyadagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatning o‘zgarishi natijasida vujudga kelgan marksistik metodologiya sovet adabiyotshunosligi davr taqozosiga ko‘ra yetakchi nuqtai nazarga aylandi. XX asrning 80-yillariga qadar izchil faoliyat ko‘rsatdi. Biroq XIX asr oxirlari – XX asr boshlarida shakllangan akademik ilm sho‘rocha shart-sharoit, sho‘ro adabiyotshunosligi tarkibida ham muayyan shakl-mazmunda yashab keldi. Ayni davr ilmiy-nazariy tafakkuri xususida so‘z yuritishar ekan, rus adabiyotshunoslari, asosan, ikki nomga urg‘u beradilar: “XIX asr vatanimiz adabiyotshunoslik ilmini F.Buslayev, A.Pыpin, N.Tixonravov singari yorqin nom sohiblari namoyon etishgan. Ammo bu ko‘zni qamashtiradigan fonda ikki nom o‘zining tafakkur teranligi va originalligi bilan ajralib turadi: Aleksandr Afanasevich Potebnya (1835–1891) va Aleksandr Nikolayevich Veselovskiy (1838 –1906)”[2]. A.Potebnya mashhur psixologik maktabning asoschisi. Olimning davr, ijodkor, badiiy asar, badiiy obraz, badiiy uslub singari mustaqil, ayni paytda, o‘zaro bog‘liq fenomenlarga psixologik yondashuv metodologiyasi adabiyotshunoslik ilmiga o‘ziga xos rezonans bag‘ishladiki, bu jarayon hamon davom etyapti. A.Veselovskiy esa rus, shu bilan birga, dunyo adabiyotshunosligiga “tarixiy poetika” deb nomlangan yangi bir tamoyilni olib kirdi. O.Freydenbergning qat’iy e’tirofiga ko‘ra, A.Veselovskiyga qadar poetika ilmi mahdud bir sharoitda yashab kelgan. Ungacha bo‘lgan olimlar poetik kategoriyalar asosida tarixiy kategoriya yotishini tasavvur qilmay, adabiyot tarixini yalang‘och nazariy bazalarga qurishgan. Adabiy-tarixiy jarayondagi izchillik, poetik sistemani e’tiborga olishmagan. Shu bois ham A.Veselovskiy kashfiyotini bevosita adabiyotshunoslikning yangi bosqichi deyish mumkin[3]. Agar rus ilmiy-adabiy tafakkuridagi ayni jarayonlarni qiyoslab, bir tizimga soladigan bo‘lsak, zamonaviy rus adabiyotshunosligining uchinchi yirik bosqichi sifatida nazariy adabiyotshunoslikni, ya’ni M.Baxtin adabiy-estetik tafakkurini e’tirof etmay ilojimiz yo‘q. Ta’kidlash joizki, M.Baxtin shakllangungacha bo‘lgan rus adabiyotshunosligi jahon xalqlari estetik tafakkuriga oid ko‘plab adabiy va nazariy asarlar tarjimasiga ega edi. Uning tarkibida bir emas, bir nechta xorij tillarini biladigan, shu tillarda fikrlay, yoza oladigan mutaxassislar, olimlar, bu bilimlarni mahorat bilan yetkazishga qodir mohir pedagoglar bor edi. M.Baxtin mana shunday muhitda shakllandi. Keyinroq uning o‘zi ham bir nechta xorij tillarini mukammal o‘zlashtirdi, adabiy va nazariy manbalarni bevosita originalda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi. M.Baxtin tadqiqotlarida ishlatilgan ilmiy terminologiya, havolalarga e’tibor qaratgan kishi u istifoda etgan asarlarning aksariyati lotin, italyan, ispan, ingliz, frantsuz, nemis tillarida ekaniga amin bo‘ladi. U talabalik yillari va Frantsua Rable ijodiga doir nomzodlik tadqiqotini tayyorlash jarayonida jahon adabiyoti, adabiyotshunosligi, falsafasi, estetikasi va tarixiga doir asarlarni o‘rgandi. Bunday tizimli o‘qish-o‘rganish, adabiy-tarixiy jarayondagi katta-kichik hodisalarni umumlashtirish, tasniflash va tahlillash imkoniyatini berdi. M.Baxtin kashfiyotlari mana shunday tizimli tadqiqotlar natijasi o‘laroq maydonga keldiki, bu bizga olimning ijodiy individualligi, yuksak iste’dodi, fenomenal tadqiqotchilik imkoniyatlarini e’tirof etgan holda, “Baxtin tasodif emas edi, uning shakllanishida tarixiy davr, ilmiy-adabiy muhit, o‘zigacha mavjud nazariy bazaning ulkan ahamiyati bor”, degan xulosani ilgari surish huquqini beradi. Badiiy adabiyot naqadar qamrovdor va erkin ijod turi hisoblanmasin, bu hodisaga xos yangi qonuniyatlarni kashf etish oson emas. Shuning uchun jahon adabiyotshunosligi Aristoteldan bugungacha qo‘lga kiritgan har bir yangilik qiymati Eynshteyn, Nyuton, Mendeleev kashfiyotlaridan kam ahamiyat kasb etmaydi. Adabiyotshunoslik xazinasiga M.Baxtin tuhfa etgan kashfiyotlar soni esa ko‘p ham, kam ham emas. Balki aynan bir favqulodda iste’dod egasi tuhfa etishi mumkin bo‘lgan darajada zarur va ulkan ahamiyatga ega kashfiyotlardir. Eng muhimi, bu kashfiyotlarning barchasi insoniyat badiiy tafakkuri, badiiy adabiyot manbalari, konkret adabiy matnlar tadqiqi va tahlili jarayonida vujudga kelgan. Bizningcha, M.Baxtin chuqur asoslagan, mohiyatan yangi nazariy adabiyotshunoslik metodologiyasi uchta mustahkam tayanch manba ustiga qurilgan. Bularning birinchisi, Yevropa ilmiy-adabiy tafakkurida markaziy o‘rin tutuvchi Aristotel “Poetika”sidan M.Baxtingacha bo‘lgan nazariy adabiyotshunoslik, ularda qayd etilgan kanonlar, kategoriyalar va kriteriylar tizimidir. Istaymizmi-yo‘qmi, Odessa universitetining tarix-filologiya fakultetiga o‘qishga kirib, keyinroq o‘qishini Sankt-Peterburg universitetida davom ettirgan M.Baxtin dastlab an’anaviy adabiyotshunoslik ta’sirida bo‘lgan, uni mukammal darajada egallashga uringan. Bu jarayonda nazariy adabiyotshunoslik ilmining alifbosidan tortib, eng chigal, murakkab muammolariga qadar o‘rgangan. Badiiy adabiyotga oid dastlabki qarashlari shu asosda shakllangan. Ikkinchidan, M.Baxtin ilmga kirib kelayotgan davrlarda rus adabiyotshunosligida ro‘y bergan kontseptual o‘zgarishlar, “akademik maktablar”, xususan, A.N.Veselovskiy asos solgan “tarixiy poetika” – estetik tafakkurni adabiy-tarixiy aspektda o‘rganish, nazariy va tarixiy aspekt sintezi natijasida maydonga kelgan metodologiya – baxtinona nazariy tafakkurni harakatga keltirgan. Negaki, M.Baxtin tadqiqotlarining birortasi tarixiy va nazariy poetika sintezisiz amalga oshirilmagan. Mana shu ikki omil bilan yonma-yon, ularning sintezi asosida vujudga kelgan uchinchi tayanch manba bo‘lib, sof baxtincha falsafiy tafakkur, intuitiv mushohada, badiiy tahlil, erkin tafakkur xizmat qilgan. Ushbu uch omil natijasida maydonga kelgan M.Baxtin kashfiyotlarining eng muhimlari, bizningcha, quyidagilar: Download 68.59 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling