Mavzu: muammoli va obraz maqolalar
Download 26.27 Kb.
|
MUAMMOLI VA OBRAZ MAQOLALAR
Muammoli maqolalar
Tahliliy jurnalistikadagi har bir janr ma’lum bir maqsadni amalga oshirishga xizmat qiladi. Jumladan, korrespondensiyada voqyea-hodisalar haqida nafaqat xabar qilinadi, balki ular to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar ham beriladi. Bu esa yoritilayotgan voqyelikning omma ongida yanada aniqroq tasavvur uyg‘otishi uchun xizmat qiladi. Yoki sharh janri haqida gap ketganda, uning auditoriya dunyoqarashini shakllantirish, fikr uyg‘otish kabi xususiyatlarga ega ekanligi ko‘rinadi. Shular qatorida, tahliliy jurnalistikada muammoli maqola janri ham mavjudki, uning bugungi kundagi ahamiyati va jamiyat hayotiga, voqyealar rivojiga, omma ongiga ta’sirini inkor qilib bo‘lmaydi. Bunday maqolalar jamiyat hayotining istalgan sohasidagi murakkab, yechimi topilmagan va ayni davr uchun dolzarb bo‘lgan masalalarga bag‘ishlanadi. Jurnalist ma’lum bir muammoni yoritar ekan, eng avvalo, uni mukammal o‘rganadi. Uning mohiyati, kelib chiqish sabablari, salbiy oqibatlari haqida ma’lumotlar to‘playdi. Dalillar orqali muammoni baholab, uning qanchalik dolzarb ekanligini isbotlaydi va albatta, ma’lum xulosalarga keladi. Bu jarayonda tahlilning ahamiyati katta. Ko‘tarilayotgan muammoni tahlil qilish natijasida uning mohiyati ochib beriladi. Ammo bunda shu mavzuga doir ma’lumot va dalillar yetarli bo‘lmasa, fikrlar ishonchli chiqmaydi. Bu esa maqoladan ko‘zlangan maqsadning amalga oshmay qolishiga olib keladi. Jurnalist maqolasida ko‘tarilayotgan muammo qancha torroq doirada olinsa, uni ochib berish, tahlil qilish natijasida yuzaga kelgan fikr va xulosalar yanada aniqroq bo‘ladi. Bundan tashqari, yechimi topilmagan masalaga ob’yektiv yondashish maqsadga muvofiqdir. Jurnalistika nazariyasiga oid manbalarda mazkur turdagi maqolada ko‘tarilgan muammoning kelib chiqish sabablari, omillarini ko‘rsatish bilan birgalikda unga yechim topish vazifasi ham ko‘ndalang qo‘yiladi. Bu vazifani qat’iy deb tushunmagan ma’qul. Chunki jamiyat hayotidagi muayyan muammoni birgina shaxs hal qila olmaydi. Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, taklif bermasdan turib, biror narsani rad etish ham noo‘rin. Zero, ko‘pchilikni qiynayotgan savolni qayta-qayta takrorlashdan foyda yo‘q. Bugungi kunda o‘z o‘quvchilariga ega bo‘lgan “Oila davrasida” gazetasida ko‘plab muammoli maqolalarni uchratish mumkin. Gazetaning o‘tgan yilgi sonlarida chop etilgan “Reklama o‘rnida…emas yoxud nimani targ‘ib qilyapmiz?”, “Uyatdan emas, qadahdan qizargan yuzlar”, “Go‘dak uchun fonogramma mehr”, “Ishqibozlikdan bir inson umrining tugashigacha…” va shu kabi materiallar shular jumlasidandir. Bunday maqolalar, asosan, “Dolzarb mavzu”, “Bugunning gapi” ruknlari ostida muntazam e’lon qilib boriladi. Oilada, jamiyatda sodir bo‘layotgan muammoli vaziyat va jarayonlarni yoritishda “Oila davrasida” gazetasini faol deyish mumkin. Gazetadagi bunday maqolalar sonining ko‘pligi yaxshi, albatta. Ammo shu o‘rinda, har ishning miqdori bilan birgalikda uning sifat darajasi ham muhim ekanligini ta’kidlash lozim. Maqolalarning sifat darajasini belgilash uchun esa uning har bir elementini alohida o‘rganish maqsadga muvofiq. Eng avvalo, mavzu haqida gap ketganda, gazetadagi maqolalarda tanlangan masala, ko‘tarilayotgan muammolarning haqiqatan mavjudligini, ularning e’tiborga muhtojligini rad etib bo‘lmaydi. Masalan, gazetaning 2014 yil 16 oktyabr sonida e’lon qilingan “Do‘ppi kiygan qorbobo yoxud “Davlat tili haqida”gi qonun buzilsa, kim hushtak chaladi?” nomli maqolada so‘z yuritilgan mavzu hali-hanuz dolzarbligicha qolib kelmoqda. O‘zbek tiliga davlat maqomi berilgan vaqtdan buyon 25 yil o‘tgan bo‘lsa-da, ko‘chalardagi yozuvlarning imlo qoidalariga zid tarzda ifoda etilishi, og‘zaki va yozma nutqda chet tillaridagi so‘zlarning noo‘rin qo‘llanilishi kabi holatlarni ko‘rish mumkin. Maqola muallifi Umid YOqubov aynan mana shu mavzularga e’tiborini qaratadi. Ushbu jurnalistik asardagi yana bir jihat – misollarning qo‘llanilishi o‘rganilganda, suratlarda muhrlangan holatlar muallif ko‘tarayotgan muammoning qanchalik ahamiyatli ekanini ko‘rsatib beradi. Cohaga oid o‘quv qo‘llanmalarida yozilishicha, muammoli maqolada “fikrlar asoslangan, o‘rinli mulohazalarga boy va eng asosiysi, ta’sirchan faktlarga ega bo‘lishi juda muhim”. Bu jihatdan gazetada e’lon qilingan ushbu materialdagi shahar ko‘chalaridan olingan suratlarni ta’sirchan misollar qatoriga kiritishimiz mumkin. Maqolani ko‘zdan kechirish jarayonida quyidagi o‘rinlar e’tiborni tortadi: “Keyingi vaqtlar yosh onalarimiz orasida bolasini yangicha xirgoyi bilan erkalash “urf”ga kirdi: “Jajji chikko, chikko, chikko…” Biroq bu so‘zning ma’nosini o‘zi bilmaydi. “Shicco” brendidagi bolalar liboslari va oyoq kiyimlari mashhur. “Shicco” shu brend egasi o‘g‘lining ismi – Enrikoning qisqartmasi (xuddi Dilshodni – Dilish, deganday)”. Muallif chicco so‘zining kundalik hayotimizda noo‘rin qo‘llanilayotgani xususida so‘z yuritar ekan, fikrini asoslash maqsadida xuddi shu nomli brend to‘g‘risidagi dalilni keltiradi. Jurnalistikada fikrni dalillash uchun keltiriladigan ma’lumotni kamida ikkita manbadan izlash kerakligi ta’kidlanadi. Maqola muallifi shu qoidaga amal qilgan holda ikkinchi dalilni keltirib o‘tadi: “Keyin inglizchada polapon ma’nosini anglatuvchi “chick” so‘zi ham bor. Lekin endi xo‘rozqand chet elniki ekan, deb… Bunchalikmas-da…” Biroq dalillar ishonchli hamda o‘rinli bo‘lishi uchun turli manbalarni o‘rganish barobarida ulardan aynan mavzuga daxldorlarini ajratib olish ham katta ahamiyat kasb etadi. Shu o‘rinda, muallif “shicco” so‘zining yana bir ma’nosini ko‘zdan qochirganligining guvohi bo‘lish mumkin. www.diccinario.ru saytidagi ispancha-ruscha lug‘atda ham ushbu so‘z mavjud va ispan tilidan tarjima qilinganda u o‘g‘il bola, bolakay, yigitcha kabi ma’nolarni anglatadi. Bu esa qo‘shiq matnidagi mazmunga muvofiq. Muallif keltirib o‘tgan ikkinchi faktni to‘g‘ri tanlangan, deb bo‘lmaydi. (e’tibor bering: chick va chicco – bu ikki xil so‘zning shakllari ham turlicha). Muammoli maqola nafaqat hayotdagi mavjud muammoli vaziyatning borligidan jamoatchilikni xabardor qiladi, balki bu vaziyatdan chiqib ketishning amaliy yo‘llarini ham o‘zida ifoda etadi. Shu nuqtai nazardan olib qaralganda, “Oila davrasida” gazetasida e’lon qilinadigan muammoli maqolalar talabga javob bermasligini ko‘rish mumkin. Jumladan, yuqorida so‘z yuritilgan maqolada murakkab masalalar ketma-ket ko‘rsatib ketilgan. Ammo ularning birortasi to‘g‘risida muammoni yechish uchun takliflar berilmagan. Mana mazkur maqoladan olingan parcha: “Balki “programmnaya ploщadka” rus tilida ko‘zlangan ma’noni berar, biroq uni “dasturlar maydoni”, deb o‘zbekchalashtirishga urinish qorboboga zo‘rlab do‘ppi kiygizishday gap”. Muallif shu o‘rinda fikrini tugallab, keyingi masala to‘g‘risida so‘z ochadi. Bu holatni gazetaning turli sonlarida e’lon qilingan ko‘plab maqolalarda kuzatish mumkin. Muammoli maqola yozish jarayoni murakkab. Chunki jamiyat hayotida dolzarbligicha qolayotgan ma’lum masalani tahlil qilish, bu borada jamoatchilik fikrini uyg‘otishga xizmat qilish va shu masalaga doir yechim yo‘llarini taklif etish jurnalistdan qator jihatlar, xususan, ko‘proq izlanishni talab qiladi. Jurnalistlar auditoriyadan, jamiyatdan bir qadam oldinda yurishi kerakligi bejiz ta’kidlanmaydi. Zero, muammoni har tomonlama o‘rganib, uni baholay olish faqat dunyoqarashi keng, tafakkur darajasi yuqori bo‘lgan insonlargagina xos. Agarda bu kamchiliklar bartaraf etib borilsa, muammoli maqolalar o‘z kuchini ko‘rsatadi va ko‘tarilayotgan masalalar asta-sekin yechimini topadi. Bu esa jamiyat farovonligini ta’minlashga hamda ommaning OAVga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Download 26.27 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling