Mavzu: Navoiy soqiynomasi
Download 22.84 Kb.
|
Navoiy soqiynomasi.
Mavzu:Navoiy soqiynomasi. Tarixdan yaxshi maʼlumki, Islom dini arablarning hayot va turmushlari bilan birga ularning ishonch-eʼtiqodi, tuygʼu va taxayyullarini ham oʼzgartirgani bois, adabiyotda ham yangi yoʼnalishlar izlana boshlagandi. Аyrim mavzular oʼrnini boshqasi egallagan, yangi din may va sharobni taʼqiqlagani tufayli ishq hamda sharobdan soʼz yuritilgan sheʼrlar keskin kamaygan edi. Lekin umaviylar davriga kelib, ishq va mayga chorlovchi sheʼrlar yozish yana avj oldi. Umaviy xalifalaridan ayrimlari kayfu safoga shu qadar gʼarq boʼlishganki, ular orasida tongga qadar qadahni qoʼldan qoʼymay ichadiganlari ham bor edi. Mayga, qadah va sharobga ishtiyoq Eron shohlari saroyida ham baland boʼlgan. Bu esa shoirlarning may va ishrat majlislaridan keng miqyosda soʼzlashlariga yaqindan yordam bergan. Vaholanki, mayxoʼrlikning salbiy oqibatlari, undan tugʼiladigan xastaliklardan ham koʼz yumish mumkin boʼlmagan. Rivoyatga koʼra, uzum Odam Аto tomonidan ixtiro etilib, dunyoni sevinch va xursandchilikka toʼldirgan bir neʼmat boʼlgan emish. Аmmo tok tanasining oʼsib-ulgʼayishi chogʼida shayton uni yashirin ravishda tovus, maymun, arslon va toʼngʼiz qonlari bilan ham sugʼorgan ekan. Va shu zaylda shayton odamlar orasida kin, adovat, dushmanlikni paydo aylab, asrlar mobaynida davom etib kelayotgan qon toʼkishlarni ichkilik vositasida ham amalga oshirarkan. Аyrim tadqiqotchilarga koʼra, yuqorida sanalgan hayvonlar va ularning qonlarining uzumga bogʼlanishi tasodifiy emas. Oʼsha hayvonlarning har biri mastlikning darajasini aks ettirgan. Chunki inson icha boshlashi bilan, gʼururli bir jonzot boʼlmish tovusga oʼxshaydi. Ichkilik miqdoriga qarab asta-sekin aql-hushini boy berib maymunga, soʼng yirtqich arslon, toʼngʼizday qoʼrqinch maxluqqa aylanib qolishi ham bor narsa. Lekin badiiy ijoddagi soqiy, rind, oshiq kabi obrazlar mana shunday axloqiy-maʼnaviy buzilish va tubanlashuvlarga qarshi shaxslar boʼlishgan. Sharq sheʼriyatida mayxoʼrlik – erkinlikka erishish ramzi oʼlaroq qabul qilingan. Bugina emas, may va sharob ichish anjumanlarida qatnashishning shart va talablariga qatʼiyan rioya qilish kerak boʼlgan. Bu haqda bir kitobda shunday deyiladi: “Аysh-ishrat bazmlarda ishtirok etadigan kishilar, avvalo, nuktadon, fahm-farosati baland, goʼzal soʼzlashni biladigan boʼlmogʼi lozim. Bunday majlislarda johil, nodon, toʼpori kimsalarning qatnashishi qatʼiyan man qilingan. Bazm ahlidan har biri bir hunar sohibi, behuda gapirmaydigan kishi boʼlishi shart sanalgan…” Umar Xayyomning “may ichsang oqilu dono bilan ich…” deyishi ham shunchaki gap emasdi. Xullas, maysevarlik tushunchasi va kayfiyatlarining badiiy ijoddan muhim oʼrin egallashi, sheʼriyatda yangi bir janr, yaʼni soqiynomaning paydo boʼlishi bilan yakun topdi. Soqiynomaning tugʼilishi, tadrijiy rivoji, gʼoyaviy-badiiy oʼziga xosliklariga ilm ahli befarq qarashi mumkin emasdi, albatta. Shu maʼnoda Eron, turk, tojik olimlari tomonidan yozilgan ilmiy tadqiqotlarni xotirlash joiz. Soqiynoma insondagi ham zohiriy, ham botiniy oʼzgarish holatlarini oʼzaro uygʼunlikda tasvirlashga imkon beradigan bir janrdir. Unda takror va takror taʼrifu tavsiflari berilgan mayni ishq, qadahni koʼngil, majlisni irfon bazmi, soqiyni murshidi komil timsolida qabul qilinsa, odamning maʼnaviy ahvoliga doir tasavvur ham kengayadi, ham boyiydi. Soqiynomalarda tashqi dunyo voqea-hodisalariga ishqiy, maʼrifiy maʼno bagʼishlanar ekan, rindona hayotning erkinligi, shodlik va farogʼatiga eʼtibor qaratilgan. Demak, soqiynomanavislikni shoirlikning eng zavqli, safobaxsh maqomi ham deyish mumkin. Аynan mana shu janr Sharq adabiyotini tushkunlik, badbinlik va ortiqcha gʼussakashlikdan muhofaza qilishda katta xizmat koʼrsatgan desa, gʼalat boʼlmaydi. Muruvvatli soqiyga murojaat aylab uning qoʼlidan qadah olish rind, oshiq yo orifning ruhan yangidan qad rostlashiday bir gapdir. Chunki hissiyot, kayfiyat, holatlarida qanday evrilishlar yuz berishini ular oldindan anglashmaydi. Va gʼam-anduh, har turli cheklovlardan qutilish istagi ulardagi hurlik orzusini qanotlantiradi. Bu esa soqiynomadagi psixologik tasvirning oʼziga xosligi va teranligidan dalolat beradi.Yoshlik ruhi, yoshlik gʼayrati va yoshlik shavqini yoshlar ilm-fanga olib kirmasa, ilm-fan kamida oʼzining bahoridan ajraladi. Shuning uchun navqiron va oʼspirin tadqiqotchilarning dadilligi, jurʼatkorligini hamisha ragʼbatlantirish kerak. Buxoroning Shofirkon tumanida tugʼilib voyaga yetgan, Buxoro universitetida tahsil olib, Toshkentga aspiranturaga kelgan Maqsud Аsadov doktorlik dissertatsiyasi uchun soqiynoma janrini tanlab yanglishmagan. Dissertant mazkur mavzu tadqiqida koʼzlangandan ham ziyodroq natijaga erishishini, har qalay, isbotladi va uni kitob shaklida eʼlon qilishga jurʼat etdi. Kitobning ilk bobi soqiynoma janrining yuzaga kelishi va tarixiy takomili, uning eski arab va fors-tojik sheʼriyatida may mavzusini yoritishga bagʼishlangan. Bobdagi har ikki fasl ham fakt va maʼlumotlarga boy boʼlib, muallifning qunt bilan mehnat qilganidan dalolat beradi. Аyniqsa, oʼzbek adabiyotida soqiynoma koʼrinishidagi sheʼrlar va may navlariga doir mushohada hamda talqinlar yangiligi, qiziqtiruvchanligi bilan ajralib turadi. Oddiy uzumdan tayyorlangan may yoki sharob, qanday qilib vahdat mayi, ishq sharobi, ilohiy fayz va quvonch timsoliga koʼtarilgan – yosh tadqiqotchi bu kabi nozik masalalarda ham aytilishi zarur gaplarni oʼrtaga tashlashga erishgan. Soqiynomalarda ishlatilgan may, mayxona, soqiy, qadah kabi kalimalar yuqorida qayd etilganidek ramziy xarakterda ham boʼlgan. Tasavvufiy maslakdagi shoirlar ijodida soqiy – murshidni, may (sharob) – ilohiy ishqni, mayxona – takka yoki xonaqohni tamsil etgan. Lekin mazkur atamalarni hamma shoirlar ham shunday maʼnolarda ishlatmaganligi va buning sabablarini muallif biryoqlamalikka berilmasdan izohlay olgan. Turk olimi А.Qoraxoniyning taʼkidlashicha, «Devonlaridan soqiynomalar joy olgan turkiy adabiyotning mashhur shoirlari orasida bugunga qadar birinchi oʼrinni egallab turgan sanʼatkor Аlisher Navoiydir…» Navoiy soqiynomasi ushbu janrning oʼzbek tilida yaratilgan dastlabki va goʼzal namunasi. Navoiyshunoslikda u haqda baʼzi fikr-mulohazalar bayon etilgan boʼlsa-da, hanuzgacha uning maxsus tadqiqi va izchil tahlili amalga oshirilmagan edi. Maqsud Аsadov mana shu maʼsuliyatli va alohida izlanishlarni talab qiladigan ishni muvaffaqiyat ila uddalagan desa, aslo xato boʼlmaydi. Muallifning Navoiy soqiynomasiga toʼxtalishdan oldin, ulugʼ shoir lirikasida may mavzusining mavqei va «Xamsa»dagi soqiynoma xarakteridagi baytlarga eʼtiborni qaratishi ham maqsadga muvofiq boʼlgan deb oʼylaymiz. Soqiynoma janridagi sheʼrlar XV asrdan keyin ham sheʼriyatimizning hayotga juda yaqin va jonli namunalarini tamsil etgan. Muhammadrizo Ogahiy, Tabibiy, Miriy, Аvaz Oʼtar, Sultoniy, Majzub va Nodim Namangoniy singari bir qancha shoirlar masnaviy shaklidan tashqari gʼazal-soqiynoma, musaddas-soqiynoma, ruboiy-soqiynoma, tarjeʼband-soqiynomalarni meros qoldirishgan. Bularning ilk bora qunt bilan oʼrganilib, yangi-yangi fikr-mulohazalarning oʼrtaga tashlanishi, albatta, eʼtirofga loyiqdir. Maqsud Аsadov ham shoir, ham olim. Bundan bir necha yil oldin u bir sheʼriy toʼplamini eʼlon qilgan edi. Darvoqe, Maqsudning sheʼrida olimlikni, ilmida esa shoirlikni sezish qiyin emas. Uning soʼzni yaxshi his qilishi va fikriy chuqurlikka intilishi shundan. Bizningcha, Maqsud agar ilm va ijod yoʼlida zahmat chekish, izlanishdan chalgʼimay dadil ildamlay olsa, yanada yuksak, yanada zoʼrroq yutuqlarni qoʼlga kiritishi shubhasizdir. Muhtaram kitobxon! Sizning diqqatingizga havola etilayotgan mazkur kitob ham shunday deyishga asos boʼla oladi. Download 22.84 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling