Nutq madaniyati avvalo, to`g`ri, adabiy til me’yorlariga amal qilgan holda so`zlashdir. Shunga ko`ra nutq haqidagi quyidagi fikrlarga e’tibor beraylik:
Agar nutqda adabiy til me’yorlariga amal qilingan bo`lsa, bunday nutq to`g`ri nutqdir.
Agar nutqda adabiy tilga begona bo`lgan, shu tilga o`zlashmagan so`zlar, gap qurilishlari o`rin olmasa, bunday nutq sof nutqdir.
Agar nutqda ko`p va har xil adabiy til belgilaridan (ifoda vositalaridan) foydalanilgan bo`lsa, bu nutq boy nutq hisoblanadi.
Agar nutqni tashkil etgan so`zlar, so`z birikmalarining ma’nolari ular ifodalagan tushunchalar hajmiga to`g`ri kelsa, mos bo`lsa, bunday nutq aniq nutqdir.
Agar nutq tuzilishiga kirgan so`z, so`z birikmalariga xos ma’nolarning aloqasi mantiq qonunlariga, tafakkur qonunlariga zid bo`lmasa, bunday nutq mantiqli nutqdir. Agar nutq til vositalarining yaxshi tanlab joylashtirilishi orqali tuzilib, faqat tinglovchining ongigagina ta’sir etib qolmasdan, unga his-hayajon ham bag`ishlasa, tinglovchining diqqatini tortsa, qiziqtirolsa, bunday nutq ifodali nutqdir.
Agar nutq tuzilishi tinglovchi ongiga ta’sir qilish bilan birga unda borliq haqida ma’lum bir aniq tasavvur sezdirsa, o`sha narsani ko`z oldida gavdalantirsa, bu nutq obrazli nutq bo`ladi. Agar nutq tinglovchi ongining ko`p tomonlarini egallab olib, uni so`zlovchiga mahliyo, tobe qilib qo`ysa, bunday nutq ta`sirli nutqdir.
Agar nutq o`z o`rnida, o`z vaqtida, o`z janrida, vazifasiga ko`ra tuzilgan bo`lsa, shu sharoit yoki vaziyatlarga mos kelsa, bunday nutq jo`yali nutqdir.
Agar nutqning til tuzilishi tinglovchining qabul qilinishini osonlashtirishga xizmat qilsa, bunday nutq tushunarli nutq hisoblanadi.
Nutqning to`g`riligi bosh aloqaviy sifat. Nutqning to`g`ri bo`lishi, eng avvalo, uning adabiy til me’yorlariga muvofiq kelishidir. U asosan ikki normaga – urg`u va grammatik normaga qat’iy amal qilishni talab qiladi. Urg`uning to`g`ri qo`yilishi fikrning to`g`ri tushunilishi bilan bog`liq. Bu – so`z urgusiga ham, mantiqiy urg`uga ham aloqador fikr. (Qiyos: Onasiz / bola o`ynamas. Onasiz bola / o`ynamas.) Grammatik normalarga rioya qilish deganda gap tuzish qoidalaridan to`g`ri foydalanish, o`zak va qo`shimchalar o`rtasidagi bog`lanishning tabiiyligi, ega-kesim mosligi, ikkinchi darajali bo`laklarning ularga bog`lanish qonuniyatlari kabilarni e’tiborga olish kerak bo`ladi. (-ni/-ning, -ga/-da, -li/-lik va b.)
Do'stlaringiz bilan baham: |