Nazariy ma’lumot: Fonetika
Fonetika – (yunon. “fone”-tovush so‘zidan kelib chiqqan) tilshunoslikning alohida bo‘limi
bo‘lib, tilning tovush tomonini, nutq tovushlari va uning turlarini o‘rganadi.
1-§. Tovushlarning uch tomoni
Tovushlar tabiiy va inson tovushlariga bo‘linadi. Tabiatdagi insondan tashqarida paydo
bo‘lgan barcha tovushlar tabiiy tovushlar sanaladi.
Tabiiy tovushlardan inson tovushlarining farqi shundaki, u inson nutq a’zolari harakati
yordamida ma’lum maqsadda ketma-ket talaffuz qilinadi. Bu esa har qanday nutq
tovushining uch tomoni mavjud ekanligidan dalolat beradi.
Birinchidan, nutq tovushlari insonning nutq a’zolari harakati natijasida maydonga keladi.
Nutq tovushlarining bu tomoni uning talaffuz (fiziologik) belgisi hisoblanadi va u fiziologiya fani
bilan uzviy bog‘liqlikda o‘rganiladi. Nutq apparati o‘pka, bo‘g‘iz, tovush paychalari, og‘iz
bo‘shlig‘i, tanglay, til, lab, burun, tish kabi a’zolarni o‘z ichiga oladi.
Ikkinchidan, har qanday tovush havoning tebranishi natijasida hosil bo‘ladi. Shuning uchun
ularning hammasi ma’lum sifat belgisiga: balandlik, kuch (yoki tezlik), miqdor (yoki uzunlik) va
tembr belgilariga ega bo‘ladi. Tovushlarning bu tomoni eshitilish (akustik) tomoni deyiladi va u
fizika fani bilan aloqada o‘rganiladi.
Uchinchidan, nutq tovushlari ma’lum maqsadda talaffuz etiladi. Tovushlarning ketma-ket
talaffuz qilinishidan ma’lum axborot uzatiladi. Demak, tovushlar ma’noli birliklar tarkibida ularni
moddiy tomondan shakllantirish va ma’nosini bir-biridan farqlash vazifasini bajaradi. Masalan,
soli bilan sholi so‘zlari birinchi tovushlari bilan, sot bilan soch so‘zlari oxirgi tovushlari bilan, sot
bilan sut so‘zlari o‘rtasidagi tovushlari bilan farqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |