2020--yilgi reyting natijalariga ko‘ra Biznes yuritish va Iqtisodiy erkinlik indeksida Yangi Zelandiya, Gong Kong hamda Singapurni yuqori 3 talik davlatlar qatorida ko‘rish mumkin. Indikatorlar bo‘yicha reytingi yuqori davlatlar tahlil qilinganda, Yangi Zelandiya Biznes yuritish indeksining korxonalarni ro‘yxatdan o‘tkazish (100.0) va kredit olish indikatorida (100.0), Singapur kontraktlar ijrosini ta’minlashda (84.5) hamda Gong Kong qurilish uchun ruxsatnoma olishda (93.5) dunyoda yetakchilik qiladi.
Umr ko‘rish davomiyligi 85.3 yil, kutilayotgan ta’lim yillari 18.1 yil, o‘rtacha ta’lim yillari 12.6 yil hamda aholi jon boshiga yalpi milliy daromad 68 059 AQSH dollari bo‘lgan Inson kamoloti indeksida Norvegiya davlati 2001-yildan beri (2007 -, 2008-yillar bundan mustasno) ushbu reytingni boshqarib kelmoqda.
So‘nggi reyting natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro reytinglar tasnifiga ko‘ra, Biznes yuritish indeksida top 20 talik islohotchi-mamlakatlar, Iqtisodiy erkinlik indeksida davlatda iqtisodiyot asosan erkin bo‘lmagan davlatlar, Inson kamoloti indeksi bo‘yicha inson taraqqiyoti darajasi yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin oldi.
Inson huquqlari himoyasini kafolatlash, aholi turmush darajasini oshirish, iqtisodiy faoliyatda erkinlikni ta’minlash, sud-huquq sohasidagi moddiy va protsessual normalarni takomillashtirishga qaratilgan islohotlar mamlakatimizning xalqaro reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlari oshishiga sabab bo‘lmoqda.
Jumladan, so‘nggi to‘rt yil mobaynida mamlakatimiz Meros jamg‘armasining “Iqtisodiy erkinlik” indeksida 52 pog‘onaga, Jahon bankining “Logistika samaradorligi” indeksida 19 pog‘onaga, “Biznes yuritish” indeksida 18 pog‘onaga ko‘tarildi. O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining “Mamlakatlarga xos xatarlarni tasniflash” tizimidagi 6-guruh mamlakatlari qatoridan 5-guruh mamlakatlari qatoriga ko‘tarildi.
Shu bilan birga, ayrim rahbarlar reytinglar bilan ishlashga yetarlicha e’tibor qaratmayotganligi va xalqaro tashkilotlar tomonidan o‘tkazilayotgan so‘rovlarda aksariyat islohotlar o‘z aksini topmayotganligi oqibatida ustuvor xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasi quyi pog‘onalarda qolmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |