Mavzu: O’zbekistonning pul-kredit siyosati kirish
Pul-kredit siyosatining maqsadi,vazifalari va nazariy asoslari
Download 88.74 Kb.
|
javohir
1.Pul-kredit siyosatining maqsadi,vazifalari va nazariy asoslari.
Monetar siyosat davlatning iqtisodiyotni tartibga solish siyosatining asosiy yo’nalishlaridan biri hisoblanadi. Uning obyekti bo’lib, pullarga bo’lgan talab va pullar taklifi hisoblanadi. Shu sababli, mamlakatda inflyatsion jarayonlarning chuqurlashishiga yo’l qo’ymaslik, iqtisodiyotning pul mablag’lariga bo’lgan talabini qondirish, aholi va xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning kredit institutlarining kreditlaridan foydalanish darajasini oshirish, milliy valyuta kurslarining barqarorligini ta’minlashda monetar siyosat muhim o’rin tutadi. 2008-yilda boshlangan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi nafaqat rivojlanayotgan mamlakatlarda, balki taraqqiy etgan mamlakatlarda ham monetar siyosatning kontseptual asoslarini qayta ko’rib chiqish, uni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish zaruriyatini yuzaga keltirdi. Global inqiroz avjiga chiqqan 2009-yilda dunyoning etakchi markaziy banklari bo’lgan AQSh Federal zaxira tizimi (FZT) va Evropa Markaziy banki (EMB) monetar siyosatning strategik maqsadi bo’lgan inflyatsiyaga qarshi kurash siyosatidan vaqtinchalik voz kechib, nollik hisob stavkalariga asoslangan “miqdoriy engillashtirish” usulidan foydalanishga majbur bo’lishdi. Chunki, bu vaqtda iqtisodiyotni “retsessiya” holatidan chiqarishga ko’maklashish va milliy bank tizimining likvidliligini ta’minlash, de-fakto, monetar siyosatning strategik maqsadi darajasiga ko’tarilgan edi. Pul – kredit siyosatining asosiy maqsadlari bo’lib, ma’lum vaqt oralig’ida inflyatsiyani bashorat qilish hizmat qiladi. Ushbu sababga ko’ra inflyatsiyani targetlashni ba’zan “Inflyatsiya bashoratlarini targetlash” deb ham yuritiladi. Qisqa muddatli davrda inflyatsiya narxlar va ish haqi bo’yicha tuzilgan shartnomalarga ko’ra belgilanganligi sababli pul – kredit siyosati kutilayotgan kelajakdagi inflyatsiyaga ta’sir ko’rsatishi mumkin. Ta’kidlash joizki, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi PF-4947-sonli farmoni bilan tasdiqlangan “O’zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo’yicha Harakatlar strategiyasi”da ilg’or xalqaro tajribada qo’llaniladigan instrumentlardan foydalangan holda pul-kredit siyosatini takomillashtirish, shuningdek valyutani tartibga solishda zamonaviy bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish va milliy valyutaning barqarorligini ta’minlash makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o’sish sur’atlarini saqlab qolishning zaruriy shartlaridan biri sifatida e’tirof etilgan3. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-sentyabrdagi PF-5177-sonli “Valyuta siyosatini liberallashtirish buyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar tug’risida”gi farmoni va O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13- sentyabrdagi PQ-3272-sonli “Pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarorida pul-kredit siyosatining likvidlilikni berish va jalb qilish operatsiyalari bo’yicha qo’llanilayotgan foizli instrumentlardan foydalanishni kengaytirish, tijorat banklari tomonidan foiz stavkalarini shakllantirishning bozor mexanizmlarini qo’llashni kengaytirish, makroiqtisodiy tahlil va prognozlashni ilg’or xorij tajribasi asosida takomillashtirish, pul-kredit siyosatining shaffofligini oshirish kabi dolzarb vazifalarni qo’yilgan. Bu esa, o’z navbatida, “Monetar siyosat” fanini o’qitish sifatini yanada oshirish zaruriyatini yuzaga keltiradi. O’tish iqtisodiyoti mamlakatlarida monetar siyosat instrumentlaridan foydalanish amaliyotining takomillashmaganligi, uning taktik maqsadlari o’rtasida qarama-qarshiliklarning mavjudligi, monetar siyosat indikatorlarini to’g’ri tanlash bilan bog’liq bo’lgan dolzarb muammolarning mavjudligi kuzatilmoqda. Bu esa, monetar siyosat masalasini tadqiq qilishga jiddiyroq yondashishni taqozo etadi. Monetar siyosatning asosiy masalalari – strategik va taktik maqsadlari, instrumentlari va indikatorlaridan foydalanish masalalari tahlil qilinadi. Tahlil jarayonida asosiy e’tibor ilg’or xorij tajribasini tahlil qilish va umumlashtirishga qaratiladi. Buning sababi shundaki, AQSh FZT, EMB va Yaponiya Markaziy bankida, monetar siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish borasida boy tajriba mavjud. Shuningdek, ushbu o’quv qo’llanmada O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan amalga oshirilayotgan monetar siyosatning zamonaviy holati ham tahlil qilinadi. Fanning vazifasi quyidagilardan iborat: – monetar siyosatning kontseptsiyalari, zamonaviy modellari va ularning tendentsiyalari; – pul agregatlari, va pul massasi tarkibini hisoblash tartibi va pul multiplikatori harakati mexanizmi; – inflyatsiya darajasi, iste’mol narxlari indeksini aniqlash, pul-kreditni tartibga solishning ma’muriy va iqtisodiy usullari; - jahon iqtisodiyotining globallashuvi sharoitida monetar siyosatning dolzarb muammolari va ularning tendentsiyalari; – monetar siyosatning iqtisodiyotni, pul massasi, bank tizimi likvidliligi va pul bozorini tartibga solish xususiyatlari; – monetar siyosat orqali foiz stavkalari, kapital bozori va to’lov balansini tartibga solishning o’ziga xos xususiyatlari; – monetar siyosat sohasida qarorlar qabul qilish tinglovchilarda chuqur bilim va ko’nikmalar hosil qilish. “Monetar siyosat” fani “Iqtisodiyot nazariyasi”, “Makroiqtisodiyot”, “Pul va banklar”, “Bank ishi”, “Xalqaro bank ishi”, “Xalqaro valyuta bozorlari” kabi fanlar bilan uzviy bog’liq bo’lib, ular bo’yicha etarli bilim va ko’nikmalarga ega bo’lish talab etiladi. Iqtisodiy adabiyotda va xalqaro bank amaliyotida “pul-kredit siyosati” va 6 “monetar siyosat” tushunchalarini sinonim tushunchalar sifatida talqin qilish keng tarqalgan. Masalan, rossiyalik taniqli iqtisodchi-olimlar – S.Moiseev, O.Lavrushin, I.Mamonova, M.Malkina, G.Fetisovlar “pul-kredit siyosati” tushunchasidan keng foydalanadilar. Ushbu holatni ular tomonidan chop etilgan “Markaziy bank faoliyatini tashkil qilish”, “Pul-kredit siyosati: nazariya va amaliyot”, “Rossiyada va xorijda inflyatsion jarayonlar va pul-kredit orqali tartibga solish” mavzusidagi darslik va o’quv qo’llanmalarda yaqqol ko’rish mumkin. AQShlik, yaponiyalik va yevropalik iqtisodchi olimlar tomonidan nashr etilgan darsliklar, chop etilgan ilmiy maqolalarda “monetar siyosat” (monetary policy) tushunchasidan foydalaniladi. Masalan, taniqli iqtisodchi olim, AQSh FZT Prezidenti B.Bernanke o’zining ilmiy-tadqiqot ishlarida va ilmiy maqolalaridafaqat “monetar siyosat” tushunchasidan foydalangan4. Shuningdek, A. Bernsda ham shu holatni kuzatish mumkin5. M.Malkina pul-kredit siyosatiga quyidagicha ta’rif beradi: “Pul-kredit siyosati – Markaziy bank tomonidan pul massasi va pullar qiymatini boshqarish bo’yicha kompleks chora-tadbirlar bo’lib, mamlakatda baholar, milliy valyutaning barqarorligini ta’minlash va iqtisodiy o’sishni rag’batlantirish maqsadida amalga oshiriladi”6. S.Moiseevning fikriga ko’ra, pul-kredit siyosati – bu davlatning iqtisodiyotni tartibga solish borasidagi siyosatining muhim yo’nalishlaridan biri bo’lib, pul bozoridagi talab va taklif uning ob’ekti hisoblanadi7. D.Vinogradov va M.Doroshenko hammuallifligida chop etilgan “Moliyaviy-pullik iqtisodiyot” (Finansovo-denejnaya ekonomika) mavzusidagi o’quv qo’llanmada pul-kredit siyosati pul massasi va foiz stavkalarining darajalarini tartibga solishga yo’naltirilgan siyosat sifatida e’tirof etilgan8. R.Miller va D. Van-Xuz hammuallifligida yozilgan “Zamonaviy pullar va bank ishi” mavzusidagi darslikda monetar siyosat pul emissiyasi va pul massasi ustidan nazorat qilishga qaratilgan tadbirlar majmui sifatida talqin qilingan9. Taniqli iqtisodchi olim N. Menkyu AQSh FZTning monetar siyosatini iqtisodiyotda muomalada bo’lgan pullar ustidan nazorat qilishni amalga oshirish sifatida talqin qilgan10. Yuqorida qayd etilgan xulosalar va ta’riflardan ko’rinadiki, ko’pchilik iqtisodchi olimlar tomonidan monetar siyosat pullarga bo’lgan talab va pullar taklifini tartibga solish va nazorat qilishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui sifatida e’tirof etilgan. Taniqli iqtisodchi olimlarning monetar siyosatning turlari xususidagi fikrlarini o’rganish va umumlashtirish natijasida shunday xulosaga keldikki, monetar siyosatning ikki asosiy turi mavjud: 1. Restriktsion monetar siyosat. 2. Ekspansionistik monetar siyosat. Restriktsion monetar siyosat deganda, odatda, muomaladagi pul massasining o’sish sur’atlarini jilovlashga qaratilgan monetar siyosat tushuniladi. Restriktsion monetar siyosatni amalga oshirishda Markaziy bank quyidagi usullardan foydalanadi: – Markaziy bankning majburiy zaxira stavkalarining darajasi oshiriladi; – tijorat banklariga qimmatli qog’ozlar Markaziy bank tomonidan qayta sotib olish sharti bilan sotiladi; – Markaziy bank tomonidan hukumatga va tijorat banklariga tegishli bo’lgan vaqtinchalik bo’sh pul mablag’lari depozit hisobraqamlariga jalb etiladi; – Markaziy bank valyuta siyosati doirasida milliy valyutadagi pul mablag’lari hajmining o’sish sur’atlarini cheklashga qaratilgan operatsiyalarni amalga oshiradi. Ekspansionistik monetar siyosat deganda muomaladagi pul massasining multiplikativ kengayishini ta’minlash asosida to’lovga qobil talabni rag’batlantirishga qaratilgan monetar siyosat tushuniladi. Ekspansionistik monetar siyosatni amalga oshirishda Markaziy bank quyidagi usullardan foydalanadi: – Markaziy bank qayta moliyalash stavkalarini pasaytiradi va tijorat banklariga beriladigan markazlashgan kreditlarning hajmini oshiradi; – tijorat banklarining kreditlash hajmiga nisbatan Markaziy bank tomonidan belgilangan limitlar hajmi oshiriladi, ya’ni banklarga kreditlar miqdorini oshirishga imkoniyat yaratiladi; – Markaziy bankning majburiy zaxira stavkalari pasaytiriladi; – tijorat banklariga qimmatli qog’ozlar Markaziy bank tomonidan qayta sotish sharti bilan sotib olinadi; – Markaziy bank valyuta siyosati doirasida milliy valyutadagi pul mablag’lari hajmining o’sish sur’atlarini oshirishga qaratilgan operatsiyalarni amalga oshiradi. M.Fridmen asos solgan monetarizm oqimi va J.M.Keyns tomonidan ishlab chiqilgan pul-kredit kontseptsiyasi bu boradagi etakchi kontseptsiyalar bo’lganligi sababli, ularning pullarga bo’lgan talab va pullar taklifi xususidagi nazariy qoidalari milliy valyuta barqarorligini ta’minlashning uslubiy asoslarini takomillashtirishda muhim amaliy ahamiyat kasb etadi. Klassik iqtisodiy maktab vakillaridan - A.Smit, U.Petti, D.Rikardo, D.Fullarton, A.Marshall, I.Fisher, A.Pigu kabilarning pul nazariyasi, jumladan, pul muomalasi va monetar siyosat muammolariga oid ko’plab ilmiy tadqiqotlari barcha mutaxasssislarga ma’lum. Ularning ilmiy ishlarida keynschilik va monetarizmga 8 qadar pulga bo’lgan talab, xususan, pulning miqdoriylik nazariyasi, pulning aylanish tezligi va almashuv tenglamasi kabi masalalar o’ziga xos tarzda tadqiq qilingan. Klassik maktab iqtisodchilari tomonidan ishlab chiqilgan hozirgi zamon miqdoriylik nazariyasi - eng avvalo, yalpi daromadning nominal qiymatini aniqlashga bag’ishlangan. Shuningdek, ushbu nazariya doirasida yalpi ishlab chiqarishning har bir darajasida aholining qo’lida qancha miqdorda pul bo’lishi kerakligi to’g’risidagi masalalar ham o’rganiladi. Bu xususida xorijlik taniqli olimlardan professor F.Mishkin shunday ta’kidlaydi: “Biroq aholining qo’lida qancha miqdorda pul bo’lishi kerakligini pulga bo’lgan talab to’g’risidagi nazariya orqali ham hisoblash mumkin. Ushbu nazariyaning eng muhim xususiyati shundan iboratki, bunda pulga bo’lgan talab foiz siyosatiga bog’liq emas”11. Miqdoriylik nazariyasida yalpi daromadning ma’lum darajasida aholining qo’lida qancha pul bor degan savol qo’yiladi. Shuning uchun u amalda pulga bo’lgan talab nazariyasi hisoblanadi. Uning miqdoriylik nazariyasiga muvofiq pulga bo’lgan talab mutlaq daromadning funktsiyasi hisoblanadi va foiz stavkasi pulga bo’lgan talabga ta’sir etmaydi. Kembrij maktabi vakillari odamlarning qo’llarida pul ushlab turishlariga asos bo’luvchi pulning ikkita xususiyatini: almashuv vositasi va boylikni saqlash vositasini ajratib ko’rsatishdi. I.Fisher va Kembrij guruhi pulga bo’lgan talab nominal daromadga proportsional, degan pulga bo’lgan talabning klassik yondashuvini ishlab chiqdilar. J.M.Keyns pul aylanish tezligining doimiyligi to’g’risidagi klassik yondashuvdan voz kechdi va asosiy e’tiborni foiz stavkasining ta’siriga qaratgan holda pulga bo’lgan talab nazariyasini ishlab chiqdi. Ta’kidlash joizki, pulga bo’lgan talab I.Fisherning almashuv tenglamasiga muvofiq quyidagicha aniqlanadi: bunda, M – muomaladagi pul miqdori, V - pul aylanish tezligi, P – tovar va xizmatlarning o’rtacha bahosi, Q – milliy iqtisodiyot doirasida ishlab chiqarilgan tovarlar va xizmatlarning miqdori. PxQ=MxV Ma’lumki, monetar siyosat nazariyasida markaziy o’rinni foiz stavkasi pulga bo’lgan talabga ta’sir etadimi, agar ta’sir etsa, qay darajada, degan masala egallaydi. Bu xususda juda ko’p olimlar o’z fikrlarini aytganlar. Jumladan, I.Fisher foiz stavkasi pulga bo’lgan talabga ta’sir emaydi, u daromadga bog’liq, degan xulosaga kelgan. Uning xulosasidan farqli o’laroq, Kembrij maktabining olimlari foiz stavkasi ta’sirida pulga bo’lgan talabning o’zgarishini istisno etmagan holda u nominal YaIMga proportsional, deb hisoblashgan. Ammo, J.Keyns kembrijcha yondashuvni rivojlantirib, foiz stavkasi pulga bo’lgan talabga sezilarli darajada ta’sir qiladi, degan xulosaga kelgan. Umuman, Keyns tadqiqotlarida foiz stavkasining o’sishi bilan pulga bo’lgan talab pasayadi, degan xulosa ilgari suriladi. Keyns fikricha, pul massasining o’zgarishi bevosita foiz stavkasiga ta’sir qiladi. Ta’kidlash joizki, M.Fridmen va J.Keynsning pul-kredit kontseptsiyalari AQSh, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Frantsiya kabi rivojlangan sanoat mamlakatlarining markaziy banklari faoliyatida muvaffaqiyatli qo’llanilgan. Jumladan, J.Keynsning “Arzon pullar” nazariyasi Ikkinchi Jahon urushidan keyin xonavayron bo’lgan G’arbiy Evropa mamlakatlari iqtisodiyotini tiklash va rivojlantirishda muhim rol o’ynadi. M. Fridmen miqdoriylik nazariyasini pulga bo’lgan talab nazariyasi ekanligini o’zining ilmiy izlanishlarida e’tirof etgan12. Pulga bo’lgan talab kontseptsiyasi monetarizmning asosiy qoidalaridan biri hisoblanadi. Pul-kredit siyosati, ilmiy-nazariy va uslubiy jihatdan olib qaralganda, kon’yunkturaviy siyosatning takomillashgan instrumenti bo’lishi lozim. Ammo J. Keyns markaziy banklarning foiz stavkalarini tez-tez o’zgartirib turish imkoniyatiga unchalik ishonmadi. J. Keyns tarafdorlari pul-kredit siyosatining samarasizligi omillari tahlilini kuchaytirdilar va bu omillar ikkiyoqlama mazmunga ega, degan xulosaga keldilar. Bir tomondan, bank tizimi pul massasini tez va samarali boshqarish imkoniga ega emas; ikkinchi tomondan, umumiy talab tahlili pul massasini zarur o’zgarishlari xususidagi savolga aniq javob bera olmaydi13. Keynscha pul-kredit kontseptsiyasining muhim qoidalaridan yana biri foiz stavkalarini o’zgarishi qoidasidir. J. Keynsning fikriga ko’ra, foiz stavkalarining dinamikasi psixologik hodisadir. Uning fikricha, foiz stavkalariga muomaladagi pul miqdori kuchli tarzda ta’sir ko’rsatadi va uning o’zgarishi foiz stavkalarining «mo’’tadil» darajasi to’g’risidagi turli xildagi tasavvurlarga bog’liq. J.Keyns mazkur qoidani ishlab chiqish jarayonida amalga oshirgan tadqiqot natijalariga asoslangan holda ikki muhim xulosani shakllantirganligining guvohi bo’lamiz: 1. Pullarga bo’lgan talab va foiz stavkasi o’rtasidagi o’zaro munosabat nobarqaror ko’rsatkich hisoblanadi, chunki, foizning «mo’’tadil» stavkasi darajasi iqtisodiyot sub’ektlarining hatti-harakatiga bog’liq va turli davriy oraliqlarda harxil holatlarni ta’sirida o’zgarib turadi. Mazkur beqarorlik tufayli moliya organlari foiz stavkalarining maqbul darajasiga erishish maqsadida pul massasini zarur darajada o’zgartirish uchun zarur bo’lgan oraliq nishonlarni tanlab ololmaydilar. Agar bunga foiz stavkasi va umumiy talab o’rtasidagi o’zaro munosabatlardagi noaniqlik qo’shilsa, unda byudjet instrumentlariga asosiy e’tiborni qaratishning asosliligi namoyon bo’ladi. 2. Iqtisodiyot rivojlanishining ma’lum davriy oraliqlarida foiz stavkasi etarli darajada elastik bo’lmay qolishi mumkin. Masalan, Moliya vazirligi kreditlarning foiz stavkalarini pasaytirishga harakat qilganlarida ma’lum qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin. J.Keynsning qarashlariga muvofiq, ushbu qiyinchiliklar muomaladagi pul massasining sezilarli darajada o’sishi foiz stavkalariga nisbatan zaif tarzda ta’sir qilganda yuzaga keladi. Boshqacha qilib aytganda, pullarga bo’lgan talabning foiz stavkalariga nisbatan elastiklik darajasining pastligi «mo’’tadil» foiz stavkasi to’g’risidagi, shuningdek, qimmatli qog’ozlar bozor kursini ko’zda tutilgan evolyutsiyasi xususidagi tasavvurlarni o’zaro keskin farqlanishiga olib keladi. Taraqqiy etgan mamlakatlar tajribasi ko’rsatadiki, davlatning iqtisodiyotga aralashuvi kuchli bo’lgan mamlakatlarda J.M.Keyns tomonidan ishlab chiqilgan pul-kredit kontseptsiyasini qo’llash katta samara beradi. Masalan, Evropa Ittifoqi mamlakatlari Frantsiyada XX asrning 70-yillarida davlatning iqtisodiyotga aralashuvi kuchli edi. Bu esa, Frantsiya hukumati tomonidan keynscha pul-kredit kontseptsiyasi qoidalaridan keng ko’lamda foydalanishga asos yaratdi.
Download 88.74 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling