Mavzu: O’zbekistonning tinchligi va barqarorligiga xavf solayotgan mafkuraviy tahdidlar tahlili
birinchidan – iqtisodiyotning mafkuradan xoliligi va uning siyosatdan ustunligi. Boshqacha aytganda, avval iqtisod, keyin siyosat; ikkinchidan
Download 126.96 Kb.
|
Abdullayev Otabek
birinchidan – iqtisodiyotning mafkuradan xoliligi va uning siyosatdan ustunligi. Boshqacha aytganda, avval iqtisod, keyin siyosat;
ikkinchidan – davlatning o‘zi eski tuzumdan yangi tuzumga o‘tish davrida bosh islohotchi bo‘lishi, ya’ni uning mamlakatni davlatchilik, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda yangilashga qaratilgan islohotlarning tashabbuskori bo‘lish vazifasini o‘z zimmasiga olishi; uchinchidan – qonun ustuvorligi yoki barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi; to‘rtinchidan – kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, davlatning aholini ijtimoiy nochor qatlam va guruhlarini qo‘llab-quvvatlash borasida mas’ul bo‘lishi; beshinchidan – islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish, “shok terapeyasi” deb atalgan turli usullardan voz kechish. Boshqacha aytganda, mamlakat inqilobiy yo‘ldan emas, balki tadrijiy yo‘ldan rivojlanishi kerak. Insoniyat tarixi shundan guvohlik beradiki, har qanday inqilobiy yo‘l hamisha xalqqa zulm va zo‘ravonlik, qon to‘kish va talafotlar keltirgan. Ushbu tamoyillar avvalambor bizning kommunistik mafkuradan butunlay voz kechganimizning yaqqol ifodasi bo‘lib, yigirmanchi asrning 90- yillari boshidagi real hayotni o‘zida yorqin aks ettirdi va mamlakatimizni isloh etish bo‘yicha aniq prinsipial maqsad va vazifalarni belgilab olish imkonini berdi. Biz aynan ana shu tamoyillardan kelib chiqqan holda, yangi davlat, yangi jamiyat poydevorini barpo etishga kirishdik. Aynan ana shu tamoyillarni amalga oshirish zarurati tufayli “Yangi uy qurmay turib, eskisini buzmang”, “Islohotlar – islohot uchun emas, avvalo inson uchun, uning manfaatlari uchun” degan, bugun ko‘pchilikka yod bo‘lib ketgan hayotiy shiorlar paydo bo‘ldi.4 Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mamlakatimizni isloh etish va yangilashga qaratilgan dasturiy vazifalarni bajarishda biz milliy qadriyatlarimiz, urf-odat va an’analarimizni saqlashga, xalqimizning asrlar davomida shakllangan mentalitetiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga katta e’tibor qaratdik. Shu bilan birga, muvaffaqiyatli va barqaror rivojlanadigan zamonaviy demokratik davlat qurishning o‘zini oqlagan jahon tajribasini chuqur o‘rganish va qabul qilish ham diqqatimiz markazida bo‘ldi. Ma’lumki, SSSR parchalanib ketganidan keyin sobiq sovet hududida juda keskin va tahlikali vaziyat yuzaga keldi. Bu esa boshboshdoqlikning oldini olish, huquq-tartibotni saqlash va aholining eng zarur, birinchi galda, oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash bo‘yicha zudlik bilan tegishli choralar ko‘rdi. Aziz do‘stlar, birodarlar, o‘sha qaltis va murakkab davrda yurtimizda bor-yo‘g‘i o‘n-o‘n besh kunga yetadigan bug‘doy va un zaxirasi qolgani, mamlakat amalda ocharchilik ostonasiga kelib qolganini o‘zimizga bir tasavvur qilaylik. Tabiiyki, bunday hol avvalo butun sovet tizimiga xos bo‘lgan markazlashtirilgan usulda rejalashtirish va taqsimlashdek illatlarning ta’siri edi. Lekin, eng yomoni, O‘zbekiston iqtisodiyoti asosan xomashyo tayyorlashga yo‘naltirilgani, biryoqlama rivojlanish hisobidan mo‘rt va nochor holga tushib qolgan bo‘lib, iqtisodiyotga, ekologiya va aholi genofondiga halokatli ta’sir o‘tkazadigan paxta yakkahokimligi yurtimizdagi vaziyatni jar yoqasiga olib kelib qo‘ygan edi. Buning oqibatida ulkan tabiiy, mineral-xomashyo, mehnat va inson salohiyatiga ega bo‘lishiga qaramay, respublikamiz sobiq SSSRda aholi turmush darajasi, ijtimoiy va gumanitar sohalar rivoji bo‘yicha oxirgi o‘rinlardan birida turar edi. Buni aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha 1989 yilda o‘tkazilgan statistik ma’lumotlar ham tasdiqlaydi. Boz ustiga, amaldagi sovet puli o‘z qimmatini yo‘qotib bo‘lgan, yangi milliy valutamiz esa hali joriy etilmagan edi. Bunday sharoitda iqtisodiyotning fojiali ravishda inqirozga yuz tutishi va inflatsiyaning o‘ta keskin, hatto yiliga minglab foizga o‘sib ketishini jilovlash favqulodda muhim ahamiyat kasb etar edi. Birinchi galda ilgari shakllangan xo‘jalik, ishlab chiqarish va moliyaviy aloqalarning butunlay uzilishiga barham berish, ommaviy ishsizlikning oldini olish zarur edi. Ichki va tashqi xavfsizlikni ta’minlash tizimining parchalanishi natijasida jamiyatda huquqiy bo‘shliq vujudga kelgani, millatlar va dinlararo, hududiy va turli guruhlar, urug‘-aymoqlar o‘rtasidagi ziddiyatlarning avj olib ketish xavfi, radikal kayfiyatlarning ayniqsa yoshlar o‘rtasida kuchayishi g‘oyat jiddiy xatarga aylangan edi. Qisqacha aytganda, tub ildizlari sovet davlatining so‘nggi yillariga borib taqaladigan ichki va tashqi mojarolardan mamlakatimizni asrab qolish talabi o‘ta keskin bo‘lib turar edi. Bu o‘rinda avvalambor el-yurtimiz boshidan kechirgan 1984-1989 yillardagi mudhish qora kunlarni eslash kifoya, deb o‘ylayman.O‘sha davrda respublikamizda yuzaga kelgan og‘ir ijtimoiy ahvol sababli aholining kuchayib borayotgan noroziligining oldini olish va to‘xtatish uchun KPSS Markaziy komiteti qarori bilan O‘zbekistonga yuborilgan, xalq juda topib, “desantchilar” deb atagan guruh tomonidan sodir etilgan qonunsizlik va zo‘ravonlikni ko‘pchilik yaxshi eslaydi. Bu haqda gapirganda, Quvasoy, Farg‘ona va Qo‘qon, Namangan, Bo‘ka va Parkent, Guliston, Toshkent va O‘shda ro‘y bergan fojiali voqealar odamlarimiz qalbida qoldirgan bitmas jarohatlarni, yurtimizga chet eldagi markazlar tomonidan moliyaviy ta’minlangan va boshqarilgan terrorchi to‘dalar Surxondaryo va Toshkent viloyatlarining tog‘li tumanlari orqali suqilib kirgan tahlikali kunlarni ham eslashimiz lozim. Agarki ana shu yovuz niyatli kuchlarning qabih va uzoqni ko‘zlagan buzg‘unchilik maqsadlari amalga oshganida bormi, mamlakatimiz fuqarolar urushi olovi ichida qolib ketgan va uning oqibatlari, hech shubhasiz, butun O‘rta Osiyodagi vaziyatni portlatib yuborgan bo‘lur edi.5 Respublikada vujudga kelgan bunday o‘ta murakkab va fojiali sharoitda o‘zini yo‘qotmasdan, bosiqlik, chidam va bardosh bilan ish tutish, qat’iy siyosiy irodani namoyon etish, mamlakatni chuqur tanazzuldan olib chiqishga qaratilgan, har tomonlama puxta o‘ylangan strategiyani ishlab chiqish va uni amalga oshirish uchun jamiyatdagi barcha sog‘lom kuchlarni safarbar etish g‘oyat muhim ahamiyat kasb etgan edi. Biz siyosiy va iqtisodiy taraqqiyot, davlat va jamiyat qurish strategiyasini barpo etishda xalqimizning tarixan shakllangan milliy va madaniy o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan, mamlakatimizning mavjud tabiiy-iqtisodiy, mineral-xomashyo va insoniy salohiyatini xolisona va jiddiy baholagan holda, jahon xo‘jalik aloqalari tizimida o‘zimizga munosib joy egallashni maqsad qilib qo‘yib, bunday marralarga erishishni asosiy vazifamiz sifatida belgilab oldik. Shu borada mamlakatimizni isloh qilish va milliy davlatchilik poydevorini barpo etish bo‘yicha qabul qilingan ana shu strategiyani amalga oshirishdagi birinchi qadamlarimiz nimalardan iborat bo‘lganini yana bir bor eslash o‘rinlidir. Avvalo, tarixan juda qisqa muddatda Asosiy qonunimiz – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ishlab chiqildi va qabul qilindi. Bu qomusiy hujjatda mamlakatimizda davlat va jamiyat qurilishining asosiy tamoyillari aniq ifodalab berildi, davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud tarmoqlariga bo‘linishi eng muhim tamoyil sifatida belgilandi. Shuningdek, inson huquqlarining davlat manfaatlaridan, umume’tirof etilgan xalqaro huquq normalarining esa milliy huquqiy me’yorlardan ustunligi ham Konstitutsiyada muhrlab qo‘yildi. Asosiy qonunimizda hech qanday mafkuraning davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emasligi va ijtimoiy-siyosiy hayot siyosiy institutlarning rang-barangligi, mafkura va fikrlarning xilma-xilligiga asoslanishi belgilab berildi. Ayni paytda barcha mulk shakllarining teng huquqliligi sharoitida xususiy mulkning ustuvorligi konstitutsiyaviy asosda mustahkamlab qo‘yildi. Ana shu tamoyillarni inobatga olib, davlat va iqtisodiyotni boshqarishning mustabid, markazlashgan tizimiga barham berish, mustaqil O‘zbekistonning yangi siyosiy va davlat tuzilishi asoslarini, avvalo qonunchilik tizimini shakllantirish, markazda va joylarda vakolatli hokimiyat organlarining yaxlit tizimini tashkil etishga qaratilgan ishlar aniq maqsadni ko‘zlab bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Ikkinchidan, murakkab o‘tish davrida qabul qilingan qonunlarning amalda bajarilishini ta’minlay oladigan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga qodir bo‘lgan ijro hokimiyatining samarali tizimi va tuzilmalarini yaratish muhim ahamiyatga ega edi. Shu maqsadda tub ma’muriy islohotlar amalga oshirildi: markazlashgan rejalashtirish va taqsimlash tizimining tayanchlari bo‘lgan Davlat plan komiteti, Davlat ta’minot komiteti, Davlat narx komiteti, Davlat agrosanoat komiteti va ko‘plab tarmoq vazirliklari tugatildi, mahalliy hokimiyat organlari qayta tashkil qilindi – viloyat, tuman va shaharlarda qaratildi hokimlik instituti joriy etildi. Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organi tizimi – mahalla institutini rivojlantirish va mustahkamlashga alohida e’tibor. Uchinchidan, sudlarni jazolovchi va faqat davlat manfaatlarini himoya qiluvchi organdan qonun ustuvorligini va inson huquqlari himoyasini ta’minlovchi organga aylantirishga qaratilgan yaxlit sud hokimiyati tizimini shakllantirish vazifasi qo‘yildi va muvaffaqiyatli hal etildi. Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, umumiy yurisdiksiya sudlari, xo‘jalik sudlari joriy etildi. Jinoyat, jinoyat-protsessual, sud-huquq va boshqa yo‘nalishlarning qonunchilik asosini tashkil etuvchi baza yaratildi. To‘rtinchidan, qisqa muddatlarda mamlakatimiz suvereniteti va hududiy yaxlitligini, konstitutsiyaviy tuzumni ishonchli himoya qiladigan, jamoat tartibini ta’minlaydigan, xalqaro terrorchilik, ekstremizm va narkoagressiya kabi kuchayib borayotgan xavf-xatarlarga qarshi kurashadigan milliy xavfsizlik organlari tizimi shakllantirildi. Download 126.96 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling