Kurash choralari. Tuproqqa elementlar balansi saqlangan o‘g‘itlarni kiritish; ekinga tuproqsa yetishmasligi kuzatilgan mikro-elementlar eritmalarini purkash; tuproqda rN ni normaga keltirish lozim (Bernhardt et al., 1988; Vyangelyauskayte i dr. 1989).
Poliz ekinlari pestitsidlar bilan zararlanishi (yatrogen kasalliklar). 2,4-D: barglar xunuk shakl oladi, pastga bukiladi. Poya va barg bandlari yo‘g‘onlashadi. Barglar ko‘pincha yelpig‘ich shaklini oladi. Atrazin: o‘simliklar odatda pakana bo‘lib qoladi, barglari quriydi. MSRA: barglar va mevalar xunuk shakl oladi. Treflan: poyaning pastki qismlari - ildiz bo‘g‘zi va ildiz yaxshi rivojlanmaydi. O‘simliklar nimjon, pakana bo‘lib qoladi. Oltingugurt: qovunning ba’zi navlarida fitotoksik belgilar paydo bo‘ladi, barglari kuyadi. Ishlov berilgan dalalardan poliz ekinlari ekilgan dalalarga oltingugurt, MSRA va 2,4-D shamol bilan oson tarqaladi va zararlaydi. Atrazin va treflan bilan ishlov berilgan dalalarda ularning qoldiqlari keyingi yili ekilgan poliz ekinlarini zararlaydi.
Kurash choralari. Pestitsidlarni ishlatish bo‘yicha tavsiyalarga rioya qilish lozim (Bernhardt et al., 1988).
Poliz ekinlarining changlanishi qoniqarli bo‘lmasligi natijasida qovoqning mevalari o‘smay qoladi, qo‘ng‘ir tus oladi, burishib ketadi va uchidan boshlab chiriydi. Changlanmagan gullar rivojlanmaydi va to‘kiladi. Bodringning mevalari to‘lishmaydi, urug‘i yetilmaydi; mevalarning uchida yoki pastki qismida yoxud har ikki tomonida shishlar paydo bo‘ladi.
Bodring, tarvuz va qovoq o‘simliklari alohida otalik va onalik gullariga ega. Ba’zi bodring navlari faqat onalik gullari hosil qiladi. Bu navlar changlanishi uchun changlatuvchi navlar mavjud bo‘lishi lozim. Ba’zi qovoq navlarida birinchi bo‘lib onalik gullar rivojlanadi. Otalik gullar hali yetilmagani uchun ular changlanmaydi va to‘kiladi. Undan tashqari, ob-havo noqulay bo‘lganida otalik gullar kam rivojlanadi, changlanish ham kamayadi. Asalarilar kam yoki nofaol bo‘lishi ham changlanish yetarsiz bo‘lishiga olib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |