Mavzu. Siyosatshunoslik fani predmeti, maqsad va vazifalari
Download 0.89 Mb.
|
Mavzu. Siyosatshunoslik fani predmeti, maqsad va vazifalari
- Bu sahifa navigatsiya:
- Demokratiyada
- «qonun»
- Avliyo Avgustin
Oligarxiya (ozchilik hokimiyati) - bu hokimiyat tepasida boylar turadigan tuzum, u mulk senziga, ya’ni mulkiy cheklashga asoslangan. Oligarxik davlatlarda olijanob odamlar ham hukmdorlarning manfaatparstligi tufayli kambag‘allik va xonavayron bo‘lishdan, fuqarolik huquqlarini yo‘qotishdan qochib qutula olmaydilar. Bunday odamlarning qalbi nafratga to‘ladi va ular davlat to‘ntarishi qilish rejasini o‘ylaydilar, barcha mablag‘larini ana shu maqsad yo‘lida sarflashdan ham qaytmaydilar. Kambag‘allarning g‘alabasi esa demokratik davlat ko‘rinishiga o‘tishni bildiradi.
Demokratiyada Gretsiya sharoitlarida fuqarolarning o‘ziga xos tengligi mavjud edi. Ko‘p masalalar qur’a tashlash orqali hal qilinar, forumlarda muhokamaga qo‘yilardi. Biroq xalq yig‘inida hamma narsani chaqqon demagoglar tomonidan boshqarilib turuvchi olomon hal etgan. Natijada demokratiya - bu xalq hokimiyati emas, balki xalq kimning ta’siri ostida bo‘lsa o‘shaning hokimiyati bo‘lib qolar edi. Eng asosiysi, Platonning fikriga ko‘ra, demokratiya cheklanmagan ozodlikni joriy etdi, hamma narsaga yo‘l qo‘yib berish xaosga, ya’ni tartibsizlikka olib keldi, odamlar hatto qonun bilan ham hisoblashamay qo‘ydilar. Biroq «...me’yoridan ortiq ozodlik ayrim shaxs uchun ham, davlat uchun ham haddan ortiq qullikdan boshqa oqibatga olib kelmaydi. Demokratiya haddan ortiq ozodlikdan tiraniyaga aylanib ketadi, — degan edi Platon, — eng buyuk va eng shafqatsiz qullik paydo bo‘ladi. Odamlar tartib yo‘qligidan bezor bo‘ladilar, ana shu paytda tiranning mudhish gavdasi namoyon bo‘lib, u tartib o‘rnatadi, biroq odamlardan ozodlikni tortib oladi». Aristotelning asosiy siyosiy asari - «Siyosat». “Davlat, - degan edi Aristotel, - odamlarning o‘zaro muloqotda bo‘lish, bir-birlariga yordam berish, umumiy ehtiyojlarini qondirish zarurati tufayli paydo bo‘ladi. Faqat xudolar (ulug‘liklari sababli) varvarlar (qoloqliklari sababli) va hayvonlar (aql-idrokka ega bo‘lmaganliklari sababli), davlatga ega emaslar. Davlatning asosi - insonning aql-idrokka ega tabiatidir. Adolat va adolatsizlik, ezgulik va yovuzlik, haqiqat va yolg‘on haqida tushunchalarga ega bo‘lgan holda odamlar davlat muloqoti sharoitlarida yashay oladilar. Davlatdagi eng asosiy kuch - hokimiyat, u davlatni jipslashtiradi va ayrim bo‘laklarga bo‘linib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. Davlatda ham, xuddi oiladagi singari, kimdir boshqarishi, kimdir esa bo‘ysunishi lozim. Bir davlat boshqa davlatdan hokimiyatning tashkil etilishi shakli bilan farq qiladi. Aristotel davlat ko‘rinishining unga ma’lum bo‘lgan 158 turini tahlil qilgan va mana shunday katta faktik asosga suyangan holda, davlat ko‘rinishi shakllarining tipologiyasini ishlab chiqqan. Davlat ko‘rinishining barcha shakllari, Aristotelning fikriga ko‘ra, uchta «to‘g‘ri» va uchta «noto‘g‘ri» shaklga borib taqaladi. Bitta eng yaxshi odam hukmronlik qiladigan davlatning to‘g‘ri shakli - podshoh hokimiyati deb ataladi; eng yaxshi odamlar boshqaradigan to‘g‘ri shakli — aristokratiya, ko‘pchilikni to‘g‘ri boshqarish esa politaya deb ataladi. Davlat ishlari bir nafar tasodifiy shaxs qo‘lida bo‘lgan noto‘g‘ri shakl - tiraniya, ozchilikni tashkil etuvchi boylar hokimiyat tepasida turgan noto‘g‘ri shakl - oligarxiya, jipslashamagan ko‘pchilik boshqaruvidagi noto‘g‘ri shakl - demokratiya. Mohiyatga ko‘ra, Aristotel ko‘pchilikning uyushgan hokimiyati - mo‘‘tadil demokratiyani (politiya) ko‘pchilikning uyushmagan nomo‘‘tadil hokimiyati - olomon hokimiyati (oxlokratiya)dan alohida ajratadi. U tiraniyani boshqaruvning eng yomon shakli, demokratiyani esa barcha boshqaruv shakllarining eng beozori, deb hisoblagan. Aristotel taklif qilgan tasnifda «qonun» va «umumiy foyda» tushunchalari mavjud. Aristotel davlat hayoti haqidagi qonunlarga juda katta ahamiyat bergan. Aristotelning fikricha, qonunlar umumiy foydani, davlatning foydasini, barcha fuqarolar foydasini, boylar va kambag‘allar, zodagonlar va xalq foydasini himoya qilishi kerak. Ular murosasozlik tabiatiga ega bo‘lib, hech kimning manfaati uchun xizmat qilmaydi. Lekin barcha toifaning o‘zaro muloqotda foyda olganlari holda yagona davlatda birga yashashlariga imkon yaratadi. To‘g‘ri shakllardan og‘ishlari xoh tiran hoqimiyati davrida bir kishiga yoqish uchun qilingan bo‘lsin, xoh boylar hukmronligida ozchilikka yoki demokratik rejimda ko‘pchilikka yoqish uchun qilingan bo‘lsin, baribir qonunlarga nopisandlik bilan qarash xususiyatiga ega bo‘ladi. Qadimgi Rimda siyosiy-huquqiy ta’limotlar, eng avvalo, mashhur notiq va davlat arbobi Sitseron (milodgacha bo‘lgan 103-43 yillar) nomi bilan bog‘liq. Uning siyosiy va huquqiy qarashlari uchta asarda bayon etilgan bo‘lib, ular «Davlat haqida», «Qonunlar haqida», «Burchlar haqida» deb ataladi. U birinchi bo‘lib huquq va davlatning hamda huquqiy muomalaning sub’ekti sifatida «fuqaro» tushunchasini ilmiy muomalaga kiritdi. Bunda tabiiy huquq va davlat ajralmasdir va bir paytda bo‘ladi, deb hisoblovchi Platon va Aristoteldan farqli o‘laroq, Sitseron, avval tabiiy huquq paydo bo‘ladi, so‘ngra esa davlat va yozilgan qonunlar vujudga keladi, deb hisoblagan14. Huquqshunos va tajribali ma’muriyatchi sifatida u «Davlat — bu qonun jamiyati. Boylikni va qobiliyatlarni barobar qilib bo‘lmasa-da, ammo hech bo‘lmaganda qonun oldidagi huquqlar teng bo‘lishi zarur»15, deb ta’kidlaydi. Sitseron davlatni xalq mulki sifatida ta’riflaydi va bunda «rim xalqi» va «olomon» tushunchalarini qat’iyan farqlaydi. Uning fikriga ko‘ra, xalq kishilar huquqining umumiyligi va umumiy manfaatiga asoslangan birlashmasidir. «Olomon»ga esa u uning befarqligi, isyonlarga va davlatga zarar etkazuvchi boshqa noqonuniy hatti-harakatlarga moyilligi uchun ta’na qiladi va hurmat qilmaydi. Boshqaruvning uchta oddiy shaklini - podshoh hokimiyati, aristokratlar hokimiyati va xalq hokimiyatini (demokratiyani) bir-biridan farqlagan va ularning har biridagi afzalliklarini ko‘rgan holda Sitseron davlatning eng oqilona shakli sifatida ana shu afzalliklarning barchasi faoliyat ko‘rsatadigan qorishiq shaklning tarafdori bo‘lib chiqdi. Rim imperiyasida siyosiy fikrning rivojlanishi uchun Seneka, Epikur, Mark Avreliy ko‘p ishlar qildilar. Svetoniy o‘zining «O‘n ikki Sezarning hayoti» kitobi bilan siyosiy portretlar yaratish an’anasiga asos soldi. Qadimgi Rimda huquqshunoslarning (Gay, Pavel, Ulpian, YUstinian va boshqalar) ijodiy sa’y-harakatlari tufayli yangi fan - yurisprudensiyaga (huquqshunoslikka) asos solindi, uning diqqat markazida nazariy va amaliy xususiyatga ega bo‘lgan muammolarning katta majmuasi turardi. Rim huquqining yutuqlari hozirga qadar huquqshunoslik fanlarining rivojlanishdagi boshlang‘ich asos bo‘lib kelmoqda. Milodiy birinchi asrda Rim imperiyasi hududida nasroniylik dini (xristianlik) keng tarqaldi. Ilk xristian ilohiyotchilari har kim o‘z ishini qilishi kerak, deb hisoblab, siyosat bilan uncha qiziqmadilar. Biroq IV asr o‘rtalariga kelib xristianlik Rimning davlat diniga aylandi va xristian cherkovi siyosatga nisbatan o‘z qarashlarini ishlab chiqa boshladi. Birinchilardan bo‘lib siyosatga cherkovning ko‘zga ko‘ringan arbobi Avliyo Avgustin (354-430) e’tibor berdi. Uning «Ilohiy shahar» risolasi davlat va huquq muassasalari haqidagi mulohazalardan iborat bo‘lib, muallif ushbu muassasalar insonning gunohi uchun xudo tomonidan yuborilgan, deb hisoblaydi. SHakllangan siyosiy munosabatlarni u «inson hayotining tabiiy tarkibi» deb ataydi va bu vaqtinchalik hodisa (qiyomat kunigacha) ekanligini ko‘rsatib o‘tadi. U insonning o‘ziga bo‘lgan muhabbati xudoga bo‘lgan nafrat darajasigacha etib borgan «er shahri» o‘rniga insonning xudoga bo‘lgan muhabbati uning o‘zidan nafratlanishi darajasigacha borgan «ilohiy shahar» kelishiga ishonadi. Avgustin ta’limoti o‘rta asrlar katolik cherkovining diniy hokimiyatning dunyoviy hokimiyatdan ustunligini asoslovchi yangi mafkurasi uchun negiz bo‘lib xizmat qildi. Download 0.89 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling