Mavzu: Turkistonda 1917-yilgi ijtimoiy-siyosiy o`zgarishlar
Download 0.77 Mb.
|
O\'zbekiston tarixi ( Gofforov, Yunusov, Sharipov)
3-masala:
1989-yil 23-iyunda bo‘lib o‘tgan O`zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining XIV plenumida Islom Abdug‘aniyevich Karimov O`z KP MQning birinchi kotibi etib saylandi. I.A.Karimov boshliq O`zbekistonning yangi rahbariyati tomonidan o‘zbek xalqining milliy o‘zligini anglashi kuchayib borayotganligiga e’tibor qaratildi. Xalqning shon-shuhrati, qadr-qimmatini himoya qilish, milliy mustaqillikka erishish tomon yo‘l tutildi. Farg‘ona, Bo‘ka, Parkent voqealari oshkora muhokama qilindi va ularning asl sabablari ochib tashlandi. Bu voqealar o‘zbek xalqining irodasi bilan sodir bo‘lmaganligi, xalqimiz hech qachon boshqa xalqlarga nisbatan dushmanlik kayfiyatida harakat qilmaganligi qadimiy va hozirgi tariximizdan olingan misollar bilan isbotlab berildi. Respublikada kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish va tarbiyalash masalalarida milliy manfaatlar ustuvorligi ta’minlandi. Markazdan yuborilgan “kadrlar to‘dasi” o‘z mavqeini yo‘qotdi. Anishchev, Ogaryok, Satin va boshqa “kazo-kazolar” respublikadan chiqarib yuborildi. Mahalliy kadrlar rahbarlik lavozimlariga ko‘tarildi. Kadrlar siyosatidagi ijobiy o‘zgarish shundan iborat bo‘ldiki, endi O`zbekistonda partiya, sovet, davlat, huquqni himoya qilish organlarining boshliqlarini Moskva orqali hal qilish, Moskva belgilagan xodimlarni ko‘tarish amaliyotiga chek qo‘yildi, bu masalalarni hal qilishni respublika rahbariyati o‘z qo‘liga oldi. Bu vaziyat ni teran anglagan yangi rahbarning jasorati bo‘lib, juda katta siyosiy ahamiyatga ega bo‘ldi, ya’ni siyosiy mutelikdan qutulish tomon tashlangan birinchi qadam bo‘ldi. O`zbekistonda adolatni tiklash chora-tadbirlari ko‘rildi, to‘qib chiqarilgan “o‘zbeklar ishi”, “paxta ishi”ning tamomila sharmandasi chiqdi. Bu bilan bog‘liq ishlar qaytadan ko‘rib chiqilib, aybsiz qamalgan o‘n minglab kishilar oqlandi, o‘z oilasiga qaytarildi, adolat tiklandi. Respublika jamoatchiligi tomonidan allaqachon o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish masalasi ko‘tarilgan edi. O`zbekistonning sobiq rahbariyati bu masalaga avvallari millatchilik, mahalliychilik deb qarardi. Keyinchilik o‘zbek va rus tillarini teng mavqega ko‘tarishga urinildi, shu yo‘sinda ikki tillilik haqidagi qonun loyihasini o‘tkazishga harakat qilindi. Respublikaning yangi rahbari jamoatchilik fikrini inobatga oldi, masalani bosiqlik bilan hal qilish yo‘lini tanladi. O`zbekiston SSR Oliy Kengashining 1989-yil 21-oktabrda bo‘lgan XI-sessiyasida “O`zbekiston SSRning davlat tili haqida” Qonun qabul qilindi. Qonunda O`zbekistonning davlat tili o‘zbek tilidir, o‘zbek tili respublikaning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotining barcha sohalarida to‘liq amal qiladi, deb belgilab qo‘yildi. 1990-yil 19-fevralda “O`zbekiston SSRning davlat tili haqida”gi qonunni amalga oshirish davlat dasturi qabul qilindi. Qonun va davlat dasturiga binoan mehnat jamoalari. Oliy o‘quv yurtlari, korxonalar va davlat muassasalarida ish yuritish rus tilidan o‘zbek tiliga o‘tkazila boshlandi. Bu qonunning qabul qilinishi va uning amalga oshirila boshlanishi respubika ijtimoiy hayotida katta tarixiy voqea bo‘lib, mustaqillik sari tashlangan yana bir muhim qadam bo‘ldi. 1990-yil 18-fevralda O`zbekiston SSR Oliy Kengashiga saylov bo‘ldi. Bu saylovlarning yangiligi shundan iborat bo‘ldiki, 500 saylov okrugining 326 tasida muqobil nomzodlar ko‘rsatildi, deputatlik mandatiga bir nechtadan nomzodlar da’vogarlik qildi. Oldingi saylovlarda barcha nomzodlar birinchi turdayoq deyarli 100 foiz ovoz bilan saylangan bo‘lsalar, bu safar birinchi turda 368 nomzod zarur ovozlarni to‘play oldi. Qolgan 132 okrugda qayta saylov bo‘lib o‘tdi. 1990-yil 24-31 mart kunlari Toshkentda o‘n ikkinchi chaqiriq O`zbekiston SSR Oliy Kengashining I-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. 24-mart kuni sessiya Moskvaning tazyiqiga qaramasdan, respublikalar orasida birinchi bolib “O`zbekiston SSR Prezidenti lavozimini ta’sis etish to‘g‘risida” qonun qabul qildi. 1990-yil 24-mart kuni Oliy Kengashda yashirin ovoz berish yo‘li bilan Islom Abdug‘aniyevich Karimov O`zbekiston Prezidenti etib saylandi. Ana shu sessiyada I.A.Karimov nutq so‘zlab, O`zbekistonning siyosiy mustaqilligini, o‘zini-o‘zi idora qilishga va o‘zini-o‘zi pul bilan ta’minlashni o‘zimning asosiy vazifam deb bilaman, deb ta’kidladi. Hali SSSR va Markaziy hokimiyat mavjud bo‘lgan sharoitda O`zbekistonda o‘z Prezidentining saylanishi muhim voqea, mamlakatimiz mustaqilligiga erishish sari tashlangan yana bir dadil qadam bo‘ldi. Respublika Oliy Kengashining II-sessiyasi 1990-yil 20-iyun kuni O`zbekiston SSR Mustaqilligi to‘g‘risida Deklaratsiya qabul qildi. Deklaratsiyada har bir millatning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqidan kelib chiqqan holda, xalqaro huquq normalariga, umumbashariy qadriyatlarga va demojkratiya tamoyillariga asoslanib, O`zbekiston SSRning Davlat suverenitetini e’lon qildi. Mustaqillik Deklaratsiyasi 12 moddadan iborat bo‘lib, quyidagilar bayon etilgan: O`zbekiston SSR Davlat suvereniteti O`zbekiston SSR demokratik davlatining o‘z hududida barcha tarkibiy qismlarida va barcha tashqi munosabatlarda tanho hokimligidir; O`zbekiston SSR davlat hududi chegarasi daxlsiz va bu hudud xalqning muhokamasiga qo‘yilmay turib o‘zgartirilishi mumkin emas; SSSR Oliy Kengashi qabul qiladigan qarorlar O`zbekiston SSR Konstitutsiyasiga muvofiq O`zbekiston SSR Oliy Kengashi tomonidan tasdiqlangandan keyingina O`zbekiston hududida kuchga kiradi; O`zbekiston SSR davlat hokimiyati vakolatiga O`zbekiston SSR ichki va tashqi siyosatiga tegishli barcha masalalar kiradi va hokazo. O`zbekiston mustaqilligi to‘g‘risidagi Deklaratsiya muhim tarixiy hujjat bo‘lib, mamlakatimizning o‘z davlat mustaqilligini qo‘lga kiritish yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘ldi. O`zbekiston siyosiy mustaqilligini qo‘lga kiritishga tomon tutilgan yo‘l iqtisodiy mustaqillik masalasi bilan qo‘shib olib borildi. O`zbekiston rahbariyati xalq xo‘jaligini bozor iqtisodiyotiga o‘tkazish yo‘lini mustaqil belgilashga kirishdi. “O`zbekistonning iqtisodiy mustaqilligini shakllantirish konsepsiyasi” ishlab chiqildi. Konsepsiyada O`zbekiston xalq xo‘jaligini sog‘lomlashtirish va bozor iqtisodiyotiga o‘tish yo‘llari belgilab berildi. Mazkur masala yuzasidan hukumat dasturi 1990-yil oktabr oyida O`zbekiston SSR Oliy Kengashining IV-sessiyasida muhokama qilindi va ma’qullandi. Sessiya respublika hukumatiga “O`zbekiston SSR mulkiga egalik qilish, uni tasarruf etish, taqsimlash undan foydalanish masalalari yuzasidan respublikaning suveren huquqlarini amalga oshirishning samarali amal qiluvchi mexanizmini yaratish bo‘yicha asoslangan takliflar tayyorlashni topshirdi”. Shunday qilib, 80-yillar oxiri va 90-yillar boshida O`zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotida sodir bo‘lgan muhim voqelar davlat mustaqilligini qo‘lga kiritish tomon dadillik bilan amaliy qadamlar tashlanganligini yaqqol ko‘rsatadi. Download 0.77 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling