Mavzu: Turkistonda 1917-yilgi ijtimoiy-siyosiy o`zgarishlar
Download 0.77 Mb.
|
O\'zbekiston tarixi ( Gofforov, Yunusov, Sharipov)
2-masala:
O`lkada boshlangan qarshilik ko‘rsatish harakatining eng dastlabki qaynoq markazlaridan biri Farg‘ona vodiysi bo‘ldi. Bu harakatga xalq g‘am-alamiga hamdard va sherik bo‘lgan Kichik va Katta Ergashlar, Madaminbek, Shermuhammadbek, Xolxo‘ja Eshon, Omon Polvon, Rahmonqul, To‘ychi, Aliyor qo‘rboshilar yetakchilik qildilar. 1918-yil bahoridan vodiyning turli joylarida 40 dan ziyod qo‘rboshi dastalari faoliyat ko‘rsata boshladi. Jumladan, Madaminbek Skobelev (Farg‘ona) uezdida, Shermuhammadbek Marg‘ilon atroflarida, Kichik va Katta Ergashlar Qo‘qon atroflarida, Omon Polvon, Rahmonqul Namangan uezdida, Parpi qo‘rboshi Andijon atrofida, Jonibek qozi O`zgant tomonda, Muhiddinbek Novqatda harakat qilmoqda edilar. Kichik Ergash qizillar qo‘shini bilan bo‘lgan jangu jadalda halok bo‘lganidan so‘ng (1918-yil fevral) Qo‘qon uezdi tevaragidagi harakatga Katta (mulla) Ergash boshchilik qila boshladi. U o‘zining faol harakati bilan tez orada vodiydagi ozodlik kurashining tanilgan yetakchisiga aylandi. Bu harakatlarni birlashtirish va muvofiqlashtirish maqsadida qo‘rboshilarning bir necha bor qurultoylari chaqirilib, ularda muhim hayotiy masalalar hal etilgan. Dastlabki, shunday qurultoy 1918-yil martida Qo‘qon uezdining Bachqir qishlog‘ida o‘tkazildi. Unda Katta Ergash butun Farg‘ona vodiysidagi harakatning rahbari etib saylandi. Unga musulmon qo‘shinlarining bosh qo‘mondoni – “Amir al-Muslimin” unvoni beriladi. Madaminbek va Shermuhammadbek esa uning o‘rinbosarlari etib saylanadilar. Biroq bu harakat ko‘lamining o‘sib, kengayib borishi, uning saflariga yangi ijtimoiy qatlamlar, tabaqalar vakillarining qo‘shilishi, tabiiy suratda uning oldiga ulkan mas’ul vazifalarni, yangi muammolarni keltirib chiqara bordi. Ularni hal etish esa kurash rahnamolaridan katta matonat, kuchli iroda, yuksak harbiy mahorat, tashkilotchilik qobiliyati va uzoqni ko‘ra bilishlik salohiyatini namoyon qilishni taqoza etar edi. Farg‘ona qo‘rboshilari ichida Madaminbek Ahmadbek o‘g‘ligina mana shunday noyob fazilatlar sohibi ekanligi bilan ajralib turardi. Navqiron yoshda bo‘lishiga qaramasdan katta hayot va kurash tajribasi boy, yurt kezgan, yuksak harbiy sarkardalik iste’dodiga ega Madaminbek (1892–1920) tez orada vodiy qo‘rboshilari sardoriga aylanadi. Madaminbek o‘zining qattiqqo‘l siyosati, tashkilotchilik faoliyati va eng muhimi o‘lkada kechayotgan ijtimoiy-siyosiy va harbiy vaziyatni to‘g‘ri baholay olishi bilan ajralib turardi. Buning ustiga aniq, vaziyatga muvofiq keladigan amaliy harakatlarni qo‘llay olishi, safdoshlariga o‘z ta’sirini o‘tkaza olishi ham uni ko‘p o‘tmay butun Farg‘ona qo‘rboshilarining nufuzli rahbariga aylantirgan edi. 1919-yilning o‘rtalariga kelib uning yigitlarining soni 25 ming kishidan oshardi. Skobelev, Marg‘ilon, Andijon, Namangan, O`sh kabi hududlarda harakat qilayotgan taniqli qo‘rboshilar, ularning jangchilari Madaminbekning yashil bayrog‘i ostiga birlashayotgan edilar. Chunonchi, yanvarda Marg‘ilon, fevralda Skobelev va Chust shaharlarining Madaminbek tomonidan egallanishi, ularda mahalliy xalq manfaatiga javob beradigan bir qator muhim amaliy tadbirlarning o‘tkazilishi uning obro‘sini yanada oshirib yubordi. 1919-yil aprel oyida Madaminbek yigitlari Namangan va Qo‘qon shahri atroflaridagi janglarda g‘olib keldilar. Darhaqiqat, qarshilik ko‘rsatish harakatining ijtimoiy tarkibini kuzatar ekanmiz, bunda aholining sovet tuzumidan norozi bo‘lgan, turli-tuman ijtimoiy qatlamlari, chunonchi dehqonlar, hunarmandlar, kosiblar, batraklar, mardikorlar, ziyolilar, dindorlar, ruhoniylar, mahalliy boylar, amaldorlar u yoki bu darajada faol ishtirok etganligi ayon bo‘ladi. Turkiston avtonom respublikasi XKK raisi Q.Otaboyev 1922- yil iyulida Turkiston MIK IV-plenumida so‘zlagan nutqida bu harakatni xalq qo‘zg‘oloni sifatida baholagan edi: “Biz 4 yil davomida bu harakatga hatto to‘g‘ri baho berishni ham bilmadik, u xalq qo‘zg‘oloni bo‘lgani holda bosmachilik deb atadik. Bosmachilik mohiyatan talonchilik degan ma’noni anglatadi, bizning ushbu harakatga bergan noto‘g‘ri ta’rifimiz masalani hal etishda noto‘g‘ri yondashuvga olib keldi. Va alaloqibat 4 yil davomida biz bu harakatning biron-bir jihatini tugata olmadik”. Yuqori sovet rahbarlarining bu e’tiroflari qarshilik ko‘rsatish harakatining nechog‘lik o‘lkaning hayotiy qon tomirlariga daxl qilgani, uni larzaga keltirganini, qolaversa, yangi tuzumning keng xalq ommasi nazdida obro‘sizlanib, puturdan ketayozganini yaqqol tasdiq etadi. Farg‘onaning bechorahol xalqi o‘z xaloskorlarini butun choralar bilan qo‘llab-quvvatlashda davom etdi. Harakat safi doimo yangi kuchlar hisobiga to‘lib bordi. Vodiy qo‘rboshilarining birlashish sari harakatlari ham sezilarli o‘sib bordi. 1919-yil kuziga kelib Madaminbek lashkarlarining jangovarlik harakatlari keng hududlarga yoyilgandi. Monstrovning rus krestyanlari (dehqonlari)dan tashkil topgan ancha ta’sirli harbiy qismlari Madaminbek kuchlari bilan birlashdi. Bu harakatga endilikda sovetlar siyosatidan keskin norozi bo‘lgan rus dehqonlari ham qo‘shilgan edilar. Bu o‘zgarish 1919-yil oktabrida Pomirning Ergashtom ovulida Madaminbek tarafdorlari tashabbusi bilan tuzilgan “Farg‘ona muvaqqat muxtoriyat hukumati” tuzilishida ham o‘z ifodasini topgandi. Hukumat tarkibi 24 kishidan iborat bo‘lib, uning 16 vakilini musulmonlar va 8 nafar vakilini ruslar tashkil etardi. Farg‘ona hukumati boshlig‘i va musulmon qo‘shinlari bosh qo‘mondani etib Madaminbek saylangan edi. 1919-yil oktabr oyi oxirlarida Andijonga yaqin Oyimqishloqda to‘plangan vodiy qo‘rboshilarining qurultoyida vodiyda harakat qilayotgan 150 ga yaqin jangovar qismlarni o‘z ta’sirida ushlab turgan 4 yirik lashkarboshi: Madaminbek, Katta Ergash, Shermuhammadbek, Xolxo‘ja Eshon qo‘mondonliklarini birlashtirishga kelishildi. Qurultoyda islom qo‘shinlarining bosh qo‘mondoni – “Amir al-Muslimin” etib Madaminbek saylandi. Biroq bu birlashuv ham mustahkam bo‘lib chiqmadi. Masalan, Xolxo‘ja Eshon tez orada o‘z kuchlarini ajratib, mustaqil faoliyat ko‘rsa ta boshladi. Bu davrda Madaminbek qo‘l ostida 30 mingga yaqin, Shermuhammadbekda 20000, Katta Ergash qo‘rboshida 8000 jangavor qo‘shin bo‘lib, uchta lashkarboshi vodiydagi kurash harakatlarini boshqarib turardi. Biroq vodiydagi jangavor harakatlarning keyingi borishi tashabbusning ko‘proq tajovuzkor sovet qo‘shinlari qo‘liga o‘tishiga, qarshilik ko‘rsatish harakatining pasayib borishiga olib keldi. O`lkada mustahkamlanib olishga ulgurgan bolsheviklar hokimiyati Markazdan yetarli darajada harbiy kuch, qurol-yarog‘ olib, son-sanoqsiz harbiy mutaxassislarni jalb qilib, ularni Farg‘ona frontiga yo‘llash, qonli o‘ch olishga safarbar qildi. 1920-yil boshlarida sovet qo‘shinlari Katta Ergash, Madaminbek, Shermuhammadbek va Xolxo‘ja Eshon kuchlariga sezilarli zarbalar berdilar. Jumladan, 1920-yil yanvarida qizillar Katta Ergash kuchlariga zarba berib, uning tayanch markazi Bachqirni egalladi. Huddi shu vaqtda sovet qo‘shinlari Monstrovning dehqonlar armiyasini tor-mor etib, Gulcha qal’asini ishg‘ol etdi. Monstrovning o‘zi asir olindi. Shuningdek, fevral oyida Garbuva-Qoratepa-Shahrixon yo‘nalishida qizil qo‘shinlar Shermuhammadbek lashkariga kuchli zarba berdi. Shermuhammadbek yengilib, Oloy vodiysi tomon chekindi. Ayni paytda qizillar Norin va Qoradaryoning qo‘shilish joyida Madaminbek askarlariga qarshi muvaffaqiyatli jang qilib, unga katta talofat yetkazdilar. Tengsiz dushman bilan kurashni davom ettirishning mushkulligi, oddiy xalq hayotining nochorlashib borayotganligi ayrim qo‘rboshilarni faol kurash harakatlarini vaqtincha to‘xtatib, boshqacha yo‘l izlashga, sovet tomoni bilan o‘zaro kelishuvlarga undadi. Ayyor sovet hukumati taklifiga ko‘ra Madaminbek 1920-yil martida sovet qo‘mondonligi bilan muzokara olib bordi va sulh tuzildi. Sulh shartlariga asosan Madaminbek o‘z harakatlarini to‘xtatdi, uning 1200 nafardan ziyod askar yigitlarining daxlsizligi, o‘z qurol-yaroqlariga ega bo‘lishi, kerak bo‘lganda ularning vodiyda tinchlik, barqarorlik o‘rnatishda o‘z rahnamosi yetakchiligida faol ishtirok etishi ta’kidlangan edi. Madaminbek boshqa safdoshlariga ham sovetlar bilan muzokara olib borishni maslahat berdi. Biroq Farg‘ona qo‘rboshilari yo‘lboshchilari Shermuhammadbek va Xolxo‘ja Eshon o‘z huzuriga muzokara uchun kelgan yurtning bu mard o‘g‘lonini sotqinlik va xoinlikda ayblab, uni qatl ettiradilar. Farg‘onada sovetlarga qarshi kurash bundan keyin ham yangi kuchlar bilan qo‘shilishib davom etsada, biroq u avvalgidek keng qamrovli jangovar, hujumkor yo‘nalish kasb etolmadi. 1920–1923-yillar davomida vodiy hududlari bo‘ylab olib borilgan kurashlarga aka-uka Shermuhammadbek va Nurmuhammadbek, ulardan so‘ng Islom Polvon va Rahmonqullar yetakchilik qildilar. Ularning har birining jasorati, haq va ozodlik yo‘lidagi fidoyiligi xalq xotirasida muhrlanib qoldi. Vodiyda yoqilgan sovetlarga qarshi harakat mash’alasi keyinchalik Turkistonning boshqa hududlariga ham yoyildi. Sovet hokimiyatining zulmi va zo‘ravonligiga qarshi kurash Buxoro va Xorazmda, Samarqand viloyatida ham aks-sado berdi. Ular yana o‘n yillar davomida g‘addor rejim kuchlari bilan tengsiz janglarda qatnashib, behisob mahrumliklarga duch kelishiga qaramasdan o‘z g‘oyalariga sodiq qoldilar. Download 0.77 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling