Mavzu: V. A. Motsartning simfonik ijodiyoti


Download 261.5 Kb.
bet9/14
Sana20.06.2023
Hajmi261.5 Kb.
#1632568
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14
Bog'liq
V.A.Motsartning simfonik ijodiyoti 21 yangi

Do minor tonalligida yozilgan beshinchi simfoniya 1808 yilda yozib tugatilgan bo’lib Betxoven simfoniyalari orasida eng mashhuri hisoblanadi. Asosiy g’oyaning aniq va ravshan ko’rsatib berilishi simfoniyaning shuhratiga sabab bo’ldi.
Simfoniya mazmunini quyidagicha ifodalash mumkin: "Zulmatdan - yorug’likka, kurash orqali - g’alabaga". Betxoven bu to’rt qismli asarning ham yaxlitligiga, qisimlarning bir biri bilan uzviy bog’liqligiga erishgan. Insonning yovuz takdir bilan olib borgan kurashi va g’alabasini mahorat bilan tasvirlagan. Simfoniya to’rt tovushdan iborat bo’lgan dahshatli kirish mavzusi bilan boshlanadi. Bu mavzuni kompozitor "Taqdir shunday eshik qoqib keladi", - deb ta’riflagan. Bu mavzu simfoniyaning hamma qismlarini bog’lab turuvchi vositadir. Ekspoziciyadagi bosh mavzu dahshatli kirish mavzusini rivojlantiradi. Yordamchi mavzu esa lirik xarakterda. Uni inson mavzusi deb hisoblash mumkin. Birinchi qismda yovuz taqdir mavzusi ko’p marta takrorlangani va rivojlantirilgani vaqtincha taqdir kurashda ustunlikka erishganligini ko’rsatadi.
Ikkinchi qism musiqasi xarakteri bilan birinchi qismdan farq qiladi. Jangovar chaqiriqlarning eshitilib turishi yangi kurashlarga tayerlanayotgan inson obrazini tasvirlaydi. Ikkinchi qism musiqasi variaciyalar shaklida yozilgan.
Simfoniyaning uchinchi qismi Skerco deb atalsada, musiqa fojiali va hayajonli xarakterga ega. Kurash yangidan boshlanganligi ko’rsatilgan. Uchinchi va oxirgi to’rtinchi qismlar o’rtasida tuxtalish yo’q.
Sonata allegrosi shaklida yozilgan to’rtinchi qism-final musiqasi tantanali, bayram kayfiyatini ifodalaydi. Buning uchun Betxoven orkestr tarkibiga yangi sozlar - kichik fleyta va trombonlarni ham kiritgan. Musiqa kurashda taqdir ustidan g’alaba qozongan insonni ulug’laydi.
XVIII asrda G’arbiy Yevropa san’atida rasm bo’lgan klassitsizm oqimi o’z o’rnini XIX asrda yangi oqim bo’lgan romantizmga bo’shatib berdi. Ikki asr chegarasida sodir bo’lgan ijtimoiy o’zgarishlar san’atdagi oqimlarning ham o’zgarishiga sabab bo’ldi. Insoniyat tarixida yangi davrni boshlab bergan Buyuk frantsuz revolyutsiyasi ma’naviyatining o’sishiga olib keldi. Demokratik qadryatlarning g’alaba qozonishi uchun intilish shu davrga xosdir. Adolat qonunlarining tantana qilishi, inson dunyoqarashini eskilik sarqitlaridan to’la halos qilish uchun kurashuvchi ijodkorlar etishib chiqdi. Shu bilan birga keng ijtimoiy qatlamlarning Buyuk frantsuz revolyutsiyasi natijalaridan xafsalasi pir bo’lishi ham bu yangi davr ijodkorlarining dunyoqarashiga kuchli ta’sir ko’rsatdi. "Ozodlik, tenglik va birodarlik" shiorlari ushalmagan orzuligicha qolib ketdi. Hokimiyatni qo’lga kiritgan burjuaziya xalqni ezishni davom ettirdi. Aldangan, orzu - umidlari puchga chiqqan ijodkorlar yangi tartiblarga qarshi norozilik bildirdilar. Shu tariqa san’atda yangi yo’nalish -- romantizm paydo bo’ldi va butun XIX asr davomida asosiy oqim bo’lib qoldi. Eng avvalo romantizm san’atni avvalgi davrda badiiy ijodda uchramagan yangi mavzular bilan boyitdi. Insonning ichki dunyosini, ruhiy olamini, his-tuyg’ularini ko’rsatib berish bunga yorqin misoldir. Oddiy kishilarning g’ururi, ulug’vorligi, ularning orzu-umidlari, mehr-muhabbati, dardi, armonu-alamlari haqida hikoya qiladigan san’at asarlari ko’plab yaratildi. Boshqa san’at turlari bilan bir qatorda musiqa san’atida ham muhabbat tuyg’usi bilan bog’liq lirik mavzu asosiy o’rinni egalladi. Bu ishqiy lirik mavzu "qahramonning" ichki dunyosini ochib berishda muhim rol o’ynadi.
Tabiat mavzusi ham romantik kompozitorlar ijodida katta o’rinni egalladi. Ular tabiat manzaralaridan ilhomlanish, ularni katta mahorat bilan tasvirlash san’atini ham puxta egalladilar. Xalq ertaklari, fantastik voqealar va obrazlar bilan bog’liq mavzular ham romantik kompozitorlar tomondan keng qo’llandi.
Romantizm davrida qo’shiq eng keng tarqalgan janrlardan biriga aylandi. Kichik shaklli cholg’u asarlari yaratishga ham katta e’tibor berildi. Bu cholg’u miniatyuralari turli pesalar bo’lishi bilan birga vals, mazurka kabi raqs janrlari ham edi. XIX asrda mahoratli ijrochilik san’ati (ayniqsa fortepiano va skripka ijrochiligi) rivojlanishi bilan fantaziya, ballada, skerco kabi janrlardagi asarlar yaratildi. Bir qismli simfonik asar – simfonik poema va programmali (dasturli) simfoniya janrlari ham romantizm davri mevalaridir.
Romantizm davrida programmali musiqa asarlari yaratishga katta e’tibor berildi. Dasturli musiqa tinglovchiga asarni to’g’ri tushunish imkoniyatini beradi. Dasturli musiqani keng va tor ma’noda tushunish mumkin. Keng ma’noda dasturli musiqa asari deganda, mazmunini aniqroq yoritish uchun nomusiqiy elementlar - so’z, sahnaviy harakat, raqs yoki adabiy nom kabilardan ham foydalanib yaratilgan musiqa asarlari tushuniladi. Agar bu elementlardan foydalanilmasa musiqa asarini har bir tinglovchi har xil tushunishi mumkin. Chunki hammaning tasavvuri har xil.
Tor ma’noda esa dasturli musiqa deganda romantik kompozitorlar yaratgan adabiy obrazlar va aniq syujet bilan bog’liq cholg’u asarlari tushuniladi. Romantik obrazlarning yangiligi va murakkabligi sababli musiqa asarida dasturning bo’lishi nihoyatda zarur edi. Adabiyot bilan bog’liqlik bir tomondan kompozitorlarga badiiy tasvirning to’g’ri va tushunarli bo’lshi uchun zarur ifoda vositalarini topishga yordam bersa, ikkinchi tomondan tinglovchiga asarni to’g’ri tushunish imkoniyatini beradi. Demak dasturli musiqa romantik kompozitorlar asarlaridagi obrazli mazmunni boyituvchi va kengaytiruvchi vositadir.
Romantizmning yangi obrazlari bo’lgan lirik-psixologik kayfiyatlar, ertak bilan bog’liq fantastik obrazlar, milliy urf-odatlarni tasvirlash, qahramonona ko’tarinki ruh va boshqa obrazlarni ko’rsatish zarurati musiqa ifoda vositalarining boyishiga sabab bo’ldi. Kuy, garmoniya va tembr go’zalligi eng yorqin ifoda vositasidir. Insonning ichki dunyosi, uning o’zgaruvchan kayfiyatlarini ifodalash uchun kompozitorlar melodiya (kuy) va garmoniyani nihoyatda go’zal va ifodali bo’lishga erishdilar. Romantizm oqimi musiqa san’atida butun XIX asr davomida etakchi oqim sifatida rivojlandi. F. Shubert, K. M. Veber, F. Mendelson, R. Shuman, F. Shopen, F. List, R. Vagner, I. Brams va boshqa buyuk kompozitorlar romantizm oqimining yetuk namoyondalaridir.
Buyuk avstriyalik kompozitor Franc Shubert Betxovenning zamondoshi edi. U bor yo’g’i o’ttiz bir yil umr ko’rdi va ijodiy faoliyati gullab yashnagan paytda vafot etdi. Hayotidagi doimiy muvaffaqiyatsizliklar, muhtojlik va nochorlik kompozitorni jismonan va ruhan holdan toydirdi va bevaqt vafotiga sabab bo’ldi. Shubert yaratgan to’qqizta simfoniyaning birortasi ham kompozitor hayotligida ijro etilmadi. Operalari ham sahna yuzini ko’rmadi. Olti yuzdan ortiq qo’shig’idan faqat ikki yuztasi, yigirmadan ortiq sonatasidan faqat ikkitasi nashr etildi. Agar kompozitorlar R.Shuman va I.Brams kabi Shubert musiqasining qadriga etuvchi jonkuyar kishilarning sa’i-harakati va izlab topish borasidagi ulkan mehnati bo’lmaganda Shubertning juda ko’p asarlari izsiz yo’qolib ketardi.
Tabiatan ochiqko’ngil, quvnoq va o’ta kamtarin inson bo’lgan Shubert yorqin, maftunkor, dilrabo musiqa asarlari yaratgan. Ammo uning oxirgi asarlarida qayg’u, dard-alam, tushkunlik va fojiali kayfiyat seziladi. Buning sababi faqat kompozitorning shaxsiy hayotidagi muvaffaqiyatsizliklarda emas, balki o’sha davr ijtimoiy-siyosiy muhitida ham edi. Betxovenning otashin musiqasi Buyuk Franciya revolyutsiyasi g’oyalaridan ilhomlanib yaratilgan. Shubert ijodining gullab yashnagan davri esa 19-asrning 20-yillariga, ya’ni barcha inqilobiy, ilg’or g’oya va fikrlar qatag’on qilingan davrga to’g’ri keldi. Ozodlik, birodarlik, tenglik haqida gapirish tugul eslash ham taqiqlangan edi. Bunday haqsizlik, to’siqlar va chegaralashlar Shubert kabi ijodkorlarga katta ruhiy azoblar berar edi. Ularning ijtimoiy – siyosiy ahvoldan qoniqmasligi va noroziligi san’atda o’z ifodasini topdi va yangi – romantizm oqimi dunyoga keldi. Shubert musiqa san’atidagi romantizmning ilk namoyandalaridan biri edi. U butun iste’dodini «kichkina inson» ning boy ichki dunyosini ko’rsatish, eng nozik his-tuyg’ularini tarannum etishga sarfladi. Doimiy turmush qiyinchiliklari, omadsizlik, muhtojlik uni tinimsiz ijoddan chalg’ita olmadi. «Men har kuni ertalab musiqa yozaman. Bir asarni tugatishim bilan darrov boshqasini boshlayman», - der edi kompozitor. U asarlarini juda tez fursatda yozib tugatar, musiqiy fikrlari uzluksiz ravishda tug’ilganidan qog’ozga tushirishga arang ulgurar edi. Agar nota qog’ozi tugagan bo’lsa turli qog’oz parchalariga yozar edi. Agar asar sifat jihatdan mukammal holatga kelmasa, kompozitor uning ustida to qoniqish hosil qilmaguncha ishlardi. Ba’zi she’rlarga Shubert ettitadan qo’shiq variantlarini yozgani ma’lum. Shubert mavjud barcha janrlarda juda ko’p ajoyib asarlar yozdi. Vokal va fortepiano miniatyuralaridan tortib yirik simfoniyalargacha – hamma janrlarda o’zining yangi, o’ziga xos va betakror uslubini namoyish qildi. Bu asarlarida ifoda vositalarining, birinchi navbatda kuy, ritm va garmoniyaning boy va xilma-xilligi, go’zalligi va nafosati tinglovchini maftun etadi. Shubert ijodi xalq musiqasi, Vena hayotiy musiqasi bilan bog’liq. Bu shaharda yashovchi turli xalqlarning kuy va qo’shiqlari kompozitorga kuchli ta’sir ko’rsatgan. Shubert o’z asarlarida ularni deyarli ishlatmagan bo’psa ham, xalq kuy va qo’shiqlaridan ilhomlanib ijod qilgan.
Shubert fortepiano uchun yoziladigan ekspromt, musiqiy lahza, qo’shiqlar turkumi, lirik-dramatik simfoniya kabi janrlarning asoschisi bo’lib, ularning keyingi rivojlanishiga yo’l ochib berdi. U qanday janrda ijod qilmasin, o’zi yaratgan janrlarda ham , an’anaviy janrlarda ham, barchasida o’zini yangi davr – romantizm davri kompozitori ekanligini ko’rsatdi. Uning yangi romantik uslubi keyinchalik Shuman, Mendelson, List va boshqa kompozitordar ijodida rivojlandi.
Shubert yaratgan asosiy asardar quyidagilardir:
600 dan ortiq qo’shiqlar, 9 ta simfoniya, 4 ta opera , 4 ta zingshpil, 22 ta torli kvartet, «Forel» nomli kvintet, fortepiano uchun 22 ta sonata, ekspromtlar, musiqiy lahzalar, xor va vokal ansambl uchun 100 dan ortiq asarlar, Qo’shiq kompozitor Shubertning eng sevimli janrlaridan biri bo’lib, u butun ijodiy yo’li davomida qo’shiqlar yozgan. Ular Shubert ijodida asosiy o’rin egallagan. Ularning soni 600 dan ortiq. Kompozitor musiqa san’atiga olib kirgan yangiliklar aynan uning ajoyib qo’shiqlarida yaqqol namoyon bo’ldi. Bu yangiliklar o’sha davr jamiyati hayotida sodir bo’lgan o’zgarishlar bilan bog’liq edi. Betxoven asarlari qahramoni –baxt va saodat uchun kurashuvchi inson o’rniga Shubertning qahramoni – oddiy va kamtar inson keldi. U o’zining shaxsiy hayotida baxtli bo’lishni orzu qiladi. Ammo bu unga nasib qilmaydi. Uning barcha orzu-umidlari amalga oshmaydi. Uning yagona sodiq do’sti tabiatdir. Faqat tabiatga u o’zining barcha fikrlari va sirlarini izhor qiladi. Shuning uchun daryo, o’rmon, gullar va qushlar obrazi Shubert qo’shiqlarida doim mavjud. Ular doim qo’shiqlar qahramoniga hamroh, uning g’ami va quvonchlariga sherikdir. Shubert qo’shiqlaridagi kuylar o’ziga xos xususiyatlarga ega. Keskin, deklamacion xarakterdagi kuylar ko’p. Kompozitor ifodaning haqqoniy bo’lishi uchun ko’p hollarda chiroyli kuylar yozishdan voz kechgan. Fortepiano partiyasi ham Shubert qo’shiqlarida nihoyatda muhim rol o’ynaydi. Qo’shiqlardagi manzaralarni va obrazlarni tasvirlashda fortepiano ijrosi muhim ifoda vositasidir. Shubert qo’shiqlari orasida buyuk nemis shoiri Gyote sherlariga yozilgan qo’shiqlar nihoyatda mashhurdir. «Margarita charx yonida» deb atalgan qo’shiq 1814 yilda yozilgan. Qo’shiq qahramoni yolg’iz, g’amgin kayfiyatdagi qiz ip yigirib o’tirib uni tashlab ketgan sevgilisini eslaydi. Muhabbat o’tida kuygan qizning ruhiy holati mahorat bilan tasvirlangan. Qo’shiqning kuyi g’amgin, lirik xarakterda. Fortepiano partiyasi charxning bir maromda aylanib turishini tasvirlaydi. Gyote she’riga yozilgan yana bir qo’shiq –«O’rmon shohi» 1815 yilda yozilgan. Bu murakkab asarni qo’shiq emas, uch kishi ishtirokidagi dramatik sahna deb hisoblash mumkin. Ular tun qorng’usida o’rmonda ot choptirib ketayotgan ota, uning kichik yoshdagi kasal o’g’li va shu alaxsirayotgan kasal bolaga ko’rinayotgan o’rmon podshohidir. Ularning har birini kompozitor alohida kuylar bilan tasvirlaydi. Bolani ifodalovchi kuyda azob, qo’rquv va yolvorish ohanglari eshitiladi. Otasi uni tinchlantiradi. O’rmon shohi partiyasi mayin, yoqimli xarakterga ega. U bolani o’zining ajoyib saltanatida qolishga undaydi. Bu musiqiy xarakteristikalarni bog’lab turuvchi vosita fortepiano partiyasi bo’lib, dahshatli tun manzarasini va otning tez chopishini tasvirlaydi. Asar fojiali tugaydi. Kasallikdan qiynalib ketgan bola otasi qo’lida jon beradi. Asarda hikoyachi partiyasi ham bor. Bunday hikoyaga oid, musiqa syujet rivojlanishi bilan uzviy bog’liq bo’lgan dramatik asar ballada deb ataladi. Tinimsiz rivojlanish jarayonida bir biriga o’xshamaydigan obrazlarni qarama-qarshi qo’yib ko’rsatish ballada janriga xos xususiyatdir. Ballada o’zi adabiy janr bo’lib unda biror qahramon ko’rsatgan jasorat haqida hikoya qilinadi. Shubert «O’rmon shohi» nomli qo’shiq–balladasi bilan bu janrni birinchi bo’lib musiqa san’atiga olib kirdi.
Shubertning vokal ijodida qo’shiq turkumlari alohida o’rin egallaydi. «Go’zal tegirmonchi qiz» va «Qishki yo’l» nomli qo’shiq turkumlari vokal musiqasi tarixida yangi davrni boshlab bergan asarlardir. Bu ikki asar mazmuni uzviy bog’liq. Qo’shiqlarning hammasi shoir Vilgelm Myuller she’rlariga yozilgan. Qo’shiqlarning qahramoni bitta – yolg’iz, baxtsiz, darbadar inson. U hayotdan baxt va shodlik izlaydi. Ammo o’zgalarning unga nisbatan befarqligi, hiyonati uni baxtsizlik va yolg’izlikka mahkum etadi. «Go’zal tegirmonchi qiz» nomli qo’shiqlar turkumi qahramoni hayotga katta quvonch va yorqin orzu-umidlar bilan qadam qo’ygan yosh yigitdir. «Qishki yo’l» qo’shiq turkumida shu qahramon hayotdan xafsalasi sovigan, orzu-umidlari barbod bo’lgan kishi sifatida ko’rsatilgan. Ikkala qo’shiqlar turkumida qahramonning ichki kechinmalari tabiat hayoti bilan uzviy bog’liq. Birinchi turkum voqealari bahor tabiati fonida rivojlanadi, ikkinchisinikida esa qahramon qish peyzaji fonida ko’rsatiladi. Yoshlik va beg’ubor orzu-umidlar gullayotgan bahor timsolida, keksalik va baxtsizlik esa qish timsolida ifodalangan.
«Go’zal tegirmonchi qiz» nomli qo’shiqlar turumi 1823 yilda yozilgan bo’lib 20 ta qo’shiqdan iborat. Shoir Myuller she’rlari yosh tegirmonchi yigitning hayoti, omadsiz muhabbati va ruhiy azoblari haqidagi qissadir. Dunyoni kezib yurgan paytda u tegirmonga ishchi bo’lib yollanadi. Xo’jayinning qizini sevib qoladi va orzularga beriladi. Ammo u muhabbati va sadoqatiga javob ololmaydi. Tegirmonchi qiz ovchi yigitga turmushga chiqadi. G’am va ruhiy azobda qolgan yigit o’zini daryoga tashlab uning tubida osoyishtalik topishni orzu qiladi. Shu voqealar 20 ta qo’shiqda hikoya qilingan. Birinchi o’nta qo’shiq qahramonning yorqin, beg’ubor orzu umidlarini, keyingi o’nta qo’shiq esa boshqa kayfiyatlar: gumon, rashk va g’amginlikni ifodalaydi. Qo’shiqlarda daryo obrazi ham bor. U qahramonning doimiy hamrohi bo’lib bu obrazni ifodalashga ham kompozitor alohida e’tibor bergan.
«Qishki yo’l» qo’shiq turkumi 1827- yilda yozilgan bo’lib, 24 ta qo’shiqdan iborat. Hayotdan ko’ngli sovishi, g’am va mashaqqatlar bir paytlar yosh va navqiron yigitni butunlay o’zgartirib yuborgan. Endi qo’shiqlar qahramoni yolg’iz, darbadar inson. Baxtsizligi sabab u o’z yurtini tashlab sarsonlikda yuradi. Uning doimiy hamrohlari shamol, bo’ronlar va qarg’alardir. Qahramon bu qo’shiqlarda odamlar va hayotning mazmuni haqida falsafiy fikr yuritadi. «Qishki yo’l» turkumida syujetning rivojlanishi yo’q. Shuning uchun qo’shiqlar fojiali mavzu va kayfiyatlar bilan bog’langan.
Qo’shiq turkumlari misolida Shubert qo’shiqchilik ijodining o’ziga xos xususiyatlari haqida bemalol fikr yuritish mumkin. Birinchi o’rinda juda go’zal, ifodali, shehriy tekst bilan uyg’unlashib ketgan kuylarga e’tibor qaratish zarur. Qo’shiqlar kuyining xarakteri syujetning rivojlanishi bilan ham bog’liq. Tekstdagi muhim so’zlarni kompozitor ifodali inotaciyalar va garmonyalar bilan ta’kidlagan. Fortepiano partiyasining ham barcha qo’shiqlarida ahamiyati nihoyatda katta. Shubert qo’shiqlarining oddiyligi va nihoyatda ifodaliligining sababi ularning xalq qo’shiqlariga nihoyatda yaqinligidadir.




    1. Download 261.5 Kb.

      Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling