www.ziyouz.com kutubxonasi
14
Bosib kiborliging yuki,
Yo‘l boshlama lo‘kki-lo‘kki,
Asli mendan farqing shuki,
Tasmang faqat yaraq-yuruq.
Bo‘lmasa non, tolqonlaring,
Tinglamasdim yolg‘onlaring,
Qilich, sovut, qalqonlaring
Jonga tegdi – sharaq-shuruq.
Qo‘ymay turib hali soqol,
Pandlar aytib, to‘qib maqol,
O‘choqdagi choydish misol
Qilaverma varaq-vuruq.
G‘irotdan g‘oz boqinasan,
Yayov yursang, qoqinasan,
Go‘daksan-u, sog‘inasan –
Ko‘z suzsa qiz charaq-churuq.
Qon bo‘ldim sen egov bilan,
Olifta-yu lalov bilan,
Sopqolmayin o‘qlov bilan
Boshginangga taraq-turuq.
Oshiqbolaning bu gapdan g‘ashi kelgan bo‘lsayam, o‘zini bosdi, o‘rtog‘ining soddadilligiga kulib
qo‘yaqoldi.
Bir mahal torko‘chada juvonlari iljaygan, erkaklari so‘ljaygan mazanglar paydo bo‘ldi. Ular
chirmandani bata-bang urib, o‘yinchi kampirni oldinga surib, sho‘x-sho‘x qo‘shiq kuylab, bironta
laqmani avrashni o‘ylab kelishardi.
O‘yinchi kampirning qo‘shig‘i mana bunday edi:
Qaynanalar, kelinglar,
Kumush tanga beringlar.
Alam qilar kelincha,
Saqich olib chaynasak.
Kelinchalar, kelinglar,
Chirmandadan olinglar.
Kuysa kuyar qaynana,
Uni chalib o‘ynasak...
Meshpolvon ularning oldini to‘sib, yaqin atrofda karvonsaroy bor-yo‘qligini so‘radi. O‘yinchi
kampir bo‘ynidagi marjonlarini sharaqlatib, piyoladek ko‘zlarini charaqlatib, unga yaqin keldi. Qo‘lini
beliga tirkab, og‘zidan dovul purkab: «Bittagina karvonsaroy bor, uyam tovuqning katagidek tor, har
o‘nta musofirdan bittasi to‘g‘ri, qolgani o‘g‘ri, uxlasang – u yoningda hangi, bu yoningda bangi, sani
ko‘ngling gumonda, ularniki – hamyonda, topilsa – chaqani, topilmasa – otingdagi taqani olishadi.
Anvar Obidjon. Meshpolvonning janglari (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |