Microsoft Word ihyo qalb ziyouz com doc
Download 458.82 Kb. Pdf ko'rish
|
Ihyou ulumid-din. Qalb kitobi [@kitob nuri]
www.ziyouz.com kutubxonasi
78 o‘tirgan holatda ko‘rdim, u bilan Alloh o‘rtasida bir parda bor edi. U kishining chiroyli xulqi keldi va uni Alloh taolo huzuriga kirgizdi», dedilar» (Xaroitiy zaif sanad bilan rivoyat qilgan). Anas roziyallohu anhuning aytishlaricha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Albatta banda chiroyli xulqi bilan oxirat darajalarining yuqorisiga va manzillarning sharaflisiga yetadi, (garchi) u ibodatda zaif bo‘lsa ham», dedilar (Tabaroniy rivoyati). Rivoyat qilinishicha, Umar roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kirishga izn so‘radilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlarida Quraysh ayollaridan bir nechasi u zotga ovozlarini baland qilib gapirishardi, hatto u zotning ovozlaridan ko‘tarib yuborishdi. Umar roziyallohu anhu izn so‘ragan vaqtlarida ayollar hijoblarini axtarib shoshib qolishdi. Umar roziyallohu anhu kirdilar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kulib turar edilar. Umar roziyallohu anhu: «Ota-onam sizga fido bo‘lsin, nimadan kulyapsiz, ey Rasululloh?» dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mana bu ayollarga ajablandim, ular mening huzurimda edilar, ovozingizni eshitgan vaqtlarida hijoblariga shoshib qolishdi», dedilar. Umar roziyallohu anhu: «Qo‘rqishlariga siz haqliroqsiz, ey Rasululloh», dedilar. So‘ngra u kishi ayollarga yuzlanib: «Ey nafslarining dushmanlari, mendan qo‘rqasizlar-u, Rasulullohdan qo‘rqmaysizlarmi?» dedilar. Ular: «Ha, siz Rasulullohdan qo‘polroq va dag‘alroqsiz», deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishiga: «Shunday holatda bo‘ling, ey Xattobning o‘g‘li, Allohga qasamki, sizni shayton yo‘lda uchratib qolsa, albatta siz yurgan yo‘ldan boshqa yo‘lga o‘tib oladi», dedilar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati) Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Yomon xulq kechirilmaydigan gunohdir va yomon gumon esa hid taratib turadigan xatodir», dedilar (sanadi zaif). Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta banda xulqining yomonligidan jahannamning tubigacha yetib boradi», dedilar (Xaroitiy rivoyati). Luqmoni Hakimning o‘g‘li otasiga: «Ey ota, insonning qaysi xislati yaxshiroq?» dedi. Otasi: «Din», deb javob berdi. «Agar xislat ikkita bo‘lsa-chi?» dedi. Otasi: «Din va mol», dedi. «Agar uchta bo‘lsa-chi?» deb so‘radi. Otasi: «Din, mol va hayo», dedi. «Agar to‘rtta bo‘lsa-chi?» dedi. Otasi: «Din, mol, hayo va husni xulq», dedi. «Agar beshta bo‘lsa-chi?» dedi. Otasi: «Din, mol, hayo, husni xulq va saxiylik», dedi. Yana: «Oltita bo‘lsa-chi?» deb ham so‘ragan edi, Luqmoni Hakim: «Ey o‘g‘ilcham, agar insonda mana shu besh xislat jamlansa, u pokiza, taqvodor, Allohga do‘st va shaytondan uzoq bo‘ladi», dedi. Hasan Basriy: «Kimning xulqi yomon bo‘lsa, o‘z nafsini azoblaydi», dedilar. Anas ibn Molik aytdilar: «Albatta banda chiroyli xulqi bilan jannatda oliy darajaga yetadi, (garchi) ibodatgo‘y bo‘lmasa ham, yomon xulqi bilan esa jahannamning eng tubiga yetib qoladi, (garchi) ibodatgo‘y bo‘lsa ham». Yahyo ibn Muoz aytdilar: «Rizqning xazinalari keng xulqlilikdadir». Vahb ibn Munabbah aytadilar: «Yomon xulqning misoli singan sopol idishga o‘xshaydi, uni yamab ham, loyga ham qaytarib bo‘lmaydi». |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling