POK VIJDONLI QIZ
Qadimgi arab xalifalaridan Umar bir kechasi ko‘chalarni aylanib yurardi. Bir uyning yonidan o‘tarkan, bir xotinning hovlida qizi bilan janjallashib so‘zlagan tovushini eshitdi va uy eshigi yonida turib ularning so‘zlariga quloq soldi. Xotin qiziga achchiqlanib:
— Nega men bilan olishasan? Ertaga sotiladigan sutimizga bir oz suv qo‘sh,— dedi.
Qiz qabul qilmay:
— Axir xalifa Umar hamma sutchilarga sutga suv qo‘shib sotmaslik haqida buyruq berganini unutdingizmi?
— Nega buncha bijirlaysan? Suv qo‘sh dedimmi, qo‘shaver, bizning suv qo‘shganimizni Umar qaerdan biladi?—deb onasi qiziga achchig‘lanib so‘zladi. Qizi:
— Onajon, axir xalifa sutga suv qo‘shganimizni ko‘rmasa, vijdonimiz ko‘rib turibdi-ku, hech bo‘lmasa vijdonimiz amriga itoat qilaylik, vijdonsizlik qilmaylik,— dedi qizi va onasining buyrug‘ini rad qilib turaverdi.
Sutchi xotin qizining so‘zlariga xalifa juda ham zavqlandi, shu nomusli, vijdonli qizni o‘ziga kelin qilib olmoqchi bo‘ldi. Saroyiga qaytgach, bir necha kundan keyin o‘sha qizni o‘g‘liga iikoh qilib olib berdi, vijdonli kelinga ega bo‘ldi.
Bayt:
Qolmagay to‘g‘rilar ishi pinhon, Qilmagay to‘g‘ri so‘z kishiga ziyon.
Do'stlaringiz bilan baham: |