Microsoft Word shaytanat2 ziyouz com doc
Download 0.8 Mb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi
41 beri ruhiyatdagi o‘zgarishlarni kuzatib, bu kun kayfiyati yaxshi yo yomon bo‘lishini tongdayoq sezadigan bo‘lib qolgan. Mana shu sezgi ruhiga o‘zi xo‘jayin emasligini anglatgan. Ba’zan sababsiz holda ko‘ngli ravshanlashib ketadi. Ba’zan esa g‘ashlanadi. Birov uni urishmaydi, so‘kmaydi. Lekin ko‘ngli g‘ashlanib yuraveradi. Bu tun uyqusi yaxshi bo‘lmasa ham tetik holda uyg‘ondi. Nonushta payti choy uzatayotgan xotini shiringina jilmayib qo‘ydi. Mana shu jilmayish unga yoqib ketdi, tuyg‘ularini qitiqlab uyg‘otdi. Onasi bo‘lmaganida shartta turib, bag‘riga olishi tayin edi. Onasi ham nonushta payti nasihatlarini, hasratlarini unutib, Xonzoda keliniga yoshligidagi ajib voqealarni so‘zlardi. Ishga otlanish chog‘ida xotini yana bir jilmayish bilan ko‘ngliga navbatdagi chiroqni yoqdi. Bu safar jilmaygani uchun eridan mukofotini oldi. — Nimaga ertalabdan jilmayib qolding? — dedi Anvar uni bag‘ridan bo‘shatib. — Jilmayib bo‘lmaydimi, xo‘mrayib yurayinmi? — Endi aytaman-da. Bekorga jilmaymassan? — Bekorga emas, haqqini oldim-ku? Bu nozli gapdan so‘ng bir jilmayishning haqqi ikki hissa tarzida taqdirlandi. — Oyim aytdilar, eringizga ertalabdan jilmaysangiz, uyingizga farishta kiradi, dedilar. — Yaxshi gap ekan. Oldinroq aytmaydilarmi shu gapni. Anvar kuzatgan: yaxshi kayfiyat bilan uydan chiqsa, avtobus ham darrov kela qoladi, odam ko‘p bo‘lmaydi, eng qizig‘i — faqat chiroyli qiz-juvonlarni uchratib, ko‘ngli yayraydi. Aksincha, dili xufton tarzda chiqsa, avtobusni uzoq kutadi, odam ko‘p bo‘ladi, xunuk qiz-juvonlarni ko‘rib, g‘ashi keladi. Bugun malohatli qiz-juvonlarni ko‘rish nasib etgan kun edi. Avtobusda, xuddi atayin uyushtirganday, bittagina joy bo‘sh edi. Anvar go‘zalligini ta’rif etmoqqa so‘z ojiz bir qiz ro‘parasiga o‘tirdi. Qarab qizni hijolat qilmay desa ham, ko‘zi qurg‘ur bo‘ysunmadi. Qiz bunday suqli qarashlarga ko‘nikkan yoki bezib ketganmi, beparvo holda deraza osha ko‘chaga ko‘z tikkan edi. Anvar beixtiyor ravishda: Labing malohati g‘avg‘o qo‘pordi olamdin, Shakarni bo‘yla kishi qayda ko‘rdi sho‘rangiz, — deb yuborgisi keldi-yu o‘zini tutdi. Manziliga yetganida uni birov bo‘ynidan bo‘g‘ib tushirganday bo‘ldi. Avtobus izini ko‘zlari bilan o‘pdi — chunki unda malohat sohibasi bor edi. O‘pa turib alam qildi: sen ham odammisan, deb bir qarab qo‘ymadi-ya! Institutga kiraverishda to‘rxalta ko‘targan o‘rta yosh kishi uni to‘xtatdi: — Jiyan, shu yerda ishlaysizmi? — deb so‘radi u. — Ha, — dedi Anvar unga salom berib. — Menga bir odam kerak. Xolidiy degan olim. Shu yerda ishlar ekan? Anvar bu nomni eshitib unga zimdan ko‘z yugurtirdi. Ko‘rinishidan kambag‘algina, soddagina kishi. To‘rxaltada ikkita kitob. Belboqqa o‘ralgan narsa non bo‘lsa kerak. Shimlari g‘ijim. Poezdda shu holda yetgandir. Yuvilaverib holdan toygan ko‘ylak yoqasining uchlari shoyigulning barglariga o‘xshab buralib qolgan. «Qarindoshiga o‘xshamaydi. Qiziq, nimaga kerak ekan?» — Xolidiy domlangiz hali kelmagandirlar. Ish vaqti bo‘lgani yo‘q. — Choy-poy ichib kelsammikin? Ikki soatdan beri shu yerdaman. Poezddan tushib to‘g‘ri kelavergan edim. — Ie, shunaqami, yuring, bo‘lmasa, choy-poyni birga ichamiz. U «qanday bo‘larkin?» deb istiholaga borib o‘tirmay, Anvarga ergashdi. Anvar xonaga kirib choy qo‘ydi. U kishi to‘rxaltadan belbog‘ni olib, ochdi. Bitta non, uch-to‘rt qant- qursni o‘rtaga qo‘ydi. Nonni sindirdi-da: — Oling, jiyan, mozorbosdi, — dedi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling