Microsoft Word shaytanat2 ziyouz com doc
Download 0.8 Mb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi
49 Anvar xayrlashib, iziga qaytar chog‘ida Zohidning savollarini bir-bir eslab, «og‘aynimga yordam beraman, deb ishini chalkashtirib yubordim shekilli», deb kelganiga pushaymon yedi. Zohid uchun esa bu kutilmagan uchrashuv, kutilmagan gaplar kalavani yana chigallashtirdi. «Hamonki Asadbek kuyovidan gumonsirabdimi, bunda bir gap bor, — deb o‘yladi u. — Ajab... nima uchun aynan Jamshidni o‘ldirdi, deb gumon qilyapti? U holda Jalol Komilovni kim o‘ldirgan? Kuyovidan gumonsiradimi, demak... guruhlar urushi emas bu. Unda Maqsud akaning fikrlari to‘g‘ri bo‘lib chiqadi. Guruhlar hali olishuv uchun pishib yetilmagan, olishuvning boshlanishiga asos yo‘q hali. Xo‘sh, unda kim? Balki biron-bir guruh Elchinni o‘ziga og‘dirib olishga harakat qilgandir. Asadbekning gumoni shundadir?...» Zohidning xayoli Chuvrindi kelguniga qadar shu muammolar bilan band bo‘ldi. Mahmud Ehsonov ayni aytilgan vaqtda, bir daqiqa nari-beri qilmagan holda keldi. U bilan birga xonaga yoqimli atir hidi ham kirdi. Chuvrindi kun issiq bo‘lishiga qaramay, oq-pushtiga moyil kostyum kiygan, qizil galstuk bog‘lab olgan edi. Sochlarini silliq taragan, o‘ng qo‘lining ko‘rsatkich barmog‘iga tilla uzuk taqqan odamni birov «Chuvrindi» deb chaqirsa, kulgili holat yuz berardi. Chuvrindi bashang kiyingani bilan harakatida, qarashlarida, hol-ahvol so‘rashayotganidagi ovozida kibr sezilmadi. Uning bu qadar madaniyatli bo‘la olishini Zohid hatto o‘ylab ham ko‘rmagan edi. Ularning orasida — urinibroq qolgan yozuv stoli. Aslida, hayotning qitmirliklari oldida ojiz qolishmaganida ilm bobida bahs yuritishi mumkin bo‘lgan ikki odam prokuratura mahkamasida yuzma-yuz o‘tirar edi. Yuzasi issiq choynak izlaridan dog‘langan bu stol juda ko‘p odamni ko‘rgan, ammo ilm ko‘chasidan nari ketishga majbur bo‘lganlarning uchrashuviga endi guvoh bo‘lgandir. Ularning taqdirlarida yuzma-yuz kelish bor ekan. Ma’lum bir nuqtada ilm ko‘chasidan burilmaganlarida edi, ayni fursatda qaysi bir ilmiy kengashda davrning muhim ilmiy muammosi bo‘yicha bahs yuritgan bo‘larmi edilar. Zohid yarim yo‘lda boshqa ko‘chaga burildi. Chuvrindi hali ilm ko‘chasiga yaqin ham kelmagan edi. Katta shaharga o‘qirman, degan umidda keldi-yu, boshqacha «o‘qish»ga kirib qoldi. Bu «o‘qish»ni a’lo darajada ado etgani uchun «muallim»lari uni o‘z yonlarida olib qoldilar. Uning ziyrak aqli qachondir shu mahkamada so‘roqlarga javob berajagini bilardi. Shu sababli ostona hatlayotganida guvoh sifatida chaqirilganiga shukr qilib qo‘ydi. — Yolg‘on guvohlik berish qonun bo‘yicha jazolanajagini eslatib qo‘ymoqchiman, — deb gap boshladi Zohid, rasmiy ohangda. «Baland dorga osilmoqchiga o‘xshaydi-ku», deb o‘yladi Chuvrindi. U Zohidga bir oz tikilib turdi-da, kulimsiradi. — Yolg‘ondan Xudoning o‘zi asrasin. Yolg‘on guvohlik berish uchun atay kelgan ahmoqqa o‘xshaymanmi? — Bu yerga faqat ahmoqlar keladi deb o‘ylaysizmi? Savolga savol bilan berilgan javob Chuvrindini ziyrak torttirdi. Garchi u ayni damda kibrdan uzoq bo‘lsa-da, Zohidni mensimay turgan edi. — Aytdim-qo‘ydim-da, — dedi u, hazil ohangiga ko‘chib. — Rasmiyatchiligimiz shunaqa, uzr, — dedi Zohid, gap ohangida bir pog‘ona pastga tushib. So‘ng qog‘oz-qalam olib, rasmiyatchiligini davom ettirdi. — Ismi sharifingiz, tug‘ilgan yilingiz... Chuvrindi aytib turdi, u yozdi. Rasmiyatchilik tugagach, asosiy maqsadga ko‘childi: — Jamshid Sunnatullaev kimingiz bo‘ladi? — Tanishimning o‘g‘li. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling