Microsoft Word shaytanat2 ziyouz com doc
Download 0.8 Mb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi
47 mamlakatning kunchiqar chegarasidan piyoda yurib kunbotardagi chegarasiga yetguncha yigit yoshiga yetarkanu ammo tovoqdagi oltinga birov tegmas ekan. Bundan xulosa shuki, qadim zamonda hukm qat’iy bo‘lgan. Odamlar gunohlari uchun qanday jazo olishlarini bilganlar, bilganlari uchun qo‘rqib, o‘zlarini tiyganlar. O‘g‘irlik qildimi, gunohi isbotlandimi, tamom, qo‘li kesiladi. Boshqacha jazo bo‘lishi mumkin emas. «Bu o‘g‘ri bekning amma-xolasiga jigar ekan, jazoni yengillashtiring, iltimos, qo‘liga igna sanchib qo‘ya qoling» deyilmagan. Yaqinda bir yigitcha «o‘tmishda temir qoshiq bo‘lmagan, shavlani qanday yeyishgan, a» deydi. Senlarning gaplaring ham o‘sha bolanikidan qolishmaydi. Nazarlaringda odil sud o‘n yettinchi yildan keyin paydo bo‘lgan, a? — Endi biz bilganimizni gapiramiz, aka, — dedi Hamdam. — Lekin qadim zamonda faqat adolat bo‘lgan, degan gapingizga qo‘shilmayman. Gunohni isbotlash uchun ikkita guvoh kerakmidi? O‘sha zamonda ikkita ahmoq, ikkita g‘alamis, ikkita ig‘vogar topilmagan, deysizmi? Minglab kallalar o‘sha g‘alamislarning guvohligi bilan uzilgandir? Zindonda kam odam bo‘lishiga boshqa sabab bordir. Podsholar jinoyatchilarni qayta tarbiyalash bilan shug‘ullanishmagandir. Jinoyat qanday jazoga loyiq? O‘limgami? Kesilsin, osilsin, chopilsin, tamom! «Besh yildan o‘n yilgacha axloq tuzatish koloniyasiga yuborilsin» degan gap bo‘lmagan, deyman, a? Ular to‘g‘ri qilishgan. Mana, Asadbekni yuz yil axloq tuzatish koloniyasida saqlang, foyda bo‘larmikin? — Adashganlar-chi? — dedi Zohid, uning gapini bo‘lib. — Adashganlarmi? — Hamdam bir oz o‘ylandi. — Agar chindan ham adashgan bo‘lsa, kechirish kerak. Agar adashgan odam qamalsa, o‘ndan biri tuzaladi, bir qismi alamzada bo‘ladi, bir qismi qamoqdagi «jinoyat malaka oshirish kursida» ta’lim olib chiqadi. Lekin kim adashdi, kim astoydil tavba qildi, bilib bo‘lmaydi-da. Sen rahm qilgan odamni bittasi shu Namozovmi? Endi u tamom bo‘lgan olim. Halqumini harom qildimi, endi nafsini o‘lsa ham tiymaydi. Mashina depara ichki ishlar bo‘limi qarshisida to‘xtab, Hamdam tushib qoldi. Ko‘p o‘tmay mayor Soliev mashinani to‘xtatdi. «Hamdam bilan qiladigan ishim bor», deb u ham tushdi. 2 Zohid Chuvrindi bilan uchrashuvga tayyorlanish uchun atayin barvaqtroq kelayotgan edi. U Mahmud Ehsonovni Elchinning to‘yida ko‘rgan edi. U haqda juda oz narsa bilardi. Bilganlarining qay biri haqiqat, qay biri mish-mish, hali farqiga bormagan edi. Dastlabki uchrashuv chigalni yechishdagi dastlabki urinish bo‘lmog‘i mumkin. Zohid shu sohaga kirganidan beri ko‘p odamni so‘roq qildi. Lekin bugungisining boshqacharoq bo‘lishini ko‘ngli sezardi. Har holda laqabi «Chuvrindi» bo‘lgani bilan kissavur yoki yo‘lto‘sar emas, hatto, bu olam iborasi bilan aytilganda, «torpedo» — bir-ikki puldorni himoya qiladigan zo‘rlardan ham emas. Asadbeklar haqida so‘z ketguday bo‘lsa, mayor Solievning unga hamisha yuqori baho berishi bejiz emasdir. «Tarozi pallasini u tomon bosib turibdi, — deb o‘yladi Zohid. — Men ular haqida oz narsa bilaman, ular esa meni besh qo‘lday yaxshi bilishadi. Hatto akamning qotillarigacha bilishadi. Men ularni jinoyatchi deb gumon qilyapman. Menga tegishli tarozi pallasida faqat gumon bor. Gumon pufakka o‘xshaydi. Shishib, bahaybat tus olaverishi mumkin, ammo tosh bosmaydi. Aksincha, vaqti kelib yorilsa, odamni sharmanda qiladi». Zohid shu xayollar bilan idorasiga yaqinlashib, Anvarni ko‘rdi-yu, ajablandi. Hatto «biron kori hol bo‘ldimikin?» deb xavotirlandi. — Habib aka tinchmilar? — deb so‘radi salom-alikdan so‘ng. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling