Microsoft Word shaytanat3 ziyouz com doc
Download 0.83 Mb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi
164 Bu gapni eshitgan Muhiddin ota nima deyishni bilmay, gangib qoldi. Dev aka Jalil bilan ko‘rishayotib ham shunday dedi. Ammo barchani hayratda qoldirib Asadbekka bunday demadi. Abdurahmon tabibga uning fe’li ma’lum: Dev aka birovni suymasa pul va’da qilmaydi. Boshqalarga milliondan «beraveradi». «Bu odamning nimasi yoqmadi? U ham ko‘zlarida zulm ko‘rdimi ekan?» deb o‘yladi tabib. Dev aka millionlarni «ulashib bo‘lgach», o‘tirib Abdurahmon tabib uzatgan choyni xo‘rillatib ichdi. — Abdi, — dedi u tishsiz milklari bilan non chaynab. — Mix yo‘q. Hech yerda yo‘q. Iso Masixni mixlashga yetgan mix endi yo‘q. Hamma tilanib yuribdi. Rais ham tilanyapti. «Sotsializm qurish uchun ehson qiling», deydi. «Puli yo‘q odam qurilish boshlamaydi», dedim. — Dev aka hiringlab kulgan edi, og‘zidagi choy soqolidan oqib tushdi. — Pul yo‘q, mix yo‘q, u sotsializm quraman, deydi. Muhiddin ota unga qarab turib ajablandi: ba’zi gaplari tuppa-tuzuk, ayrimlari almoyi- aljoyi. Uy egasi indamay o‘tirgani uchun, ular ham gapirmadilar. Dev aka choyni ichib bo‘lgach, piyolani to‘ntardi-da, o‘rnidan turdi. — Abdi, mix yo‘q, sen sotsializm qurma, — deb chiqib ketdi. Shundan so‘ng tabib Dev akaning kimligini aytib qo‘yishni lozim topdi. — Biz bir qishloqdan edik. Qizillar kelib bizdan tilla talab qilishdi. Bularning uyini tit-pitini chiqarishibdi. Onasi yashirib qo‘ygan bitta tangani yutib yuboribdi. Haromilar ko‘rib qolib, ayolni homilador demasdan, qilichda qornini yorib olishgan o‘sha tangani. Dev aka to‘rt-besh yosh ekan. O‘shandan beri shunaqa bo‘lib qolgan. — Astag‘firulloh, — dedi Muhiddin ota. — Yo‘g‘-e, homilador xotinni-ya? — deb ajablandi Jalil. — Bu sizlarga cho‘pchakka o‘xshaydi, — dedi tabib. — Men ertakchi emasman. Bilganimni gapiraman. Bizni bu yoqlarga ko‘chirishganda Dev aka ergashib keldilar. Avval biznikida yotib yurardilar. Keyin-keyin duch kelgan yerni makon tutadigan bo‘ldilar. Qishin-yozin yurishlari shu — sarpoychan. Ovqat kirib taomlanishgandan so‘ng tabib Asadbekning yoniga o‘tdi. — Qani, inim, qo‘llaringizni bering. Ismingiz nima, yoshingiz nechada? Tabib Asadbekning kaftlariga boqdi, tirnoqlarini ezib ko‘rdi. So‘ng ikki bilagidagi tomirga bosh barmog‘ini qo‘yib, boshini egganicha ancha o‘tirdi. — Ichingizga sovuqlik in qurib olibdi, haydash kerak, — dedi u Asadbekning bilaklarini qo‘yib yuborgach. — Buning ilojini qilamiz. Lekin... yana bir xastalik ilashibdi sizga. Buning ishi qiyin. Shifo berguvchi Olloh. Ollohga tavakkul qilgumiz. Menda dori tayyorlash uchun bir narsa yetishmaydi. Eski arobada kelganingiz bilan topar-tutaringiz yaxshiga o‘xshaydi. — Ayting, topamiz, — dedi Jalil. — Topasizmi? — dedi tabib unga norozi qiyofada boqib. — Yaxshi, topib keling. Menga tilla tanga kerak. — Tilla tanga? Nechta? — deb so‘radi Jalil, xuddi cho‘ntagi tilla tangaga to‘la odamday. — Bir dona. Aslida undan ozgina kukun sidirib olaman. Qolgani o‘zinglarniki. — Oshnam tuzalsa bo‘ldi, bu yog‘idan xotirjam bo‘ling, ota. Bir emas, yuzta tanga bo‘lsa ham topamiz. — Inim, ikkinchi daf’a bunday deya ko‘rmang menga. Men u dunyoga mol-dunyo bilan bormayman. Yolg‘iz Ollohga va uning rasuliga muhabbatim bilan boraman. Shu bois bu dunyodagi boylikni, siz aytgan yuzta tangani sariq chaqaga ham olmayman. Asadbek oshnasining biqiniga tirsagi bilan turtdi. Muhiddin ota «attang!» deganday bosh chayqadi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling