Microsoft Word usta va margarita lotin ziyouz com doc
Download 1.26 Mb. Pdf ko'rish
|
usta va margarita lotin ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
130 olgani bo‘lsa? O! Palto o‘g‘irlagani kelgan! — Shundan keyin u xalatining bir yengini yechgancha dahlizga otildi, — Kseniya Nikitishna! — deb chinqirdi u ostonada turib, — qarang-chi, paltolar joyidamikin? Hamma palto joyida ekan. Lekin professor axiyri yo‘l-yo‘lakay xalatni yechib stol oldiga yaqinlashdi-yu, birdan stol sathidan ko‘zini uzolmay, xuddi parket polga ildiz otganday tosh qotib turib qoldi. Haligina etiketkalar yotgan yerda sut quyilgan likopcha, likopcha yonida sho‘rpeshona bir qora mushukcha g‘aribona miyovlab turardi. — Bu qanaqa bema’nigarchilik yana?! Axir bu... — professor gardanining muz bo‘lib qotib qolganini his qildi. Uning zaif va ayanchli chinqirig‘ini eshitib yugurib kelgan Kseniya Nikitishna, mushuk bolani bironta patsient tashlab ketgan bo‘lishi kerak, professorlarnikida bunaqa hollar bo‘lib turadi, deb bir zumda uni tinchitdi. — Muhtojlikda yashashsa kerak, — deb izohlardi Kseniya Nikitishna, — bizda esa, har nechuk, albatta... Keyin, qaysi patsient tashlab ketdiykin, deb o‘ylay boshlashdi. O‘ylab-o‘ylab oshqozon yarasi bilan kelgan kampirda to‘xtashdi. — Albatta, o‘sha, — derdi Kseniya Nikitishna, — u bunday o‘ylagan bo‘lishi kerak: men-ku baribir o‘laman, jonivor mushukchaga uvol bo‘ladi. — Kechirasiz! — deb chinqirib yubordi Kuzmin, — sut-chi?! Sutniyam o‘sha kampir olib kelganmi? Likopchaga nima deysiz? — Sutni u shishachada olib kelgan-da, shu yerda likopchaga quygan, — deb izohladi Kseniya Nikitishna. — Nima bo‘lganda ham, olib chiqib keting mushukcha bilan likopchani, — dedi Kuzmin va o‘zi Kseniya Nikitishnani to eshikkacha kuzatib qo‘ydi... U orqasiga qaytganida vaziyat yana o‘zgargan edi. Professor xalatini ilarkan, qulog‘iga hovlidan kimningdir xoxolab kulgani eshitildi, u derazadan qarab, dong qotib qoldi. Bir xonim ko‘ylakchan holda hovlini kesib ro‘paradagi kichik uyga chopib o‘tayotgan edi. Professor hatto u ayolning ismi-sharifini ham bilardi, — Mariya Aleksandrovna. Xoxolab kulayotgan esa bir bola edi. — Nima bo‘ldi o‘zi? — dedi Kuzmin nafrat bilan. Shu mahal devor orqasida, qizining xonasida patefonda «Alliluyya» fokstroti chalina boshladi, ayni shu fokstrot chalinayotgan paytda professorning orqasida chumchuq chirqillagani eshitildi. U orqasiga o‘girilib, o‘z stoli ustida kattakon bir chumchuqning dik-dik sakrab yurganini ko‘rdi. «Hm... og‘ir bo‘lishim kerak... — deb o‘yladi professor, — men derazadan nari ketganimda uchib kirgan bu chumchuq. Hammasi joyida», — deb ta’kidladi u o‘ziga o‘zi, garchi hech narsaning, asosan, manavi chumchuq tufayli, mutlaqo joyida emasligini his qilayotgan bo‘lsa ham. Professor chumchuqqa tikilib qararkan, uning oddiy chumchuqlardan emasligini darrov fahmladi. Bu yaramas chap panjasiga oqsoqlanar, mazax qilib oyog‘ini sudrab bosar, xullasi kalom — patefonda chalinayotgan fokstrotga xuddi peshtaxta oldida gandiraklab turgan mastga o‘xshab raqs tushardi. U har xil beadablik qilar, professor tomonga sullohona baqrayib qarardi. Kuzmin qo‘lini telefonga uzatdi, u o‘z kursdoshi Burega qo‘ng‘iroq qilib, oltmish yoshga kirgan odamning ko‘ziga bu qabildagi chumchuq ko‘rinsa, boz ustiga, birdan boshi aylana boshlasa — bu nimadan darak? — deb so‘ramoqchi edi. Bu asnoda chumchuq sovg‘a qilingan siyohdonga qo‘nib, uni axlati bilan bulg‘adi (gapim chin), keyin uchib havoda bir oz muallaq turdi-da, o‘qdek uchib borib, universitetni 94-yilda bitirgan barcha talabalar suratini qoplagan oynani go‘yo po‘latdek tumshug‘i bilan cho‘qib, chil-chil sindirdi, shundan keyin derazadan «pir» etib uchib chiqib ketdi. Professor do‘sti Burega qo‘ng‘iroq qilish o‘rniga, zuluklar byurosining telefon nomerini terdi va o‘zining professor Kuzmii ekanligini aytib, darhol uning uyiga zuluk yuborishlarini iltimos qildi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling