Microsoft Word usta va margarita lotin ziyouz com doc


Download 1.26 Mb.
Pdf ko'rish
bet150/266
Sana08.01.2022
Hajmi1.26 Mb.
#253612
1   ...   146   147   148   149   150   151   152   153   ...   266
Bog'liq
usta va margarita lotin ziyouz com

www.ziyouz.com kutubxonasi 
138
Rangi dokadek oqarib ketgan Margarita skameyka yoniga qaytib keldi. Malla unga ko‘zlarini suzib 
tikilib o‘tirardi. 
— Hech narsaga tushunmayapman, — deb ohista gap boshladi Margarita Nikolaevna, — kuygan 
qo‘lyozmalar haqida-ku bir amallab bilib olishingiz mumkin... bir yo‘lini qilib uyimga kirgansizu 
ko‘rib qolgansiz... ehtimol, Natashani o‘zingizga og‘dirgandirsiz! Lekin dilimdagi fikrimni qanday 
bildingiz? — U qattiq iztirob chekayotganday aftini burishtirdi va ilova qildi: — Gapirsangizchi, 
kimsiz o‘zi? Qaysi tashkilotdansiz? 
— Mana senga diqqatvozlik, — deb to‘ng‘illadi malla va balandroq ovoz bilan gapira boshladi: — 
afv etasiz, men sizga hech qanday tashkilotdan emasman deb aytdim boya! Iltimos, o‘tiring. 
Margarita itoat etdi, lekin o‘tirayotib, baribir yana savol berdi: 
— Kimsiz? 
— Ha, yaxshi, ismim Azazello, lekin bu ismdan, baribir, hech nima bila olmaysiz.. 
— Qo‘lyozma to‘g‘risida, keyin mening dilimdagi gaplar haqida qanday darak topganingizni aytib 
berolmaysizmi ? 
— Aytmayman, — deb quruqqina javob qildi Azazello. 
— Lekin uning to‘g‘risida biron nima bilsangiz kerak? — dedi Margarita yolvorgudek pichirlab. 
— Hay, bilaman deylik. 
— O‘tinaman, faqat ayting: u tirikmi? Qiynamang meni. 
— Ha, tirik, tirik, — dedi Azazello istar-istamas. 
— Yo xudo! 
— Iltimos, hayajonlanmang, qichqirmang, — dedi o‘shshaygan Azazello. 
— Kechiring, meni kechiring, — deb g‘o‘ldiradi Margarita endi itoatkorlik bilan, — ochig‘i, sizdan 
achchig‘landim. Axir, o‘zingiz o‘ylang. Notanish ayolni dabdurustdan ko‘chada mehmonga taklif 
qilish... Gapimga ishoning, men beparvo odamman, — Margarita ayanchli jilmayib qo‘ydi, — lekin 
hech qachon hech qanday xorijlik bilan uchrashmaganman, undaylar bilan uchrashishni ham hech 
xohlamayman... undap keyin, mening erim... Hamma balo shundaki, men o‘zim sevmagan odam bilan 
yashayman, lekin uning turmushini buzish, menimcha, insofsizlik bo‘ladi. Menga u hamisha faqat 
yaxshilik qilib kelyapti... 
Azazello uning. poyma-poy gapini oshkora diqqinafaslik bilan tingladi va jahl bilan dedi: 
— Bir zumgina tilingizni tiying. Margarita itoatkorlik bilan jim bo‘ldi. 
— Men sizni mutlaqo bexavotir ajnabiyning quzuriga taklif qilyapman... Keyin, bu tashrifingizni 
bironta ham jonzot sezmaydi. Bunga kafolat berishim mumkin. 
— Nimaga kerak bo‘libman unga? — deb so‘radi Margarita quvlik bilan. 
— Buni borganingizda bilasiz. 
— Tushunib turibman... Uning xohishini qondirishim kerak, — dedi Margarita o‘yga tolib. 
Azazello kibr-havo bilan «hm» deb piching qildi-da, javob qaytardi: 
— Sizni ishontirib aytamanki, jahondagi har bir ayol uchun bu eng yuksak orzu hisoblangan 
bo‘lardi, — u miyig‘ida kulib qo‘ydi, — lekin hafsalangizni pir qilaman, aytganingiz bo‘lmaydi. 
— U qanaqa ajnabiy bo‘ldi?! — deb Margarita hayajonlanganidan shunday baralla gapirib yubordi-
ki, skameyka yonidan o‘tib turgan odamlar u tomonga o‘grilib qarashdi, — uning huzuriga borishdan 
menga nima manfaat? 
Azazello uning qulog‘iga engashib, ma’nodor pichirladi: 
— Juda katta manfaat ko‘rasiz... Siz vaziyatdan foydalanib... 
— Nima? — deb yubordi birdan Margarita ko‘zlarini katta-katta ochib, — agar gapingizga to‘g‘ri 
tushungan bo‘lsam, u yerda men ustaning daragini eshitaman, shunga shama qilyapsizmi? 
Azazello indamay bosh irg‘atdi. 
— Boraman! — jahl bilan dedi Margarita Azazelloning qo‘lidan mahkam ushlab olib, — qayoqqa 
desangiz boraman! 


Mixail Bulgakov. Usta va Margarita (roman) 
 
 

Download 1.26 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   146   147   148   149   150   151   152   153   ...   266




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling