Microsoft Word usta va margarita lotin ziyouz com doc
Download 1.26 Mb. Pdf ko'rish
|
usta va margarita lotin ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
136 Birinchi bo‘lib bog‘ panjarasi yonidan otda odimlab yurib borayotgan militsioner, undan keyin uchta piyoda odam ko‘rindi. Ulardan keyin kuzovida muzikachilar o‘tirgan yuk mashinasi sekin-sekin yurib o‘ta boshladi. Uning orqasidan yap-yangi ochiq dafn mashinasi kelardi, mashinaga qo‘yilgan tobutni gulcham-barlar ko‘mib yuborgan, tobut qo‘yilgan maydonchaning to‘rt burchagida to‘rtta odam — uch erkak va bir ayol turardi. Margarita ancha uzoqda bo‘lsa ham, dafn mashinasida turib, marhumni qabristonga kuzatib borayotgan bu odamlarning chehralarida alomat sarosima aks etayotganini ko‘rdi. Ayniqsa, bu hol dafn mashipasining orqa tomonida, chap burchakda turgan ayolning chehrasida yaqqol ko‘rinib turardi. Qandaydir antiqa bir sir bu ayolning shundoq ham lo‘ppi yonoqlarini ich tomondan turtib, yanada shishirib turgandek ko‘rinardi, uning moy bosgan ko‘zlarida dudmallik o‘ti chaqnardi. Go‘yo bu grajdanka ortiq toqat qila olmay hozir marhumga ko‘z qisadi-yu: «Bunaqa g‘aroyibotni ko‘rganmisiz hech? Jumboqning o‘zi!» — deb yuborgudek ko‘rinardi. Dafn mashinasi orqasidan sekin-sekin yurib kelayotgan taxminan uch yuztacha odamning chehralari ham shunaqa sarosimali edi. Margarita bu marosimni o‘tirgan yerida kuzatar va «bums, bums, bums» deb bir taqlidda chalinayotgan turk do‘mbirasi sadosining uzoqlashgan sari so‘nib borayotganini his qilarkan, o‘ylardi: «Juda g‘alati dafn marosimi-ya... Yurakni ziq qilib yubordi do‘mbiraning bu «bums-bums»i! Oh, shaytonga jonimni sadaqa qilishdan ham qaytmasdim, uning tirik yo o‘likligini bilish uchun! Qiziq, bunday alomat kayfiyat bilan kimni dafn etishayotgan ekan-a?». — Mixail Aleksandrovich Berliozni, — Margaritaning yonginasidan bir oz manqalangai erkak ovozi eshitildi, — MASSOLITning raisini, hayron bo‘lgan Margarita Nikolaevna o‘girilib, o‘z yonida skameykada o‘tirgan bir grajdaninni ko‘rdi, chamasi, Margarita dafn marosimiga mahliyo bo‘lib qolganida bu odam sekingina kelib o‘tirgan va Margaritaning xayoli qochib, bexosdan ovoz chiqarib bergan savolini eshitgan edi. Bu payt marosim qatnashchilari yurishdan to‘xtay boshlashdi — svetofor yo‘lni to‘sgan bo‘lsa kerak. — Ha, — deb davom etdi notanish odam, — ularning kayfiyatlari juda g‘aroyib. Marhumni qabristonga olib ketishyapti-yu, miyalari faqat bir narsa — o‘likning kallasi qayoqqa g‘oyib bo‘ldiykin, degan savol bilan band! — Qanaqa kalla? — deb so‘radi Margarita to‘satdan paydo bo‘lgan bu qo‘shnisiga tikilib qararkan. U — sochi olov rang malla, so‘yloq tishli pak-pakana odam bo‘lib, egniga kraxmallangan ich ko‘ylak ustidan a’lo sifat yo‘l-yo‘l kostyum, oyog‘iga loklangan tufli, boshiga kotelok-shlyapa kiygan, bo‘yniga guldor galstuk bog‘lagan edi. Bu grajdaninning eng alomat jihati shunda ediki, kostyumining soat cho‘ntagidan, hamma erkaklarda bo‘lganidek ro‘molcha ham emas, ruchka ham emas, tovuq suyagi chiqib turardi. — Ha, men sizga aytsam, — deb bayon qildi malla, — bugun ertalab Griboedov zalida turgan tobutdan marhumning kallasini o‘g‘irlab ketishipti. — Qanday qilib kallani o‘g‘irlash mumkin? — deb beixtiyor so‘radi Margarita, so‘rarkan, o‘zi trolleybusda eshitgan pichir-pichir gaplarni esladi. — Kim biladi deysiz! — dedi betakalluflik bilan malla, — lekin mening fikrimcha, bu haqda Begemotdan so‘ralsa yomon bo‘lmasdi. Juda ustalik bilan o‘marib ketishipti o‘ziniyam. G‘irt mashmasha! Eng muhimi, kimgayam kerak ekan o‘sha kalla, hayronman! Margarita Nikolaevna o‘zi bilan o‘zi nechog‘lik band bo‘lmasin, notanish odamning oldi-qochdi gaplari uni hayratga soldi. — Kechirasiz! — dedi u birdan, — qaysi Berlioz u? Haligi, bugungi gazetalarda... — Ha, o‘sha, o‘sha... — Bundan chiqdi, tobut orqasidan adabiyot ahli borayotgan ekan-da? — deb so‘radi Margarita birdan tishlarini irshaytirib. — Ha, bo‘lmasam-chi, o‘shalar! |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling