Microsoft Word usta va margarita lotin ziyouz com doc
Download 1.26 Mb. Pdf ko'rish
|
usta va margarita lotin ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
177 — Hech aziyat chekmang, messir, — dedi Azazello va Varenuxaga yuzlandi: — Qo‘rslik qilish kerak emas telefonda. Yolg‘on gapirish kerakmas telefonda, tushunarlimi? Endi boshqa bunday qilmaysizmi? Varenuxaning miyasi shodlikdan gangib qoldi, chehrasi yerishdi va nima deetganini uzi ham tushunmay g‘o‘ldiray boshladi: — Azbaroyi x... ya’ni aytmoqchimanki, a’lo haz... hoziroq tushlikdan keyin... — Varenuxa qo‘llarini ko‘ksiga bosib, Azazelloga iltijo bilan boqardi. — Ha, yaxshi, uyga jo‘nang, — dedi Azazello. Varenuxa zumda erib yo‘q bo‘ldi- qoldi. — Endi meni mana bular bilan yolg‘iz qoldiringlar, — deb buyurdi Voland usta bilan Margaritani ko‘rsatib. Volandning buyrug‘i shu zahoti bajarildi. U bir oz sukutdan so‘ng ustaga murojaat qildi. — Shunday qilib, Arbatdagi podvadda turmoqchimisiz? Unda asar yozish nima bo‘ladi? Orzular- chi, ilhom-chi? — Menda boshqa hech qanday orzu-armon qolmadi, ilhom ham yo‘q endi, — deb javob qildi usta, — hayotda meni endi hech nima qiziqtirmaydi, yolg‘iz Margodan boshqa, — deb u yana qo‘lini Margaritaning boshiga qo‘ydi, — meni mayib qilishdi, yuragim ziq, podvalda turgim kelyapti. — Pilat haqidagi romaningiz nima bo‘ladi? — U romanni ko‘rarga ko‘zim yo‘q, — deb javob qildi usta, — men o‘sha roman tufayli ko‘p azob chekdim. — O‘tinaman sendan, — zorlanib dedi Margarita, — aslo bunday dema. Nega, axir, meni qiynaysan? Bilasan-ku, men butun hayotimni tikkanman shu ishing uchun. — Shundan so‘ng Margarita Volandga qarab ilova qildi: — Quloq solmang gapiga, messir, juda qattiq azob chekkan u. — Axir biron narsa to‘g‘risida yozish kerak-ku! — derdi Voland, — agar anavi prokurator haqida yozadigan gapingiz qolmagan ekan, unda hech bo‘lmasa Aloiziyni tasvirlang. Usta jilmayib qo‘ydi. — Bunaqa narsani Lapshyonnikova bosmaydi, undan keyin uning qizig‘iyam yo‘q. — Axir qanday kun kechirasizlar? Ochlik-muhtojliqdami ? — Ha, bajonidil, — deb javob qildi usta, so‘ng Margaritani o‘z bag‘riga tortib, uning yelkasidan qucharkan qo‘shib qo‘ydi: — Margo es-hushini yig‘ib olgach, meni tark etadi... — Tark etmaydi, — dedi Voland tishlarini gijir qilib, so‘ng davom etdi: — Demak, Pontiy Pilat haqida tarixiy asar yozgan odam uzlatga chekinib, podvalda qashshoqliqda kun kechirmoqchimi? Margarita ustaning pinjidan chiqib, juda qizishib gapira boshladi: — Men qo‘limdan kelgancha urinib ko‘rdim, kishini vasvasaga soluvchi eng shirin so‘zlarni aytdim qulog‘iga. Lekin u baribir bosh tortyapti. — Qulog‘iga nima deb pichirlaganingizni bilaman, — dedi Voland, — lekin u gaplar unchalik vasvasali emas edi. Sizga shuni aytmoqchimanki, — jilmayib turib ustaga murojaat qildi u, — romaningiz hali sizga ko‘p ezguliklar olib keladi. — Bu g‘irt g‘urbat bo‘ladi, — dedi usta. — Yo‘q, yo‘q, g‘urbat bo‘lmaydi, — dedi Voland, — endi hech ham qo‘rqinchli bo‘lmaydi. Xullas, Margarita Nikolaevna, hamma ish qilib bo‘lindi. Ayting-chi, menga biron e’tirozingiz bormi? — Be, qo‘ysangiz-chi, nimalar deyapsiz, messir! — Unda, mana bu mendan sizga esdalik bo‘lsin, — dedi Voland va yostiq ostidan hammayog‘iga olmos toshlar qadalgan kichkinagina oltin taqa oldi. — Yo‘q, yo‘q, aslo, nima ish qilipman! — Men bilan bahslashmoqchimisiz? — dedi Voland jilmayib. Margarita, egnidagi plashning cho‘ntagi bo‘lmagani sababli, taqachani ro‘molchaga tugib oldi. Shunda bir hol uni tong qoldirdi. U to‘linoy yog‘du sochib turgan derazaga o‘girilib shunday dedi: — Men bir narsaga hech tushuna olmayapman... Yarim tun bo‘lganiga ancha vaqt bo‘ldi-yu, ammo |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling