Microsoft Word usta va margarita lotin ziyouz com doc
Download 1.26 Mb. Pdf ko'rish
|
usta va margarita lotin ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
178 haliyam o‘sha-o‘sha yarim tun... nega bunday? Mening taxminimcha, allaqachon tong otgan bo‘lishi kerak edi. — Bayram tunining bir oz uzaygani dilga ko‘p manzur bo‘ladi-da, — deb javob qildi Voland. — Xo‘p bo‘lmasa, sizlarga baxt tilayman. Margarita tavallo qilmoqchi bo‘lganday qo‘llarini Voland tomon cho‘zdi, lekin unga yaqinlashishga jur’at etolmay, ohista dedi: — Alvido! Alvido! — Ko‘rishguncha xayr, — dedi Voland. Shundan keyin Margarita qora plashda, usta esa kasalxona xalatida zargar bevasining sham yonib turgan dahliziga chiqishdi, bu yerda ularni Volandning mulozimlari kutib turishardi. Ular tashqariga chiqa boshlashdi, shunda Gella roman nusxalari bilan birga Margarita Nikolaevnaning buyumlari solingan chamadonni ko‘tarib oldi, mushuk unga ko‘maklashdi. Kvartira ostonasida Korovyov ta’zim bilan xayrlashib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi, qolganlar mehmonlarni zinadan kuzatib tusha boshladilar. Zina bo‘m-bo‘sh edi. Ular uchinchi qavatning maydonchasidan o‘tishayotganda bir nima «to‘p» etganday bo‘ldi, lekin bunga hech kim parvo qilmadi. Pod’ezd eshigiga yetishganda, Azazello tepaga qarab «puf» dedi, keyin hammalari oy hali mo‘ralamagan hovliga chiqishdi-yu, eshik oldida etik va kepka kiygan bir odamning dong qotib uxlab o‘tirganini ko‘rishdi. Bu yerda yana chiroqlari o‘chirilgan kattakon qora mashina turgan bo‘lib, uning old tomonidagi oynasidan rulda o‘tirgan qarg‘aning sharpasi g‘ira-shira ko‘rinardi. Endi mashinaga chiqmoqchi bo‘lishganda Margarita birdan alam bilan ohista chinqirib yubordi: — Voy o‘lmasam, taqani yo‘qotib qo‘yibman! — Mashinaga o‘tiring, — dedi Azazello, — meni kutib turinglar. Xozir qaytaman, nima bo‘lganini bilib kelaman. — U pod’ezdga kirib ketdi. Gap bu yoqda edi: Margarita bilan usta o‘z kuzatuvchilari bilan zargar bevasi kvartirasidan chiqishmasdan sal oldin, shu kvartira ostidagi 48-kvartiradan biton va sumka ko‘targan oriqqina bir ayol zina maydonchasiga chiqqan edi. Bu — chorshanba kuni g‘altak oldida pista yog‘i to‘kib yuborib, Berliozni baloga giriftor qilgan o‘sha Annushka edi. Bu ayolning Moskvada nima bilan shug‘ullanishini, qanday mablag‘ hisobiga kun kechirishini shu paytgacha hech kim bilmagan, endi bundan keyin ham hech kim hech qachon bilolmasa kerak. Uning to‘g‘risida faqat shu narsa ma’lum edi: uni har kuni goh biton, goh sumka, gohida sumkayam, bitonam ko‘targan holda — yo neft do‘konida, yo bozorda, yo bo‘lmasa uy bostirmasi ostida, yo zinada, aksariyat payt esa o‘zi yashab turgan 48-kvartiraning umumiy oshxonasida ko‘rish mumkin edi. Bundan tashqari, odamlarga u haqda yana ham ko‘proq ma’lum bo‘lgan narsa shu ediki, Annushka paydo bo‘lgan hamma yerda o‘sha zahoti albatta janjal ko‘tarilardi, bundan tashqari uning laqabi ham «O‘lat» edi. Annushka — O‘lat odatda juda barvaqt turar, bugun esa kallayi saharlab — soat bir bo‘lmasdan turib oldi. U kalit solib eshikni ochdi, oldin yo‘lakka boshini chiqarib qaradi, keyin o‘zi chiqdi. Eshikni yopib, endi ketishga shaylangan edi hamki, o‘zidan yuqori qavatda eshik taraqladi, kimdir zinadan pildirab tushib kelib, Annushkaga urilib ketdi, bu zarbadan Annushka gardani bilan devorga borib urildi. — Qay go‘rga shoshyapsan bitta ichki ishtonda, kasofat? — deb chiyilladi Annushka og‘rigan gardanini changallagancha. Egniga faqat ichki ko‘ylak-ishtonu boshiga kepka kiygan, qo‘liga chamadon ko‘tarib olgan, ko‘zlari yumuq bu odam uyqusiragan dag‘al ovoz bilan javob qildi: — Kolonka! Kuporos! Bitta oqlashning o‘ziga qancha sarf bo‘lgandi, — keyin u yig‘lab yuborib baqirdi: — Daf bo‘l! — Shundan keyin u zinadan pastga emas, yana orqaga — yuqoriga, ekonomist oynasini tepib sindirgan deraza oldiga yugurib chiqdi-da, oyog‘i osmondan bo‘lib shu deraza orqali hovliga uchib chiqib ketdi. Annushkaning og‘zi lang ochilib qoldi, u hatto gardanining og‘riyotganini ham unutib qo‘yib, o‘sha deraza oldiga otilib chiqdi. U qorniga yotib, boshini derazadan chiqardi: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling