Microsoft Word usta va margarita lotin ziyouz com doc
Download 1.26 Mb. Pdf ko'rish
|
usta va margarita lotin ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
79 «O‘tirsam maylimi?» — deb so‘radi, Ivan bosh irg‘atib rozi bo‘lgach, kresloga o‘tirdi. — Bu yerga qanday kirdingiz? — Ivan mehmonning qoq suyak barmog‘i po‘pisasiga rioya etib, pichirlab so‘radi. — Balkon panjarasi qulflog‘liq edi-ku! — Panjara-ku qulflog‘lig‘-a, — dedi mehmon, — lekin Praskovya Fyodorovna, garchi ko‘p latofatli ayol bo‘lsa ham, o‘ta parishonxotir. Bundan bir oy oldin uning bir shoda kalitini o‘g‘irlab olganman, shundan beri birinchi qavatning gir aylana balkonlariga chiqishga, ba’zan esa qo‘shnilarim bilan uchrashish imkoniga ega bo‘ldim. — Baski balkonga chiqa olarkansiz, qochib ketishingiz ham mumkin-ku. Yo balandmi juda? — qiziqsinib so‘radi Ivan. — Yo‘q, — qat’iy javob qildi mehmon, — men bu yerdan qochib ketolmayman — balkon baland bo‘lgani uchun emas, boradigan yerim yo‘kdigi uchun ketolmayman. — U bir oz sukutdan so‘ng ilova qildi: — Shunday qilib, yotibmiz deng? — Yotibmiz, — javob qildi Ivan kelgan odamning g‘oyatda bejo, timqora ko‘zlariga tikilib qararkan. — Ha-ya... — dedi mehmon birdan bezovtalanib. — Harholda, siz ashaddiylardan emasdirsiz-a? So‘rashimning boisi, bilasizmi, men shovqinni, janjalni,qiynoqni va shunga o‘xshash narsalarni sira yoqtirmayman. Ayniqsa, men uchun odamzodning qichqirig‘i (xoh u iztirob, nafrat yo boshqa holat qichqirig‘i bo‘lsin, baribir) manfurdir. Ko‘nglimga taskin berib, ayting, siz ashaddiylardan emassiz-a? — Kecha restoranda bittasining tumshug‘ini bejab qo‘ydim, — deb mardona tan oldi yangi qiyofaga kira boshlagan shoir. — Sabab? — qat’iy ohangda so‘radi mehmon. — Ochig‘ini aytsam, besabab, — dedi Ivan xijolat bo‘lib. — Uyat, — deya koyidi mehmon va ilova qildi: — Undan keyin, nega unaqa beadab gap qilasiz? «Tumshug‘ini bejab qo‘ydim». Odamda tumshuqmi yo yuzmi — ma’lum emas-ku. Har qalay, tumshug‘i emas, yuz bo‘lsa kerak. Binobarin, musht ishlatish... Yo‘q, siz butunlay tashlang bu ishingizni. Mehmon Ivanga shu tarzda tanbeh berib bo‘lib, so‘radi: — Kasbingiz? — Shoirman, — negadir istar-istamas bo‘yniga oddi Ivan. Mehmonning ta’bi tirriq bo‘ldi. — Obbo, hech omadim yurmadi-yurmadi-da! — deb yubordi u, lekin shu zahoti hushini yig‘ib olib, uzr aytdi va so‘radi: — Familiyangiz nima? — Bezdomniy. — Eh, attang... — dedi mehmon aftini bujmaytirib. — Nima, she’rlarim sizga yoqmaydimi? — qiziqsinib so‘radi Ivan. — Mutlaqo yoqmaydi. — Qaysi she’rlarimni o‘qigansiz? — Hech qanaqa she’ringizni o‘qimaganman! — dedi mehmon asabiylashib. — Bo‘lmasa nega unday dedingiz? — Desam, nima bo‘pti, — javob qildi mehmon. — Nima, umrimda she’r o‘qimabmanmi? Ehtimol... sizniki istisnodir? Yaxshi, so‘zingizga ishonishga tayyorman. O‘zingiz ayta qoling: she’rlaringiz yaxshimi? — G‘irt tuturiqsiz she’rlar! — birdan dadil va dildan e’tirof etdi Ivan. — Boshqa yozmang! — deb iltimos qildi mehmon yolvoruvchi ohangda. — Ont ichib va’da beraman! — tantanali ohangda dedi Ivan. Ontni qo‘l siqishib tasdiqlashdi, shu payt yo‘lak-dan sassiz oyoq tovushi va g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozlar eshitildi. — Tss, — pichirladi mehmon va «lip» etib balkonga chiqib, panjarani surib yopdi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling