Microsoft Word usta va margarita lotin ziyouz com doc
Download 1.26 Mb. Pdf ko'rish
|
usta va margarita lotin ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
80 Eshikdan Praskovya Fyodorovna mo‘ralab, Ivandan hol-ahvol so‘radi, so‘ng undan, qorong‘ida uxlashni xohlaysizmi, yo yorug‘dami, deb so‘radi. Ivan chiroqni o‘chirmaslikni iltimos qildi, shundan keyin Praskovya Ivanovna bemorga yaxshi tush ko‘rishni tilab, bu yerdan uzoqlashdi. Hammayoq sukutga cho‘mdi, shunda mehmon yana xonaga kirdi. — 119-xonaga baq-baqaloq, ikki yuzi qip-qizil yangi bir bemorni yotqizishdi, — dedi u pichirlab. — Qiziq, u nuqul ventilyatsiya tuynugiga qo‘yilgan allaqanday valyutalar haqida, yana Sadovaya ko‘chasidagi o‘zi yashab turgan uyni jinlar maskan qilib olgani haqida labi-labiga tegmay javrab yotipti. Pushkinni bo‘ralab so‘kyapti deng, keyin ikki gapning birida: «Kurolesov, bis-bis!» — deb baqirib qo‘yadi deng. U hayajonlanganidan bir seskanib qo‘ydi. Keyin ko‘ngli bir oz taskin topib, kursiga o‘tirdi-da: — Hay, havolasi xudoga, — deb Ivan bilan boshlagan suhbatini davom etdirdi: — Xo‘sh, bu yerga tushishingizga nima sabab bo‘ldi? — Sabab Pontiy Pilat, — dedi Ivan yerga xomush tikilarkan. — Nima?! — ehtiyotkorlikni ham unutib baqirib yubordi mehmon va darhol kafti bilan og‘zini to‘sdi.— Qanday g‘ayritabiiy o‘xshashlik! O‘tinaman, o‘tinib so‘rayman, bir boshdan aytib bering! Ivan negadir bu noma’lum odamga e’tiqod qildi va kecha Patriarx ko‘li bo‘yida yuz bergan hodisani, avvaliga cho‘chinqirab, tutila-tutila, so‘ng esa dadil, ravon hikoya qila boshladi. Ha, Ivan Nikolaevich mana shu kalit o‘g‘irlagan mavhum shaxs timsolida nihoyat muruvvatli tinglovchini uchratgan edi! Mehmon Ivanni jinniga yo‘ymadi, uning hikoyasini nihoyatda zo‘r qiziqish bilan tinglarkan, bora--bora bayonidan hayratga keddi. U dam-badam shunday xitoblar bilan Ivanning so‘zini bo‘lardi: — Xo‘sh, xo‘sh! U yog‘ichi, u yog‘ini ayting, o‘tinaman sizdan. Faqat, avliyoyu anbiyolar haqqi, hech nimani tushirib qoldirmay, mufassal hikoya qiling! Ivan ham mufassal hikoya qilardi, zero unga shu tarzda hikoya qilish qulayroq edi, mana, nihoyat u Pontiy Pilatning alvonrang astarli oq ridoda balkonga chiqqan yeriga yetdi. Shunda mehmon xuddi ibodat qilayotganday kaftini kaftiga qo‘yib pichirladi: — O, to‘g‘ri topgan ekanman! O, hammasi to‘g‘ri chiqyapti! Mehmon Berliozning mudhish o‘limi ta’rifini eshitgach, ko‘zlarida jaholat uchquni chaqnadi va shunday mubham gap qildi: — Faqat bir narsaga: o‘sha Berliozning o‘rnida tanqidchi Latunskiy yoki adabiyotchi Mstislav Lavr-vich bo‘lmaganiga taassuf qilaman, — so‘ng qattiq g‘ijinib, tovushsiz chinqirdi: — Davom eting! Konduktorga kira haqi uzatgan mushuk haqidagi hikoya mehmonning ko‘nglini chog‘ qilib yubordi, u o‘z qissaxonligidan zavqlanib ketgan Ivanning, mo‘ylovi ostida tanga pul tishlagan mushukni tasvirlab, o‘tirgan o‘rnida ohista sakrashini kuzatarkan, ichagi uzilgudek bo‘lib tovushsiz rosa kuldi. — Shu tarzda bu yerga kelib qoldim, — dedi Ivan Griboedovda yuz bergan voqeani so‘zlab bo‘lib va yana ruhi tushib, o‘shshayib oldi. Mehmon sho‘rlik shoirga achinib, uning yelkasiga qo‘lini qo‘ygancha dedi: — Baxtiqaro shoir! Ammo, azizim, hammasiga o‘zingiz aybdorsiz. U bilan bunchalik betakalluf, hatto surbetlarcha muomala qilmaslik kerak edi. Mana endi azobini tortyapsiz. Haliyam osongina qutulibsiz, shukur qiling. — Axir kim o‘zi u? — mushtlarini hayajon bilan silkib so‘radi Ivan. Mehmon unga tikilib turib savoliga savol bilan javob qildi: — Aytsam, hayajonlanmaysizmi? Bu yerda biz hammamiz shubhali odamlarmiz... Doktor chaqirish, ukol qildirishu yana shunga o‘xshagan dahmazalar bo‘lmaydimi? — Yo‘q, bo‘lmaydi! — dedi Ivan. — Aytaqoling, kim o‘zi u? — Ha, yaxshi, — javob qildi mehmon va har bir so‘zini keskin va dona-dona qilib dedi: — Kecha Patriarx ko‘li yoqasida siz shayton bilan uchrashgansiz. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling