Microsoft Word usta va margarita lotin ziyouz com doc
Download 1.26 Mb. Pdf ko'rish
|
usta va margarita lotin ziyouz com
O‘n to‘rtinchi bob XO‘ROZGA TASANNO! Rimskiyning asabi ortiq bardosh berolmadi, protokolni yozib bo‘lgunlaricha ham qanoat qilmay, o‘z kabinetiga otildi. U stodda uyulib yotgan sehrli pullardan qizargan ko‘zlarini uzolmay o‘tirardi. Miyasi g‘ovlab ketgan edi. Tashqaridan odamlar g‘ovuri bir maromda eshitilardi. Tomoshabinlar ko‘chaga oqib chiqa boshlagan edi. Moliya direktorining haddan ziyod ding bo‘lgan quloqlariga birdan militsiya hushtagining churillagani eshitildi. Turgan gapki, hushtak hech qachon o‘z-o‘zidan yaxshilikka churillamaydi. Churillash takrorlandi, shunda boshqa hushtak unga yordamga kelib, qattiqroq va cho‘zibroq churilladi, keyin shu hushtak ovoziga odamlarning qahqahasi, hatto qiyqirig‘i jo‘r bo‘ldiki, moliya direktori, ko‘chada yana bironta mashmasha, xunuk voqea sodir bo‘lganini va bu voqeaning albatta anavi jodugar bilan yordamchilari bajargan mash’um seansga bevosita daxldor ekanligini fahmladi. Ziyrak Rimskiy yanglishmagan edi, albatta. U Sadovaya ko‘chasiga ochiladigan derazadan tashqariga qaradi-yu, afti burishib ketdi va pichirlab emas, aniqrog‘i, vishillab dedi: — Biluvdim-a! U ko‘cha fonarlarining kuchli yorug‘ida, o‘z derazasi ostida, pastda, yo‘lkada bir xonimning ichki ko‘ylak va binafsharang uzun trusikda turganini ko‘rdi. To‘g‘ri, xonimning boshida yana shlyapa, qo‘lida shamsiyasi ham bor edi. Tamomila esankirab qolganidan, goh cho‘nqayib o‘tirishga, goh g‘izillagancha qayoqqadir qochishga shaylangan bu xonimning atrofini o‘rab olgan olomon g‘avg‘o ko‘targan, boya moliya direktorining etini jimirlatib yuborgan qahqahayu qiyqiriqlarning ijrochisi ham shu olomon edi. Ayolning atrofida bir grajdanin girdikapalak bo‘lib, egnidan avra paltosini yechishga urinar, lekin qattiq hayajonlanganidan, qo‘lini hech palto yengidan chiqara olmasdi. Shu payt boshqa yerdan — chap tomondagi eshikdan ham qiyqiriq va vahshiyona qahqaha eshitildi- yu, Grigoriy Danilovich o‘sha yoqqa o‘girilib, pushtirang ichki ko‘ylakda turgan ikkinchi bir xonimni ko‘rdi. U o‘zini panaga olish maqsadida yo‘lkaga o‘tib, tezroq Varete darvozasiga kirmoqchi bo‘ldi, lekin ichkaridan chiqayotgan tomoshabinlar oqimi uning yo‘liga g‘ov bo‘ldiki, mal’un Fagotning firmasidan pand yegan, kiyim-kechakka shaydoligi va yengiltakligi oqibatida sharmanda bo‘lgan sho‘rlik ayol endi faqat bir narsani — yer yorilib, tezroq yerga kirib ketishni orzu qilardi. Militsioner hushtagini xuddi havoni parmalagandek churillatib, bu baxti qaro ayol tomon yugurdi, uning orqasidan kepka kiygan qandaydir xushchaqchaq yigitlar ergashdi. Shular ko‘chani boshlariga ko‘tarib qahqah urgan va qiyqirgan edilar. Qotmadan kelgan, shopmo‘ylov olatasir bir izvoshchi qirchang‘i otini uchirib kelib, birinchi yechingan ayol tepasida taqqa to‘xtadida, og‘zining tanobi qochib, tirjaydi, Rimskiy o‘z boshiga mushtlab, tupurdi-da, derazadan nari ketdi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling