Microsoft Word usta va margarita lotin ziyouz com doc
Download 1.26 Mb. Pdf ko'rish
|
usta va margarita lotin ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
93 Varenuxa teatr binosiga qaysi eshikdan kirganida ham, albatta tungi navbatchilardan birontasiga duch kelgan bo‘lardi, ularga esa, Grigoriy Danilovich o‘z kabinetida bir oz ushlanib qoladi, deb aytib qo‘yilgan edi. Lekin moliya direktori bu gumonlar ustida ko‘p bosh qotirib o‘tirmadi. Ko‘ngliga sig‘masdi. — Nega axir qo‘ng‘iroq qilmading? Anavi Yalta mashmashasining tagiga yetdingmi? — Ha, aytganim to‘g‘ri chiqdi, — deb javob qildi administrator, xuddi og‘riq tishi bezovta qilayotganday tamshanib, — uni Pushkinodagi restorandan topishipti. — Nima? Pushkinodan?! Moskva tashqarisidagi Pushkinodan? Telegrammalar Yaltadan keluvdi- ku?! — E, Yaltaga balo bormi? Pushkinodagi telegrafchini ichirib mast qilibdi-da, keyin ikkalovi maynavozchilik qila boshlapti, shu jumladan: «Yalta» belgisi bilan telegrammalar ham yuborishgan. — Ihi... ihi... Ha, yaxshi, yaxshi... — deb Rimskiy gapirmadi, balki kuylagandek bo‘ldi. Ko‘zlarida sarg‘ish o‘t chaqnadi. Miyasida, Styopaning sharmandalarcha ishdan olinishining tantanavor manzarasi gavdalandi. Ozodlik! Moliya direktori axiyri Lixodeev timsolidagi baloofatdan ozod bo‘ladi! Balki Styopan Bogdanovichga ishdan olinishdan ham battarroq jazo nasib etar... — Tafsilotini gapir! — dedi Rimskiy bosmani stolga gurs etib urib. Varenuxa ham tafsilotni gapira boshladi. U moliya direktori yuborgan yerga boripti, borgan zahoti uni qabul qilishib, gaplarini diqqat bilan tinglashipti. Turgan gapki, Styopa Yaltada, degan fikr hech kimning xayoliga ham kelmapti. Lixodeev Pushkinodagi «Yalta» restoranida bo‘lishi kerak, degan Varenuxaning taxminiga hamma darhol qo‘shilipti. — Hozir qaerda u? — deb administratorning so‘zini bo‘ldi hayajonlanayotgan moliya direktori. — Qaerda bo‘lardi, — dedi administrator istehzoli ishshayib, — hushyorxonada-da, albatta. — Qoyiil! Barakalla, azamat! Varenuxa esa hikoyasini davom ettirdi. U gapirgan sari Lixodeevning behayoligu bezoriliklari moliya direktorining ko‘zi oldidan uzun zanjirning halqalaridek tizilib o‘ta boshladi, lekin zanjirning navbatdagi har bir halqasi oldingilaridan battarroq manzaralarni namoyon qilardi. Mana, masalan, uning Pushkino telegrafi oldidagi maysazorda g‘irt mast hodda telegrafchi bilan quchoqlashib, qandaydir sayoq garmonchining na’masiga raqs tushganini nima deb atash mumkin? Yoki qandaydir ayollarni chinqirtirib quvganini oling! Yana «Yalta»ning o‘zida bufetchi bilan yoqalashmoqchi bo‘lipti! O‘sha «Yalta»ning ichida to‘polon qilib, ko‘p piyozni yerga sochib tashlapti! «Ay-Danilya» degan oq musallasning sakkiz shishasini chil-chil qipti. Styopaki olib ketishni xohlamagan taksi shofyorining schyotchigini urib sindiripti. Uning bu qabihliklariga chek qo‘ymoqchi bo‘lgan odamlarga, qamataman, deb do‘q qilganini aytmaysizmi. Xullas, aql bovar qilmaydigan gaplar. Styopa Moskvaning teatr ahli davrasida «otning qashqasi» bo‘lib, uning g‘irt g‘urbat ekanligi hammaga ayon edi. Lekin shunga qaramay, administrator topib kelgan mish-mishlar hattoki shu Styopa uchun ham lof edi. Ha, o‘taketgan darajada lof edi... Rimskiy o‘tkir ko‘zlarini administratorning yuziga xuddi yeb qo‘ygudek bo‘lib tikdi, lekin bu ko‘zlar hikoya qancha ko‘p cho‘zilgan sari, shuncha ma’yuslasha bordi. Administratorning qissasidagi qabohatli tafsilotlar qanchalik hayotiyroq va yorqinroq bo‘lgan sari... moliya direktori unga shuncha kamroq ishona boshladi. Varenuxa Styopaning itday quturib, uni Moskvaga olib ketgani borgan odamlarga ham qarshilik ko‘rsatgani haqida hikoya qila boshlaganida moliya direktori yarim kechada qaytib kelgan administratorning hamma gaplari yolg‘onligiga batamom ishondi! Ha, gaplarining hammasi — boshidan to oxirigacha g‘irt yolg‘on edi. Varenuxa Pushkinoga bormagan, Styopa ham Pushkinoda yo‘q edi. Mast telegrafchi ham bo‘lmagan, resto-randa shisha ham sindirilmagan, Styopani ham hech kim arqon bilan bog‘lamagan... — bularning hech biri bo‘lmagan. Rimskiy administratorning aytayotganlari g‘irt olg‘on degan qat’iy fikrga kelishi bilan uning oyoqlaridan boshlangan qo‘rquv hissi butun vujudini qamrab oldi, shunda bezgak balchig‘ining hidi bir |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling