Microsoft Word usta va margarita lotin ziyouz com doc
Download 1.26 Mb. Pdf ko'rish
|
usta va margarita lotin ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
71 Egniga bichimi g‘oyat antiqa va nihoyatda uzun frak kiyib, yuziga faqat ko‘zlarinigina berkituvchi qora niqob taqqan mashhur artist hammani hayratda qoldirdi. Lekin bu sehrgarning ikki hamrohi yanada alomatroq ko‘rindi. Bular: egniga katak kamzul kiyib, ko‘ziga shishasi darz ketgan pensne taqqan daroz odam bilan xo‘ppasemiz qora mushuk edi — mushuk grimxonaga orqa oyoqlarida yurib kirdi, borib bemalol divanga o‘tirdi va ko‘zlarini suzib grim stoli yonidagi yalang‘och chiroqchalarni kuzata boshladi. Rimskiy o‘zini jilmayishga majbur qilib (ammo u zaharxanda irshaydi), divanda, mushukning yonida gung bo‘lib o‘tirgan sehrgar bilan ta’zim qilib salomlashdi. Qo‘l siqib ko‘rishish bo‘lmadi. Lekin katak kamzulli naynov: «Kamina u kishining yordamchisiman», deb o‘zini tanitdi moliya direktoriga. Bu vaziyatdan moliya direktori yana noxush taajjublandi: axir shartnomada yordamchi haqida hech qanday so‘z bo‘lmagan edi-ku. Grigoriy Danilovich, xuddi tomdan tarasha tushganday, dabdurustdan paydo bo‘lib qolgan bu katak kamzulga majburan yuzlanib, quruqqina so‘radi: — Apparatlaringiz qaerda? — O samoviy olmosimiz, e’zozli janob direktor, — qaltiroq ovoz bilan javob qildi sehrgar yordamchisi, — bizning apparatlarimiz, hamisha o‘zimiz bilan birga. Mana u! Eyn, tsvey, drey! — Shunday deb u Rimskiyning ko‘zi oddida g‘adir barmoqlarini aylantirib turdi-da, birdan uning tugmalari qadalgan kamzuli ichidagi nimchasining cho‘ntagiga solinib, zanjir bilan tugma teshigiga ilingan oltin soatini zanjiri bilan birga mushukning qulog‘i orqasidan oldi. Rimskiy beixtiyor qo‘lini qorniga qo‘ydi, bu mo‘‘jizaning shohidi bo‘lganlar hang-mang bo‘lib qolishdi, eshik tirqishidan mo‘ralab turgan grimchi esa mamnun bo‘lib tomoq qirib qo‘ydi. — Sizning soatingizmi? Marhamat, oling, — surbetlarcha tirajyib dedi yordamchi va esankirab qolgan Rimskiyga uning buyumini isqirt kaftida uzatdi. — Bunaqa odam bilan tramvayga chiqsang uying kuyadi, — deb quvnoq ohangda pichirladi bayonchi grimchining qulog‘iga. Lekin mushuk soat voqeasidan ham antiqaroq nayrang ko‘rsatdi. U to‘satdan o‘rnidan turdi, orqa oyoqlarida yurib, ustiga ko‘zgu o‘rnatilgan stolcha oddiga bordi, old oyoqlari bilan grafin qopqog‘ini olib, stakanga suv quydi, suvni ichib bo‘lib, yana qopqoqni yopdi-da, grim lattasi bilan mo‘ylovini artdi. Endi odamlar, og‘izlari lang ochilgancha, tillari kalimaga kelmay, serrayib qolishdi, grimchi esa zavq bilan pichirladi: — O, qoyilman! Shu choq qo‘ng‘iroq uchinchi marta vahima bilan chalindi va juda qiziqarli nomerlarni ko‘rish niyatida bo‘lgan odamlar grimxonadan nari keta boshlashdi. Yana bir daqiqadan keyin tomosha zalidagi sharsimon chiroqlar o‘chdi, sahna oddidagi chiroqlar yonib, parda etagiga qizg‘ish shu’la tushdi, shunda egniga eskirgan ko‘ylak, g‘ijimlangan frak kiygan, soqol-mo‘ylovi olingan, xuddi go‘dakdek xushchaqchaq, to‘ladan kelgai bir odam parda oldida paydo bo‘ldi. Bu butun Moskvaga dovrug‘i ketgan konferanse Jorj Bengalskiy edi. — Shunday qilib, grajdanlar, — deb gap boshladi Bengalskiy, go‘daklarga xos jilva bilan, — hozir sahnaga chiqish navbati... — shunday deb turib Bengalskiy o‘z nutqini bo‘ldi va boshqacha ohangda gapira boshladi: — Bugun, uchinchi bo‘limda tomoshabinlar yanayam ko‘paygan ko‘rinadi zalda. Bugun bu yerga shaharning yarmi yig‘ilgan! Yaqinda men bir og‘aynimni uchratib, unga: «Nega teatrimizga bormay qo‘yding? Kecha shaharning yarmi yig‘iddi bizda», — degan edim, u: «Men shaharning ikkinchi yarmida turaman!» — deb javob qildi. — Bengalskiy gurra kulgi ko‘tarilishini kutib bir oz pauza qildi, lekin hech kim kulmagach, gapini davom ettirdi: — ... Shunday qilib, hozir mashhur ajnabiy artist mese Voland sehrgarlik seansini sizlarga namoyish qiladi! Lekin siz bilan biz yaxshi tushunamizki, — shu yerga kelganda Bengalskiy donishmandona jilmaydi, — sehrgarlik o‘zi dunyoda yo‘q narsa, u bid’at, xolos, lekin maestro Voland ko‘zboyloqchilik texnikasini mukammal |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling