Milliy armiyamiz-davlatimiz tayanchi, kelajagimiz garovidir
Download 32.03 Kb.
|
Milliy armiya maqolalar tanloviga
- Bu sahifa navigatsiya:
- Kalit so‘zlar
MILLIY ARMIYAMIZ-DAVLATIMIZ TAYANCHI, KELAJAGIMIZ GAROVIDIR Suyunov Abbos Ilyos o‘g‘li O‘zbekiston Milliy universiteti Jizzax filiali 140-20 guruh talabasi Annotatsiya: Ushbu maqolada davlatimiz tayanchi bo‘lmish milliy armiyamiz harbiy salohiyati, uni oshirish yo‘lida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va sohada qilinayotgan islohotlar haqida so‘z boradi. Bundan tashqari ushbu maqolada Qurolli Kuchlarimizning jahon reytinglari, xalqaro musobaqalar va sport bellashuvlaridagi ko‘rsatkichlari muallif tomonidan tahlil qilingan. Kalit so‘zlar: Milliy armiya, harbiylar, Qurolli Kuchlar, vatanparvarlik, harbiy salohiyat, vatan, tinchlik, mudofaa tizimi, jangovar shaylik. Eng muqaddas va sharafli kasblardan biri bu – ona vatanni himoya qilish, uning sarhadlarini koʻz qorachigʻidek asrash, xalqimizning tinch-osuda, farovon hayotini taʼminlashdir. Tinchlik hukmron yurtda esa inson buyuk va ezgu orzularni koʻngliga tugadi, oʻz isteʼdodi va salohiyatini toʻlaligicha namoyon etadi. Jahondagi vaziyat shiddat bilan oʻzgarib, dunyoning ayrim mintaqalarida ahvol keskinlashib borayotgan bir paytda Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat burchini sidqidildan ado etayotgan mard va jasur oʻgʻlonlarimiz mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini taʼminlash yoʻlida tun-u kun xizmat qilmoqda. Ularning mashaqqatli xizmatlari evaziga yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo. Xalqimiz oʻz hayotidan rozi boʻlib, amalga oshirilayotgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlamoqda. Bularning barchasi muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida harbiy xizmatchilarning kecha-yu kunduz xizmatlarini sergaklik bilan olib borishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, harbiy jamoalarga uygʻoq ruhni olib kirish, jangovar tayyorgarlik, taʼminot va boshqa yoʻnalishlarda toʻplangan muammolarni hal qilish, armiyaning qiyofasini tubdan oʻzgartirish uchun amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar samarasidir. O‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohatlar tufayli yurtimiz xavfsizligini, sarhadlarimiz dahlsizligini ishonchli himoya qilishga, aholimizning tinch va osuda hayotiga qarshi qaratilgan har qanday g‘arazli urinishlarning oldini olishga qodir bo‘lgan, ixcham, tezkor, tashkiliy jihatdan mukammal, zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta'minlangan milliy armiyamiz shakllantirildi. Vatan ostonadan, inson yashab nafas olib turgan go‘shadan, insonning kindik qoni to‘kilgan xonadon tuprog‘idan boshlanadi. Shu bois, inson ilk bor nafas olib, ulg‘ayib voyaga yetgan ona zaminga mehr-muhabbat va sadoqatda bo‘lishi, uning har bir hovuch muqaddas tuprog‘ini ko‘ziga to‘tiyodek surtishi, unga nisbatan bir umr farzandlik hissi bilan yashashi uning uchun ham farz, ham qarzdir. Vatanimiz mustaqillikka erishgach, hech shubhasiz, Vatan va istiqlolni himoya qilish uchun mustaqil armiya tuzish zarurati tug‘ilgan edi. Mamlakatimiz Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahbarligida O’zbekistonning yangi, milliy armiyasi shakllandi va u hozirda kundan-kunga takomillashib bormoqda. Bizning armiyamiz jahondagi eng yetuk armiyalarning tajribalarini o‘rgangan holda zamon talabiga mos professional qo‘shin sifatida shakllanmoqda.1 Albatta, bu og‘ir va murakkab jarayonlar oson kechgani yo‘q. O‘zbek xalqi boshidan o‘tgan bu voqea-hodisalar zamirida qanchadan-qancha iztiroblar, yurtimizga tashqaridan bo‘ladigan tazyiqlar va tahdidlar haqida uzoq gapirish mumkin. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “xalqimizning harbiy sohadagi boy merosiga tayanib, Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk sarkarda bobolarimizning jangovar anʼanalarini munosib davom ettirib kelayotgan, jismoniy va maʼnaviy yetuk, zamonaviy bilim, qurol-yarogʻ va texnikalarni puxta egallagan, davlat va xalq manfaatlari uchun har qanday sinov va mashaqqatlarni yengib oʻtishga tayyor boʻlgan harbiylarimiz doimo faol ishtirok etib kelayotganlari har qanday yuksak eʼtirofga munosibdir”. Shunday ekan, milliy armiyamiz — bizning faxrimiz va gʻururimizdir. Uning qudratini namoyon etib turgan mard va jasur oʻgʻlonlarimiz kecha-yu kunduz sergak turib, davlatimiz sarhadlarini qoʻriqlayotgani, xalqimiz farovonligi yoʻlida jonlarinida berishga tayyor turganini barchamiz yurakdan his qilishimiz kerak. Istiqlol tufayli tinchlik va osoyishtalik, qo‘shni mamlakatlar bilan tinch-totuv yashash tamoyili masalasi birinchi o‘ringa chiqdi. Mustaqillik yillarida O‘zbekistonning Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning sa’y harakatlari bilan Mudofaa tizimi shakllantirilib, zamonaviy talablar asosida uning tashkiliy huquqiy asoslari takomillashtirildi. 1991-yilning 6-sentabrida Islom Karimovning farmoniga binoan Mudofaa ishlari bo‘yicha vazirlik tashkil etildi. Qurolli Kuchlarimizning maqsad va vazifalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida (125-modda) aniq qilib belgilab berildi. Shuni ham ta’kidlab o‘tish kerakki, mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tarixida 1992-yil 3-iyulda mamlakatimiz parlamenti “Mudofaa to‘g‘risida”, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”, “Muqobil xizmat to‘g‘risida”gi qonunlarni “Harbiy qasamyod” matnini qabul qildi. 1992-yil 14-yanvar kuni mamlakatimiz hududidagi barcha Qurolli Kuchlarni O‘zbekiston yurisdiksiyasiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 2008-yil 20-noyabrda “Fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tash shart-sharoitlarini takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4054-son Farmoni qabul qilindi. Farmonga ko‘ra fuqarolarning muddatli harbiy xizmatni o‘tash muddati 12 oy qilib belgilandi. Qurolli Kuchlarning mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlash, o‘zbek xalqi tinchligini hamda bunyodkorlik mehnatini himoyalash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyatini inobatga olib hamda 1992-yil 14-yanvarda mamlakat hududidagi harbiy qism va bo‘linmalarning davlatimiz tasarrufiga o‘tkazilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining 1993-yil 29-dekabrdagi qonuniga binoan 14 yanvar yurtimizda ―Vatan himoyachilari kuni deb e’lon qilindi.2 Bu kun nafaqat harbiy xizmatchilarning, balki armiya saflarida oʻz burchini oʻtab qaytgan vatandoshlarimiz va kelajakda xizmatga boradigan ming-minglab navqiron yigitlarning bayrami, deb qabul qilingan. Shuningdek, bu qutlugʻ bayramning nishonlanishi xalqimizning oʻz milliy armiyasiga nisbatan cheksiz hurmatini, alp yigitlariga boʻlgan ishonchini amalda ifodalaydi. Bunday yuksak ishonchni oqlash uchun bugun mard oʻgʻlonlarimiz ham buyuk sarkardalarimiz tajribalari, ularning jangovarlik mahoratlarini puxta oʻrganishmoqda. Ulugʻ ajdodlarimizning maʼnaviy olami xususida fikr yuritganda, butun dunyoga maʼlum va mashhur boʻlgan Sohibqiron Amir Temur haqida alohida toʻxtalish joiz. Jahonga ne-ne betakror alloma-yu shoirlarni yetishtirib bergan o‘zbek xalqi o‘zining mashaqqatlarga to‘la tarixi davomida benazir sarkardalarni ham voyaga yetkazdi. Yurtimizni bosqinchilardan muhofaza qilish kabi maqsad yo‘lida zamonaviy harbiy talablarga javob beradigan qo‘shinlar shakllandi. Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik singari jasur lashkarboshilarning nomlari xalqimiz yuragidan joy oldi. Ayniqsa, dunyoda birinchi muntazam armiya tuzgan Amir Temurning harbiy dahosi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bu zotning harbiy ilmidagi betakror zakovati hanuzgacha jahon sarkardalari uchun saboq maktabi bo‘lib kelmoqda. Amir Temur o‘z jangovar harakatlarini doimo bunyodkorlik bilan bog‘liq holda olib borgan. Chunonchi, Sohibqiron: ― Qaydankim bir g‘isht olgan bo‘lsam, o‘rniga o‘n g‘isht tikladim, deganlar. Bugungi kunda buyuk va qudratli ajdodimizning oʻziga xos, betakror harbiy tajribasi jahon xalqlari harbiy sanʼati merosidan ham munosib oʻrin oldi va hozirgi kunning yangi mazmuni bilan boyib bormoqda. Yoshlarda bu tuygʻuni shakllantirishda harbiy-vatanparvarlik tarbiyasining ham ahamiyati katta. Jamiyatimizda bu borada olib borilayotgan muhim ishlar natijasida bugungi kunda minglab yoshlarimiz armiya safida harbiy mutaxassisliklarni egallash bilan birga, jismoniy va maʼnaviy jihatdan chiniqib, irodasi toblanmoqda, qatʼiy hayotiy pozitsiyasi shakllanmoqda. Eʼtiborlisi, ular Vatan himoyasi uchun doimo tayyor turadigan fidoyi insonlar boʻlib kamol topyapti. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Milliy armiyamiz — bizning iftixorimiz va gʻururimiz” tamoyili asosida hududlarda mudofaa sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, armiya va xalqning birligini taʼminlash maqsadida harbiy-maʼmuriy sektorlar tashkil etildi. Mazkur sektorlar armiya bilan mahalliy hokimiyat oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlovchi, hududiy mudofaa masalalarini yechishda hal qiluvchi organ boʻlib xizmat qilmoqda. Taʼlim sohasida amalga oshirilgan jiddiy islohotlar natijasida soʻnggi 5 yilda oliy harbiy taʼlim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilish 17 foizdan 98 foizga oshdi. Oxirgi 5 yil davomida Mudofaa vazirligining 300 ga yaqin harbiy xizmatchilari xorijda, jumladan, Rossiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Hindiston, Turkiya va Belarusda malaka oshirdi. Oʻtgan qisqa davrda yangi Mudofaa doktrinasi qabul qilinib, harbiy tuzilmalarning tarkibi va vazifalari chuqur qayta koʻrib chiqilgani natijasida bugungi kunda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari respublikamiz mustaqilligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishning chinakam kafolati boʻlmoqda. Quvonarlisi, milliy armiyamiz har qanday tahdid va xavf-xatarga qarshi munosib zarba bera oladigan el-yurt tayanchi va suyanchiga aylandi. Mamlakatimizning yangi Mudofaa doktrinasi asosida Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini yuksaltirish, zamonaviy qurol-yarogʻ va texnikalar bilan taʼminlash, harbiy xizmatchilarning jismoniy va intellektual tayyorgarligini oshirish boʻyicha ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Harbiy qism va boʻlinmalarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, poligonlarda oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazilmoqda. Harbiylarni uy-joy bilan taʼminlash, oila aʼzolarini qoʻllab-quvvatlash uchun munosib shart-sharoitlar yaratilmoqda. Har qanday davlat mustaqilligining birinchi galdagi kafolati uning mustahkam armiyasi, Qurolli Kuchlaridir. Bugun mard va jasur oʻgʻlonlarimiz xalqaro harbiy-oʻquv mashgʻulotlari, armiya va sport musobaqalarida dunyodagi yetakchi mamlakatlarning harbiy xizmatchilariga aslo boʻsh kelmasdan, gʻalabaga boʻlgan irodasini yaqqol namoyish etib, buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari ekanini isbotlamoqda. Oʻzbekistonda harbiy sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar va bu borada erishilayotgan yutuqlar dunyo hamjamiyati tomonidan keng eʼtirof etilayotir. Download 32.03 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling