Milliy davlatchiligimiz tarixining mumtoz namunasi
QIRQ MING OTLIQDAN IBORAT
Download 0.82 Mb. Pdf ko'rish
|
Temur tuzuklar
QIRQ MING OTLIQDAN IBORAT
O‘N TO‘RTTA ZAFARLI SIPOH FAVJLARINI SAFGA TIZISH TUZUKI
Amr etdimki, agar g‘anim lashkari o‘n ikki ming otlikdan ortiq bo‘lsayu, lekin qirq mingga yetmasa, (lashkarimga) baxtiyor o‘g‘illarimdan biri sardor bo‘lsin. Ikki beglarbegi qo‘shunot, tumanot va ulusot amirlari hamda qirq ming otlikdan kam bo‘lmagan sipoh bilan uning xizmatida hozir tursinlar. Zafarli sipoh favjlari, tadbirkorlik, mardlik va mardonalikni qo‘ldan bermasliklari uchun, meni doim maydonda hozir deb bilsinlar. Amr etdimki, mening zafaru baxt keltiruvchi chodirimni (lashkar) boshiga olib chiqishgach, o‘n ikkita sipohiy favj tayinlasinlar, ularning har biriga ulusot amirlaridan biri favj amiri etib belgilansin. U men tuzgan saf tizish, (g‘anim) 294
Matnda «orizi lashkar». 295
Matnda «turktoz» atamasi qo‘llangan. 296
Yasol–qo‘shin safi. Yasol tuzish–qo‘shinni yurish, ko‘rik yoki jang oldidan safga tizish.
sipohi favjlari safini buzish, jang maydoniga kirish va chiqish yo‘llari haqidagi o‘n ikki tuzukni doim nazarda tutishi lozim.
Sardor ulkim, g‘anim sipohi sarkardalarining sonini hisoblab, ularga teng keladigan lashkar boshliqlarini tayinlaydi. U g‘anim sipohining jangda ko‘proq o‘qchilarnimi, qilich chopuvchilarnimi yoki nayzadorlarni maydonga tushirishini nazarda tutsin. G‘anim sipohining raftorini ko‘rsinkim, sipoh favjlarini uzluksiz, ohista-ohista jang maydoniga yuboradilarmi yoki hammasini birdaniga hujumga tashlaydilarmi (buni yaxshi bilsin). Jang maydoniga kirish va chiqish yo‘llarini ham mulohaza qilib ko‘rsin. Dushman qay tarzda jang qilishini anglab olsin. Gohida g‘anim o‘zini kamsonli yoki qochayotgandek qilib ko‘rsatadi. Shunday paytda, ularning makr-hiylalariga uchmasin va o‘zini qochayotgandek qilib ko‘rsatishiga aldanib qolmasin. Jang ko‘rgan, tajribali sardor ulkim, u urushning barcha jumboqlaridan xabardor, qaysi sipoh favjini jangga tashlab, qaysi chigalni qanday chora-tadbir bilan tuzatish va qay usulda jang qilish kerakligini bilishi lozim. Tajribali sardor g‘animning niyati va rejalarini, uning qay usulni qo‘llab jangga kirmoqchiligini seza bilishi va dushmanning o‘sha tadbirni qo‘llashiga to‘sqinlik qila olishi kerak. Chin sardor ulkim, qirq ming otliq sipohdan ushbu tartibda o‘n to‘rtta sipohiy favj tuza oladi. Avval o‘ziga qarashli saflarni tuzib, uni qo‘l deb nomlasin. So‘ngra barong‘orning uch favjini tuzib, ulardan birini barong‘or hirovuli deb atasin. Yana javong‘orning uch sipohiy favjini tuzib, ulardan biriga javong‘or hirovuli deb ot qo‘ysin. Shu tarzda barong‘or favjlarining oldiga yana uch sipohiy favj qo‘yib, ularni chopovul deb nomlasin. Shu uch favjdan birini esa chopovul hirovuli deb atasin. Shu tartibda yana uch sipohiy favj tuzib, ularni javong‘or favjlarining oldiga qo‘yib, uni shiqovul deb nomlasin. Bu uch favjdan birini esa shiqovulning hirovuli etib tayinlasin. Shundan so‘ng qo‘l qarshisida sinalgan, taj-ribali o‘qchilar, qilichbozlar, nayzadorlar va bahodirlardan iborat katta hirovul tuzsinlar. Chunki hirovulning aynan shu favjlari qattiq suron solib yovni sindiradi. Haqiqiy sardor ulkim, g‘anim lashkarining raftorini kuzatib boradi va amirlardan qay biri buyruqsiz yurish boshlab, boshqalardan ilgarilab ketsa, unga tanbehini beradi. Chin sardor dushmanning qay tarzda jangga kirishi va chiqishini nazaridan qochirmasin, toki g‘animning o‘zi urush boshlamaguncha jangga kirishga oshiqmasin. YOv jangga kirganidan so‘ng, sardor ularning jang qilish usulini ko‘rib o‘rgansin, jang maydoniga qay tartibda kiradilar va chiqadilar, unga nisbatan qanday hujum etadilar, hamla qilgach, ortlariga qaytadilarmi yoki vaqti bilan qochib, (keyin yana) fursat poylab qaytadan jangga kiradilarmi, (bularni kuzatib tursin). Yana sardorga lozimdirki, (qattiq zarba yemay turib) yengilgandek qocha boshlagan yov ketidan quvmasin, chunki ularning ortlarida kuchli yordamchi qo‘shinlar turgan bo‘ladi. Sardor shuni ham bilsinki, g‘anim lashkari bor kuchi bilan bir katta to‘pdek bo‘lib hujum qiladimi yoki o‘ngu so‘l qanotini yozib, urush olib boradimi?! Sardor avval ularga qarshi katta hirovul favjlarini ro‘baro‘ qilishi va jangga tashlashi kerak. Uning ortidan katta hirovulga madad tariqasida ketma-ket chopovul hirovuli va shiqovul hirovulini jangga kirgizishi kerak. Ularning orqasidan esa chopovulning birinchi favji va shiqovulning ikkinchi favjini jangga tashlasin. Ularning ketidan esa chopovulning ikkinchi favji va shiqovulning birinchi favjini jangga tashlasin. Agar g‘animga yetkazilgan ushbu yetti zarbadan keyin ham g‘alabaga erishilmasa, u vaqtda barong‘or va javong‘orning hirovullarini jangga kiritsin, (bu bilan) g‘animga to‘qqiz zarba beriladi. Agar to‘qqiz zarbadan keyin ham fathu zafar muyassar bo‘lmasa, barong‘orning birinchi favji va javong‘orning ikkinchi favjini urushga solsin. Agar shu o‘n bir zarbadan keyin ham g‘alabaning daragi kelmasa, barong‘orning ikkinchi favji va javong‘orning birinchi favjini jangga tashlasin. Shu o‘n uch zarbadan keyin yov yengilib, g‘alaba qo‘lga kiritiladi, deb umid qilsin. Mabodo bu o‘n uch zarba bilan ham fathu zafar hosil bo‘lmasa, u holda, qo‘l sipohiy favjlarini urushga shaylab, o‘zi ham ular bilan jangga kirsin va dushman ko‘ziga o‘zini tog‘dek ko‘rsatib asta-sekin, uyushgan holda harakat qilsin. Urush bahodirlariga buyursinkim, qilichlarini yalang‘ochlab hujumga otilsinlar. O‘qchilar esa vizillatib yoylardan qalin o‘q yog‘dirsinlar. Shunda ham fathu zafarga erishilmasa, sardorning o‘zi jang maydoniga tushsin va mening (madad kuchlarim) va buyruqlarimni kutsin.
Download 0.82 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling