Milliy mafkura
Milliy mafkuraning asosiy g‘oyalari
Download 48.37 Kb.
|
1-mavzu
Milliy mafkuraning asosiy g‘oyalari
- Milliy mafkura milliy g‘oyaga asoslanadi. – dedi Prezident, Milliy g‘oya esa millatni birlashtiruvchi ulug‘ bayroq bo‘lishi lozim. Shunday ulug‘vor g‘oyani ishlab chiqaylikki, xalqimiz bu g‘oya atrofida bir butun kuch bo‘lib birlashsin. - To‘g‘ri aytasiz, masalan siz o‘rtaga tashlagan “O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlat” degan g‘oya ham ana shunday ulug‘vor kuchga ega, shunday emasmi?- deb so‘radim Prezidentdan. - Bu alohida masala. Bilasizmi, men nima uchun bu shiorni o‘rtaga tashlaganman? Men bu shiorni, O‘zbekistonning yer osti va yer usti boyliklari ko‘p, kelajakda shularni ishlatib u buyuk bo‘ladi, yoki o‘z hududini kengaytirib buyuk bo‘ladi, degan ma’noda aytmadim. Men bu fikrni yurtimizda, o‘tmishda, butun dunyoga aql-idrok o‘rgatgan, buyuk allomalar o‘tganligi uchun, ularning kashfiyotlari bugungi kunda ham dunyo sivilizatsiyasi taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shayotganligi uchun, ularning irsiyati, genlari buyuk bobolarimizning bugungi avlodlari bo‘lmish, farzandlarimiz qonida, nevaralarimiz qonida jo‘sh urayotganligi uchun, bu buyuk irsiyat buyuk insonlarni yetishtirishi, ulug‘ bobokalonlarimizning genlari bugungi farzandlarimiz timsolida yana uyg‘onishi mumkinligi uchun ham, kelajakda zamonamizning Xorazmiylari, Farg‘oniylari, Forobiylari, Beruniy va Ibn Sinolari, Imom Buxoriylari, Termiziylari, Zamaxshariylari, Nasafiylari yetishib chiqishiga imonim komil bo‘lganligidan aytdim. Ular albatta O‘zbekistonning dovrug‘ini jahonga yoyishadi. Shuning uchun ham “O‘zbekistonning kelajagi buyuk” dedim. Men bunga qat’iy ishonaman! O‘zbekistonning kelajagi haqiqatdan ham buyukdir! O‘zbekiston mustamlakachilik yillarida uzoq yillik majburiy uyquda edi, ne-ne ulug‘ bobolarimiz, vatandoshlarimiz quvg‘in qilingan, qatag‘onga uchragan edi. Bu zulm va daxshat ta’siri ostida ularning farzandlari tiz cho‘ktirilgan, kamsitilgan, savodsizlikda, boqimandalikda ayblangan, yurtimiz dunyo taraqqiyotidan, sivilizatsiya taraqqiyotidan ataylab uzib qo‘yilgan edi. Bugungi kunda allohga ming bor shukurki, mustaqillikka erishdik, qo‘l va oyoqlarimizdagi kishanlar parchalandi. Endi uyg‘onishimiz, dunyo ahliga o‘zbekning kimligini, uning bunyodkor aql-idroki nimalarga qodir ekanligini ko‘rsatib qo‘yishimiz lozim. Buning uchun milliy g‘oyamiz ostida bir tan, bir jon bo‘lib birlashishimiz, milliy g‘urur va oriyatimizni astoydil himoya qilishimiz zarurdir. Yurtimiz azaldan ko‘p millat va elat vakillariga boshpana bergan joydir. Ota-bobolarimiz o‘zga millat va elat vakillarining doimo boshini silab kelgan, ularga mehr-muruvvat ko‘rsatgan. O‘zga millat vakillari ham o‘z navbatida yurtimiz taraqqiyotiga, fan va madaniyatimiz taraqqiyotiga baholi-qudrat hissa qo‘shib kelishdi. Jamiyat ravnaqi – millatlarning o‘zaro hamjihatligida. Shunday ekan millatlararo hamjihatlilik milliy mafkuramizning yana bir muhim g‘oyasi hisoblanishi kerak. O‘zbekiston hududida qadim zamonlardan buyon turli din va diniy konfessiya vakillari o‘zaro ahillikda turmush kechirib kelishgan. Nestorian xrestianlaridan tortib yahudiylargacha, buddistlardan tortib hindulargacha o‘z ibodatlarini emin-erkin ado etib kelashgan. Musulmonlar ularga doimo boshpana bo‘lgan. Ularning ibodatxonalarining dahlsizligini asrashgan. Bu ham milliy qadriyatimiz. Ya’ni boshqa din vakillariga nisbatan bag‘rikenglik qilish, ular bilan o‘zaro ahillikda yashash, qisqasi, diniy bag‘rikenglik milliy mafkuramizning yana bir salmoqli qadriyatidir. - Demak, Vatan ravnaqi, Yurt tinchligi, Xalq farovonligi bilan bir qatorda millatlararo hamjihatlilik, dinlararo bag‘rikenglik g‘oyalarini ham Milliy mafkuraning asosiy g‘oyalari sifatida qayd etishimiz lozim, shundaymi? – dedim. - Ha, albatta. Men yuqorida farzandlarimiz qonida buyuk ajdodlarimizning genlari jo‘sh urmoqda, dedim. Bu ham bir muhim g‘oyadir. Farzandlarni to‘g‘ri tarbiya qilsakgina bu genlar ro‘yobga chiqadi. Ota-bobolarimiz bekorga komil inson haqida orzu qilishmagan. Bizning kelajagimiz farzandlarimizning qanday tarbiya topishiga bog‘liq. Ularga e’tiborsiz qarasak, kelajagimizni boy beramiz. Oppozitsion kuchlar doimo otalar va bolalar o‘rtasidagi ziddiyatni kuchaytirishga, bolani ota-onaga qarshi gij-gijlashga harakat qilishadi va shu usul bilan aziz farzandlarimizni o‘zlari tomonga ag‘darib olishga urinishadi. Bunga nihoyatda hushyor bo‘lishimiz, farzandlarni qo‘ldan boy bermaslik uchun ta’lim va tarbiyaning uzluksizligiga, har bir farzandimizning ilmli va hunarli bo‘lishiga e’tiborni kuchaytirishimiz lozim. Tarbiyada har bir odamda bo‘ladigan boshqarish mexanizmini e’tiborga olishimiz, ularni ilhomlashtirish, ayniqsa xotirasini chiniqtirish, ruhiy tarbiya va jismoniy tarbiyani uzluksiz olib borish kerak bo‘ladi. Nima uchun yurtimizdan Xorazmiydek, Imom Buxoriydek, Forobiydek, Beruniydek, Ibn Sinodek buyuk allomalar yetishib chiqqan? Negaki, ularning xotirasi kuchli bo‘lgan, “Qur’oni Karim”ni 7-8 yoshidanoq yod olishgan. Ular katta-katta dostonlarni boshdan oyoq yoddan ayta olishgan. Islom madaniyatida ilmparvarlik, ilmga intilish doimo rag‘batlantiril-gan. Ilm-ma’rifat ahlining mavqei jamiyatda yuqori bo‘lgan. “Beshikdan to qabrgacha ilm izlang” degan hadis musulmonlarning asosiy shiorlaridan biri edi. Hadislarda “Bir kunlik ilm bilan shug‘ullanish 70 yillik ibodatdan afzal”, “Chin mochinga borasang ham ilm izla”, “Ilmga intilish har bir musulmon erkak va ayol uchun farzdir” degan hikmatlar bejiz tarqalmagan. Xalqimizning kundalik turmushida ham aqlni charxlovchi, xotirani kuchaytiruvchi, ziyraklikni, mantiqni tarbiyalovchi o‘yinlar, mushoiralar ko‘p bo‘lgan. Bolalarga topishmoqlar, tez aytishlar, mushoiralar, o‘ylaganimni top singari mashq-o‘yinlar bolalarning nutqini, xotirasini, aql-idrokini kuchaytirishga xizmat qilgan. Katta yoshdagilar ham vaqti-vaqti bilan xonadonlarda yig‘ilishib, “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Rustamxon” singari dostonlarni zavq bilan o‘qishgan yoki bir-biriga yoddan aytib berishgan. “Navoiyxonlik”, “Mashrabxonlik”, “Bedilxonlik” singari milliy xalq to‘garaklari bo‘lgan. Bunday intellektual madaniyat tarixi kimda bor? Loaqal 18-19 asrda o‘tgan Jahon Otin Uvaysiy momomizning “Anor” deb atalgan chiltonini eslaylik. Xalqimiz bunday aqliy tarbiya bilan kuni kechagacha, ya’ni 19 asrgacha shug‘ullanishgan. Shunday ekan Komil insonlarni tarbiyalash g‘oyasi ham milliy mafkuraning markaziy g‘oyalaridan biri bo‘lishi lozim. Ba’zan, komil inson turli darajada ijtimoiy tabaqalangan, boy va kambag‘allar keskin farq qiladigan jamiyatlarda ham shakllanadimi? – degan savol paydo bo‘ladi. Bu savolga javob berishda, jamiyatda tengsizlikning vujudga kelishi, adolatsizlik bilan bog‘langanligini chuqur anglashimiz zarur. Biz aynan ana shunday illatning ro‘y berishining oldini olishimiz lozim. O‘zbekistonda haddan ziyod boyib ketganlar ham, haddan ziyod qashshoqlashib qolganlar ham bo‘lmasligi lozim. Shu sababli jamiyatda ijtimoiy adolat mezoni – ijtimoiy hamjihatlilik bo‘lishi lozim. Ijtimoiy hamjihatlik jamiyat a’zolarini turli tabaqalarga ajralib ketishidan asraydi. Boylar kambag‘allarga homiylik qiladi, kambag‘allar ham birlashib, boylarning yanada boyishiga o‘z hissalarini qo‘shishadi. Chunki, jamiyatda boylar qanchalik ko‘paysa, mamlakatning iqtisodiy salohiyati shunchalik ko‘tariladi. Bu o‘z navbatida xalq farovonligining oshishiga sabab bo‘ladi. Sobiq sovetlar tuzimi sharoitida hammani yo‘qsillashtirish, kambag‘allashtirish jamiyat boshqaruvida fuqarolarning davlatga qaram bo‘lishiga yo‘l ochgan. Xususiy mulkka nisbatan ijtimoiy darajadagi nafrat shakllantirilgandi. Bu bolalar tarbiyasiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatardi. Biror kishi yangi mashina olsa, yoki yangi uy qursa, uni ko‘raolmaslik, unga g‘arazgo‘ylik qilish avj olgandi. Shunday oilada tarbiya topgan ba’zi bolalar ham qo‘shnisi olgan yangi mashinaga tosh otishga, yoki mix bilan tirnashga, badavlat qo‘shnisining uyni yondirib yuborishga intilishar, boylar ham kambag‘allarni kamsitishga, jazolashga harakat qilishardi. Bu xodisa ijtimoiy tabaqalar o‘rtasidagi antoganistik munosabatlarning avj olganligining oqibatida ro‘y beradi. Bizda esa turli tabaqa vakillari orasida o‘zaro hurmat, hamjihatlik o‘rnatishga intilishimiz lozim. Bu esa o‘z navbatida Milliy mafkuraning eng muhim g‘oyalaridan biri ijtimoiy hamjihatlikni shakllantirish ekanligini ko‘rsatadi. Bu g‘oya mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini shakllantirish uchun asos bo‘ladi. Fuqarolik jamiyatini shakllantirishda xalqimizning azaldan rioya qilib kelayotgan mahalla qadriyatlari muhim ahamiyat kasb etadi. Mahallada fuqarolik jamiyati kurtaklari mujassamdir. Shunday kunlar keladiki, O‘zbekistonlik bo‘lish dunyoda katta sharaf hisoblanadi. Mamlakatimizda olib borilayotgan bugungi islohotlar jamiyat taraqqiyotining barqarorligini ta’minlashga zamin bo‘ladi. Kelajakda yurtimizda biz odatlangan ijtimoiy qonuniyatlar zaruriy tarzda amal qiladigan shart-sharoitlar qaror topishi, mamlakat taraqqiyotining uzluksizligi prezidentlar almashganda ham, hukumat o‘zgarganda ham bir xil tarzda davom etishini ta’minlaydigan relsga (yo‘lga) tushadi. Dunyodagi barcha rivojlangan mamlakatlarda mana shunday taraqqiyot qonuniyati amal qiladi. O‘zbekiston taraqqiyoti ham kelajakda ana shunday darajaga o‘sib boradi. Qani endi, xudo menga uzoq umr bersa, O‘zbekiston mustaqilligi-ning hech bo‘lmasa 25 yilligini ko‘rsam, armonim qolmasdi. Mamlakat taraqqiyoti muayyan tartibga, to‘g‘ri relsga tushib olgan bo‘lardi.- dedi. - Hali siz ko‘p yashaysiz. O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligini ham, 35 yilligini ham ko‘rasiz, albatta. – dedim dalda ohangida. - Yo‘q, - dedilar Prezident - afsuski, qancha yashashimiz bizning qo‘limizda emas, hammasi, yuqorida hal bo‘ladi, - dedi, osmonga ishora qilib, - hammasi yaratganga bog‘liq. Bu fikrlar shunday qat’iy ohangda aytildiki, unga e’tiroz bildirishning iloji yo‘q edi. Shunda ham Prezidentning qimmatbaho fikrlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida fikrimni shunday davom ettirdim: - Biz umid qilamizki, Milliy mafkuraning asosiy konseptual g‘oyalarini ishlab chiqishda Sizning bu qimmatbaho maslahatlaringizga og‘ishmay amal qilamiz. Demak Milliy mafkuraning Bosh g‘oyasi “Obod va Ozod Vatan, erkin va farovon hayotni bunyod qilish” Siz hozir ta’kidlab o‘tgan Yurt tinchligi, Vatan ravnaqi, Xalq farovonligi, millatlar aro hamjihatlik, ijtimoiy hamkorlik, dinlararo bag‘rikenglik va komil inson g‘oyalari bilan chambarchas bog‘liq ekan. Buni Milliy mafkura konsepsiyasini tayyorlashda albatta e’tiborga olamiz. Bundan tashqari, o‘zbek milliy falsafasining asosiy qonuniyatlari va tamoyillarini ishlab chiqishni ham o‘z zimmamizga olamiz. Bu vazifa haqiqatdan ham millatimiz taqdiri uchun o‘ta dolzarb vazifa. Shunday qilib, mening O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Abduganiyevich Karimov bilan qilgan suhbatimiz yakunlandi. Prezident milliy istiqlol mafkurasi konsepsiyani tayyorlashda o‘zi ham shaxsan ishtirok etishini ma’lum qilib, shunday dedi: “Milliy istiqlol mafkurasi konsepsiyasini tayyorlashda o‘zim ham shaxsan ishtirok etaman, lekin davlat rahbari sifatida emas, shu yaratilajak konsepsiyaning puxta yaratilishidan manfaatdor bo‘lgan, o‘z Vatanini sevuvchi bir vatanparvar O‘zbekiston fuqarosi sifatida ishtirok etaman. Chunki, bu mafkura xalqimizning buyuk kelajagini bunyod etishda asosiy yetakchi rolini o‘taydi. Bu ishda O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati a’zolariga o‘zimning chuqur minnatdorchiligimni bildiraman. Omad sizlarga yor bo‘lsin. Omon bo‘ling, Baxtiyor Omonovich!” – dedi jilmayib, men bilan xayrlasharkan. Shundan keyin, qisqa vaqt ichida “Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillari” kitobchasining asosiy andazasi ishlab chiqildi. Bu kitobchani tayyorlash jarayonida I.A.Karimov o‘zlarining qimmatli maslahatlari bilan faol qatnashdilar. Kitobcha tayyor bo‘lgach, unga shaxsan o‘zlari so‘zboshi yozib berdilar. Kitobcha 2000 yili “O‘zbekiston” nashriyotida nashrdan chiqdi. Bugungi kunda Islom Karimovning sadoqatli shogirdi O‘zbekistonning hozirgi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev o‘z ustozining ilgari surgan rejalari, konsepsiyalari va g‘oyalarini chuqur anglagan izdosh sifatida, bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda bu g‘oyalarni muvaffaqiyatli tarzda amaliyotga tadbiq etmoqda. Jumladan, ma’naviy tarbiyani yanada takomillashtirishga bag‘ishlangan qarorlarida, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Termizda Imom Termiziy xalqaro markazi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi va Qarshida Nasafiylar markazini bunyod qilish bo‘yicha olib borayotgan say’i harakatlari ham I.Karimovning milliy mafkura konsepsiyasini amalga oshirish yo‘lidagi amaliy faoliyatining uzluksiz davomidir. Demak, Birinchi Prezident orzu qilgan zamon keldi. Bu zamonning muammolarini I.A.Karimovning sadoqatli shogirdlari, izdoshlari muvaffaqiyatli ravishda yechib fidoyilik ko‘rsatishmoqda. Xullas, Islom Abduganiyevich Karimov – Milliy g‘oya va mafkura konsepsiyasining asoschisi hamda amaliyotga faol tatbiq etuvchisi, O‘zbekistonda ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy jarayonlarning xassos yetakchisi, Ona Vatan taraqqiyotining yirik ilhomchisidir. Download 48.37 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling