Milliy manaviy yangilanish,yuksalish,taraqqiyot omili


Ma’naviyat va insonning hissiy hamda aqliy dunyosi


Download 0.6 Mb.
bet13/80
Sana31.01.2024
Hajmi0.6 Mb.
#1818875
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   80
Bog'liq
Davlat univer-fayllar.org

2. Ma’naviyat va insonning hissiy hamda aqliy dunyosi. Ma’naviy ongning ikki darajasi. Ma’naviyat inson ongining voqeligi, turli sohalarda va vaziyatlarda uning xulqini belgilovchi qadriyatlar, ijtimoiy mo’ljallar tizimi sifatida shaxsning hissiy (emotsional) va aqliy (intellektual) dunyosidan tashkil topadi. Falsafa ilmidan ma’lumki, ongning ikki darajasi - kundalik ong va nazariy ong mavjud. Kundalik ong insonda ro’zg’or va maishiy turmush, mehnat, hayotiy tajriba, ishlab chiqarish ko’nikmalari, odamlar bilan aloqalar, ishda va ishdan tashqaridagi turli-tuman iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, huquqiy, siyosiy va h.k. munosabat- lar ta’sirida hosil bo’lgan har xil tushunchalar, oddiy hayotiy qarashlar, tasavvurlar va barqaror tuyg’ulardir. Nazariy ong unda o’qish, bilim olish, fanlarni, turli ta’limotlarni o’rganish, tabiat va jamiyat hodisalarini ilmiy taxdil qilish, umumlashtirish jarayonida hosil bo’lgan g’oyalar, tushunchalar, baholar, me’yorlar, ilmiy qarashlar, ta’limotlar, nazariyalar tizimidir.
Ongning har ikki darajasi ma’naviyatning mazmunini, ayniqsa, uning baholar va qadriyatlar tizimini belgilaydi. Shaxs qay darajada ezgulikka, insonparvarlikka, go’zallikka, mehr-oqibatga, nafosatga sodiq, halol va diyonatli, qay darajada yovuzlikdan, zolimlikdan, o’g’irlikdan, haromdan, buzuqlik va fahshdan hazar qiladi yoki ular bilan murosaga boradi - biz shu mezonlarga qarab, uning ma’naviyati haqida xulosa qilamiz. Insonni dastlab o’zini tutishiga, odob-axloqiga qarab baholaymiz. Uni yaxshiroq va yaqindan o’rganish davomida, uning bilimiga, dunyoqarashiga, asl insoniy fazilatlariga e’tibor qaratamiz.
Inson o’z hayoti va faoliyatida amal qiladigan oddiy, birlamchi qadriyatlardan (ibo, hayo, uyat, to’g’rilik, halollik va sh.k.) to eng murakkab qadriyatlargacha (ezgulik, go’zallik, tolerantlik, burch, fidoyilik, o’zlikni anglash, milliy manfaatlarni himoya qilish, vatanparvarlik va sh.k.) ongning ikki darajasiga taalluqli. Faqat kundalik ong ularga doimo uzluksiz, ammo sayozroq, nazariy ong esa uzlukli, nomuntazam, faqat zarur hollarda, ammo teranroq ta’sir ko’rsatadi. Inson ko’proq o’z fikri va qarashlarini asoslayotgan, mushohada yuritayotgan, ko’rgan-eshitgan narsalarini tahlil qilib, ularga o’zining faol munosabatini bildirayotgan damlarda, kimlar bilandir bahsga kirishayotganda yoki birgalikda masalani muhokama qilayotganda, nazariy ong yuzaga chiqadi. Kun­dalik va nazariy ong o’rtasida qat’iy chegara o’tkazish mumkin emas. Ular o’zaro uzviy bog’langan, bir-birini boyitib, to’ldirib, ba’zan to’g’rilab, tuzatish kiritib turadi.
Inson ma’naviyatini kundalik va nazariy darajadan tashqari hissiy va aqliy hodisalarga bo’lish mum­kin. Ibo, hayo, uyat, halollik, mardlik, to’g’riso’zlik, rahmdillik yoki ularning muqobillari - behayolik, qo’rqoqlik, yolg’onchilik, bag’ritoshlik va shu kabi oddiy tushunchalarning inson tuyg’ulari, hissiy dunyosi bilan bog’liqligi shundoqqina bilinib turibdi. Burch, vijdon, diyonat, vatanparvarlik, ezgulik kabi tushunchalarning hissiy jihatlari unchalik ko’zga tashlanmasa-da, lekin mavjud, ammo oddiy tushunchalarnikidan teranroq. Masalan, vatanparvarlik tug’ilgan joyini, ona tuprog’i, Vatani urf-odatlari, ona tilini, xalqini yaxshi ko’rishdan, o’zini ularning bir bo’lagi deb his qilishdan boshlanadi. Inson biror muddat uzoqroq joyga, ayniqsa, xorijga ketib qolsa, tug’ilgan joyini, bahorini, dala-qirini, xalqining hangomalari, qo’shiqlarini sog’inadi. Ya’ni vatanparvarlik avvalo tuyg’u sifatida yuzaga chiqadi. Ikkinchi misol: chiroyli, nozik latifadan, hazil-mutoyibadan zavqlanasiz yoki adolatsizlik, qo’rqoqlik, xoinlik g’azabingizni keltiradi. Bular insoniy tuyg’ulardir.
Inson tuyg’ulari juda nozik, ayni paytda, juda qudratli, ba’zan ko’r bo’ladi. Ko’p hollarda inson aynan tuyg’ulari tufayli jasorat, qahramonlik ko’rsatadi, saxiyliklar qiladi. Ba’zan g’azabdan jinoyatga, qotillikka qo’l urishi mumkin. Inson tuyg’ulari juda rang-barang. Ular o’zaro bog’liq, birgalikda uning hissiy olamini tashkil qiladi. Insonning yuksak hissiyoti, tuyg’ulari ko’pincha ko’ngil yoki ko’ngil olami deb ataladi. Demak, inson ko’ngli uning yuksak tuyg’ularidan iborat. Tuban tuyg’ular - ochofatlik, hasad, hirs, o’ch olish, surbetlik va h.k.lar nafs va hayvoniy sifatlar deyiladi.
Boshqacha aytganda, insonning hissiy olami yuksak tuyg’ular - ko’ngil va tuban tuyg’ular - nafsdan iborat. Nafs, hirs qancha to’g’ri baholanib, to’g’ri cheklansa, ko’ngil shuncha yuksak, inson hissiy olami shunchalik boy va samarali bo’ladi. Nafs va hirs ustunlik qilsa, ko’ngil qashshoq, insonning xdssiy olami shunchalik zo’ravonlikka, buzg’unchilikka, qullikka, yaltoqilikka moyil bo’ladi. His-hayajon, tuyg’ular, kechinmalar, ko’ngil va nafs - inson hissiy dunyosi uning ruhiyati (psixologiyasi) deb ataladi. Jamiyat miqyosida esa ijtimoiy psixologiya deyiladi.
Jamiyat yuksalgan sayin qadriyatlar tizimi murakkablashib, chuqurlashib, rivojlanadi. Ularning mazmuni, baholash mezonlari o’zgaradi. Ammo tub mohiyati barqarorligini ancha saqlaydi. Inson hissiy va aqliy dunyosining mazmunini uning hayotiy faoliyati, mehnati, tabiat, jamiyat, o’zi kabi boshqa odamlar bilan vujudga kelgan aloqalari, munosabatlari tashkil etadi. Jamiyat va inson rivojlanishi jarayonida ular mazmunan boyib, teranlashib, shaklan xilma-xillashib boradi, tizimlashadi. Ularni ijtimoiy ong shakllariga muvofiq falsafiy, diniy, ilmiy, axloqiy, estetik, huquqiy, siyosiy tizimlarga ajratish mumkin. Ulardan ayrimlarida, masalan, falsafada, ilm-fanda, siyosat va huquqda tuyg’ular, his-hayajon etakchi mavqega ega emas, lekin mavjud. Bu sohalarda tafakkur ustunlik qiladi. Ammo tuyg’ular ham sezilarli rol o’ynaydi. Avvalo, haqiqat tuyg’usi (siyosat va huqukda, shuningdek, adolat tuyg’usi), fanda ilmiy in­tuitsiya, evristik tuyg’u (kashfiyot, topqirlik tuyg’usi), il­miy zavq-shavq, qilgan ishidan qoniqish yoki qoniqmaslik tuyg’ularining ahamiyatini inkor qilib bo’lmaydi. Dinda, axloqda, adabiyot va san’atda esa tuygular g’oyalardan, tafakkurdan kam ahamiyat kasb etmaydi. Ba’zi hollarda hatto ulardan ustunlik qiladi.
Insonning ko’ngli va aqlini bir-biridan ajratib bo’lmaganidek, ijtimoiy psixologiya va ideologiyani, jamiyatning hissiy va aqliy dunyolarini bir-biridan ajra­tib bo’lmaydi. Ularni qarama-qarshi qo’yish mutlaqo noto’g’ri. Ular mushtaraklik va uzviy birlikni, inson va jamiyat ma’naviyatining yaxlit tizimini tashkil qiladi (bu erda gap psixologiya va ideologiyadagi tez o’zgaruvchan kayfiyat, tuygular va endi shakllanayot- gan yoki ikkinchi darajali oddiy tushunchalar haqida emas, balki sobit, barqaror tuyg’ular va e’tiqod asosini tashkil etuvchi muhim tushunchalar, g’oyalar haqida ketmoqda). Insonni, birinchi navbatda, ijtimoiy psi­xologiya, kundalik ong jamiyatga, hayotga, odamlar bilan birga yashab, birga mehnat qilishga, urf-odatlarga, kunda­lik ijtimoiy munosabatlarga moslashtiradi, adaptatsiya qiladi. Ijtimoiy ideologiya inson oldiga maqsadlar qo’yadi, e’tiqodini belgilaydi, ijtimoiy mo’ljallar ko’rsatadi, davlat va jamiyatning insonga qo’yadigan talablarini aniqlab beradi.
Inson hissiy dunyosida onglilik va ongsizlik unsurlari bor. Inson tuyg’ulari, his-hayojonlari ko’pincha bevosita kechsa-da, oddiy sezgilar yig’indisi emas. Kulgili narsani eshitgan yoki tomosha qilgan sog’lom kishi, agar kayfiyati joyida, vaziyatga betaraf bo’lsa, yig’lamaydi, balki kuladi. CHunki uning his-hayajonini aqli nazorat qilib turadi. Ammo insonda ongdan tashqari uning biologik va ijtimoiy tabiati bilan bog’liq ongosti sezgilari, o’zini himoyalash instinktlari, uzoq o’tmishdan kelayotgan jamoaviy arxetiplari bor. Ular inson hayotida, xulq-atvorida ba’zan katta rol o’ynaydi.
Inson xatti- harakatlarini belgilovchi ongosti omillarini Zigmund Freyd o’lim va hayot instinktlari, deb umumlashtirdi. Lekin Freyd ularni, ayniqsa, insonning shahvoniy mayllarini ortiqcha baholaydi. Insonning haqiqiy tabiatini faqat instinktlarda ko’radi. Z.Freyd fikricha, ijtimoiylik, madaniyat insonning biologik mayllari­ni bo’g’adi, ularni axloqiy va boshqa me’yorlar yordamida cheklaydi. Z.Freyd, istab-istamagan holda, psixologiya insonning faqat biologik jihatini o’rganishi lozim, degan xulosa qiladi.
Z.Freydning izdoshi, keyinchalik undan uzoqlashib ketgan psixoanalizning yana bir yirik vakili Karl Yung uning qarashlarini ancha yumshatishga harakat qildi, u arxetiplar g’oyasini ruhiy tahlil faniga kiritdi. Arxetiplar inson hali jamoalarga uyushib ibtidoiy turmush kechirganda, birgalikda ov qilib, emish izlab, mahsulotlar yig’ib yashaganda, birgalikda o’zini xavf-hatardan, dushmandan saqlaganda, keyingi davrlarda ham tabiiy ofatlar (zilzila, toshqin, yong’in), vabo, chechak singari epidemiyalar paytida, dahshatli qirg’in-barot urushlarida yashab qolish borasida to’plagan tajribasi, ko’nikmalari, qarashlarining keyingi bilimlar ta’sirida izsiz yo’qolmasdan ong ostida saqlab qolingan jamoaviy xotirani bildiradi.
Foyalar, tushunchalar, baholar, me’yorlar, mulohazalar, qonunlar, nazariyalar, ta’limotlar, ideallar insonning aqliy dunyosini tashkil etadi. Jamiyat miqyosida u ijtimoiy ideologiya (mafkura) deb ataladi. Uning negizida insonning his-hayajoni va tuyg’ulari emas, balki tafakkuri yotadi. Tafakkur olamni bilishning tizimli va samarali shaklidir.
Tafakkur tarzi, bir tomondan, ilm-fan, mantiq, adabiyot va san’at erishgan saviya, olamni ilmiy va ba­diiy bilish darajasi bilan bog’liq bo’lsa, ikkinchi to­mondan, ijtimoiy amaliyotga, qaror topgan shaxslararo, fuqaro va davlat, shaxs va jamiyat, shaxs va tabiat o’rtasidagi munosabatlar mazmuniga, shakllariga, ijtimoiy ishlab chiqarish va texnologiyalar darajasiga bog’liq. Ijtimoiy taraqqiyot darajasi tafakkurning rivojla- nish va erkinlik darajasini belgilaydi. Va, aksincha, tafakkur kuchi, imkoniyatlari, olamni bilish, mehnat qurollarini, ishlab chiqarish texnologiyalarini, fan va texnikani, adabiyot va san’atni rivojlantirish orqali jamiyat taraqqiyotiga, inson kamolotiga bevosita hal qiluvchi ta’sir ko’rsatadi.

Download 0.6 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   80




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling