Milliy manaviy yangilanish,yuksalish,taraqqiyot omili


Tafakkurning tarixiy shakllari va ma’naviyat


Download 0.6 Mb.
bet15/80
Sana31.01.2024
Hajmi0.6 Mb.
#1818875
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   80
Bog'liq
Davlat univer-fayllar.org

3. Tafakkurning tarixiy shakllari va ma’naviyat. Tafakkurni turli yondashuvlardan kelib chiqib, har xil tasniflash mumkin. Masalan, e’tiqodiy-ontologik mezonlar asosida tafakkur diniy va dunyoviy shakllarga bo’linadi, falsafiy-ontologik yondashuv tafakkur­ni materialistak va idealistak shakllarga ajratadi. Voqelikka munosabat ratsional (oqilona, mantiqqa moe) yoki irratsional (mantiqqa zid, gayritabiiy va g’ayri- ijtimoiy mulohazalar yoki o’ta biryoqlama, fantastik tasavvurlarga asoslangan) bo’ladi. Ularga muvofiq tafak­kurning ratsional va irratsional shakllari yuzaga keladi.
Narsa va hodisalarni bilishda, e’tibor, asosan, ularning o’zgaruvchanligiga yoki barqarorligi, doimiyligiga qaratilsa, tafakkur tarzining mohiyati dialektik yoki metafizik xarakter kasb etadi. Narsa va hodisalardagi barqarorlikka bepisand qaralsa, ular faqat doimiy o’zgaruvchan hisoblansa, relyativistik tafakkur; aksincha, o’zgaruvchanlikka, rivojlanishga bepisand qaralsa, dogma­tik tafakkur yuzaga keladi. Tafakkurning mustaqilligi, tanqidiyligiga yoki ularning etishmasligiga qarab, er­kin va qaram tafakkurga bo’lish mumkin. Tafakkurning siyosiy mazmunini tolerantligi darajasini hisobga olib, uni erkin demokratik va totalitar, nodemokratik shakllarini ajratib ko’rsatish mumkin.
Tafakkurning ikki tarixiy shakli - asotiriy va an’anaviy tafakkur shakli mavjud. Ular ma’naviyat shakllanishining ibtidosi va rivojidagi ilk sifat bosqichini tashkil qiladi.
1. Asotiriy tafakkur va ibtidoiy jamiyat ma’naviyati. Tafakkurning ilk tarixiy shakli asotiriy tafakkurdir. Ibtidoiy jamiyat kishisi olamni bilishda, turli hodisalar, jarayonlar o’rtasidagi haqiqiy yoki xayoliy bog’liqlikni, ularning bir-biriga va erdagi hayotga, odamlar taqdiriga ta’sirlarini aniqlashda va ifodalashda asotirlardan (mifologiyadan) foydalangan. Asotir olamni keng qamrovli, umumlashgan, sistemali va, ayni paytda, konkret - obrazli idrok qilishning ibtidoiy universal, sinkretik shaklidir. Asotirlar tizimini olamning ibtidoiy ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan ilk modeli va ibtidoiy jamiyat ma’naviyatining o’zagi deyish mumkin.
Asotirlar olamni bilishning va to’plangan bilimlarni aks ettirishning mustaqil ilmiy va badiiy shakllari paydo bo’lmagan, insonning axloqiy, estetik, li­niy, ilmiy va boshqa bilimlari juda kam, jo’n bo’lgani uchun ularning har qaysi yo’nalishi alohida tizimlarga birlashmagan davrda vujudga kelgan. Asotirlar ibti­doiy inson ongining, tafakkurining negizini, uslubini va rivojlanish vositasini tashkil etgan. Olamni asotirlar orqali idrok etib, aks ettirish fanda ibtido­iy sinkretizm, tafakkur uslubi esa sinkretik tafakkur deyiladi. Sinkretik tafakkur asosida ibtidoiy jamiyatning sinkretik ma’naviyati shakllanadi.
Asotiriy tafakkur xususiyatlari:
1. U olamni yaxlit tarzda, bir butunlikda idrok etadi. Jamiyat va insonni tabiatdan, koinotdan ajratmaydi, balki ularning uzviy bir unsuri, bo’lagi deb biladi. Shu sababdan unga olam in’ikosi sifatida ham, inson xulq-atvori, faoliyatining, ma’naviyatining poydevori va harakatlantiruvchi kuchi sifatida ham ichki bus-butunlik, mushtaraklik, ya’ni sinkretizm xos.
2. Barcha predmetlar va hodisalarni o’z ruhiga eta mavjudot deb hisoblaydi - tabiatni «jonlantiradi». Bu hodisa animizm deyiladi.
3. Tabiiy va g’ayritabiiy, real va fantastik (o’ylab topilgan) hodisalarni mushtaraklikda, o’zaro aloqadorlikda, bog’liqlikda ko’radi. Asotir ibtidoiy odam uchun - haqiqat. U avtoritar mazmunga ega. Ibtidoiy jamiyat ma’naviyati uning tevaragida shakllanadi va tizimlashadi.
4. U olamni obrazli, konkret aks ettiradi. Animizm asotiriy tafakkurning «ontologik» tamoyili bo’lsa, konkret-obrazlilik esa uning asosiy in’ikos (aks ettirish va ifodalash) vositasidir.
Shunday qilib, asotiriy tafakkurda, binobarin, ib­tidoiy jamiyat ma’naviyatida olam real va fantastik, noreal unsurlarning murakkab tilsimiy aloqalar bilan boglangan mushtarak tizimi sifatida o’ziga xos tarzda konkret-obrazli aks etadi. Asotiriy tafakkur o’zgarmas, qotib qolgan hodisa emas. U ibtidoiy inson bilan birga o’sgan, rivojlangan. Yangi tosh asriga kelib, shaklan va mazmunan ancha murakkablashgan. Fetishizmdan animizmga, undan politeizmga o’tish asotiriy tafakkurning o’ziga xos tarixiy bosqichlarini ifodalaydi. Agar mazkur farazga tayanilsa, unda asotiriy tafakkur o’zining eng rivojlangan bosqichini ibtidoiy jamiyat emirilishi, aqliy mehnatning jismoniy mehnatdan ajralib chiqishi, e’tiqodda politeistik qarashlar qaror topishi davrida boshdan kechirgan. Aynan xuddi shu davrda asta-sekin aso­tiriy tafakkurdan yangicha tafakkurga o’tish boshlangan.
Asotiriy tafakkur jamoaviy barqaror tafakkur ifodasidir, u jamiyat a’zolari tomonidan aksioma kabi qabul qilinadi. Unga tanqidiylik, ichki ziddiyatlar, ikkilanishlar, inkor etishlar yaqqol xos emas. Asotir bir necha variantli bo’lishi mumkin. Ammo unda aytilganidek, ichki ziddiyat, skeptitsizm, tanqidiylik yaqqol ko’zga tashlanmaydi, chunki unda jamoaviy sinkretik tafakkur­ning tartibga solish (boshqarish), bilish va baholashda hukmron me’yoriy obro’yi mujassamlangan. Ijodkorlik unsurlari esa asotirlarning ba’zi bir qabilaviy xususiyatlar va zaruratlarni aks ettiruvchi mahalliy variantlarida namoyon bo’ladi. Ko’p variantlilik asotiriy tafakkurni davr talablariga, o’zgaruvchan, rivojlanayotgan hayot zaruratlariga ham moslashtirib borgan.
Aslida asotir olamni bilish jarayonida inson tafak- kuri va voqelik o’rtasida vujudga kelgan ziddiyatlarning o’ziga xos tarzda echilishi mahsulidir. U insonning olam manzarasi, tabiat va hayot, ulardagi sababiy bog’lanishlar, aloqalar to’g’risidagi o’z tasavvurida etishmagan unsurlarni, halqalarni, inson bilmagan ob’ektiv qonunlarni fantastik tarzda o’ylab topilgan obrazlar yordamida to’ldirish va tushuntirish oqibatida vujudga keladi. Xuddi shunday ibtidoiy inson o’zini, o’z urug’-qabilasi va boshqa etnoslarning kelib chiqishi, hayot kechirishi, o’zaro aloqalari, tarixiy o’tmishi va kelajak taqdirini, tabiatda ro’y bergan yirik o’zgarishlar, kataklizmlar yoki urug’-qabilalar turmushida sodir bo’lgan o’ta muhim, ular taqdirini belgilagan voqealarni asotir yordamida anglashga, tushuntirishga yoki oldindan bashorat qilishga intilgan.
Asotiriy tafakkur inson individualizmini, alohida inson manfaatlarini mustaqil ijtimoiy qadriyat sifatida tan olmaydi. U, shuningdek, tabiat va jami- yatdagi tasodiflarni inkor etadi. Fatalizm (qismat, inson taqdiri, voqea va hodisalar azaldan belgilab qo’yilgani) asotiriy tafakkurning muhim belgilaridan biridir. Shu sababdan qahramonlar taqdir zarbasini, yaqinlaridan judoligini mardonavor qabul qilar, o’zini yo’qotib, tushkunlikka tushib qolmas edi.
Alohida ibtidoiy odam yashash uchun kurashda muvaffaqiyatsizlikka mahkum edi. U faqat jamoa bo’lib xavf- xatarlarni bartaraf etishi, hayoti uchun kerakli narsalarni qo’lga kiritishi, saqlab qolishi mumkin edi. Uning tafakkuri va ijtimoiy aloqalari, urf-odatlar o’sha davr zaruratini o’zida aks ettirgan. Lekin asotiriy tafakkur doirasida shaxs o’zligini, o’z manfaatlarini mutlaqo anglamagan, degan xulosa kelib chiqmasligi kerak. O’zlikni anglash aqlli va bunyodkor mavjudot sifatida inson uchun doimo u yoki bu darajada xos bo’lgan. Ammo indi­vidualizm to’liq yoki qisman cheklangan, chunki urug’-jamoaning yashab qolishini ta’minlaydigan zarurat bilan bevosita bog’lanmagan. Ba’zi bir individual fazilatlar: jasurlik, topqirlik, ovda va jangdagi mohirlik yuqori baholangan. Aynan shunday kishilardan oqsoqollar, boshliqlar saylangan. Lekin shaxsiy manfaatga intilish shaklidagi individualizm tan olinmagan. Boz ustiga, individual «ayb» uchun jamoa javob bergan, o’ziga xos «jamoaviy javobgarlik» tamoyili qaror toptan va o’rta asrlargacha ba’zi bir masalalarda saqlanib qolgan.
Asotiriy tafakkurning eng muhim xususiyatlaridan yana biri uning siyosiy mazmundagi dunyoviy va diniy mafkuradan xoli ekanligidir. Asotiriy tafakkur tor ijtimoiy guruhlar, sinflar manfaatlarini aks ettirmaydi, zero, bu davrda odamlar o’rtasida ijtimoiy-sinfiy tabaqalanish yuz bermagan edi. SHu bois hokimiyat uchun kurash, hokimiyatni qo’llab-quvvatlash yoki muxoliflik g’oyalarini olg’a surish zarurati paydo bo’lmagan edi. Asotiriy tafakkur siyosat, siyosiy ong, davlat va huquq paydo bo’lishidan ancha avval shakllangan. Diniy ong elementlari ibtidoiy insonga xos bo’lsa-da, lekin diniy ta’limot, diniy tashkilot va u bilan bog’liq qat’iy ibodat marosimchiligi shakllanmagan. Diniy ehtiyojlar shomonchilik va sh.k. lar orqali qondirilgan. Shu bois asotiriy tafakkurda yaqqol diniy mazmun ko’zga tashlanmaydi.
Asotiriy tafakkur hozirgi zamon insoni, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy hayoti uchun xos bo’lmasa-da, asotirlarning o’zi yuksak qadriyat, ma’naviy meros durdonalari hisoblanadi. Asotirlar insoniyat yaratgan madaniy me- rosning ilk va eskirmas qatlami, umuminsoniy va milliy badiiy merosda tematika, syujet va ifoda vositalari borasida ulkan manba vazifasini o’tagan va bundan keyin ham o’tashi mumkin bo’lgan omil sifatida yuksak qadrlanadi. Zamonaviy adabiyotda va san’atda asotirga murojaat etish hollari ko’plab uchraydi. Masalan, Chin­giz Aytmatovning «Oq kema», «Asrga tatigulik kun», «Qiyomat», «Qulayotgan tog’lar (Mangu qaylik)» asarlarida asotiriy unsurlardan foydalanilgan. Zamona­viy ijodda asotir olamni idrok etish usuli sifatida emas, balki badiiy vosita - syujet unsuri yoki ifoda vositasi, birlamchi falsafiy-axloqiy model sifatida qo’llaniladi. Gabriel Garsia Markes va boshqa lotin amerikalik ayrim yozuvchilar haqida ham shunday deyish mumkin.

Download 0.6 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   80




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling