Milliy manaviy yangilanish,yuksalish,taraqqiyot omili


Ma’naviyat yuksalishining ijtimoiy ong va ijtimoiy munosabatlar rivojlanish darajasiga bog’liqlik qonuni


Download 0.6 Mb.
bet27/80
Sana31.01.2024
Hajmi0.6 Mb.
#1818875
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   80
Bog'liq
Davlat univer-fayllar.org

3. Ma’naviyat yuksalishining ijtimoiy ong va ijtimoiy munosabatlar rivojlanish darajasiga bog’liqlik qonuni. Uchinchi qonun to’g’risida shuni aytish mumkinki, ma’naviyatga e’tiqod (mifologiya, din, falsafa), axloq, adabiyot va san’at, ilm-fan, huquk, siyosat hamda ta’lim- tarbiya tizimi ulkan ta’sir ko’rsatadi. Ijtimoiy ong shakllarining ma’naviyatga ta’siri va munosabatlari qismlarning bus-butunlikka, tizim tarkiblarining yaxlit tizimga ta’siri va munosabati kabidir. Butunlikning qismlari, tizimning tarkibiy tuzilmalari takomillashsa, butunlik, tizim rivojlanadi va, aksincha. Masalan, viloyatlari, shahar, qishloqlari boy mamlakat kambag’al, qoloq bo’lmaydi. Boy va rivojlangan mamlakatlarning viloyatlari, shahar, qishloqlari qashshoqlikka, qoloqlikka yuz tutmaydi.
Ma’naviyat bus-butunlik, yaxlit tizimdir. Ijtimoiy ong shakllari esa uning tarkibiy qismlari, tuzilmalaridir. To’g’ri, butunlikning barcha qismlari, tizimning barcha tarkibiy tuzilmalari birdek, bir tekis rivoj- lanmaydi. Ayrimlari ortda qoladi, ayrimlari ilgarilab ketadi. Ammo ular o’rtasida o’ziga xos dinamik muvozanat qaror topadi. Lekin qismlar, tarkibiy tuzilmalar rivojlanishda bir-biridan tamomila uzilib qolmaydi. Har qanday qonun, aloqa, zarurat namoyon bo’lishi negizida me’yor turadi. Me’yor buzilsa, qonun ishlamaydi, hodisa o’z teskarisiga aylanadi. Ijtimoiy ong muayyan shaklining ma’naviyat tizimidagi o’rnini, ahamiyatini aniqlashda me’yorga rioya qilish nihoyatda muhim. Ma’­naviyat yaxlit tizim sifatida rivojlanishi uchun uning tarkibiy qismlari rivojlanishi kerak. Har bir tarkibiy qism rivojlanishi ma’naviyatning yaxlit tizim si­fatida rivojlanishiga ham, bu tizimga kiruvchi boshqa qismlar rivojiga ham (biriga ozroq, biriga ko’proq) yordam beradi.
E’tiqod, ijtimoiy ong shakllari, ta’lim-tarbiya tizimi, madaniyat, bo’sh vaqt va dam olish, bir tomondan, jamiyat taraqqiyoti mahsuli bo’lsa, ikkinchi tomondan, jamiyatni taraqqiy ettiruvchi omillardir. Ilm-fan, birinchi galda, tabiatshunoslik va texnika fanlari bevosita tabiat boyliklaridan foydalanish, ishlab chiqarishni taraqqiy ettirish, texnologiyalarni yuksaltirish uchun kerakli bilimlar beradi. Ijtimoiy-gumanitar fanlar insonning o’ziga, jamiyat, insoniy munosabatlarga, ularni takomillashtirishga oid bilimlar beradi. Ilm-fanning yana bir buyuk vazifasi - u odamlarning dunyoqarashini tarbiyalaydi va turli irim-sirimlardan, xurofotdan, xato, g’ayriilmiy qarashlardan xalos bo’lishiga xizmat qiladi. Shunday qilib, fan dunyoqarashning, e’tiqodning, yanada kengroq qarasak, butun ma’naviyat­ning ilmiy-intellektual negizini tashkil etadi.
Ilm-fan rivojlanmasa, olamning va insonning ko’p sirlari ochilmasdan qolar edi. Kundalik ong, oddiy hayotiy tajriba negizida vujudga kelgan mehnat ko’nikmalari va mahorati ibtidoiy va agrar jamiyatning ilk bosqichidan yuqoriroqqa ko’tarilish imkonini bermas, inson iqtisodiy muhtojlikdan, oddiy kasallikdan ko’p azob chekar edi. Bunday sharoitda insonning o’zligini anglash darajasi pastligicha qolib, o’z oldiga bir amallab kun ko’rishdan boshqa maqsadlarni qo’ya olmas edi.
Fan va din o’rtasida asrlar mobaynida davom etgan bahs, odamlar ongi, dunyoqarashi uchun kechgan kurash ma’naviyat rivojlanishi ziddiyatli bo’lishiga olib kelgan. Ba’zan unda me’yor buzilib, fanga bepisand qaralsa, din ustunlik qilsa, mutaassiblik unsurlari, xurofot va bid’at ko’paygan. Bu turg’unlikka sabab bo’lgan.
Adabiyot va san’at inson ongi-tafakkuri jilolanishi, evrilishlari, ruhiy kechinmalari ulug’vorligi-yu tubanligi, ularning har xil qirralari, imkoniyatlari to’g’risida obrazli bilim beradi. Odamlarning tuyg’ularini tarbiyalaydi, e’tiqodini, ma’naviy dunyosini insonparvarlik, ezgulik, go’zallik, adolat, ishq, muhabbat, vatanparvarlik va shu kabi g’oyalar bilan boyitadi, baland marralarni egallashda ilhom beradi. Adabiyot va san’­at jamiyatning, odamlar ongining, axloq va huquqning, siyosatning ezgulik, insof, adolat, rahm-shafqat, mehr-oqibat, go’zallik kabi qadriyatlar, ijtimoiy ideallar bilan boyishida, ma’naviy erkinlik o’sishida ulkan rol o’ynaydi. Adabiyot va san’atning ma’naviyatga ta’siri uning bilim bershi, estetik ehtiyojlarni qondirish va tarbiyalash vazifalaridan kelib chiqadi.
O’zlikni anglash faqat o’tmishni bilishga taalluqli emas. U o’zining bugungi ahvolini, muammolarni, tahdid solayotgan ma’naviy xavf-xatarlarni hamda kelajak bi­lan bog’liq maqsad va vazifalarni anglashni ham bildiradi. Milliy o’zlikni anglatishda badiiy adabiyotning oldiga na fan, na din, na axloq, na huquq tusha oladi. Ba­diiy obraz millatning yulduzli onlari, bosqinchilarga qarshi matonatli kurashi, buyuk farzandlari shonli g’alabalari va madaniy yutuqlarini konkret-obrazli tasvirlab, milliy g’ururni tarbiyalaydi. Xalq boshiga tushgan fojealarni, alamlarni, ularning sabablarini jonlantirib, saboq chiqarishga undaydi. Mavjud kamchiliklar va illatlarni, ma’naviy xavf-xatarni yoki ulug’vor maqsadlarni his qilish darajasida tushunarli va ishonchli qilib tasvirlaydi, ifodalaydi. Ukuvchida qabihlikka, tubanlikka nisbatan nafrat, xalollik va mardlikka nisbatan mehr-muhabbat, intilish uyg’otadi.
Jadidlar ijodi, Abdulla Qodiriyning «O’tkan kunlar» va «Mehrobdan chayon» romanlari, Cho’lpon va Fitrat she’rlari o’tgan asrning 20-30-yillarida xalqimiz o’zligini anglashida beqiyos ahamiyat kasb etgan edi. 60-80- yillarda Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Rauf Parfi, Omon Matjon she’rlari xalqimizning yangi avlodiga ajdodlari kim ekanligini, ularga munosib bo’lish lozimligini yana eslatdi. Xalq g’ururini yana bir pog’ona ko’tardi.
Adabiyot va san’atda milliylik va umuminsoniylik, yovuzlikni, tubanlikni qoralash, ezgulikni, go’zallikni ulug’lash, insonga saboq beradigan har xil obrazlarni, jozibali ideallarni tasvirlash birlashib ketgan, badiiy ijodning mazmunini tashkil etadi. SHu sababdan jamiyat ma’naviyatiga yuksak xalqparvar adabiyot va san’at ko’pchilik ijtimoiy ong shakllariga nisbatan kuchliroq ta’sir ko’rsatadi. Adabiyot va san’atning yaxlit ma’naviyat doirasida ilm-fanga, dinga, axloqqa, siyosiy ongga, huquqqa ta’siriga bir necha dalil keltiramiz. Tasavvuf tariqatlarining aksariyat asoschilari, yirik shayxlari o’z g’oyalarini yoyishda badiiy so’zdan foydalanganlar. Ulardan Yassaviy, Attor, Rumiy, hattoki, mumtoz shoirlar hisoblanadi. Garchi shoirlik ular uchun asosiy kasb bo’lmasa-da, Navoiyning fikricha, Attor va Rumiyning (shuningdek, Hazrati Alining) she’r yozishdan maqsadlari adabiyot emas, balki ilohiy sir-asrorni bilishdir.
Amerikalik adiba Bicher Stou XIX asr o’rtalarida «Tom tog’aning kulbasi» degan roman yozgan. Roman AQSH siyosiy va huquqiy ongida alg’ov-dalg’ov ko’tarib yuborgan. Oradan biroz vaqt o’tgach, AQSHning shimoliy shtatlari, janubiy shtatlariga qarshi qullikni bekor qilish uchun urush boshlagan. Albatta, AQSHdagi fuqarolar urushining sababi Bicher Stou romani emas, ammo u shimollik fuqarolar, boshqa barcha halol, mard insonparvar va vatanparvar kishilarni quldorlikka qarshi kurashga ilhomlantirgani - haqiqat.
Ilm-fanning, adabiyot va san’atning, demokratik qadriyatlarning, huquqiy ongning, ularni tarkatuvchi OAVning rivojlanishi jamiyat ma’naviyatini yuksaltiradi, ijtimoiy munosabatlarni insonparvarlashtiradi, ijtimoiy-ma’naviy va siyosiy muhit yaxshilanadi, huquqning adolatliligi kuchayadi. Natijada, odamlar­ning ijodkorligi, yaratuvchilik tashabbuslari o’sadi.
Ilm-fani, adabiyot va san’ati yaxshi rivojlanmagan, dunyoviy va diniy e’tiqodi ziddiyatlarga to’la, ongi xurofot va bid’at botqog’iga cho’kib qolgan xalq ma’naviyati qoloqlikka mahkum, zero unda ma’naviy ehtiyojlar yuk- salmay qoladi. Bunday xalq turli soxta va buzg’unchi g’oyalarning, siyosiy igvolarning, har-xil mish-mishlarning tuzog’iga tez tushadi. E’tiqod, teran dunyoqarash, axloq, insonning o’z huquq va manfaatlarini yaxshi anglashi, siyosiy va iqtisodiy manfaatlariga oid bilimlari va ijtimoiy faolligi uni ma’naviy taxdidlardan himoya qilibgina qolmay, unga fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, davlat idoralari va mansabdor shaxslar faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o’rnatish imkonini beradi.
Huquqiy va siyosiy ong yuksalishi jamiyatda inson huquqlari va erkinliklari, demokratiya va fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlaydi. Va, aksincha. Huquqiy va siyosiy ong turg’unligi, mutaassibligi, erkin emasligi jamiyat ma’naviyatini kuchsizlantiradi. Tafakkur erkinligi, so’z va e’tiqod erkinligi, inson hukuklari va erkin­liklari darajalari jamiyat ma’naviy taraqqiyotining muhim ko’rsatkichlaridan hisoblanadi. Totalitar jami­yatda biz na tafakkur erkinligiga, na inson huquqlari va erkinliklari etarlicha ta’minlanishiga, na fikrlar va mafkuralar xilma-xilligiga guvoh bo’lamiz. Hamma bir xil fikrlashi, o’ylashi va yashashi, bir goyaga, bir dohiyga sig’inishi zarur. Totalitar jamiyat ma’naviyati o’ta cheklangan, biryoqlama, u sun’iy puflab shishirilgan ma’naviyatdir.
Ma’naviyat rivojlanishi, ko’rinib turibdiki, moddiy-tamadduniy taraqqiyotdan tashqari, odamlarning dunyoqarashi kengayishi, ilmiy-falsafiy va diniy e’tiqodi, bilimlari o’sishi, ongi xurofotlarga, bid’- atga, turli irim-sirimlarga qaram bo’lib qolmasligiga, ilmiy, badiiy tafakkuri, xuquqiy va axloqiy ong o’sishiga ham bogliq.
G’arb axloqida keskin individualizm, inson erkinliklari va huquqlarini formal tushunish natijasida qayd etilgan kamchiliklar ko’payib borayotganiga qaramasdan, uning biz o’rganishimiz lozim bo’lgan jihatlari bor. Birinchidan, G’arbda inson shaxsi bilan hisoblashish, uning daxlsizligi va muxtoriyligini tan olish o’ta yuqori. Oddiy fuqaro o’zini inson sifatida mamlakatning boshlig’idan kam ko’rmaydi. Ikkinchidan, o’zgacha fikrlarga, qarashlarga toqat qilishni, ularga qo’shilmasak-da, ularni tanqid qilsak-da, hurmat ko’rsatishni o’rgansak arziydi. Ko’pincha boshliq fikriga qarshi chiqqan xodim quvg’inga uchraydi, ishdan ketadi. Biz hali to’liq qutilib ulgurmagan avtoritar tafakkur inson qarashlari erkin- ligini, mafkuraviy plyuralizmni tan olmaydi. Maishiy darajada kattalar, keksalar fikriga qarshi chiqqan yoshlar yaqin-yaqingacha mahmadona, odobsiz nomini olgan. Avtoritar tafakkur va me’yorlar Sharq xalqlarini asrlar davomida turg’unlikka mahkum etdi.
Uchinchidan, G’arb huquqiy ongi va madaniyatidagi qonun ustuvorligi, barcha birdayligi, demokratiya va huquqiy davlat tamoyillari amaldorlarning o’zboshimchaligini, davlat idoralari va huquq organlari zo’ravonligini ancha cheklaydi. Inson huquqlarini (korxona va tashkilotlar huquqlarini ham) yuzaga chiqarishda, fuqaro va davlat munosabatlarini tartibga solishda o’zaro tiyib turish mexanizmi vujudga kelishi uchun sha- roit yaratadi.
Shu o’rinda haqli bir savol tug’iladi. Nega g’oyaviy kurash, mafkuraviy taxdidlar va axborot xuruji, odamlar ongi bilan manipulyasiya qilish mavjud va yildan-yil kuchaymoqda? Nega odamlarning siyosiy, huquqiy, diniy ongini, ma’naviyatini o’ziga buysundirishga, o’z izmiga solishga urinayotgan doiralar soni kamaymayotir? Chunki bunda manfaatdorlik bor. Agar insonning voqelikka, hayotga, sodir bo’layotgan voqealarga, o’z kelajagiga munosabati, qadriyatlar tizimi va mo’ljali ijtimoiy ong shakllari rivojiga, mazmuniga bog’liq bo’lmaganda, g’oyaviy kurashlarga, axborot xurujlariga va boshqa ma’naviy-mafkuraviy taxdidlarga o’rin qolmas edi. G’arbning manfaatdor doiralari geosiyosiy hukmronlikka intilmoqda, neokolonializm va neoimperializmning yangicha ko’rinishini qaror toptirmoqchi. Rivojlanayotgan mamlakatlardagi shunday doiralar o’z mamlakatlarida hokimiyatni va tabiiy boyliklarni qo’lga olmoqchi. Ushbu maqsadda ular odamlarning ne­okolonializm va neoimperializmga, ijtimoiy adolatsizlikka qarshi tuyg’ularidan foydalanishga harakat qilib, ekstremistik kayfiyatni oziqlantirmoqda, siyosiy barqarorlikni, tinchlikni buzmoqda.
Ichki nizolar, urush olovida qolgan, ocharchilikdan qiynalayotgan aholi orasida ommaviy muhojirlik avj olmoqda. Bular ijtimoiy ongni, ma’naviyatni deformatsiyaga uchratmoqda. Eng fundamental qadriyat - inson hayoti va qadr-qimmati tobora pasaymoqda. G’arbda ilg’or ziyolilar tomonidan ancha targ’ib etilgan, katta umidlar bog’langan multikulturalizm g’oyasi va siyosati kutilgan natijalarga olib kelmadi. Aksincha, muhojirlar ko’payib ketgan davlatlarda ma’naviy muhit yomonlashib, shovinizm va neofashizm, o’ng radi­kal kuchlar faollashuvi kuzatilmoqda. Muhojirlarning salmoqli qismi yangi «vatanlaridagi» urf-odatlarni, qoidalarni, axloqiy, huquqiy, siyosiy me’yorlarni qabul qilmasdan, tub xalqdan mahdudlashmoqda. Bu mahalliy aholi va muhojirlar o’rtasida turli xil nizolarni keltirib chiqarmoqda. Muammoli mintaqalar jabrdiydalari orasida esa mahalliy millatchilik, barcha salbiy hodisalarda G’arbni ayblash, ayrimlarida o’ch olish kayfiyati o’smokda.
Ma’naviy tahdidlarga, axborot xuruji va g’oyaviy kurashga dosh berish, ommaviy madaniyatning «kitch» qismining salbiy ta’siridan himoyalanish mafkuraviy immunitetni, siyosiy va diniy bag’rikenglikni tarbiyalashni taqozo etadi. Mazkur zarurat, birinchi galda, jamiyat qay yo’sinda, qaysi yo’nalishda rivojlanishining ma’naviyatga bog’liqligidan kelib chiqadi. Ma’naviyatning yuksalishi, o’z navbatida, ijtimoiy ongda qaysi g’oyalar, qaysi qadriyatlar ustun bo’lishiga borib taqaladi. Ij­timoiy ong shakllarining barqaror o’rtacha darajasi jamiyat ma’naviyati rivojlanishining umumiy saviyasini belgilaydi.
Ijtimoiy ong shakllaridan har biri o’z xususiyatlariga muvofiq ma’naviyatga ta’sir ko’rsatadi. Ularning har birini o’rganish alohida tadqiqotlarni talab qiladi. Qo’lga kiritilgan barcha yutuqlarni inson bolasi ta’lim-tarbiya vositasida vujudga keladigan va muttasil o’sib boradigan ma’naviy ehtiyojlarini qondirish orqali o’zlashtiradi. Shunday qilib, ma’naviy yuksalish insonning pozitiv bilimlari o’sishi, jamiyatda e’tiqodiy, ilmiy, siyosiy hurfikrlik, inson huquqlari, tafakkur erkinligi rivojlanishi va ta’lim-tarbiya tizimi takomillashishi bilan bog’liq.
Ta’kidlash lozimki, yuqorida qisqacha ko’rib chiqilgan ma’naviyat yuksalishining uchchala qonuni bir jarayonning turli tomonlarini ochib beradi. Ular bir-biridan ajralgan holda mavjud emas va alohida faoliyat ko’rsatmaydi. Har uchchala qonun birgalikda, bir paytda harakat qiladi va namoyon bo’ladi. Ular yaxlit jarayon - jamiyat va inson ma’naviyati rivojlanishining turli jihatlarini, umumiy mexanizmini (qonuniyatini) ifodalaydi.



Download 0.6 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   80




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling