Moliya bozori va moliyaviy texnologiyalar” fanidan kurs ishi mavzu: Moliya bozori modellarining O’zbekistonda qo’llash istiqbollari
Moliya bozori va uning tarkibiy tuzulishi
Download 494.19 Kb.
|
Abdulloyev U. Moliya bozori kurs ishi
1. Moliya bozori va uning tarkibiy tuzulishi.
Moliya bozori modeli – iqtisodiyotni moliyalashtirishning turli usullari va turli moliyaviy vositachilar rolining ahamiyatiga bogʻliq holda bozorni tashkil etish tipidir. Iqtisodiyotni moliyalashtirishning ikkita asosiy usuli mavjud boʻlib, ular bank kreditlari yordamida moliyalashtirish hamda qimmatli qogʻozlar bozori orqali moliyalashtirishdir. Bank kreditlari yordamida moliyalashtirish kontinental Yevropada moliyalashtirishning asosiy usuli hisoblanadi. Bunda moliyaviy resurs jalb qilish maqsadida bankka murojaat qiladi. Bank kompaniya moliyaviy holatini tekshiradi, taqdim etgan loyihasi va uning samaradorligini ijobiy baholaganda boshqa shartlarning ham bajarilishini inobatga olgan holda kredit ajratadi. Tegishli talablar bajarilmagan yoki taqdim etilgan loyihalar ijobiy baholanmagan holatlarda, shuningdek loyihalar yuqori riskli deb topilganda banklar moliyalashtirish boʻyicha arizaga rad javobini berishi mumkin. Bundan tashqari faoliyatni moliyalashtirish boʻyicha bir necha kreditlarni moliyalashtirish murakkab jarayon ekanligini ham shu oʻrinda qayd etib oʻtish lozim. Bank stavkalari yuqoriligi, alohida bank tomonidan mustaqil ravishda yirik summada kredit berish imkoniyati pastligi bunday amaliyotning kamchiliklari hisoblanadi. Banklar tomonidan kreditlashning kamchiliklari oʻz navbatida kompaniyalar tomonidan qimmatli qogʻozlar bozori orqali mablagʻlar jalb qilishni rivojlantirishga zaruratni yuzaga keltiradi. Qimmatli qogʻozlar bozori orqali moliyalashtirish Amerika qoʻshma shtatlarida va Buyuk Britaniya kabi mamlakatlarda iqtisodiyotni moliyalashtirishning asosiy usuli hisoblanadi. Bunda kompaniyalar qimmatli qogʻozlar muomalaga chiqaradi va kapital jalb qilish uchun ularni bozorda sotadi. Qimmatli qogʻozlar bozoridan mablagʻlar jalb qilish kapital jalb qiluvchi uchun quylay boʻlsada, loyihalarni moliyalashtirish uchun qimmatli qogʻozlardan foydalanish har doim ham qulay hisoblanmaydi. Chunki bank kreditini jalb qilish uchun faqatgina bank ishonchini qozonish yetarli boʻlsa, qimmatli qogʻozlar orqali kapital jalb qilish koʻplab investorlar ishonchini qozonishni talab qiladi. Bunda investorlarni loyihaning samaradorligi va eng asosiysi emitentning investorni muntazam ravishda daromad bilan taʼminlashiga ishontira olishi lozim boʻladi. Qimmatli qogʻozlar bozoridan mablagʻlar jalb qilish quyidagilar bilan bevosita bogʻliq: emitent investorlar uchun ochiq va nufuzli boʻlishi lozim, uning loyihalari, moliyaviy hisobotlari va koʻrsatkichlari tanishish uchun qulay boʻlishi lozim; jalb qilinadigan kapital kreditga nisbatan arzonga tushishi lozim. Buning uchun odatda qimmatli qogʻozlar chiqarish orqali katta miqdorda kapital jalb qilishga alohida eʼtibor qaratiladi. Yuqoridagilardan ham koʻrinib turibdiki, turli mamlakatlarda iqtisodiyot va moliya sohasi rivojiga koʻra jahonda moliya bozorining bank va qimmatli qogʻozlar bozoriga asoslangan ikkita asosiy modeli shakllanganligi tilga olinadi. Bu modellar odatda insayderlik va autsayderlik modellari, nemis va ingliz modellari sifatida ham tilga olinadi. Moliyaviy sxemalar va munosabatlardagi yaqqol farqlarning yuzaga kelganligidan kelib chiqqan holda moliya bozorining islom modeli ham keyingi paytlarda alohida qayd etilmoqda. Bank modeli – bank tomonidan moliyalashtirishga asoslangan tizim boʻlib, Germaniya, Fransiya, Yaponiya va boshqa dunyoning koʻplab mamlakatlarida keng qoʻllaniladi. Oʻzbekistonda ham moliya bozori banklar tomonidan moliyalashtirishga ustuvor ahamiyat berilgan boʻlsada, maʼlum bir farqli jihatlar mavjudligini qayd etish lozim. Mazkur modelning asosiy xususiyatlari quyidagilar: tijorat banklari moliyaviy vositachilar (broker, diler, anderrayter) funksiyalarini bajaradi; kreditlash mexanizmlari orqali kompaniyalarni uzoq muddatli moliyalashtirish ustunlik qiladi; mulkchilikning yuqori ulushi guruhlar qoʻlida jamlanadi. Bunda davlat va yirik korporativ tuzilmalar ulushi yuqori hisoblanadi; qimmatli qogʻozlarni qoʻshimcha joylashtirish yopiq xarakterga ega; aksiyadorlik kapitali tarkibi nazorat paketi va vertikal ishtirok etishga asoslanadi; bir foizgacha kapitalga egalik qiluvchi mayda aksiyadorlar kamchilikni tashkil qiladi, shuningdek kollektiv investitsiyalash institutlari faoliyati mayda investorlar faoliyatida ahamiyat kasb etadi. Autsayderlik, anglo-amerika modeli kabi nomlar bilan ham ataluvchi nobank modeli – qimmatli qogʻozlar bozoriga yoʻnaltirilgan va institutsional investorlar (sugʻurta kompaniyalari, investitsiya va pay fondlari) tizimidir. Mazkur modelning asosiy xususiyatlari quyidagilar: qimmatli qogʻozlar bozorida moliyaviy vositachilar funksiyalarini nobank moliyaviy institutlar, qimmatli qogʻozlar boʻyicha tashkilotlar (birjalar, vositachilik tashkilotlari va hokozolar) bajaradi; banklar va ularning filiallari yoki vakolatxonalariga qimmatli qogʻozlar bozorida mijozlar uchun operatsiyalarni amalga oshirishlari taʼqiqlangan; qimmatli qogʻozlar asosan koʻplab mayda mulkdorlar oʻrtasida birja mexanizmlari orqali joylashtiriladi; aksiyadorlik kapitali tarqoq boʻlib, mayda xususiy investorlar ulushi aksiyadorlik kapitalining 50 foizidan yuqorini tashkil etadi; xususiy investorlar oʻrtasida moliyaviy aktivlar savdosi uchun bozor sifatida fond birjalarning rivojlanganligi; kompaniyalarni moliyalashtirishda qarz majburiyatlariga nisbatan aksiyalar bozorining ustunlikka egaligi. XX asr oxiri – XXI asr boshiga kelib koʻplab Yevropa mamlakatlari moliya bozorlari anglo-amerika modeli xususiyatlarini oʻzlashtira boshladilar. Natijada moliya bozorining anglo-amerika va kontinental modellari oʻzaro yaqinlashuvi yuz berdi. Moliya bozorining islom modeli asosan moddiy manfaat, iqtisodiy foydadan oldin axloq qadriyatlari ustunligiga asoslanadi. Bu tizim XX asr oxirlarida arab davlatlarida neft eksportidan yuqori daromadga bogʻliq holda shakllangan. Aynan neft eksporti boʻyicha yuqori daromad tufayli kelib tushgan pul mablagʻlarini qanday saqlash masalasi yuzaga kelgan. Bungacha tushumlar miqdori past boʻlganligi sababli, mablagʻlar anʼanaviy banklarda saqlanar edi. Islom modelining asosiy xususiyatlari quyidagilar: foiz undirishga taʼqiq mavjudligi. Lekin bunday taʼqiq faqat banklar uchun daromadlar kafolatgan holda amal qiladi; ulush asosida ishtirok etishdan yoki ijaradan daromad olish imkoniyatlari; obligatsiyalar bozorining mavjud emasligi. Lekin obligatsiyaning maxsus turi loyihani moliyalashtirishdagi ulushi asosida daromad olish imkonini berish orqali amal qiladi. azart oʻyinlari, alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish bilan bogʻliq biznesga investitsiyalar kiritishga taʼqiq qoʻyilganligi; hosilaviy moliyaviy instrumentlarning mavjud emasligi. Masalan, pishib yetilmagan bugʻdoy uchun ham hosilaviy instrumentlar qoʻllanilishi mumkin emas; nochorlarga yordam prinsiplari amal qilishi. Bunda har bir islom banki va uning mijozlari zaxira kapitali va foydasi hisobidan kambagʻal musulmonlar foydasiga islom soligʻi ajratish asosida maxsus fond tashkil etadi. Umumiy holda taʼkidlash mumkinki, moliya bozori modellari maʼlum darajada korporativ madaniyatga ham bevosita bogʻliq. Aksiya – bu uning egasi hissadorlik jamiyati kapitaliga oʻzining maʼlum hissasini qoʻshganligiga va uning foydasidan dividend shaklida daromad olish huquqi borligiga guvohlik beruvchi qimmatbaho qogʻozdir. Bundan tashqari, aksiya korxonani boshqarishda qatnashish huquqini ham beradi. Aksiya (frans. action – farmoyish; ruxsatnoma, faoliyat) – aksiyador jamiyat chiqargan qimmatbaho qogʻoz. Oʻz egasining aksiyadorlar jamiyati kapi-talida hissasi borligini va shunga muvofiq, topilgan foydaning bir qismini divi-dend shaklida olishini, uni boshqarishda ishtirok etish huquqini tasdiqlaydi. A. qimmatli qogʻozlarning keng tarqalgan qismi, hissabay qogʻozlar turkumiga kiradi. A. chiqargan jamiyat emmitent, uni sotib olganlar esainvestorlar deb ataladi. A. dastlab emmitent tomonidan birlamchi bozorda sotiladi, soʻngra u ikkilamchi bozorda (fond bozorida) qaytadan oldisotdi etiladi. A. bevosi-ta emmitent yoki vositachilar tomonidan sotiladi. Oʻzbekistonda A. aholiga xu-susyiylashtirish investitsiya fondlari (XIF) va ularga qarashli maxsus maga-zinlarda sotiladi. Oʻzbekistonda 1997-yil 5 ta investitsiya fondi ishladi.A. davlat korxonalari aksiyador ja-miyatlarga aylantirilgan chogʻda va yangidan aksiyadorlar jamiyatlari tuzilgan paytda chiqariladi. Oʻzbekistondagi A. davlat mulkini aksiyadorlash jarayonida 1989-yildan boshlab chiqarilgan. A. egasining nomi yozilgan va taqdim etgan kishiga tegishli A.ga boʻlinadi. Oʻzbekistonda aholi orasida birinchi turdagi A. tarqalgan. A. oddiy va im-tiyozli turlarga boʻlinadi. Oddiy A. dividend miqdori kafolatlanmagan, lekin aksiyadorlar majlisida ovoz berish huquqini ta’minlovchi A.; imtiyozli A. dividend oldindan belgilangan, lekin ovoz berish huquqini ta’minlamaydigan A. egasining oʻzida yoki depozitariylarda saqlanadi. Mac, 1995-yilda ‘Vaqt’ milliy depozitariysida 2040 aksiyadorlik jamiyatlarining umumiy nominal miqdori 4 mlrd. soʻmlik aksiyalari saqlandi. Aksiyalar maxsus tovar sifatida sotiladi va sotib olinadi, shu sababli oʻzining narxiga ega. Aksiyada ifodalangan pul summasi uning nominal qiymati deyiladi. Aksiyaning fond bozorida sotiladigan narxi aksiya kursi deb atalib, u olinadigan dividend miqdoriga toʻgʻri mutanosib, foiz miqdoriga esa teskari mutanosiblikda boʻladi. Xaridor aksiyani undan olinadigan daromadi bankka qo’yilgan puldan keladigan foizdan kam boʻlmagan taqdirdagina sotib oladi. aksiya aksiyadorga 2 xil huquqni beradi: 1) mulkiy huquq. 2) nomulkiy huquq. aksiyalarni ro’yxatga olish bo’yicha fond bozorida qayd etilgan va qayd etilmagan turlari bor. Aksiyalar investorni quyidagi xususiyatlari bo’yicha jalb qiladi: 1. Ovoz berish. 2. Kapitalni o’sishi. 3. Qo’shimcha imtiyozlar. 4. Keyingi emissiyaga yozilish huquqi. 5. Mulkka egalik qilish huquqi Korxonalarda moliyaviy ta’minot uzluksizligini ta’minlash takror ishlab chiqarish jarayonining davomiyligiga xizmat qiladi. Faoliyatni moliyaviy ta’minlash oʻz va qarz mablagʻlari hisobiga amalga oshirilishi mumkin. Oʻz navbatida, moliyaviy ta’minotning oʻz va qarz manbalari ham qator xususiyatlariga koʻra tasniflanadi. Jumladan, korxonalarning oʻz manbalari hisobiga moliyalashtirish shakllari sifatida ichki va tashqi moliyalashtirish manbalari keltiriladi. Oʻz mablagʻlarining ichki manbalari moliyaviy-xoʻjalik faoliyati jarayonida shakllantiriladi va har qanday korxonada muhim ahamiyat kasb etadi va oʻz-oʻzini moliyalashtirish qobiliyati sifatida baholanadi. Shunday ekan, korxona oʻz moliyaviy talablarini toʻliq yoki zaruriy darajada qoplay olishi qoʻshimcha kapitalni jalb qilish boʻyicha talabning kamayishi va mablagʻlar jalb qilish bilan bogʻliq risklarni pasaytirish hisobiga iqtisodiy oʻsish uchun qulay imkoniyatlar va sezilarli darajada raqobatdagi ustunlikka ega boʻladi. Har qanday tijorat korxonasida moliyalashtirishning asosiy ichki manbalari sifatida sof foyda, amortizatsiya ajratmalari, foydalanilmayotgan aktivlarni sotish yoki ijaraga berish va boshqalarni keltirish mumkin. Hozirgi sharoitda korxona ixtiyorida qolgan foydasini mustaqil taqsimlaydi. Foydadan toʻgʻri foydalanish korxonaning istiqboldagi rivojlanish boʻyicha rejalarini amalga oshirish, shuningdek, mulkdorlar, investorlar va xodimlar manfaatdorligini ta’minlash imkonini beradi. Umumiy holatda foyda qanchalik koʻproq moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini kengaytirishga yoʻnaltirilsa, qoʻshimcha moliyalashtirishga boʻlgan talab shunchalik kamroq boʻladi. Taqsimlanmagan foyda miqdori xoʻjalik faoliyati rentabelligi, shuningdek, mulkdorlarga toʻlovlar boʻyicha munosabatlarga qaratilgan korxona siyosati (dividend siyosati)ga bogʻliq. Foydani reinvestitsiyalashning afzalliklari sifatida quyidagilarni keltirish mumkin: - tashqi manbalardan kapital jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlarning oldi olinishi; - mulkdorlar tomonidan korxona faoliyati ustidan nazorat qilishning saqlab qolinishi; - moliyaviy barqarorlikni oshirish va tashqi manbalardan mablagʻlar jalb qilish uchun qulay imkoniyatlar yuzaga kelishi. Oʻz navbatida, mazkur manbadan foydalanishning kamchiliklari sifatida koʻrsatkichlarning oʻzgaruvchanligi va chegaralanganligini, prognozlashning murakkabligini, shuningdek, korxona boshqaruvi tomonidan korxona faoliyatiga ta’sir qiluvchi tashqi omillar (bozor kon’yukturasi, iqtisodiy sikl fazasi, talab va narx oʻzgarishi va boshqalar) bilan bogʻliq jihatlarni nazorat qilish imkonini bermasligi kabilarni keltirish mumkin. Amortizatsiya ajratmalari korxonalarda oʻz-oʻzini oʻzida aks ettirib korxona xarajatlariga kiritiladi, sotilgan mahsulot va xizmatlar hisobiga tushgan pul mablagʻlari tarkibida mavjud boʻladi. Ularning asosiy vazifasi asosiy vositalar va nomoddiy aktivlarni qayta sotib olish uchun imkoniyat yaratishdan tashqari takror ishlab chiqarish jarayonini kengaytirish ham hisoblanadi. Moliyalashtirish manbasi sifatida amortizatsiya ajratmalarining afzalligi shundaki, u korxonaning har qanday moliyaviy holatida amal qiladi va har doim oʻz ixtiyorida qoladi. Investitsiyalarni moliyalashtirish manbasi sifatida amortizatsiya miqdori koʻp jihatdan davlat tomonidan oʻrnatilgan tartibga, shuningdek, tanlangan hisoblash usuliga bogʻliq. Amortizatsiya hisoblashning tanlangan usuli korxona hisob siyosatida qayd etiladi va asosiy vositadan foydalanish muddati davomida qoʻllaniladi.Tezlashtirilgan amortizatsiya hisoblash usullarini qoʻllash asosiy vositalardan foydalanishning dastlabki yillarida amortizatsiya ajratmalarini yuqori miqdorda hisoblash va bu oʻz navbatida, qoʻshimcha aylanma mablagʻni korxona ixtiyorida qoldirish imkonini beradi. Ayrim holatlarda foydalanilmayotgan asosiy vositalar va nomoddiy aktivlarni sotish yoki ijaraga berish hisobiga ham oʻz moliyaviy resurslarini shakllantirish mumkin. Lekin bu amaliyot bir martalik xususiyatga ega hisoblanadi va pul mablagʻlarini tizimli ravishda jalb qilish imkonini bermaydi. Korxonaning oʻz-oʻzini moliyalashtirish (self financing – SF) qobiliyatini baholash uchun va mos davrlar boʻyicha uning miqdorini prognozlash quyidagi formuladan foydalangan holda aniqlanishi mumkin. Download 494.19 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling