O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga quyidagi huquqlar berilsin: - o‘z vakolatlari doirasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, xo‘jalik yurituvchi subyektlarga va ularning mansabdor shaxslariga monopoliyaga qarshi qonun hujjatlari, tabiiy monopoliyalar haqidagi, bankrotlik to‘g‘risidagi, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi, reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishlarini to‘xtatish yoki ularning oqibatlarini bartaraf etish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berish hamda berilgan yozma ko‘rsatmalarning bajarilishini nazorat qilish;
- da’vo va ariza bilan sudga murojaat qilish, shuningdek, monopoliyaga qarshi qonun hujjatlari, tabiiy monopoliyalar, bankrotlik, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hamda reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining qo‘llanishi va buzilishi bilan bog‘liq ishlarni sudda ko‘rib chiqishda qatnashish;
- xo‘jalik yurituvchi subyektlarga va ularning mansabdor shaxslariga, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining mansabdor shaxslariga qonun hujjatlarida belgilangan holatlarda va tartibda jarimalar solish;
- iste’molchilarning o‘z huquqlari kamsitilganligi to‘g‘risidagi ariza va shikoyatlari yuzasidan korxonalar va tashkilotlarni (ularning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatidan tashqari) Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish Respublika kengashi bilan kelishgan holda tekshirish.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va tadbirkorlik subyektlarining Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik korxonalari uyushmasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin va uning zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin: - kichik biznes va tadbirkorlik korxonalarini modernizatsiya qilish va texnologik jihatdan qayta jihozlashda, ushbu maqsadlar uchun xorijiy investitsiyalar va kredit resurslarini keng jalb etishda ko‘maklashish;
- marketing tadqiqotlarini tashkil etish, kichik korxonalar tomonidan ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshli bo‘lgan mahsulotlarning yangi turlari ishlab chiqarilishini o‘zlashtirishda hamda ularni jahon va mintaqa bozorlariga kiritishda ko‘maklashish;
- uyushma tarkibiga kiradigan korxonalar va tashkilotlarga axborot xizmatlari ko‘rsatish, kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari uchun kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishni tashkil etish.
Do'stlaringiz bilan baham: |