Muallif: Iskandarov Sh. Aliquli Amirlashkarning davlat arbobi sifatida shakllanishi va Qo‘qon xonligi siyosiy hayotidagi faoliyati Annatatsiya


Download 103.5 Kb.
Sana17.01.2023
Hajmi103.5 Kb.
#1097934
Bog'liq
Aliquli Amirlashkarning davlat arbobi sifatida shakllanishi maqola


Muallif:Iskandarov Sh.


Aliquli Amirlashkarning davlat arbobi sifatida shakllanishi va Qo‘qon xonligi siyosiy hayotidagi faoliyati
Annatatsiya
O’z davrining yetuk davlat arbobi,o’zbek davlatchiligida o’z o’rniga ega bo’lgan vatan taraqqiyoti va ozodligi uchun kurashgan sarkarda Aliquli Amirlashkar hayoti uning Qo’qon xonligida siyosiy arbob va yirik sarkarda bo’lib yetishishi,davlat ravnaqi yo’lida amalga oshirgan ishlari haqidagi malumotlar asosida maqola yoritiladi.
Tayanch tushunchalar:Amirlashkar,Ho’qand,Dodxoh, harbiy bosqinchilik, Shahrbonu, qipchoq, Chimyon, otaliq
O‘zbek davlatchiligi tarixi o‘zining uzoq davom etgan ko‘p asrlik taraqqiyoti davomida turli tarixiy jarayonlarni boshidan kechirdi. Bu jarayonda Turkiston xalqlari o‘zligini, o‘z madaniyati va qadr-qimmatini mardonavor himoya qildi, uning yo‘q bo‘lib ketishiga yo‘l qo‘ymadi va kelajak avlodlarga еtkazib berishga erishdi. Bunda o‘zbek xalqining jahonga mashhur Imom al-Buxoriy, Beruniy, Xorazmiy kabi olimlari, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi sarkardalari bilan bir qatorda o‘z vaqtida xalq tomonidan katta hurmatga sazovor bo‘lgan farzandlari ham katta jonbozlik ko‘rsatgan edilar. Turkistonning shunday shijoatli va vatanparvar farzandlaridan biri Aliquli Amirlashkar Hasanbiy o‘g‘li (1831-32 – 1865 y, 9 may) edi.1 Aliquli Amirlashkar XIX asr 50 – 60 yillarida Qo‘qon xonligining Rossiyasi imperiyasi harbiy bosqinchiligiga qarshi milliy istiqlol uchun kurashlarida rahbarlik qilgan hamda xonlikning ichki va tashqi siyosatida sezilarli iz qoldirgan davlat arboblaridan biri sanaladi.
Aliquli Amirlashkar haqida XIX asr ikkinchi yarmida yashab o‘tgan tarixchilaridan Muhammad Yunus Toib, Avaz Muhammad Attor Ho‘qandiy, Mullo Yunus Toshkandiy, Abu Ubaydullo Toshkandiy va boshqalar, shuningdek, rus harbiylari va tarixchilari o‘z asarlarida va esdaliklarida yozib qoldirganlar.
Mana shunday manbalar orasida Muhammad Yunus Toibning «Tarixi Aliquli Amirlashkar» asari o‘zining biografik tarzda yozilganligi hamda Aliquli Amirlashkar hayoti va faoliyatini yoritib beruvchi yagona mukammal asarligi bilan alohida muhim ahamiyat kasb etadi.
Tarixchi Muhammad Yunus Toib shunday yozadi: «...Amirlashkari marhumning nasablari ... qipchoq jamoasidin bo‘lub, ismi – shariflari Mullo Aliquli Hasanbiy o‘g‘li erdi, volidai sharifalari Shahrbonu bibi erur. Ho‘qand uezi, Navkat bo‘lusinda Bujunbitkon degon mavzeda turg‘uchi fuqaro ahlidin erdilar».2
Shunday ekan tarixchi muarrix ma’lumoti bo’yicha Aliquli Amirlashkar qirg‘izlarning qipchoq urug‘idan bo‘lib, 1831 yil Ho‘qandga tobe bo‘lgan Navkat tumaniga qarashli Bujunbitgon mavzesida tug‘ilgan.
Aliquli Amirlashkarning tug‘ilgan yili biron–bir manbada aniq ko‘rsatib o‘tilmagan. Tarixiy manbalarda keltirilgan ma’lumotlarga suyangan holda Aliquli Amirlashkarning tug‘ilgan yili milodiy 1831-32 yillarga to‘g‘ri keladi, degan xulosaga kelish mumkin. Bu xususda Muhammad Yunus Toib asarining Toshkent mudofaasi voqealari yoritilgan qismida shunday yozadi: “Amirlashkari marhum shaharga kirib olgunlaricha umaro va sipohlarni g‘azotga va qo‘rg‘on muhofizatiga (Toshkent mudofasi) targ‘ib aylabdilar. So‘ng ruhi shariflari qafasni qoldirib, oshyoni qudsiyga parvoz aylabdi. Olloh ularni rahmat qilsin. Ul vaqtda umri shariflari taxminan o‘ttiz uch yo o‘ttiz to‘rt yoshida edi.”3
Toshkent mudofaasi vaqtida, 1865 yil 9 may kuni Aliquli Amirlashkar qattiq yarador bo‘lib, vafot etganda taxminan 33 – 34 yoshda ekanligini nazarga oladigan bo‘lsak, yuqorida keltirilgan, Aliqulining tavalludi bilan bog‘liq sana fikrimizni tasdiqlaydi.
“Tarixi Aliquli Amirlashkar” asarida shunday deyiladi: “Qiladurg‘on ishlari qo‘yu mol va yilqi to‘xtatib, boqib, bulardan foydalanib yurar erdilar. Xudovandi karim lutfu karami bo‘lib, mazkur Hasanbiydan shu mavzeda Mullo Alimquli Amirlashkar va yana bir qiz… vujudga kelib4”. Asardan ma’lumki, bu oila chorvachilik qilib kun kechirib yurgan. Hasanbiy va Shahrbonudan ikki farzand biri o’g’il va bir qiz dunyoga kelgan.1833 yilda otasi Hasanbiy vafot etadi. Shunday payda sag‘ir qolgan farzandlari bilan onasi Shahrbonu bibi akasi Mulla Do‘st Oxund huzuriga boradi.
-“Amirlashkari marhum ikki yasharlik vaqtlarida otalari Hasanbiy vafot qilib, volidalari qo‘llarida yosh va sag‘ir qolib, ... volidalarini akalari Mulla Do‘st Oxund degon Bujunbitqon mavzesida o‘qutubdi”.5
Aliquli tog‘asi qo‘lida olti–etti yoshlarigacha tarbiya oladi. 1838 yilda ular Qo‘rg‘ontepa nohiyasiga ko‘chib keladilar. So‘ngra, Andijondagi Oqmasjid madrasasida ikki yilcha saboq oladi va 1841 yilda Qo‘qonga keladi. Bu еrda Qo‘qonning nufuzli ulamolaridan biri Mahzum Hoji Rais – Domullo Ayoz Mahdum o‘g‘li huzurida xizmat qilib, savodini yanada oshiradi va 1849 yilgacha, ya’ni, o‘n sakkiz yoshgacha shu еrda bo‘ladi.6
Keyinroq, Aliqulining singlisiga uylangan Usmonqul dodxoh uni o‘ziga yaqin olib, sipohgarchilik ishlariga jalb qiladi. -“Andin Amirlashkarni hamshiralarini olg‘on Usmonqul dodxoh olib kelib harb ishlarig‘a oralashturub[di]”.7
Aliquli Usmonqul dodxoh huzuridan yana Qo‘qonga qaytib, yigirma yoshida otasi o‘rniga biy bo‘ladi. Bu еrda u nihoyatda ziyrak va xushmuomila bo‘lganligi hamda ish yuritishdagi tadbirkorligi bilan fuqarolarning hurmatiga sazovor bo‘ladi. Kundan-kun ravnaqi va mavqei, obro‘-e’tibori ortib boradi. - “[Aliquli] fuqaro va xalqi Ollohg‘a nafe’ va osoyish еtkurub, kundan–kun rivoj va ravnaqlari ziyoda bo‘lg‘on sababli zamona mardumlari ul kishig‘a hasad qilub, aqli behusravlar [Aliquliga nisbatan] adovat kamarini bellarig‘a bog‘ladilar”.8
Aliqulining mavqeyi ortib borishidan xavfsirab qolgan bir qancha kishilarning unga qarshi adovatlari ortib, yovlashib qoladilar. Bu esa Aliqulining baquvvat homiy topish maqsadida Mallabek xizmatiga kirishiga sabab bo‘ladi. –“Ul fursatda Xudoyorxonni ota bir, volida boshqa Mallabek Sheralixon o‘g‘lini o‘z ini – ukasi, Andijon hokimi So‘fibek to‘y qilmoq uchun taklif etib, atrof – javonibdan ja’mi katta sardoru – sipohlar to‘yga intilib kelgonlarida, Amirlashkari marhum ham bir yaxshi foyga ot birlan kelib, Andijonda Mallabeki mazkurg‘a navkar va yigit bo‘ldilar”.9
Bu voqea 1853 yilda sodir bo‘lib, Aliquli Amirlashkarning yoshi yigirma bir yoki yigirma ikkida edi. Shu vaqtdan boshlab, xizmat jarayonida o‘zining mardligi, dovyurakligi va shijoatliligi bilan ajralib turuvchi Aliquli Mallabekning e’tiborini qozonadi. Bu ishonch yildan-yilga ortib borib, u Mallabekning eng ishonchli kishilaridan biriga aylanadi. Mallabekning ishlariga o‘zining maslahatlari va yo‘l-yo‘riqlari bilan ta’sir etib turadi. Mallabek Andijonga ham aynan Aliqulining maslahati bilan borishi va u еrda Aliqulining yordamida, buning ustiga uning uyida xon deb e’lon qilinganligi Aliqulining qanchalik ishonchga sazovor bo‘lganligini ko‘rsatadi.10
Shu vaqtdan e’tiboran, Aliqulining Qo‘qon xonligi siyosiy hayotiga ta’siri bir muncha sezila boshlaydi.
Mallaxon o‘zining muvaffaqiyatlarga erishishida katta yordam bergan Aliqulining xizmatlarini munosib taqdirlaydi va uni Chimyon hukumatiga hokim etib tayinlaydi.11 Bu xususda boshqa manbalarda turlicha ma’lumotlar keltirilgan. Avaz Muhammad Attor Ho‘qandiy -“Mallaxon Farg‘onaning hukmronlik taxti va farmondorlik avrangiga o‘turgondan so‘ng, Aliquli (qo‘lyozmada Alimqul) xizmatlarini e’tiborga olib, unga eshik og‘asi hamda miri ponsad unvonini berdi.
Shundan so‘ng u Chimyon navohisining hokimi bo‘ldi. O‘ratepa fathida ham Aliquli jasorat ko‘rsatgan edi, Mallaxon hukmronligining oxirida Marg‘ilonda voli bo‘ldi,” - deb yozsa,12 Mullo Yunus Toshkandiy o‘z xotiralarida – “Qo‘qon egallangach, Mallaxon Aliquliga zinbardor mansabi, ko‘p o‘tmay, miroxur mansabini berdi,” - deb yozadi.
1858 yil Mallaxon Toshkentdaligida Aliquli eshikog‘asini Mirzo Davlat Tojikning qiziga uylantiradi. Qo‘qonga qaytgach esa, unga ponsadboshi unvonini beradi hamda bayroq topshirib, Chustning hokimi deb e’lon qiladi.
Aliquli ana shunday mavqe va martabalarga ega bo‘lib, xonlikning siyosiy hayotida faol ishtirok eta boshlaydi. Mallaxonning o‘ldirilishi va Xudoyorxonning buxoroliklar yordamida taxtni qaytadan qo‘lga kiritilishi jarayonlarida esa uning hokimiyatdagi faoliyati va ta’sir doirasi yanada kengayib ketdi.
Amir Muzaffar ko‘magida dastlab Xo‘jandni egallagan Xudoyorxon osonlik bilan Qo‘qonni egallaydi. Chunki yuzaga kelgan siyosiy vaziyat qo‘qonliklarga o‘z qo‘shinlarini birlashtirib, buxoroliklarga va Xudoyorxonga qarshi chiqishga imkon bermagan edi. Bu vaqtda Aliquli bilan birlashgan Shodmonhoji mingboshi Qo‘qonning “Marg‘ilon darvozasi”dan chiqib, Andijondagi Toshloq mavzesiga yo‘l oladilar.
Taxtni egallagan Xudoyorxon bu xushxabarni еtkazish uchun o‘z valine’mati – amir Muzaffar huzuriga Qanoatshoh otaliqni yuboradi. Amir Qanoatshohni o‘zi bilan Buxoroga olib ketadi va uni 1859 yil Nov qal’asini tashlab, Mallaxon tarafiga o‘tib, xoinlik qilgani sababli, 1862 yil Buxoroda o‘ldirib yuboradi.13
Xudoyorxonning qaytadan taxtni egallashi ko‘pgina amaldorlarda va harbiy boshliqlarda norozilik uyg‘otadi. Uning taxtga da’vogarlik qilib harakat boshlashining o‘zidayoq ko‘plab qirg‘iz, qipchoq urug‘lari avvalgi qirg‘inlarni unutmaganliklari va taxtga ana shu xalqlarni ham boshqalar bilan barobar ko‘rib, ish tutuvchi xonni o‘tqazish taraddudiga tushadilar. Bu aynan 1863 yil, Rossiya imperiyasining harbiy bosqinchilari xonlikning ichkari hududlariga shiddat bilan bostirib kelayotgan vaqtlarga to‘g‘ri kelgan edi.
Aliquli va Shodmonhoji boshchiligidagi qo‘shin va davlat arkonlari birgalikda amirga qarshi kurashga kirishadilar va bunda Aliqulini rahbar etib belgilaydilar. Bu kurashdan asosiy maqsad amir qo‘shinlarini xonlik hududlaridan haydab chiqarish va uning ta’sirida bo‘lgan Xudoyorxonni taxtdan ag‘darib, o‘rniga xalqning dilidagi kishini taxtga o‘tkazish edi. O‘z navbatida Xudoyorxon ham buni juda yaxshi anglardi.
Aliquli boshchiligidagi qo‘shin Qo‘qonga yurish boshlaydi va dastlabki to‘qnashuv Xo‘jasoy mavzesida bo‘lib o‘tadi. Xon qattiq zarbaga uchrab, chekinadi. Kirovchi yaqinida bo‘lib o‘tgan ikkinchi to‘qnashuvda Xudoyorxon butunlay mag‘lubiyatga uchraydi va Marg‘ilonga chekinadi.14 Birin – ketin Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlari egalanadi. Qo‘qondagi to‘qnashuv oldidan Aliquli huzuriga tang ahvolda qolgan amirdan elchi keladi. Aliquli elchini “Bu qadar takalluf va xushomadga hojat yo‘q, bir ko‘chmanchi xon kerak emas. Obro‘ va davlat bilan amir qaytsinlar, o‘zimiz kimni xohlasak xon qilib, Xudovandi karim iroda va taqdiri nima bo‘lsa, ko‘rarmiz” - mazmunidagi javob bilan qaytaradi.15 Hech qanday natijaga erisha olmagan Buxoro amiri va Xudoyorxon Qo‘qonga qaytishga majbur bo‘ladilar. Shodmonxo‘ja aytganidek, shu voqeadan so‘ng Aliquli Amirlashkarning xalq orasidagi obro‘si nihoyatda oshib ketadi va aksincha Xudoyorxondan norozilik kuchayib boradi.
Amirlashkar qo‘shinlari Qorag‘uljadan chiqib, O‘zgandga keldi va ikki kun shu еrda turib, O‘ttiz adir yo‘li bilan yurib, O‘shga tobe bo‘lgan Qo‘rg‘oshim dashtiga qo‘nadi. Uning huzuriga O‘sh fuqarolari, Marg‘ilon hokimi Bahodirxon to‘ra, Qo‘qondan Yoqubbek Badavlat otaliq va Mirzo Ahmad qo‘shbegilar Xudoyorxondan yuz o‘girib keladilar. Har tarafdan keluvchilar soni kundan-kun ortib borib, Aliquli Amirlashkar g‘oyat katta kuchga ega bo‘ladi. Xudoyorxon bu kuchga qarshilik qila olmay, Qo‘qonni tashlab, Buxoroga jo‘nab ketadi.16
Shunday vaziyat davom etayotgan bir paytda hokimiyatni qo‘lga oladigan, xalqning boshini qovushtirib, dushmanga qarshi qudratli kuchga aylantira oladigan, siyosiy va harbiy ishni puxta biladigan odam xonlik uchun nihoyatda zarur edi.
Aliquli atrof viloyatlardan kelgan yurt ulug‘lari bilan birgalikda maslahatlashib, Mallaxonning o‘g‘li Sulton Sayyidxonni Namangandan olib keltirib, xonlik taxtiga o‘tqazadi. Bu voqea 1863 yil 9 iyulda sodir bo‘lgan edi. Sulton Sayyidxon o‘z navbatida Aliqulini davlat oldidagi xizmatlarini taqdirlab, unga «Amirlashkar» unvonini beradi.17 Bu bilan hayoti va faoliyati juda murakkab kechgan Aliquli Amirlashkarning Qo‘qon xonligidagi hukmdorlik faoliyati boshlanadi. Xonlikdagi siyosiy jarayonlarni diqqat bilan kuzatib turgan podsho armiyasi zobitlari Aliqulining hokimiyat tepasiga kelishiga alohida e’tibor bergan edilar. Bu bilan ular xonlikda hokimiyatdagi o‘zgarishlar va bunga siyosiy kuchlarning munosabatini ko‘rsatishga harakat qiladilar. Ayni vaqtda esa xonlik ichki siyosatidagi kurashlarning avj olishi imperiya manfaatlari uchun ayni muddao hisoblanardi. 1863 yilda O‘rta Osiyo xonliklaridagi siyosiy vaziyat haqidagi qisqacha sharhining Qo‘qon xonligiga tegishli qismida polkovnik Verevkin shunday so‘zlarni qayd etadi: - “Yangi xon taxtga kelishi bilan hokimiyatga qipchoqlar guruhi chiqdi. Ularning orasida layoqatli va kuchli shaxslar ko‘pchilikni tashkil etadi. Yosh xonning, ya’ni Sulton Sayyidxonning homiysi etib va otaliq mansabiga Mulla Alimquli tayinlandi. U yosh bo‘lishi bilan birga boshqalardan aqlliligi va kuchli xarakterga egaligi bilan ajralib turadi. Alimqulining maslahatchilari Mingboy dodxoh, Bekmuhammad udaychi kabilar bo‘lib, katta ta’sir va mavqega ega kishilar hisoblanadi”.18 Demak, xonliklardagi siyosiy vaziyatni diqqat bilan kuzatgan chor harbiylari ham o‘z ayg‘oqchilaridan olgan xabarlarni tahlil qilib, unga munosabat bildirganlar. Mahalliy tarixchilar asarlaridagi ma’lumotlar va rus harbiylarining maxfiy ma’lumotlaridagi o‘xshashlik bizning ham fikrimizni tasdiqlaydi, ya’ni, Aliquli Amirlashkar biror-bir siyosiy kuch orqasida hokimiyat tepasiga kelmagan, balki, ichki siyosiy jarayonlar natijasida hokimiyatga keldi va o‘ziga xos tarzda siyosiy kuchlarni birlashtirishga harakat qildi. Bunda Aliquli atrofiga o‘ziga sodiq bo‘lgan qipchoq zodagonlarini yig‘ganda balki katta xatolikka yo‘l qo‘ygandir, biroq sharoit va zaruriyat eng sodiq va eng ishonchli kishilarni boshqaruv ishlariga qo‘yishni taqozo qilardi. Bu esa tabiiyki, boshqalarga xush yoqmasdi va siyosiy ziddiyatlarni yanada kuchaytirar edi. Biroq, bunda Aliquli faqatgina qipchoqlar manfaatini ko‘zlagan edi deyilsa, katta xatoga yo‘l qo‘yiladi. Bu fikrning isboti tariqasida, Toshkent himoyasida qipchoq lashkarlarining Aliquliga xiyonat qilib, uning halokatiga yo‘l qo‘yganliklarini keltirish mumkin.19 Shu kabi sabablarga ko‘ra xonlikda o‘ta murakkab siyosiy vaziyat yuzaga kelgan edi. Ana shunday sharoitda hokimiyat jilovini qo‘lga olgan Aliquliga xon “amirlashkar” unvonini beradi va bu Aliqulining vakolatlarini yanada kengaytiradi.
- «Bu Turkiston xonlaridan, - deb yozadi tarixchi Isxoqxon Ibrat, - ikki kishi fuqaro va millat uchun harakat etgon edi. Biri bu Amirlashkar va biri marhumi Mallaxon edi, ular to‘plar qo’ydurub, miltiqlar yasab, korxonalar qilib, to‘plar uzrasig‘a kumushlar bila yozuvlar yozib, yaxshi diqqat etgon edi”.20
Umuman, XIX asrning 60 – yillariga kelib, Qo‘qon xonligida harbiy ahvolga e’tibor birmuncha kuchaygan bo‘lishiga qaramay, u jahon miqyosida ushbu sohada ancha qoloq edi. Buning ustiga qo‘shinlardagi harbiy ta’limning pastligi, qurol–yarog‘larning еtishmasligi, ayniqsa, harbiy intizomning yomonligi, o‘zaro qabilaviy kelishmovchiliklar, jang maydonlarini tashlab ketish hollarining mavjudligi podsho armiyasi oldida mag‘lubiyatga uchrashining asosiy sabablaridan edi. Shunday vaqtda Aliquli Amirlashkarning olib borgan faoliyati va chor Rossiyasi harbiy bosqinchilariga qattiq zarbalar berib borishi xalq nazdida uning mahoratli sarkarda ekanligini namoyon qildi.
Qo‘qon xonligining davlat mustaqilligini saqlab qolish uchun ichki va tashqi munosabatlarni yaxshilashga harakat qilib, podsho qo‘shinlari bosqinchiligiga qarshi xalqni otlantira olgan Aliquli xalq tomonidan qo‘llab quvvatlandi va ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan hamda yuqori tabaqa orasida bir qancha dushmanlari bo‘lishiga qaramay Turkiston xalqlarining katta hurmatiga sazovor bo‘ldi. Shuning uchun ham xalq dilidagini yaxshi anglagan va zamondosh bo‘lgan o‘sha davr tarixchilari Aliquli Amirlashkar faoliyatiga yuqori baho berib, uning shaxs, siyosat arbobi va sarkardalik jihatlarini e’tirof etgan edilar.
Foydalanilgan adabiyotlar

  1. Исхоқхон Ибрат. Фарғона тарихи. - Т.: Мерос, 1991

  2. Муҳаммад Азиз Марғилоний. Тарихи Азизий. Т.: Маьнавият.-1999

  3. Илхомов З.А. Амирлашкар тарихи.Т.:2008

  4. Муҳаммад Юнус Тоиб.Тарихи Алиқули Амирлашкар. T.:Шарқ юлдузи. 1996 .

  5. Аваз Муҳаммад Аттор Ҳўқандий. Тарихи жаҳоннамойи. T.: Шарқ юлдузи. -1991

  6. Ҳ.Зиёев.Туркистонда Россия тажовузи ва ҳукмронлигига қарши кураш. Т.:-1998



1 Қаранг: Исхоқхон Ибрат. Фарғона тарихи. - Т.: Мерос, 1991,Мулло Олим Махдумхожа. Тарихи. - Т.: 2009; Муҳаммад Азиз Марғилоний. Тарихи Азизий. - Т.: Маънавият, 1999; Аваз Муҳаммад Аттор Ҳўқандий. Тарихи жаҳоннамойи Т.: Шарқ юлдузи. – 1998. № 6; Муҳаммад Юнус Тоиб. Тарихи Алиқули Амирлашкар Т.: Шарқ юлдузи. – 1996. №1-2. Б. 214-217; Мирзо Олим Мушриф. Қўқон хонлиги тарихи. Т.: Шарқ,-1995.

2 Муҳаммад Юнус Тоиб Тарихи Алиқули Амирлашкар. . Т.:Шарқ юлдузи. -1996 . №1-2. B 208 -223

3 Муҳаммад Юнус Тоиб Тарихи Алиқули Амирлашкар. Т.:Шарқ юлдузи. -1996. –Б.185.

4 Ўша асар

5 Муҳаммад Юнус Тоиб Тарихи Алиқули Амирлашкар. Т.:Шарқ юлдузи. -1996. №1-2

6 Ўша жойда.

7 Ўша жойда.

8 Ўша жойда.

9 Муҳаммад Юнус Тоиб Тарихи Алиқули Амирлашкар. Т.:Шарқ юлдузи. -1996. №1-2

10 Муҳаммад Юнус Тоиб Тарихи Алиқули Амирлашкар. Т.:Шарқ юлдузи. -1996. №1-2

11 Ўша асар.

12 Аваз Муҳаммад Аттор Ҳўқандий. Тарихи жаҳоннамойи. T.: Шарқ юлдузи. -1991. № 8. –Б.127.

13 Ishoqxon Tura Ibrat.Tarixi Farg’ona. T.: “Manaviyat” 2005. B.22

14 Муҳаммад Юнус Тоиб.Тарихи Алиқули Амирлашкар. T.:Шарқ юлдузи. 1996 . № 1-2. б 213-214

15 Муҳаммад Юнус Тоиб.Тарихи Алиқули Амирлашкар. T.:Шарқ юлдузи. 1996. . № 1-2.б 214 ;Ishoqxon Tura Ibrat.Tarixi Farg’ona. T.: “Manaviyat” 2005. B.22-23

16. Муҳаммад Юнус Тоиб.Тарихи Алиқули Амирлашкар. T.:Шарқ юлдузи. 1996. № 1-2. б 214-215

17 Муҳаммад Азиз Марғилоний. Тарихи Азизий. Т.: Маьнавият.-1999 –Б.108-110.

18 Илхомов З.А. Амирлашкар тарихи.Т.:2008.Б 56.

19 Ҳ.Зиёев.Туркистонда Россия тажовузи ва ҳукмронлигига қарши кураш. Т.:-1998.Б.158.

20 Ishoqxon To’ra Ibrat.Tarixi Farg’ona. T.: “Manaviyat” 2005. B.25

Download 103.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling