5-modda. Firma nomini huquqiy jihatdan muhofaza qilish
Firma nomi yuridik shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan vaqtdan e’tiboran, chet el yuridik shaxsining firma nomi esa, chet el yuridik shaxsi O‘zbekiston Respublikasi hududida fuqarolik muomalasi ishtirokchisi sifatida faoliyatni amalga oshirishni boshlagan sanadan e’tiboran huquqiy jihatdan muhofaza qilinadi.
6-modda. Firma nomiga bo‘lgan huquq
Yuridik shaxs o‘z firma nomidan foydalanishda va boshqa yuridik shaxslarga ushbu firma nomidan foydalanish huquqini berishda mutlaq huquqga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
Chet el yuridik shaxsining firma nomiga bo‘lgan mutlaq huquqi shu yuridik shaxs ta’sis etilgan mamlakatning qonunchiligida belgilangan hujjat bilan tasdiqlanadi.
7-modda. Firma nomidan foydalanish
Quyidagilar:
firma nomini rasmiy blankalarda, muhrlarda, shtamplarda va yuridik shaxsning faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa hujjatlarda aks ettirish;
firma nomini tovarlarda, ularning idishi va o‘rovida, reklamada, peshlavhalarda, bosma ma’lumotnomalarda, hisobvaraqlarda, bosma nashrlarda, tovarlarni O‘zbekiston Respublikasida o‘tkaziladigan ko‘rgazmalar va yarmarkalarda namoyish etish vaqtida ishlatish firma nomidan foydalanishdir.
Firma nomidan tovar belgisining (xizmat ko‘rsatish belgisining) elementi sifatida foydalanilishi mumkin.
8-modda. Firma nomidan foydalanish huquqini berish
Yuridik shaxs (litsenziar) o‘z firma nomidan foydalanish uchun boshqa yuridik shaxsga (litsenziatga) qonunchilikka muvofiq ular o‘rtasida tuzilgan litsenziya shartnomasi yoki kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi asosida ruxsat berishi mumkin.
9-modda. Firma nomiga bo‘lgan huquqning boshqa shaxsga o‘tishi
Firma nomiga bo‘lgan huquqning boshqa shaxsga o‘tishiga faqat yuridik shaxs qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, bo‘lish va ajratib chiqarish yo‘li bilan qayta tashkil etilgan yoki butun korxona mulkiy majmua sifatida sotilgan hollardagina yo‘l qo‘yiladi.
Yuridik shaxslar qo‘shib yuborilganda va yuridik shaxs boshqa yuridik shaxsga qo‘shib olinganda firma nomiga bo‘lgan huquqning boshqa shaxsga o‘tishi topshirish hujjatiga muvofiq amalga oshiriladi.
Yuridik shaxs bo‘linganda yoki u yuridik shaxs tarkibidan ajralib chiqqanida firma nomiga bo‘lgan huquqning boshqa shaxsga o‘tishi taqsimlash balansiga muvofiq amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |