Mundarija: kirish bob sharq adabiyotida lirik janrlarning paydo bo‘lishi va taraqqiyoti
Lirik turda janrlar tasnifi masalasi
Download 81.07 Kb.
|
sharq
1.2. Lirik turda janrlar tasnifi masalasi
O‘zbek adabiyotshunosligida mumtoz lirika janrlari bo‘yicha jiddiy mashg‘ul bo‘lgan olim R.Orzibekov tadqiqotlarida lirik janrlar tasnifi uch yo‘nalishida amalga oshirilgan. 1. Mazmun jihatidan lirikaning janrlari; 2. Shakl jihatidan; 3. Misralar soni va band tuzilishiga ko‘ra. Dastlabki turga hasbi hol, marsiya, chiston, qasida, muammo, vasf, yor-yor, bag‘ishlov, debocha, nazira, faxriya va vasiyat she’rlari kiritilgan holda shakl jihatidan lirikaning janrlari sifatida mustazod, tuyuq, ruboiy, masnaviy,fard, tarkibband va tarjiband keltiriladi. Nihoyat, misralar soni va band tuzilishiga ko‘ra esa musammatlar va ularning shakllari nazarda tutiladi. Olim ushbu tasnifni dastlabki tadqiqotlarda amalga oshirgan bo‘lsa ham so‘nggi monografiyasida ham shu tasnif asosida ish ko‘radi. Shuningdek, bu borada turk ilmi rivojiga hissa qo‘shgan Alisher Navoiy va Fuzuliyning qarashlari ham e’tiborli. Ulug‘ shoirlarning ayrim mumtoz janrlar haqidagi qarashlarini berish barobarida she’riy janrlar nafaqat allomalar tomonidan, balki bevosita badiiy ijod bilan shug‘ullangan shoirlar tomonidan ham ularning o‘ziga xos jihatlari o‘rinli qayd etilganligining guvohi bo‘lamiz3. Shu o‘rinda XX asr boshlarida Yevropa tilidagi adabiyot nazariyalarini shakllantirish borasida Sharq poetika maktabiga qayta-qayta murojaat qilib, undagi omil va jozibali sifatlarni o‘rgangan olim Fitratning she’riy janrlar tasnifiga bag‘ishlangan qarashlarini ham keltirishni lozim deb topdik. Zero, “Adabiyot qoidalari” mumtoz poetika bilan zamonaviy aabiyot nazariyasini tutashtiruvchi o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tagani uchun ham bunday benazir vositaga tayangan holda o‘tmish she’riyatiga nazar tashlash ham mumkin ekanini olimning nazariy qarashlari asoslaydi. Shu bilan birga Fitrat domla “Fors shoiri Umar Hayyom” asarida nafaqat ulug‘ riyoziyot olimini dunyoga shoir sifatida tanitgan ruboiy janri haqida, balki saljuqiylar saroy adabiyotida urf bo‘lgan qator she’riy janrlar haqida ham ma’lumot bergan. Qadimgi she’riy janrlardan namunalar Sandrush qadimgi turkiy tilda «tortishuv» ma’nosini beradi. «Devonu lug‘otit turk»da sandrushga misol bo‘la oladigan she’rlar keltirilgan. Bu she’r hozirgi adabiyotshunosligimizda «Qish va yoz» munozarasi nomi bilan yuritilgan. Ushbu sandrushda tortishishga kirishgan ikki predmet o‘z xususiyatlarini maqtaydilar, o‘zgasining qiliqlarini fosh etadilar «Qish va yoz» sandrushi Tumlig‘ kelib qapsadi, Qutlug‘ yayig‘ tepsadi. Qarlab ajun yapsadi, Et yin ushub emrishur. I. 430 Yay qish bila qarishti, Erdam yasin qurishti. Cherig tutub ko‘rushti O‘qtag‘ali o‘trushur. II.104 «Devonu lug‘otit turk» orqali bizgacha yetib kelgan qadimgi she’riy asarlarning bandlanishi to‘rt misralikdir. Turkiy adabiyotdagi to‘rt misralik she’r va bandi to‘rt misralik bo‘lgan she’rlar o‘rtasida o‘ziga xos tafovut bor, albatta. Tugal mazmunni ifodalagan to‘rt misrali she’rlar Sharq adabiyotida ruboiy deb ataladi. Devonda pand-nasihat ruhidagi quyidagi to‘rtlik keltirilgan: Qarduni yenyu saqinmang, Tuzg‘uni manyu sezinmang. Bulmadiq nenga sevinmang, Bilgalar ani yirar. I.396 Albatta, bu she’rni ruboiy deb bo‘lmaydi. Chunki she’rning axloqiy-ta’limiy ruhi ruboiyni eslatsa-da, qofiya, vazn xususiyati bu janr talabiga javob bermaydi. Aruz vazni talabiga ko‘ra ruboiylar hazaj bahrining axram va axrab vaznida yozilishi kerak. Yuqoridagi she’r shakl jihatidan to‘rt misra, ya’ni ruboiy shaklida bo‘lsa-da, vazn jihatidan barmoq vaznida yozilgandir. Har bir misradagi o‘juk (bo‘g‘in)lar soni 8 ta, turoqlanish tartibi 3 +2+3= 8 dir. Demak, to‘rtlik turkiy she’riyatda alohida mustaqil janr sifatida shakllangan. Shu jihatdan qaraganda, Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig» dostoni tarkibiga kiritilgan to‘rt misralik she’rlarning ham ruboiy yoki to‘rtlik deb atash muammosi mavjuddir. Chunki bu she’rlar ham ruboiy shaklida, to‘rt misralik qilib yozilishidan qat’iy nazar, ularning vazni hazaj bahrida emas, balki barmoq vaznida bitilgandir. Shu sababli ham «Qutadg‘u bilig»dan o‘rin olgan to‘rt misralik she’rlarning qadimgi turkiy adabiyotdagi to‘rtlik janrining namunalari deb qarash haqiqatga yaqindir. Lekin e’tiborli tomoni shundaki, «Qutatg‘u bilig»dagi to‘rtliklarning qofiya tizimi ruboiynikiga mos keladi. Demak, bu shakl barmoqdagi to‘rtlik hamda aruzdagi ruboiy an’anasining birlashgan natijasi ham bo‘lishi mumkin. Kishi yilqi birla adirti bilig, Bilig birla yangluq ko‘turdi alig. Yuri yilqi bo‘lsa bilig bil, uqush, Bilig birla so‘zla, yo‘ruq tut tilig. (Odamni vuhushdan bilim farqladi, Bilim birla inson qadrin tikladi Bo‘lib qolma yilqi, bilim ol, hunar, Bilim so‘zla, tilni bilim saqladi). Мa’lumki, ko‘p ma’noli so‘zlar Sharq adabiyotida tajnis san’ati yuzaga kelishiga asos bo‘lgan. Turkiy adabiyotda esa boshqa xalqlar adabiyotidan farqli o‘laroq, tuyuq janri shakllangan bo‘lib, uning asosini qofiyalarning tajnisli — shakl bir xil, ammo ma’nolarning har xilligi tashkil etadi. «Qutadg‘u bilig» dostonida keltirilgan to‘rtliklar tarkibida tuyuq namunalarining uchrashi ham bu janr turkiy adabiyotda avvaldan shakllanganligini ko‘rsatadi. Qayu erda bo‘lsa uqush birla o‘g, Ani er, atag‘il, necha o‘gsa o‘g. Uqush, o‘g, bilig kimda bo‘lsa tugal, Yavuz ersa kaz te, kichig ersa o‘g. (Agar kimda bo‘lsa aql, ilm, zehn, Uni madh etib sen, tugal er degin. Ziyod bo‘lsa kimda uquv, aql, bilim, Yomon va kichik bo‘lsa ham maqtagin). Bu tuyuqda o‘g – aql, maqtamoq, ulug‘lamoq ma’nolarida qo‘llanilgan.4 Qoshug‘ (DLT., I., 357) – she’r, qasida, qo‘shiq janrlarining ma’nosini umumlashtirgan. Devonda qo‘shildi (II., 156) so‘ziga izoh berilar ekan, ir qo‘shildi iborasi keltiriladi. Buning ma’nosi she’r aytildi, qo‘shiq to‘qildi iboralariga to‘g‘ri keladi. Professor S.Мutallibov shu o‘rinda qo‘shug‘ haqida fikr yuritar ekan, «Qoshuq so‘zining asl ma’nosi bir so‘zning boshqa so‘zlarga qo‘shilishi, ma’lum bir vazn talab qilgan miqdordagi so‘zlar qo‘shilmasi – tizmasi» deb yozadi. Demak, she’riy yo‘lda yozilgan asarlarga nisbatan qo‘shiq atamasining qo‘llanishi shu ta’rifga mos tushadi. Quyidagi to‘rtlikda shunday ma’no, ya’ni qo‘shiq atamasi she’riy usulda bitilgan xabar mazmunini ifodalagan. Turkan qatun qutinga, Tegur mendin qo‘shig‘. Ayg‘il sizning tabug‘chi, O‘tnur yangi tabug‘. I. 357 Mazmuni: Turkan xotin qoshiga, Мendan yetkur she’r. Xizmatga xodimingiz, Rost, deb payom ber. Qadimgi turkiy adabiyotshunoslikda she’riy asarlarni qo‘shiq deb nomlash natijasidirki, professor B.To‘xliyev ham «O‘zbek adabiyoti» (9-sinf) darsligida «Devonu lug‘otit turk»dagi barcha she’riy parchalarni «Qadimgi qo‘shiqlar» nomi bilan umumlashtiradi. Albatta, qadimgi adabiyotshunoslikdagi qarashlar nuqtai nazaridan bu ta’rif to‘g‘ridir. Shu bilan birga she’riy asarning kuyga solib ijro etilishi ham qadimgi turkiylarda qo‘shiq nomi bilan yuritilgan. Devondagi quyidagi parchalar odamlarning quvnoq o‘tirishlari, o‘yin-kulgisi, kuy va she’rning vobastaligi ifodasi bo‘lib, u ijro etishga, ya’ni qo‘shiqqa mo‘ljallanganligi aniqdir. Ko‘glar qamug‘ tuzuldi, Ivriq izish tizildi. Sensiz uzum uzaldi, Kelgil, amul o‘ynalim. III. 1455 Bundan tashqari, o‘quv darsliklarimizda qadimgi xalqlarimizning mehnat va marosimlari bilan bog‘langan ko‘plab she’rlar keltirilganki, ular ham qadimgi qo‘shiqlarning nodir namunasi hisoblanadi. Download 81.07 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling