Murodulla mirzaev


Mavzuni mustahkamlash uchun savollar


Download 1.97 Mb.
bet88/95
Sana05.01.2022
Hajmi1.97 Mb.
#220417
1   ...   84   85   86   87   88   89   90   91   ...   95
Bog'liq
O'quv qo'llanma-3

Mavzuni mustahkamlash uchun savollar

1. Turkiya turizmining dunyo turizmida tutgan o'rni qanday?

2. Geografik joylashuv turizmda qanday o'rin egallaydi?

3. Turkiyaning turizmdan oladigan daromadi qancha?

4. O'zbekiston-Turkiya turizm hamkorligi qanday yo'lga qo'yilgan?
XIY Mavzu. TURKIYA VA O'ZBEKISTON

HAMKORLIK ALOQALARI
Turkiya va O'zbekiston hamkorlik aloqalari uzoq tarixga ega. Ana shu ildizlarga yetmasdan turib, ikki xalq o'rtasidagi munosabatlarni to'liq anglab bo'lmaydi. Sog'lom asosga ega bugungi aloqalarning mustahkamligi ham shundan.

O'zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin sobiq tuzum davrida Turkiya bilan uzilib qolgan do'stlik va hamkorlik aloqalari qayta tiklandi. Siyosiy, iqtisodiy, madaniy, fan-texnika, turizm sohalarida o'zaro manfaatli, teng huquqli munosabatlar yo'lga qo'yildi. 1992-yil aprelь oyida Toshkentda Turkiya Jumhuriyatining elchixonasi, 1993-yil yanvarь oyida Anqarada O'zbekiston Respublikasi elchixonasi ish boshladi. Davlat rahbarlarining o'zaro tashriflari yaxshi an'ana bo'lib qoldi.

O'zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov 1997-yili Turkiyaga tashrifi paytida so'zlagan nutqlaridan birida shunday degan edi: “Tarix taqozosi bilan siz Anadolu tuproqlarida yashay boshladingiz. Biz esa ota yurtda qoldik. O'rtamizda uzoq masofa bo'lsa ham qalblarimiz hech qachon bir-biridan uzoqlashmadi. Biz asrlar bo'yi eng qiyin sharoitlarda ham bir-birimizdan ruhiy kuch olib yashadik. Bunday baxtni Olloh boshqa hech bir millatga bermagan. Bu haqiqatni biz yaxshi anglashimiz va asrashimiz kerak. Ahmad Yassaviy, Jaloliddin Rumiy, Mirzo Ulug'bek, Yunus Emra, Alisher Navoiy kabi buyuk allomalar otini bilmagan va ular bilan faxrlanmagan hech bir o'zbek va hech bir turk yo'q desak, xato qilmagan bo'lamiz. Mushtarak tariximiz, mushtarak tilimiz, yagona dinimiz, mushtarak ma'naviy merosimiz - do'stligimizning eng muhim jihatlaridir”.

O'tgan asrlar qardoshlikning yorqin sahifalariga boy bo'lgan. “Alpomish”, “Go'ro'g'li”, “Dada Qo'rqut” kabi qahramonlik dostonlari, juda ko'p hayotiy, ramziy va xayoliy-fantastik ertaklar, xalq maqollari, xalq og'zaki dramasi, bolalar folьklori, o'yinlar hamda urf-odatlar, e'tiqodlar, an'analar bir-biriga juda yaqin. Nasriddin Afandi turkiy dunyoning zakovati ramziga aylangan. Deyarli barcha turkiy xalqlarda mashhur bo'lgan bu nom madaniyatlar mushtarakligining yana bir yorqin dalilidir.

Asrlar bo'yi turkiyalik olimlar, shoirlar, san'atchilar Turkistonga, ayni chog'da turkistonlik madaniyat va ilm arboblari Anado'luga bilim olish, ustoz-shogirdlik an'analarini davom ettirish uchun kelib, ba'zilari muqim yashab qolgan va jahon faniga o'zlarining munosib ulushlarini qo'shgan. Turkiyalik olim Jemal Kurnaz “Anadoluda O'rta Osiyolik shoirlar” nomli kitobida turli asrlarda Movarounnahr va Xurosondan borib, Anado'luda yashab qolgan 87 nafar shoirning ismlarini keltiradi. Turkiyaga kelish Sulton O'rxon zamonidan boshlanib, Fotih Sulton Mehmed, Yavuz Sulton Salim, Sulton Sulaymon Qonuniy davrlarida yanada kuchaygan. Iste'dodlar bu hukmdorlarning yuksak baho va e'tiboriga sazovor bo'lgan.

Shoir va olimlarning bir qismi shia va sunniy mazhablari tarafdorlari o'rtasidagi ixtiloflardan, bir qismi esa xonliklar o'rtasidagi o'zaro urushlardan bezib, ko'chib kelgan edi. Boshqalari esa sayohat, tijorat, tahsil yoki elchilik ishi bilan kelib, bu yerda muqim bo'lib qolgan edilar. Usmonli davlatidagi barqarorlik va osoyishtalik, madaniyat va san'atga katta e'tibor ham ularning yashab qolishiga sabab bo'lgan edi. O'rta Osiyolik iste'dod sohiblari kotib, nadim, qozi, mudarris, tabib va hatto beglarbegilik lavozimlarida xizmat qilgan.

O'z navbatida, ko'plab turkiyalik shoir va olimlar Samarqand va Buxoro shaharlariga ilm olish uchun kelib, muqim bo'lib qolgan. Tarix sahifalari ikki o'rtadagi ilmiy va madaniy hamkorlikning shonli sahifalariga to'la. Bu do'stlik va o'zaro aloqalar, ayniqsa, tarixiy shaxslar, mashhur allomalar taqdiri va kamolotida nihoyatda muhim rolь o'ynagan. Jaloliddin Rumiy ota yurtdan kichik yoshda chiqib, Turkiyaning Qo'nya shahrida qo'nim topdi, buyuk shoir va tasavvuf piri sifatida nom qozondi. 700 yildan ortiqroq vaqtdan buyon uning maqbarasi muqaddas ziyoratgoh bo'lib keladi. Har yil dekabrь oyida shoirning xotira kechalari o'tkaziladi, uning she'rlariga bastalangan ilohiy kuylar, samo' raqslari ijro etiladi. Bu tadbirlarga dunyoning turli o'lkalaridan ziyoratchilar keladi.

O'rta Osiyo va Anado'lu munosabatlarida tasavvuf oqimlari muhim rolь o'ynagan. Sayyor darveshlar Anadoluning musulmonlashishiga katta hissa qo'shgan. Turkiyada Naqshbandiylik, Yassaviylik, Kubroviylik, Bektoshiya kabi tasavvuf tariqatlarining keng yoyilishi ham ana shu aloqalarning yorqin misolidir. Birgina Naqshbandiylik tariqatining 6 millionga yaqin ixlosmandi bor. O'rta maktab darsliklarida tasavvuf ta'limoti va uning mashhur namoyandalari Ahmad Yassaviy, Bahovuddin Naqshband, Jaloliddin Rumiy, Yunus Emra haqida ma'lumotlar berilganligi ham diqqatga sazovor.

O'zaro iqtisodiy va madaniy munosabatlar ravnaqida Buyuk ipak yo'li muhim ahamiyatga ega bo'lgan. Xitoydan boshlangan bu tarixiy yo'l Turkiston orqali Anado'luga tutashgan. Tabiiyki, to'xtovsiz qatnab turgan karvonlar tijoriy mollar bilan birga madaniyat va ilm-fan yutuqlarini ham Sharqdan G'arbga va G'arbdan Sharqqa yetkazgan.

Ikki qardosh xalqning o'zaro do'stligi va hamkorligi eng og'ir sinov yillarida ham uzilib qolmagan. O'tgan asrning 20-yillarida turk ziyolilari va ma'rifatparvarlari Turkiston xalqining madaniy ravnaqiga munosib hissa qo'shgan. Ular zamonaviy maktablar, o'quv yurtlari tashkil qilgan, ilg'or ziyolilarning shakllanishiga ko'maklashgan. Ayni paytda, o'zbek ziyolilaridan bir qismi Istanbul va boshqa shaharlarda bilim olgan, dars bergan. Ularning asarlari turk tilida ham chop etilgan.

O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi madaniy va ilmiy sohalardagi o'zaro hamkorlik miqyosi mustaqillikdan keyin keng tus oldi. O'zbekiston vakillari Turkiyada bo'lib o'tayotgan turli anjumanlar, festivallar va konkurslarda muvaffaqiyat bilan qatnashyapti. Xalqaro turkiy madaniyat kongressi, turkiy xalqlar dostonlarini nashrga tayyorlash va chop etish yuzasidan o'tkazilgan anjuman va boshqa bu singari tadbirlarda ko'plab o'zbek olimlari ishtirok etdi. O'z navbatida “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida, qadimiy shaharlarimiz yubileylarida, nufuzli xalqaro anjumanlarda turk olimlari va san'atkorlari faol ishtirok etmoqda.

Ikki davlat o'rtasida fan-texnika sohasidagi hamkorlik ham barqaror rivojlanmoqda. Hozirgi paytda ilmiy tashkilotlar o'rtasida materialshunoslik, lazer fizikasi, amaliy fizika, fizika va polimerlar kimyosi singari ko'plab sohalarda birgalikda tadqiqotlar olib borilmoqda.

Ta'kidlash joizki, O'zbekiston-Turkiya hamkorligining shartnoma-huquqiy bazasi anchagina salmoqli bo'lib, 60 dan ziyod kelishuv va bitimlardan iborat. Ushbu hujjatlar savdo, iqtisodiyot, ilm-fan, turizm, transport, madaniyat va boshqa yo'nalishlarni qamrab oladi.

Huquq sohasi va xavfsizlik yo'nalishida samarali hamkorlik amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, turli yillarda O'zbekiston va Turkiyada huquqni muhofaza qilishning turli jabhalari bo'yicha seminar-treninglar o'tkazildi. Ikki mamlakatning tegishli tuzilmalari terrorizmga, trasmilliy jinoyatchilik va giyohvand moddalarining tarqatilishiga qarshi kurash sohalarida tajriba almashib kelishadi.

Shu bilan birga, ikki davlat munosabatlarida savdo-iqtisodiy hamkorlikka katta e'tibor qaratiladi. Turkiya O'zbekistonning yirik savdo sheriklaridan biri hisoblanadi. Hozirgi kunda O'zbekistonda Turkiya mablag'i asosida 479 ta kompaniya, jumladan, 199 ta qo'shma korxona faoliyat yuritmoqda. Birgina 2016-yilning o'zida mamlakatimizda Turkiya sarmoyasi bilan 20 dan ziyod korxona tashkil etildi. O'zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vazirligi huzurida 53 ta turk kompaniyasi akkreditatsiyadan o'tkazilgan.

1995-yil 9-iyuldan buyon ikki mamlakat o'rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha Hukumatlararo komissiya faoliyat yuritib keladi. Quruqlik orqali yuk tashish bo'yicha mavjud kelishuvga asosan, 2013-yildan boshlab xalqaro avtomobilda yuk tashish bo'yicha qo'shma komissiya majlisi o'tkazib kelinadi.

Vakolatxonasi Toshkentda 1993-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA)ning sa'y-harakatlari yuksak bahoga munosib. O'tgan davr mobaynida mazkur tuzilma mamlakatimizda sog'liqni saqlash, qishloq xo'jaligi, kichik va o'rta biznesni rivojlantirish, tibbiyot va ta'lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilishga yo'naltirilgan loyihalarda faol ishtirok etdi. 1993-2016 yillar davomida ushbu maqsadlarga TIKA 23 million AQSh dollari ajratdi.

Shuningdek, 2002 yildan boshlab O'zbekiston sog'liqni saqlash sohasi vakillari Turkiyaning yetakchi shifoxonalarida malaka oshirish kurslarini o'tab kelishayotganini ham ta'kidlash lozim. Turkiyalik vrachlar mamlakatimiz tibbiyot muassasalarida jarrohlik amaliyotlarini bajarishmoqda.

Hamkorlikning boshqa sohalari bilan birga madaniy-gumanitar aloqalar ham izchil rivojlanmoqda. Ikki mamlakat jamoatchiligini O'zbekiston va Turkiyaning tarixiy, madaniy, turizm, ilm-fan va ma'naviy salohiyati bilan yanada kengroq tanishtirishga yo'naltirilgan tadbirlar o'tkazib kelinmoqda.

O'zbekiston va Turkiya hamkorligining chorak asrlik yangi tarixini sarhisob qilarkan, mamlakatlarimiz o'zaro hurmat, tomonlarning ochiqligi va samimiyligiga asoslangan teng huquqli muloqot tarafdori ekanligini ta'kidlash lozim. Ikkala davlat ham bir-birining manfaatini inobatga olgan holda hamkorlikni yo'lga qo'yish borasida tegishli tajribalarga erishdi, deb aytish mumkin.

O'zbekiston bilan Turkiya hamkorligi, ayniqsa, oxirgi uch yilda ancha jonlandi. Ikki davlat qonun chiqaruvchi organlari o'rtasida amaliy muloqotlar faollashayotir. 2017 yil O'zbekiston va Turkiya munosabatlarida tub burilish yili bo'ldi. Ikki davlat parlamentlari o'rtasida ilk bor muloqot yo'lga qo'yilgani bunga misol. Shu yili O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Turkiya Respublikasi Buyuk Millat Majlisi bilan hamkorlik bo'yicha parlamentlararo guruhi va Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisining “Turkiya — O'zbekiston” parlamentlararo do'stlik guruhining birinchi qo'shma majlisi bo'lib o'tdi.

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil oktyabrda Turkiyaga hamda Rejep Tayyip Erdog'anning 2018-yil aprelda O'zbekistonga uyushtirgan davlat tashriflari o'zaro siyosiy ishonchni mustahkamladi, samarali hamkorlikka keng yo'l ochib berdi. Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdo'g'on o'rtasida do'stona va ochiqlik ruhida o'tgan muloqotda O'zbekiston bilan Turkiya o'rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, ilm-fan, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi. R.Erdo'g'anning tashrifi doirasida turli sohalarga oid 25 ta kelishuv hujjatlari imzolangan.

Davlat rahbarlari 2017-yil 14-may kuni Pekinda o'tgan “Bir makon, bir yo'l” forumi, o'sha yilning 10-sentyabrь kuni Ostona shahrida tashkil etilgan Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar bo'yicha sammiti doirasida muzokaralar o'tkazdi. Shuningdek, sentyabrь oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasida ham uchrashdilar.

Izchil muloqotlar va mushtarak intilishlar natijasi hamkorlik rivojida yaqqol namoyon bo'lmoqda. Masalan, 2016-yilda o'zaro tovar ayirboshlash hajmi salkam 1,2 mlrd., 2017-yilda 1,5 mlrd. AQSh dollari bo'lgan bo'lsa, 2019-yilda bu ko'rsatkich 2,5 milliard dollardan oshgan. Yaqin yillarda bu ko'rsatkich 5 mlrd. dollarga chiqishi ko'zda tutilgan. Bugungi kunda yurtimizda Turkiya sarmoyasi ishtirokidagi 1300 dan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda. 500 mln. dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Transport sohasidagi aloqalar ham rivojlanmoqda. 2019- yilda bu boradagi ko'rsatkichlar avtomobilda - 33 %, temir yo'lda - 17 %, havo yo'llarida - 42 % ga o'sgan. Shuningdek, 2019-yilda O'zbekistonga 64 ming turkiyalik sayyoh tashrif buyurgan.

Mamlakatimizda turizm infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi dasturlar doirasida turk investitsiyasi ishtirokida qo'shma loyihalarni amalga oshirish masalasi ham dolzarb mavzu. O'zbekiston ham, Turkiya ham turizm sohasida ulkan imkoniyatlarga ega. Bu salohiyatdan to'la foydalanish, sayyohlar almashinuvini oshirish ulkan iqtisodiy samara beradi.

Yana bir muhim yo'nalish – O'zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish bo'yicha ham amaliy fikr almashuvlar o'tkazilmoqda. O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi infratuzilmalarini rivojlantirish va ularning faoliyatini shakllantirishda turkiyaliklar bilan yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olingan.


Download 1.97 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   84   85   86   87   88   89   90   91   ...   95




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling