Bolalarda laringit kasalligi avj oladigan davr – qish mavsumidir. Kasallik koʻp qayd etilishiga sabab bu davrda bolalar sovuq qotishi, burun orqali nafas olishning buzilishi, gipovitaminoz, immunitetning sustlashishi, rinit, faringit, adenoidit, tonzillit kabi kasalliklar xuruj qilishidir. Ayniqsa, laringit kasalligiga moyil boʻlganlar – limfatik-gipoplastik diatez kuzatiladigan bolalar hisoblanadi.
Allergik etiologiyali laringit bolalarda turli xil kimyoviy moddalar bugʻi bilan nafas olganda (boʻyoq-lak), chang, hayvon yungi nafas yoʻllariga tushishi, ayrim aerozol preparatlardan notoʻgʻri foydalanganda va ovqat mahsulotlariga allergik reaksiyalar natijasida kelib chiqadi. Baʼzida laringit kelib chiqishiga ovoz boylamlarining zoʻriqishi (kuchli baqirganda, qoʻshiq kuylovchi bolalarda va boshqalar), kuchli ruhiy-emotsional holatlar natijasida kelib chiqadigan hiqildoq spazmi, hiqildoq jarohatlari, yot jism aspiratsiyasi, oshqozondagi kislotali massaning qayta yuqoriga koʻtarilishi va nafas yoʻllariga oʻtishi (gastro-ezofagal reflyuks, reflyuks-laringit) ham sabab boʻlishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |