Mustaqillik arafasida sobiq cccp hamda o'zbekiston cccp dagi siyosiy iqtisodiy vaziyat reja


Download 32.14 Kb.
bet2/5
Sana05.01.2022
Hajmi32.14 Kb.
#222107
1   2   3   4   5
Bog'liq
MUSTAQILLIK ARAFASIDA SOBIQ CCCP HAMDA O'ZBEKISTON CCCP DAGI SIYOSIY IQTISODIY VAZIYAT

Tarixi

Tashkil topishi


Oʻrta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish oʻtkazilishi natijasida Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi tugatilib, uning hududi yangi tuzilgan Oʻzbekiston SSR, Turkmaniston SSR,Tojikiston ASSR (Oʻzbekiston SSR tarkibida, 1929-yildan Tojikiston SSR), shuningdek, Qoraqirgʻiz avtonom viloyati (Rossiya SFSR tarkibida; Qirgʻiziston SSR), Qoraqalpoq avtonom viloyati (Qozogʻiston ASSR tarkibida; keyinchalik Qoraqalpogʻiston ASSR, 1936-yildan Oʻzbekiston SSR tarkibida) tarkibiga kiritildi.

Umumoʻzbek sovetlarining Buxoroda boʻlgan birinchi qurultoyi (1925-yil 13–17 fevral)da „Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasini tashkil etish toʻgʻrisida deklaratsiya“ qabul qilindi. Qurultoyda respublikaning oliy organlari: Oʻzbekiston SSR Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi (Oʻzbekiston SSR MIK) va Oʻzbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti (Oʻzbekiston SSR XKS tuzilgan).

Oʻzbekiston SSR Butunittifoq sovetlarining 3-sʼyezdida (1925-yil 13-may)da SSRI tarkibiga kiritilgan. 1927-, 1937-, 1978-yillarda Oʻzbekiston SSR konstitutsiyalari qabul qilingan.

1920-yillar


Respublikadagi dehqonlarni gʻoyaviy jihatdan birlashtirib turgan tashkilotlardan biri „Qoʻshchi“ ittifoqi boʻlgan (1920–33-yillarda faoliyat koʻrsatgan). 1924-yilda 200 ming kishini oʻziga birlashtirgan bu ittifoq ham asta-sekin bolsheviklarning qishloqdagi mustabid siyosati targʻibotchisiga aylangan. Qishloq kambagʻallarining eng qashshoq qismini oʻzida birlashtirgan bu tashkilot kollektivlashtirish (jamoalashtirish) va „quloqlashtirish“ davrida salbiy rol oʻynadi.

Xalqaro xotin-qizlar kunida paranjilarni yoqib yuborish marosimi. Andijon, 1927-yil. Oʻzbekiston SSRda bolsheviklar tomonidan amalga oshirilgan „sotsialistik tajriba“ mahalliy xalq tomonidan norozilik bilan qarshi olindi. Sovet hokimiyatining dastlabki 10 yilliklarida milliy rahbar xodimlar va ziyolilar tomonidan markazning zoʻravonligiga qarshi ochiq tanqidiy fikrlar aytilgan. Muxolifat ayrim davlat va jamoat arboblari, yozuvchilar, shoirlar, maorif xodimlari va huquqshunoslarni oʻzaro birlashtirgan edi.

1925–29-yillarda Oʻzbekistonda yer-suv islohoti amalga oshirildi. Bu islohot joylarda shart-sharoitlar va tayyorgarlik darajasiga qarab uch bosqichda oʻtkazildi. Keyinchalik qishloq xoʻjaligini kollektivlashtirish amalga oshirilib, kolxoz va sovxozlar tuzildi. Biroq shoʻrolar hokimiyati oʻziga toʻq dehqon xoʻjaliklarini „quloq“ („mushtumzoʻr“) sifatida tugatish siyosatini olib borgan.


1930-yillar


Sovet rejimi dastavval mavjud tuzumga muxolifatda turganlarga qarshi repressiya siyosatini amalga oshirgan boʻlsa, 30-yillardan boshlab oʻz xalqiga nisbatan ommaviy terrorni qoʻlladi. XX asr 20-yillarining ikkinchi yarmi va 30-yillar boshida Oʻzbekiston SSRda „Oʻn sakkizlar guruhi“, „inogʻomovchilik“, „qosimovchilik“, „badriddinovchilik“, „milliy ittihodchilar“, „narkompros ishi“ kabi siyosiy ishlar toʻqilishi va Munavvarqori boshchiligidagi milliy ziyolilarning qamoqqa olinishi natijasida koʻplab oʻzbek ziyolilari qatagʻon qilindi. 1931-yil aprelda Moskvada boʻlib oʻtgan sud majlisidan keyin Munavvarqori boshchiligidagi 15 kishi otib tashlandi, qolgan 70 kishi esa uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi.

Lotin alifbosida yozilgan oʻzbekcha plakat: „Kolxozlarda mehnat intizomini mustahkamla!“ Toshkent, 1933-yil.

30-yillar oʻrtasiga kelganda butun mamlakatda boʻlgani singari Oʻzbekiston SSRda ham ommaviy qatagʻonlar avj oldi. Respublikadagi aksariyat siyosiy rahbarlar 1937–38-yillarda „millatchilik va sovet hokimiyatiga qarshi kurash olib borish“da, shuningdek, qurolli qoʻzgʻolon koʻtarishni tayyorlashda ayblandi. Fayzulla Xoʻjayev, Akmal Ikromov, Sulton Segizboyev kabi siyosiy rahbarlar qatl etildi.

Oʻzbekiston SSR jamiyatning barcha tabaqalariga yoyilgan hibsga olish toʻlqini ostida qoldi. Davlat va jamiyat arboblari, xoʻjalik rahbarlari va oddiy kishilar bilan bir qatorda milliy ziyolilar ommaviy ravishda qatagʻon qilindi. XX asr oʻzbek adabiyotining arboblari; Fitrat, Choʻlpon va Abdulla Qodiriy va boshqalar otib tashlandi.

1937–39-yillarda toʻqib chiqarilgan soxta ayblovlar boʻyicha Oʻzbekistonda 41 mingdan ortiq kishi hibsga olinib, ulardan 37 mingdan ortigʻi jazolandi, 6 920 kishi esa otib oʻldirishga hukm qilindi. Umuman olganda, 1937–53-yillarda Oʻzbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi (NKVD) troykasi (uchligi) tomonidan 100 mingdan ortiq kishi qatagʻon qilindi, ulardan 15 ming nafari otib tashlandi. 1936–40-yillarda faqat davlat va jamoat arboblari, yozuvchilar, shoirlar va olimlardan 5 758 kishi qamoqqa olinib, ulardan 4 811 kishi otib oʻldirishga hukm qilingan edi.


1940-yillar

Ikkinchi jahon urushi yillari


Ikkinchi jahon urushi yillarida Oʻzbekiston SSRdan 1,5 million kishi frontga ketgan, ulardan 450 mingdan ortiq kishi jang maydonlarida halok boʻlgan. Fashistlar bosib olgan hududlardan Oʻzbekistonga 1 milliondan ortiq kishi, jumladan, 200 ming bola evakuatsiya qilindi.
1943–44-yillarda qalmoqlar, qrim tatarlari, chechenlar, ingushlar, olmonlar, qorachoylar, yunonlar, mesxetin turklari, bolqorlar oʻz tarixiy vatani yoki doimiy yashash joylaridan mamlakatning sharqiy hududlariga koʻchirib yuborildi. Qrimdan 151 604 qrim tatarlari, Gurjistondan 110 ming mesxetin turklari, Shimoliy Kavkazdan 175 ming chechen, 20 mingdan ortiq ingush, 4 500 bolqor, arman va yunonlar Oʻzbekiston SSRga koʻchirildi. Koʻchirib keltirilganlar orasida boshqa xalqlarning vakillari ham oz emas edi. Maxsus koʻchirib keltirilganlarning koʻpchiligi kolxoz va sovxozlarga ishga joylashdilar, keyinchalik Mirzachoʻlni oʻzlashtirishda ishtirok etdilar.

Urush yillarida Oʻzbekiston SSR qishloq xoʻjaligi ahli eng murakkab va ogʻir sharoitlarda mehnat qilib, davlatga 4 148 000 tonna paxta, 82 million pud gʻalla, 54 067 tonna pilla, 195 ming tonna sholi, 57 444 tonna hoʻl meva, 36 ming tonna quruq meva, 159 300 tonna goʻsht, 22 300 tonna jun va boshqa mahsulotlarni yetkazib berdilar. Urushda vayron boʻlgan xalq xoʻjaligini tiklashga yordam berish uchun koʻplab oʻzbekistonliklar Rossiya SFSR, Ukraina SSR, Belorussiya SSR va boshqa respublikalarga joʻnatildi.


1940-yillarning ikkinchi yarmi


Urush tugagach, oradan koʻp oʻtmay Oʻzbekiston SSR boʻylab yana bir yalpi qirgʻin toʻlqini yelib oʻtdi. XX asrning 40-yillari oxiri va 50-yillari boshidagi qatagʻonlar, asosan, madaniyat va fan arboblariga qarshi qaratildi. Oʻzbekiston Kompartiyasi MK markazning yoʻl-yoʻriqlariga tayangan holda dunyoqarashi va ijodi partiya mafkurasidan farq qiladigan ijodiy ziyolilar vakillariga qarshi hujum boshladi. Yozuvchi va shoirlardan Said Ahmad, Shukrullo, Mirzakalon Ismoiliy, Shuhrat, Maqsud Shayxzoda, Mirkarim Osim, Hamid Sulaymonov, shuningdek, Muhiddin Qoriyoqubov 1951-yilda „sovetlarga qarshi millatchilik faoliyati“ olib borganlikda ayblanib qamoqqa olindilar va 25 yil ozodlikdan mahrum etildilar. Oʻzbek xalqining faxri hisoblangan Oybek badnom qilindi.

1950–1970-yillar


20-asrning 50–80-yillarida Oʻzbekiston SSRda turli sanoat korxonalari qurilgan, yangi shahar va posyolkalarga asos solingan. Mirzachoʻl va boshqa choʻllarning oʻzlashtirilishi natijasida ekin maydonlari kengaygan. Xalqning turmush darajasi muayyan darajada yaxshilangan. Ayniqsa, Oʻzbekiston iqtisodiyoti markaz manfaatlariga boʻysundirilgan. SSRIning agrar respublikalaridan biriga aylangan Oʻzbekiston SSRda paxta yakkahokimligi oʻrnatilgan. XX asrning 60-yillarida Orol dengizining qurishi boshlandi va u mintaqadagi ekologik muhitga jiddiy zarar yetkazdi.

1980-yillar


XX asrning 80-yillari boshlariga kelganda sovet rejimi, uning siyosiy tizimi va xoʻjalik yuritish usullari oʻzining rivojlanish imkoniyatlarini tugata boshlagan. Oʻzbekiston SSR iqtisodiyoti ham, katta xom ashyo va tabiiy boyliklar zaxirasiga ega boʻlishiga qaramasdan, SSRIning markaziy hududlaridan juda tez ortda qola boshlagan.

Oʻzbekiston SSRning ijtimoiy-siyosiy hayotida 1984-yil 23-iyunda boʻlgan Oʻzbekiston Kompartiyasi MK 16-plenumi mashʼum rol oʻynagan. Moskva tashabbusi va koʻrsatmasi bilan tashkil qilingan bu plenumda qabul qilingan hujjatlar Oʻzbekiston SSRda oʻzbek xalqini asossiz badnom etish kompaniyasini boshlab berdi.

Oʻzbekiston kompartiyasi 60 yilligiga bagʻishlangan pochta markasi

SSRI Bosh prokurori huzurida alohida muhim ishlar boʻyicha maxsus 12 kishilik tergovchilar guruhi tuzilib, 1983-yildayoq Oʻzbekiston SSRga yuborilgan edi. Ular keyinchalik markazdan respublikaga kelgan „desantchilar“ga tayanib, Oʻzbekistonda navbatdagi qatagʻonni amalga oshirdi.

Oʻzbekiston SSRda paxta tayyorlash va uni qayta ishlash bilan bogʻliq jarayonlardagi „qoʻshib yozish“, „oʻgʻrilik“, „koʻzboʻyamachilik“, „poraxoʻrlik“ va hokazolarni tergov qiluvchi Gdlyan va Ivanov guruhining talabi bilan respublikadagi jamoa xoʻjaliklari raislari va sovxoz direktorlarining 60 foizi, qishloq xoʻjaligi yetakchi mutaxassislarining 45 foizi, paxtachilik brigada boshliqlarining 35 foizi, shuningdek, koʻplab rahbarlar, viloyatlar va tumanlar partiya qoʻmitasi kotiblari, respublika miqyosidagi partiya, sovet va xoʻjalik rahbarlari oʻz vazifalaridan olib tashlandi va ularga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatildi.

1983–90-yillarda Oʻzbekiston SSRda „paxta ishi“ boʻyicha jami 40 ming kishi tergov qilindi, 5 ming kishi esa soxta ayblar bilan jinoiy javobgarlikka tortildi. Tergov jarayonida inson huquqlari toptalib, tutqunlarga jismoniy va ruhiy tazyiq oʻtkazildi. Ularning oila aʼzolari va qarindosh-urugʻlari ham qamoqqa tashlandi.


Mustaqillikka erishishi


Oʻzbekiston SSRda qilingan qatagʻon va yovuzliklar xalq ommasini sovet rejimiga nisbatan nafratini oshirdi, tuzumga boʻlgan munosabatini keskin oʻzgartirdi. Ana shunday murakkab bir vaziyatda respublikada mustaqillik uchun kurash kuchaydi. 1990-yil 20-iyunda Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti „Mustaqillik deklaratsiyasi“ni qabul qildi. 1991-yil 31-avgustda „Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini eʼlon qilish toʻgʻrisida“ qonun qabul qilinib, Oʻzbekiston mustaqillikka erishdi.


Download 32.14 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling