25-modda. Qonun loyihasining moliyaviy-iqtisodiy asoslari
Moddiy xarajatlar talab qilinadigan qonun loyihasini tayyorlashda unga moliyaviy-iqtisodiy asoslar ilova qilinadi, mazkur asoslarni qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga kelishuv uchun majburiy tartibda yuboradi. Javob O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga tegishli yozma murojaat kelib tushgan sanadan e’tiboran o‘ttiz kundan kechiktirmay qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga yuborilishi kerak.
Davlat daromadlarini kamaytirish yoki davlat xarajatlarini ko‘paytirishni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti moddalari bo‘yicha o‘zgartirishlarni nazarda tutuvchi qonunlarning loyihalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining xulosasi bo‘lishi zarur. Xulosa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tegishli yozma murojaat kelib tushgan sanadan e’tiboran o‘ttiz kundan kechiktirmay qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga yuborilishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |