11-modda. Qonun loyihasini tayyorlashni tashkil etish
Qonun loyihasini tayyorlash uchun qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti tomonidan ishchi guruhi (komissiyasi) tuzilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Ishchi guruhi (komissiyasi) tarkibiga qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti tegishli bo‘linmalarining vakillari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari yoki idoralarning tegishli tarmoqlarning holati va rivojlanishi uchun mas’ul bo‘lgan vakillari, boshqa manfaatdor davlat organlarining, ilmiy va boshqa tashkilotlarning vakillari, shuningdek fuqarolar kiritilishi mumkin. Bunda nodavlat tashkilotlar vakillari, shuningdek fuqarolar ishchi guruhi (komissiyasi) tarkibiga o‘z roziligiga ko‘ra kiritiladi.
(11-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 14-maydagi O‘RQ-372-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 20-son, 222-modda)
Ishchi guruhi (komissiyasi) a’zolari qonun loyihasini tayyorlash uchun zarur bo‘lgan tegishli bilim va tajribaga ega bo‘lishlari kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti ishchi guruhining (komissiyasining) faoliyatini ta’minlash uchun davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan qonun loyihasini tayyorlash uchun zarur bo‘lgan materiallarni, statistika ma’lumotlarini va o‘zga ma’lumotlarni olishga, qonun loyihasi yuzasidan ilmiy va boshqa tashkilotlarning, olimlar hamda mutaxassislarning maslahatlari va tavsiyalarini, shuningdek ekspertlarning xulosalarini olishga haqlidir.
(11-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 14-maydagi O‘RQ-372-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 20-son, 222-modda)
Qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti, zarur bo‘lgan hollarda, qonun loyihasini tayyorlashni davlat organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarga, ayrim fuqarolarga belgilangan tartibda o‘z vakolati doirasida topshirishi yoki ularga shartnoma asosida buyurtma berishi mumkin.
Qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti, zarur bo‘lgan hollarda, qonunlarning muqobil loyihalarini tayyorlashni bir nechta davlat organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarga, ayrim fuqarolarga o‘z vakolati doirasida topshirishga yoki ular bilan shartnomalar tuzishga, shuningdek eng yaxshi qonun loyihasi uchun tanlovlar e’lon qilishga haqlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |