Masalan, «Vaqt orqaga qaytmaydi», «Hayot - bu harakat» kabi gaplar hukmni ifoda
qiladilar.
Hukmlar tuzilishiga ko’ra oddiy va murakkab bo’ladi.
ODDIY HUKM deb tarkibidan yana bir hukmni ajratib bo’lmaydigan mulohazaga aytiladi.
Masalan, «Mantiq ilmini o’rganish to’g’ri fikrlash madaniyatini shakllantiradi» degan mulohaza
oddiy hukmni ifodalaydi.
MURAKKAB HUKM tarkibidan ikki yoki undan ortiq hukmni ajratish mumkin bo’lgan
mulohazalarga aytiladi. Masalan, «Mantiq ilmi tafakkur shakllari va qonunlarini o’rganadi»,
degan mulohaza murakkab xumkmdir. Bu mulohazaning tarkibi ikki qismdan: «Mantiq ilmi
tafakkur shakllarini o’rganadi» va «Mantiq ilmi tafakkur qonunlarini o’rganadi», degan ikki
oddiy hukmdan iborat.
Xulosa chiqarish deb bir va undan ortiq chin mulohazalardan ma’lum qoidalar
yordamida yangi bilimlarni keltirib chiqarishdan iborat bo’lgan tafakkur shakliga aytiladi.
Xulosa chiqarish jarayoni asoslar, xulosa va asoslardan xulosaga o’tishdan tashkil topadi.
To’g’ri xulosa chiqarish uchun, avvalam bor, asoslar chin mulohazalar bo’lishi, o’zaro mantiqan
bog’lanishi kerak.
Masalan, «Aristotel-mantiq fanining asoschisi» va «Platon yunon faylasufidir» degan ikki
chin mulohazadan xulosa chiqarib bo’lmaydi. Chunki bu mulohazalar o’rtasida mantiqiy
aloqadorlik yo’q.
Xulosa asoslari va xulosa ham o’zaro mantiqan bog’langan bo’lishi shart. Bunday
aloqadorlikning zarurligi xulosa chiqarish qoidalarida qayd qilingan bo’ladi. Bu qoidalar buzilsa,
to’g’ri xulosa chiqmaydi. Masalan: «Talaba A – a’lochi» degan mulohazadan «Talaba A –
odobli», deb xulosa chiqarib bo’lmaydi.
Xulosa chiqarish xulosaning chinlik darajasiga ko’ra, aniqrog’i, xulosa chiqarish
qoidalarining qat’iyligiga ko’ra hamda xulosa asoslarining soniga va fikrning harakat
yo’nalishiga ko’ra bir qancha turlarga bo’linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |