Mutolaa haqida [Hermann Hesse]


Download 17.33 Kb.
Sana14.09.2023
Hajmi17.33 Kb.
#1677964
Bog'liq
Mutolaa haqida


Mutolaa haqida [Hermann Hesse]
Har birimiz, qaysi kasb egasi boʻlmaylik, imkon va sharoitimizdan kelib chiqib, kitob bilan muayyan darajada muloqotda boʻlamiz. Oʻlchovli hayotimizning ma’lum bir qismini shunga sarf qilamiz. Ammo qanday kitob oʻqish, uning ta’sir va oqibatlari, umuman, nega kitob oʻqiymiz, shu haqda barchamiz ham chuqurroq oʻylab koʻrmaymiz.
Oʻtgan yigirmanchi asrning mashhur adiblaridan biri, adabiyot sohasidagi xalqaro Nobel mukofoti sovrindori Hermann Hesse (1877—1962) oʻzining «Choʻl boʻrisi», «Demian», «Gʻildiraklar ostida», «Marjonlar oʻyini» va boshqa koʻplab asarlari bilan nom qozongan. Hermann Hesse oʻz ijodining ilk davrida kitob targʻiboti va savdosi bilan mashgʻul boʻlgan. Aynan ana shu narsa uning xilma-xil adabiy janr­larda yaratilgan asarlarni tushunishiga sabab boʻlgandir, ehtimol. Adibning kitob mutolaasi borasidagi ajoyib fikrlari mushtariylarimizni befarq qoldirmaydi, degan umiddamiz.
Koʻpchilik kitob oʻqishni bilmaydi va koʻp kishilar nima uchun oʻqiyotganini tuzukroq tushunmaydilar. Ba’zilar buni oʻqimishli boʻlishning qiyin, biroq yagona yoʻli deb biladi. Ular uchun har qanday kitob kishini «oʻqimishli» qiladi. Boshqa birovlar uchun esa oʻqish - bu dam olish, shunchaki vaqtni oʻtkazish va ularga nimani (maqola, roman, she’r, xabar va hokazo)oʻqish baribir, zerikarli boʻlmasa, bas.
Shunchaki dam olish, vaqt oʻtkazishni istagan va «oʻqimishli» boʻlish haqidagina qaygʻurgan kitobxon kitobdagi dilni poklovchi, kishini ruhlantiruvchi qandaydir noma’lum bir kuchni sezadi. Biroq bu kuchni u aniq tasavvur etolmaydi va baholay ham olmaydi. Bunday kitobxon tibbiyotdan mutlaqo bexabar bemorga oʻxshaydi, ya’ni aynan qaysi dori kerakligini tushunmasdan, har bir qutichadagidan tatib koʻra boshlaydi. Aslida, mutolaa borasida ham har bir kishi oʻzi uchun zarur boʻlgan, yangi kuch hamda ruhiy ta’sir baxsh etadigan kitoblarni topa bilishi kerak emasmi?
Biz, mualliflarga odamlarning koʻp mutolaa qilishlari, albatta, yoqimli va aynan ijodkor tomonidan, haddan ziyod koʻp oʻqishadi, deyilishi nooʻrindir. Ammo mingta loqayd kitobxondan oʻnta yaxshi kitobxon durust. Shu bois, bemalol ta’kidlashim mumkinki, hamma joyda haddan tash­qari koʻp mutolaa qilishadi va bu - adabiyot uchun obroʻ emas, ziyon keltiradi. Kitob mustaqil boʻlmagan kishilarni yana ham ma’naviy zaiflashtirish uchun yozilmaydi, bundan tashqari, undan ba’zan noqobil odamlarga arzongarov tasvir hamda osongina oʻzgartirilgan hayotni koʻrsatish uchun ham foydalanishadi. Kitob­lar insonni hayotga yoʻllagandagina, unga xizmat qilgandagina foydalidir. Agar kitob oʻquvchiga oz boʻlsa-da, kuch-gʻayrat, shijoat, ma’naviy poklik baxsh etmasa, mutolaa uchun sarf etilgan har bir soat behuda, besamar boʻlib qolaveradi.
Shunchaki oʻqish - bu diqqatni toʻplashga majbur etuvchi mashgʻulot va ovunish uchungina oʻqish-oʻz-oʻzini aldashdir. Loqayd kishilar uchun, umuman, biror narsadan ovunishning hojati yoʻq. Aksincha, ular hamma joyda diqqat-e’tiborli boʻlishlari, qaerda nima bilan mashgʻul boʻlishmasin, nima haqda fikr yuritishlaridan qat'i nazar, oʻzlarini butun vujudlari bilan voqealar girdobida his etmoqlari zarur.
Hayot qisqa, uning poyonida hech kimdan oʻqilgan kitoblar soni soʻralmaydi. Biror foydasi boʻlmasa, oʻqishga vaqt sarflash aqllilik belgisi emas, aksincha, koni ziyon emasmikan? Men bu oʻrinda faqat yomon kitoblarni emas, avvalambor «sifatli mutolaa»ni nazarda tutayapman. Hayotda har bir qadaming kabi oʻqishdan ham biron natija kutiladi. Mutolaadan yangi kuch-gʻayrat olmoq uchun avvaliga kuch sarf etmoq, oʻzingni yanada yaxshiroq tushunmoq uchun oldin oʻzingni «yoʻqotmoq» kerak boʻladi.
Agar har bir oʻqilgan kitob quvonch va alam, shijoat hamda ruhiy tazarru olib kelmasa, jahon adabiyoti tarixini bilishdan ma’no yoʻq. Fikr-mulohaza qilmasdan oʻqish - xushmanzara tabiat qoʻynida koʻzni bogʻlab yurmoq demakdir. Biz oʻzimizni va turmushimizni unutish uchun emas, balki hayot jilovini yanada ongliroq ravishda anglash uchun oʻqishimiz kerak. Kitobga dimogʻdor oʻqituvchiga qaragan qoʻrqoq oʻquvchi singari emas, balki eng baland choʻqqini zabt etmoqqa shaylangan shiddatkor alpinist kabi yondashmoq talab etiladi.
Muallif: Hermann Hesse
http://uzsmart.ru/kutubxona/asarlar/1312-mutolaa-haqida-hermann-hesse.html
Download 17.33 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling