. - miloddan avvalgi 3-asr da Sirdaryoning oʻrta oqimida turkiy va sugʻdiylar ittifoqi asosida Qangʻ davlati tashkil topgan edi. Qangʻ davlati davrida Movarounnahr va unga tutash mintaqalardagi xalqlarning iqtisodiy siyosiy va etnomadaniy aloqalarining tobora rivojlanib borishi natijasida turkiy tilli etnoslar ustuvorlik qilib, oʻziga xos uygʻunlashgan madaniyat shakllandi. Arxeologik asarlarda bu madaniyat Qovunchi madaniyati nomini olgan.[17][18] Antropolog olimlarning taʼkidlashlaricha aynan shu davrlarga kelib, Oʻrta Osiyo ikki daryo oraligʻi antropologik tipi (qiyofasi) toʻliq shakllangan.
- Hunlar Xorazmda milodiy III asrda paydo boʻlgan.[19] Baʼzi tadqiqotchilar hun tilini turkiy deb tasniflaydilar.[20][21]
- Oʻzbeklar etnogenezida qatnashgan navbatdagi etnik komponentlar kushonlar hamda milodiy 4—5-asrlarda Oʻrta Osiyoning markaziy viloyatlariga Oltoydan va Sharqiy Turkistondan siljigan xioniylar, kidariylar va eftaliylardir. Kidariylar tarkibida turkiy qatlam boʻlgan
, - oʻzbeklar etnogeneziga faol taʼsir oʻtkazgan turkiy etnik komponentlar asosan Turk xoqonligi (6—8-asrlar) davrida Oʻrta Osiyoning markaziy mintaqalari (Toshkent, Zarafshon, Qashqadaryo, Surxondaryo vohalari, Fargʻona vodiysi) va Xorazmga kelib joylashib, maʼlum bir tarixiy davr mobaynida, bu etnik komponentning aksariyat qismi oʻtroqlashdi. Turk xoqonligi davrida kirib kelgan turkiy komponentlar va mahalliy aholi oʻrtasidagi etnik madaniy munosabatlarning rivoji hududdagi etnik jarayonlar taraqqiyotiga katta taʼsir oʻtkazdi. Ushbu turkiy qatlam madaniy yutuqlarining mahalliy madaniy xoʻjalik anʼanalari bilan jadal uygʻunlashuvi yuz berdi. Bu davr turkiy-sugʻdiy simbiozni hal qiluvchi bosqichlaridan biri boʻlgan.
. - 8-asrdan arab va ajam (arab boʻlmagan Yaqin va Oʻrta Sharq) xalqlarining Oʻrta Osiyoga kirib kelishi mintaqadagi etnik jarayonlarga katta taʼsir etmagan. Bu davrda aholi etnik tarkibida maʼlum bir oʻzgarishlar boʻlgan boʻlsada, Movarounnahrdagi oʻtroq va yarim oʻtroq turkiyzabon aholi, sugʻdiylar va Xorazmning tub yerli aholisi oʻz hududlarida qolib, arablar (7—8-asrlar) hukmronligi ostida yashaganlar. Umuman olganda, 9-asrdan boshlab Movarounnahr mintaqasida yaxlit turkiy etnik qatlam, jonli turkiy til muhiti vujudga kela boshladi va, oʻz navbatida, sugʻdiylar va boshqalar mahalliy etnoslarda ham turkiylashish jarayoni jadallashgan. Etnograf olim K.Shoniyozovning qayd etishicha, 9—10-asrlarda tigʻiz etnogenetik jarayon natijasida koʻplab turkiy qabila va elatlarning oʻtroq hayotga oʻtishi jadal davom etgan. Bu asrlarda Sirdaryoning shimolida, Movarounnahr va Xorazmda turkiy etnik qatlam kuchli etnik asosga ega boʻlgan. Tabiiyki, bu kuchli etnik qatlam asosining aksariyat koʻpchiligini oʻtroqlashgan turgʻun turkiy etnoslar tashkil qilgan[23].
- Manbalarda koʻp sonli turk-soʻgʻdiy nikohlari va oilaviy aloqalar qayd etilgan. Gʻarbiy Turk xogonligi hukmdori Ton-yabgu xoqon (618-630) davrida Samarqand hukmdori bilan oilaviy munosabatlar oʻrnatildi - Ton-yabgu xoqon unga qizini berdi. 711-yil 27-aprelda tuzilgan nikoh shartnomasiga koʻra, Turkiylar vakili Oʻt-tegin va soʻgʻdiy Dugʻdgoncha oʻrtasidagi nikoh qayd etilgan. Shunday qilib, qadimgi Soʻgʻdda oʻtroq aholisining bir qismini, eroniyzabon Suʻgʻdiylar bilan bir qatorda turkiyzabon aholi tashkil qila boshlagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |