Namangan davlat universiteti sarimsokov abdilatip abdiraximovich


Download 0.61 Mb.
bet21/31
Sana09.05.2023
Hajmi0.61 Mb.
#1447690
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   31
Bog'liq
4 Укув кулланма Нумизматика 2022 lotin nashr uchun

Mavzuga oid tayanch iboralar:
Qoraxoniy, Asrlonxon, Tamg‘achxon, Sarvarxon, Sulton Sanjar, Ibroxim Sulton, kumush inqirozi.


Mavzuga oid savollar:
1. «Kumush inqirozi» haqida nimalar bilasiz?
2. O‘rta Osiyoda qoraxoniylar, saljuqiylar, g‘aznaviylar, xorazmshohlar hukmronligi davri yurtimiz tangashunosligiga qanday ta'sir ko‘rsatdi?
3. Muhammad ibn Sulaymon tomonida qanday tangalar zarb qilingan?
4. O‘rganilayotgan davr tangalari haqida to‘g‘risida O. Pritsak, A. K. Markov qanday ma'lumot berganlar?
5. XI–XIII asrlarda hukmronlik qilgan qaysi sulola tangalarini butun O‘rta Osiyo bo‘ylab uchratishimiz mumkin?


Mavzuga oid testlar:
1. O‘rganilayotgan davrda qaysi hukmdor o‘z nomini «Sarvarxon» tarzida ifoda etib tangalar zarb qilgan?
a) Sulton Sanjar
b) Muhammad ibn Sulaymon
s) Mahmudxon
d) Bilgaxon
2. 1130- yilda kim Movarounnahrning oliy hukmdori deb e'lon qilingan?
a) Sulton Sanjar
b) Ibrohim Sulton
s) Muhammad ibn Sulaymon
d) Axmadxon ibn Tamg‘achxon
3. Nechanchi asrda qoraxoniylar davlatida usti yupqa kumush qoplamga ega mis dirhamlarni zarb qilingan?
a) IX asrda
b) XII asrda
s) XIII asrda
d) XI asrda
4. Qoraxoniy hukmdor Ibroxim ibn Husayn tomonidan ilk tangalar qachon zarb qilingan?
a) 1163–64
b) 1200–1202
s) 1178–79
d) 1134–36
5. Kimning kolleksiyasida Jag‘raxon Alining vorisi Qilich Tamg‘achxon Ma'sud tangalari saqlanadi?
a) O. Pritsak
b) S. Borodin
s) A.K. Markov
d) A. Atesh
Mavzu № 6. MO‘G‘ULLAR HUKMRONLIGI DAVRI TANGALARI
Reja:
1. Mo‘g‘ullar hukmronligining dastlabki davri tangalari.
2. Ma'sudbekning pul islohoti.
3. Kebekxon tomonidan amalga oshirilgan pul islohoti.

O‘rta Osiyo va Eron bosib olinganidan keyin mo‘g‘ul xonlari va oqsuyaklari ichida bosib olingan hududlardagi o‘troq aholiga nisbatan ikki xil munosabat shakllandi. Ushbu yondashuvlarning ijtimoiy asoslari A. Yu. Yakubovskiy hamda I. P. Petrushevskiylar tomonidan o‘rganilgan. Birinchi yondashuv namoyandalari sifatida harbiy-ko‘chmanchi (ham mo‘g‘ul, ham turkiy) oqsuyaklarning katta qismini, ko‘plab shahzodalar va mo‘g‘ullarning oliy hukmdori bo‘lgan xoqonlarni olish mumkin. Ular o‘troq hayot tarziga qarshi chiqqanlar, butun yerlarni yaylovlarga va shaharlarni xarobalarga aylantirishni istaganlar. Ular to‘xtovsiz talonchilik yurishlarini amalga oshirishga, shaharlarga o‘t qo‘yib yuborishga va aholini tinmay asir olib, sotib yuborishga tayyor bo‘lganlar. Ularning bunday ishlari tezda o‘troq hududlarni vayron qilib, keyinchalik dehqonchilik, hunarmandchilik va savdodan keladigan daromad manbaidan ularni bebahra qoldirishi mumkinligini xayollariga ham keltirmaganlar. Ushbu guruhni shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri talonchilik yo‘li bilan boyishni ko‘zlagan ayrim mahalliy oqsuyaklar va savdogarlar ham qo‘llab quvvatlaganlar.


Ikkinchi qarash tarafdorlarini esa ayrim xoqonlar va xoqon xonadoniga yaqin harbiy-ko‘chmanchi oqsuyaklarning kichik qismi, amaldorlar, dindorlar va savdogarlarning katta qismi tashkil etgan. Ushbu oqsuyaklarni kuchli markazlashgan hokimiyatga intilish, birinchi yo‘nalish tarafdori bo‘lganlarning ayirmachilik kayfiyatlariga barham berish, o‘troq aholini talon-taroj qilishni va talashni to‘xtatishni darhol to‘xtatilishi kerakligini tushunish tashkil etgan. Shaharlar va savdo-sotiq ishlariga yordam ko‘rsatish, o‘lpon va majburiyatlarning aniq miqdorini belgilab qo‘yish, dehqonlar va shaharliklarni o‘zboshimcha soliqlar va o‘lponlar yig‘ishdan ozod qilish, ekinzorlarni payhon etilishidan, shaharlarni vayron qilinishidan saqlash kabilar kasod bo‘lgan xo‘jalikni qayta tiklash va rivojlantirish uchun zarur edi. Ikkinchi yo‘nalish vakillari ushbu dasturlarni bajarmaslik o‘zing o‘tirgan shohni arralash bilan teng ekanligini tushunganlar, chunki har qanday talonchilik qishloq-xo‘jaligi, savdo, hunarmandchilik va shaharlardan tushadigan yillik tizimli daromadlarga yetmagan.
Ikkinchi yo‘nalishning yorqin tarafdorlari sifatida 1251- yilda hokimiyatga kelgan Munqa xoqon va birinchi hukmdor Mahmud Yalovochning o‘g‘li Mas'udbekni ko‘rish mumkin. Tarixchilar tomonidan yozma manbalarda saqlanib qolgan Munqa-xoqon faoliyati to‘g‘risidagi ma'lumotlarga jiddiy e'tibor berilmagan, uning harakatlari faqatgina mahalliy hukmdorlarning o‘zboshimchaliklariga qarshi chora sifatidagina baholangan. Munqa xoqon tomonidan chiqarilgan farmonlarning mazmunini numizmatik ma'lumotlar bilan solishtirma tahlil qilish orqali uning tadbirlari shunchaki chala, oxirigacha yetkazilmay qolgan ishlar emas, balki aniq bir maqsadni ko‘zlagan holda amalga oshirilgan va O‘rta Osiyoda qisman hayotga tadbiq ham etilgan.
Munqa-xoqon hukmronlik davrida qat'iy belgilangan jon solig‘i mavjud bo‘lgan, O‘rta Osiyoning ko‘plab shaharlarida bir xil probali oltin dinorlarni doimiy zarb qilish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Mo‘g‘ullardan keyingi vayron etilgan xo‘jalik hayoti sharoitida oliy probali oltin tangalar ancha yirik hisoblanib, ichki savdo ayirboshlashiga va asosiy mahsulotlarga nisbatan bo‘lgan narxlarga muvofiq kelmasdi. Oltin dinorlar umumdavlat muomala vositasiga aylanishi va bu bilan pul savdosining tiklanishi va rivojlanishiga muvofiq kelishi uchun ushbu oltin pullarning sifati past bo‘lishi kerak edi (tarkibida sof oltin 60%ni tashkil etgan) Shu yo‘l bilan mahsulot va pulni muvofiqlashtirishga urinilgan.
Boshqa tadbirlar Rashid ud-din tomonidan yorqin tasvirlangan: «Guyukxon (vafoti)dan keyin ko‘plab xonlar va shahzodalar odamlarga sonsiz yorliqlar bera boshlaganlar, mamlakatning u boshidan bu boshigacha choparlarni jo‘natganlar va kambag‘alu boy, hammaga, ular savdo munosabatlarini olib borishlari sababidan ushbu yorliqlarni berganlar. Endi Munqa xoqon yuqoridagi odamlarga nisbatan farmon chiqardi, ular Chingizxon, O‘qtoy – xoqon, Guyuk – xoqon davridagi barcha yorliqlarni to‘plasinlar va endi shahzoda va mahalliy hukmdorlar oliy xoqon noibining ruxsatisiz hech kimga yorliqlarni bermasinlar. 14 ta yomdan oshuvchi safarlarga chiqmasinlar, aholidan soliq tarzida otlarni olib qo‘ymasinlar». O‘qtoyning davrida elchilarning Mo‘g‘uliston viloyatlariga aloqa xizmati5 otlarida borishlari urfga aylangan, Munqa xoqon buni bekor qilgan, chunki savdogarlar pul ishlash uchun boradilar, shunday ekan nima uchun ular ushbu xizmat otlaridan foydalanishlari kerak va ularning o‘z otlarida safarga chiqishlariga farmon berdi. Shuningdek, choparlarga hech qanday qishloq va shaharlarga kirmaslikka buyruq berdi, o‘zlarining zimmasiga yuklatilganidan ortig‘ini olmasliklariga buyruq berdi.
Eski, ancha og‘ir va tartibga solinmagan soliqlar hamda o‘lponlar bekor qilingan. Xususan, Munqa xoqon Chingizxon vafotidan chiqarilgan barcha yorliq va payzalarni bekor qilgan. U shuningdek, choparlarga aholining otlarini foydalanish uchun olishni ta'qiqlab, ular uchun qancha otdan foydalanish mumkinligi to‘g‘risidagi normalarni belgilab bergan. Xususiy shaxslarga umuman davlat otlaridan foydalanish ta'qiqlangan. Munqa-xoqon shahar va qishloqlarga bostirib kirib, keragidan ortiqcha soliqlar yig‘ishni ta'qiqlab qo‘ygan. Yana bir narsa qiziqki, Munqa-xoqon davrida farmonlar kimga mo‘ljallangan bo‘lsa, o‘sha xalqlarning tilida yozilgan. Bosib olingan hududlar aholisi bilan hisoblashmaydigan mo‘g‘ullar uchun bu uzoq ishni ko‘zlab qilingan siyosat edi.
Shunday qilib, Munqa xoqon tomonidan amalga oshirilgan tadbirlar birinchi o‘rinda soliqlarning aniq miqdorini qat'iy ishlab chiqish va amal qilishini ta'minlash, o‘zboshimcha va betartib soliq va o‘lponlardan aholini himoya qilib, shahar hayoti va savdoni faol yo‘lga qo‘yishga qaratilgan. Shunday qonunlarning qabul qilinishining o‘zi XIII asrning ikkinchi yarmiga kelib, ikkinchi yo‘nalish vakillarining ancha muvaffaqiyat qozonganliklarini ko‘rsatadi. Ularning asosiy tashabbuskorlari va hayotga tadbiq etuvchilaridan biri so‘zsiz Mas'udbek hisoblanadi, unga Munqa xoqon davrida Uyg‘uristondan boshlab G‘arbda Xorazmgacha cho‘zilgan katta hudud bo‘ysingan.
Eronda jon solig‘ining joriy etilishi aholiga katta yengillik olib kelmadi, chunki amaldorlar va mo‘g‘ullar tomonidan katta su'iste'molliklarga yo‘l qo‘yilgan. O‘rta Osiyoda esa soliqlarning qonuniylashtirilishi va ayrim o‘zboshimcha soliqlarning tugatilishi iqtisodiyotni tiklanishida katta ahamiyat kasb etgan. Shahar hayoti va pul munosabatlari sohasida katta yutuqlarga erishilgan. Oltin tangalar pul savdosini ancha kuchaytirib yuborgan. Pul munosabatlari asosini butun tangalar emas, balki vaziga qarab baholanuvchi ularning bo‘laklari va qismlari tashkil etgan. Tangalarning probasining pastligini hisobga olsak, ular butun mamlakatning barcha hududlarida asosiy muomala vositasiga aylanganligini ko‘rishimiz mumkin. Ushbu umumdavlat pullaridan tashqari ayrim shaharlarda kumush yurgizilgan mis tangalar ham zarb qilingan. Bu yerda O‘tror, Xo‘jand, Farg‘ona shaharlarida, umuman mamlakatning shimoliy-sharqida kechgan faol savdo-iqtisodiy munosabatlarini ko‘rsatish mumkin. Ushbu mintaqalarda bevosita yuksalish jarayoni kechgan. Keyinroq, XIII asrning oxirgi choragida ma'lum darajada gullab yashanagan, lekin Yettisuvda bu paytda ham shaharlarning xarobalari va yaylovlarning ustunligi ko‘zga tashlanar edi.
XIII asrning 70- yillarida Mas'udbek tomonidan tub pul islohotlari amalga oshirilgan. Bu holat ikkinchi yo‘nalish tarafdorlarining ancha ahmiyatli va ko‘lamli g‘alabalari natijasida yuzaga kelgan. Islohotga 1271- yilda kirishilgan bo‘lsa-da, uning asosiy natijalariga XIII asrning oxirgi ikki o‘n yilligida erishilgan.
Ushbu islohotning asosiy mazmunini O‘rta Osiyoning shahar va viloyatlarida bir xil vazn va probadagi haqiqiy kumush tangalarni zarb etishning yo‘lga qo‘yilganligi bilan izohlanadi. Bunday tangalar zarb qilingan yeridan qat'iy nazar mamlakatning butun hududida muomalada bo‘lgan. Bu pul savdosida deyarli tom ma'nodagi inqilob edi. Kumush tangalar o‘rta asrlar O‘rta Osiyosining savdosi va narxlari darajasiga muvofiq kelgan. Ammo, ikki yarim asr mobaynida O‘rta Osiyoda barqaror tarzda kumush tangalar zarb qilinmagan, mo‘g‘ullar bosqini davri esa kumush bilan yuzaga kelgan tanglikni hal qilmasdan, balki yanada chuqurlashtirib yuborgan.
Bir necha bor kumush tangalarni zarb qilishga harakat qilingan bo‘lsa-da, bu harakatlar muvaffaqiyat qozona olmagan. Mas'udbekning islohoti esa to‘liq muvaffaqiyat qozongan. Bu esa islohotning chuqur tayyorgarlik bilan amalga oshirilganligidan va o‘z vaqtida o‘tkazilganligidan dalolat beradi.
Kumush tangalarni zarb qilish erkin bo‘lgan. Har qanday xususiy shaxs zarbxonaga o‘z kumushlarini olib kelib, ularni muayyan bir to‘lov evaziga kumush pullarga aylantirish mumkin bo‘lgan. Islohotning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan aynan shu jarayonga bog‘liq bo‘lgan. Ya'ni, erkin zarb qilishni yo‘lga qo‘yish amalga osharmikin? Kumush egalari o‘z mahsulotlarini tangaga aylantirish uchun ushbu zarbxonalarga borarmikinlar?,– degan savollarning ijobiy javobi aynan islohotlarning ham muvaffaqiyatini belgilab bergan. Ishonchning qat'iy emasligining bir necha sabablari bo‘lgan. Mo‘g‘ullar tomonidan o‘zboshimchalik, talonchilik va zo‘rliklar qilinmasligi kafolatlanishi, hukumat yana o‘z foydasiga qandaydir qalloblikni o‘ylab topmaganligiga ishonch kerak edi. Islohotlarning amalga oshirilish xususiyati shuni ko‘rsatadiki, ushbu ishonchsizlik birdaniga va hamma hududlarda bir vaqtda yo‘q qilinmagan, balki sekin-asta yo‘qolib borgan.
Mas'udbek tomonidan mamlakatning barcha hududida kumush tangalarni zarb etishni yo‘lga qo‘yishga maxsus harakat qilingan bo‘lsa-da, bunga u osonlikcha erishmagan.
XIII asrning 70- yillarida faqatgina oz miqdordagi zarbxonalar faoliyat ko‘rsatganlar va ularda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘p bo‘lmagan. Faqatgina XIII asrning 80–90- yillariga kelib, kumush tangalarni zarb qilish haqiqatda ommaviy tus olgan, zarbxonalar 16 ta shahar va viloyatlarda ochilgan. Shuningdek, aholining ishonchini qozonishga ham muvaffaq bo‘lingan. Bu esa o‘zboshimchalik hamda talonchiliklardan nisbatan aholi kafolatlangan. shahar hayoti va savdoni rivojlantirish uchun yetarli imkoniyatlarga ega bo‘lgan, deb xulosa qilish mumkin.
1269- yili islohotlar boshlanishiga oz fursatlar qolganda Talas daryosi qirg‘oqlarida qurultoy bo‘lib o‘tgan va unda mo‘g‘ul shahzodalari tog‘ va dashtlarda yashash, ekinzorlarni toptamaslik va belgilangan soliq va o‘lponlar bilan cheklanish majburiyatini olganlar. Ushbu majburiyatlar ma'lum darajada ado etilgan, chunki aks holatda Mas'udbekning islohotlari muvaffaqiyat qozona olmagan bo‘lar edi. 1269- yildagi qurultoyning qarori va islohotlarning o‘tkazilishi – bu bir-biriga bog‘liq ish bo‘lib, qurultoy islohotlar o‘tkazilishini huquqiy kafolatlagan.
Albatta, ikki oqim o‘rtasidagi kurash davom etgan, shu sababdan ikkinchi fikr tarafdorlarining g‘alabasi qat'iy bo‘lmagan. Bunga Buxoroni misol keltirish mumkin. 1269- yildagi qurultoydan keyin pul islohotlari o‘tkazilgan paytda Buxoroga Xulaguy va chig‘atoy shahzodalar bir necha bor hujum qilganlar va shahar 1273, 1276- yillarda butunlay vayron qilingan, natijada 7 yil davomida butun bir shahar aholisiz huvillab qolgan. Buxoro vohasida XIV asrning birinchi yarmida ko‘plab payhon qilingan hamda egalari tomonidan tashlab ketilgan, qaralmagan uzumzorlar va bog‘-rog‘lar ko‘plab topilgan. Bu yerda yana Mas'udbekning Buxoroni odamlar bilan to‘ldirish va qayta tiklash bo‘yicha samarali harakatlariga e'tibor qaratish lozim. 1282–1283- yillarda hattoki Buxoroda ham doimiy kumush tangalarni zarb qilish yo‘lga qo‘yilgan, bu esa bu yerda shaharning yana avvalgi hayot tarziga qaytganligidan va unda savdo-sotiq gullab-yashnaganligidan guvohlik beradi. Yana boshqa bir ma'lumot kishi diqqat e'tiborini tortadi: Tuvaxon tomonidan Farg‘onadagi Andijon shahri qayta tiklangan (1282–1306- yy.) va tezda yana savdo-sotiq markaziga aylanib borgan.
Shunday qilib, XIII asrning oxirlariga kelib, pul savdosi ancha taraqqiy etgan va bu shaharlarning qayta tiklanganligi hamda ularda mahsulot ishlab-chiqarishning rivojlanganligida namoyon bo‘lgan. Bizning taxminimizcha, O‘rta Osiyoning shimoliy-sharqiy viloyatlari Yettisuv (Taroz, Kanj, O‘tror va boshqalar ko‘plab tangalar zarb qilingan), Farg‘ona va Shosh vohasi boshqalarga qaraganda ancha yaxshiroq ahvolda bo‘lgan bo‘lishlari mumkin. Movarounnahrda shaharlarning tiklanish jarayoni ancha sekin davom etgan, lekin shunday bo‘lsa-da, XIII asrning oxirgi o‘n yilliklari – XIV asrning boshlarida ancha katta muvaffaqiyatlar ko‘zga tashlanadi.
XIV asr boshlarida O‘rta Osiyo qishloq xo‘jaligining holati to‘g‘risida ma'lumotlar deyarli mavjud emas. 1299 yilgi vaqf yorlig‘i ma'lumotiga ko‘ra, vaqf egasi Buxorodan uncha uzoq bo‘lmagan yerda boy sug‘oriladigan yerlari bilan butun bir qishloqni sotib olganligi, yana bir manzilgoh, ikki masjid, ishchilarga yaxshi turar joylar, tegirmon va bir necha to‘qimachilik ustaxonalari qurganligi haqida aytilgan. Buxoro mintaqasida hayotga xavf mavjud bo‘lmagandigina, o‘troq hayot gullab-yashnagan taqdirdagina yuqoridagi ishlarga qo‘rqmasdan qo‘l urish mumkin. Agar, aksincha holat mavjud bo‘lganda, vaqf egasi bunchalik tavakkalchilikka bormagan bo‘lar edi. Bundan shuni xulosa qilish mumkinki, 1269- yilgi qurultoyda qabul qilingan qarorlar nafaqat shahar hayotini balki, qishloq hayotini tartibga solishga, rivojlantirishga ham asos yaratgan.
Albatta, XIV asrning boshlarida hali oqibatlar to‘liq tugatilmagan bo‘lib, xo‘jalik hali mo‘g‘ullargacha bo‘lgan davr darajasida ham emas edi, ekspluatatsiya shakllari va og‘ir soliq tizimi xo‘jalikni tiklanishini orqaga surar va rivojlanishini tez sur'atlarda amalga oshishiga yo‘l qo‘ymas edi. Mo‘g‘ul zulmi O‘rta Osiyo xalqlari uchun hech narsaga qiyoslab bo‘lmaydigan bir fojea bo‘lgan. Ushbu numizmatik manbalar faqatgina birinchi navbatda shahar hayoti va savdoning tiklanish jarayoni va ma'lum darajadagi taraqqiyotini ko‘rsatib beradi. Va ular O‘rta Osiyoda shaharlarni rivojlantirishi va ichki savdoni kuchaytirishga aniq imkoniyatlar faqatgina Kebekxonning (1318–1326) islohotlaridan keyin amalga oshgan, aynan Kebekxon pul sohasidagi boshboshdoqlikni tugatgan, degan g‘oyaga zarba bergan.
Kebek o‘z qarorgohini to‘liq Movarounnahrga ko‘chirgan birinchi mo‘g‘ul hukmdori bo‘lgan. Kebek islom dini qabul qilmasdan o‘zining avvalgi dinida qolgan, lekin shunga qaramasdan u musulmon fiqhshunoslari diniy mavzularda ko‘plab suhbatlar uyushtirib turgan. Uning ayrim holatlarda mo‘g‘ullarning O‘rta Osiyo o‘troq aholisini ta'qib qilishini qoralash holatlari to‘g‘risidagi ma'lumotlari uchraydi. U Nasaf yaqinida o‘ziga qarorgoh – saroy qurgan va u keyinchalik butun bir shaharga aylanib, Qarshi nomini olgan.
Kebek tomonidan pul va ma'muriy islohotlar o‘tkazilganligi qayd etilgan. Kebekxonning pul islohotlari M. Ye. Masson tomonidan chuqur tadqiq etilgan. Ushbu islohotlar Xulagular va Oltin O‘rda davlatining pul tizimlarining xususiyatlarini hisobga olgan holda 1321- yilda amalga oshirilgan. 8 gr.li yirik kumush tanga – dinor deb atalgan va 6 ta mayda dirhamga teng bo‘lgan. Dastlabki yillarda Kebekxon nomi zikr etilgan ushbu tangalar (ayniqsa dirhamlar) juda ko‘plab ishlab chiqarilgan, ularning katta qismi Samarqand va Buxoroda zarb qilingan. Ushbu ikki qiymatdagi tangalarni zarb qilish ishlari boshqa hukmdorlar tomonidan ham davom ettirilgan. Tarmashirin tomonidan ham ko‘plab kumush tangalar ishlab chiqarilgan, uning zamonida O‘tror tanga zarbxonasi mamlakatning asosiy pul ishlab chiqaruvchi korxonasiga aylangan. Keyinchalik zarb qilinayotgan tangalarning soni ancha kamaytirilgan.
Kebek islohotlarining ahamiyati ko‘plab tarixchilar tomonidan ancha oshirib yuborilgan. Ushbu islohotlar Mas'udbekning islohotlari kabi tangachilikda tub o‘zgarishlarga olib kelmagan. Lekin, ushbu islohotlar ham ichki, ham tashqi savdoning taraqqiyoti uchun yanada keng imkoniyatlarni ochgan. Uning amalga oshirilishi va isloh qilingan zarbchilikning butun holati shaharlar va pul munosabatlarining rivojlanishi davom etganligidan guvohliq beradi. Ammo, ushbu jarayon O‘rta Osiyoning barcha viloyatlarida bir xil darajada kechmagan.
XIV asrga kelib, o‘troq aholiga nisbatan qarashlari bilan farqlanuvchi ikki oqim o‘rtasidagi kurash ancha kuchayib ketgan. Masalan, Kebekning isyon ko‘targan Chig‘atoy shahzodasi Yasovurga qarshi kurash olib borishiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu shahzoda Xuroson amirlarining qo‘shini yordami bilan Kebek ustidan g‘alaba qozongan. Bundan keyin, manbalarning xabar berishicha: «Yasovur Termizdan Samarqand chegaralarigacha bo‘lgan viloyatlar va qishloqlar aholisini ko‘chirib ketdi, Kebekning hukmronligi ostida bo‘lgan shahar va qishloqlarni vayron qildi, odamlarni esa asir oldi». Faqatgina Xuroson amirlarining o‘zlarigina 50 mingdan ziyod kishini asir sifatida olib ketganlar va boy o‘ljaga ega bo‘lganlar. Kebek Yasovurning Xurosondagi mulklariga javob hujumini qilmoqchi bo‘lganida, Yasovur Farob va Murg‘ob aholisiga Hirot viloyatiga ko‘chishlarini buyurgan. Ushbu ko‘chish paytida ochilikdan va sovuqdan o‘n minglab insonlar halok bo‘ldilar. 1316–1319- yillarda Yasovurning isyoni bilan bog‘liq bo‘lgan kichik urushlar O‘rta Osiyo xalqlariga ulkan zarbalar bergan.
Kebekning merosxo‘ri – uning inisi Tarmashirin (1326–1334) akasining siyosatini davom ettirgan. U o‘troq hayot an'analariga yanada moyilroq bo‘lib, islom dinini qabul qilgan va uni Chig‘atoy davlatining davlat dini darajasiga ko‘targan. Bu ko‘chmanchi urug‘ boshliqlarining isyoniga olib kelib, natijada Tarmashirin o‘ldirilgan.
O‘zaro urushlar Yettisuvning shahar hayoti va dehqonchilik xo‘jaligiga qattiq o‘nglab bo‘lmaydigan zarba bergan.
O‘zaro feodal urushlar ilg‘or islohotlarni o‘tkazishga imkon bermagan va ularning oqibatlarini yo‘qqa chiqargan. XIV asrning 40 yillarida Qozonxon Kebek va Tarmashirin izlaridan borib, xon hokimiyatni mustahkamlashga urinib ko‘rgan. U Qarshidan ikki chaqirim masofada o‘zining ko‘chmanchilarga qarshi kurashida tayanch vazifasini o‘tagan Zanjirsaroyni qurgan. U 1346- yildagi jangda halok bo‘lgan. Uning o‘rniga hokimiyatga kelgan amir Qozog‘on ko‘chmanchi an'analarga ancha sodiq va ularning homiysi hisoblangan. U qishda Saroy vodiysida yashagan bo‘lsa, yozda Munqa xoqon qurgan shaharda yashagan. Ko‘p vaqtini ov qilish bilan o‘tkazgan. Uning o‘g‘li Abdulloh 1358- yilda o‘troq oqsuyaklarning manfaatlarini aks ettiruvchi siyosatni amalga oshirishga harakat qilib ko‘rgan va oqibatda hokimiyatdan quvilgan. XIV asrning 50- yillarda Chig‘atoy davlati taxminan o‘n beshga yaqin mayda mulklarga bo‘linib ketgan. Ularning ayrimlarini ko‘chmanchi urug‘ boshliqlari boshqargan bo‘lsalar, ayrimlari mahalliy o‘troq aslzodalarga va dindorlarga qarashli bo‘lgan. Chig‘atoy davlati ikkiga ham ajralib ketgan. Uning shimoliy-sharqiy viloyatlari Mo‘g‘uliston deb nomlana boshlagan.



Download 0.61 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   31




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling